Markaziy bankning qayta moliyalash siyosati tarixidan.
Markaziy bank mustaqillikning dastlabki yillarida o’zining qayta
moliyalash stavkasidan inflyatsiyaga qarshi kurashda asosiy qurollardan biri
sifatida foydalandi. Milliy valyuta muomalaga kiritilgan paytda qayta
moliyalash stavkasi yiliga 150 foizni tashkil etar edi. Ammo milliy valyutani
muomalaga kiritilgungacha bo’lgan davrda inflyatsiyaning inertsiya kuchi shu
darajada katta ediki, tezda qayta moliyalash stavkasining bu darajada etarli
emasligi ma’lum bo’lib qoldi. Inflyatsiyani kamaytirish borasida yanada
qat’iyroq siyosat yuritish maqsadida Markaziy bank 1994 yil oktyabr oyidan
boshlab qayta moliyalash stavkasini 150 foizdan 225 foizgacha ko’tardi. 1995
yil fevral oyida 250 foizgacha oshirilgan bo’lsa, mart oyidan boshlab 300 foiz
etib belgilandi*.
Inflyatsiya darajasining anchagina kamaytirilishi Markaziy bankning
qayta moliyalash stavkasini ham asta – sekin tushirib borishi uchun zamin
yaratdi. 1996 yili qayta moliyalash stavkasi 50 foizni tashkil etgan bo’lib,
keyinchalik pasayib borish tendentsiyasiga ega bo’lgan. Xususan, 2003 yil 16
iyulda 24%, 2003 yil 10 sentyabrda 20%, 2004 yil 5 iyulda 18%, 2004 yilda
12 yanvarda 16%, 2006 yil 15 iyulda 14%, 2011 yil 1 yanvarda 12%
belgilandi**.
* O’zbekiston Respublikasi bank tizimi. F.Mullajonov tahriri ostida. –
T.: «O’zbekiston» nashriyoti, 2001y. 59 – 60 – betlar.
** O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining e’lon qilingan
ma’lumotlari asosida tayyorlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |