Qariyalarda bronxial astma
Dard qo‘zg‘atuvchi “Tangacha”lar
Download 123.72 Kb.
|
Qariyalarda bronxial astma
- Bu sahifa navigatsiya:
- Ko‘krak qafasi qisiladi
Dard qo‘zg‘atuvchi “Tangacha”lar
Bronxial astma juda ko‘p sabablarga ko‘ra kelib chiqadi. Barcha allergik kasalliklardagi kabi bronxial astma ham “allergen” deb ataladigan ba’zi moddalarga organizm sezgirligining oshishi tufayli paydo bo‘ladi. Allergenlar organizmga nafas, ovqat hazm qilish yo‘llari, teri va shilliq pardalar orqali kirishi mumkin. Unutmaslik kerakki, allergenlar bronxial astmadan tashqari eshakem, kon’yunktivit, rinit, migren singari kasalliklarni ham keltirib chiqaradi. Olimlarning kuzatish natijalariga ko‘ra, quyidagilar bronxial astma xurujlarini qo‘zg‘atadi: mushuk, it junlari, uyda boqiladigan qush va parrandalarning patlari; akvariumdagi baliqlar tangachalari, shuningdek ularga oziqa sifatida beriladigan dafniya tolqonlari; tuxum, shokolad, asal, qulupnay, apelsin, yong‘oq singari iste’mol mahsulotlari; kundalik turmushda ishlatiladigan kimyoviy moddalar (masalan kir yuvish vositalari, hasharotlarga qarshi zaharli sepmalar, ho‘l va quruq mevalarni uzoq saqlash uchun qo‘llaniladigan dorilar); kutubxonalarda saqlanayotgan eski kitoblarning gardlari, devorga osilgan yoki polga to‘shalgan gilamlarning changlari. Bulardan tashqari, xonadonlardagi uy kanalari (eskirgan jun adyol va paryostiqlarda ko‘p uchraydi), xovlilarda o‘sadigan ba’zi daraxtlar (chinor, terak), hayvonlar (xonaki issiqqonli jonivorlar) , oziq-ovqatlar (sitrus mevalar va donli mahsulotlar) dorilar (penitsillin, streptomitsin, aspirin, sulfanilamidlar uzoq vaqt qabul qilinganda) ham kishilarda bronxial astmani yuzaga keltiradi. Shuningdek chaqaloqligida ko‘krakdan erta ajratilib sun’iy ovqatlar bilan boqilgan ba’zi bolalarga yuqorida ta’kidlangan mahsulotlar berilsa, ularning badaniga toshma toshishidan boshlab to bronxial astma xurujigacha olib boradigan allergik kasallik belgilari paydo bo‘lishi mumkin. Ko‘krak qafasi qisiladi Nafas qisish bronxial astmaning asosiy klinik belgisi hisoblanadi. Ba’zi bir allergenlarning ta’siri, yallig‘lanish kasalliklarining qaytalanishi, asabiy-ruhiy zo‘riqish holatlari xuruj avj olishiga turtki beradi. Kasallikning xurujlari to‘rt bosqichda kechadi. Birinchi bosqichda xurujdan bir necha daqiqa yoki bir necha soat oldin bemorni yo‘tal tutadi, tomog‘i, ko‘zlari, teri yoki quloq suprasi qichishadi. Bemorda peshob ajralishi kuchayadi. Bu bronxial astma xurujining ilk darakchi belgisi. Ikkinchi bosqich bo‘g‘ilishlar bilan kechadi. Xuruj vaqtida nafas yo‘llaridagi mayda bronxlar torayadi, ularning shilliq qavati shishib bronx naychasida shilimshiq modda ajraladi. Bemorning ko‘krak qafasi siqiladi, u to‘liq nafas chiqara olmaydi. Ko‘pincha nafas chiqarish hushtaksimon xirillashlar bilan kechadi. Bemorning yuzi ko‘pchiydi, ko‘karadi, bo‘yin venalari shishadi. Aynan shu bosqichda bemorni vaqti-vaqti bilan qiynoqli yo‘tal tutadi, u balg‘am tashlaydi. Balg‘am quyuq, yopishqoq, ba’zan ko‘pikli bo‘ladi. Xurujlar uzoq muddat davom etsa, jigar kattalashadi va oyoqlarda shish yuzaga keladi. Uchinchi bochqichda xurujlar tez-tez qaytalanadi, ko‘p miqdorda balg‘amli yo‘tal paydo bo‘lib bu bemorga yengillik beradi. Ba’zan kutilmaganda xuruj tutib bemorning ish faoliyati susayadi, uyqusi yomonlashadi. To‘rtinchi bosqich og‘ir kechadi, ya’ni kasallik tez-tez qo‘zib turadi. Muolajalar olinishiga qaramasdan, tungi xurujlar tez-tez ro‘y beradi, bemorning jismoniy faolligi cheklanadi. Ushbu bosqichning salbiy tomoni shundaki, bronxial astma surunkali bronxit bilan rivojlana boshlaydi. Bu esa o‘z navbatida surunkali nafas yetishmovchiligi yoki o‘pka emfizemasi (o‘pka pufakchalari – alveolalarning kengayishi)ga olib keladi. To‘rtta bosqichda ham kasallik zo‘rayib ketaversa va uzoq muddatli og‘ir nafas qisish xurujlari ro‘y bersa bemor organizmida muhim a’zolar ishi yomonlashadi. Masalan yurakning elektr o‘qi o‘ngga qarab siljiydi, shuningdek o‘pka tizimida ham xavfli o‘zgarishlar yuzaga keladi. Hatto qovurg‘alar oralig‘i kengayadi, bora-bora o‘pka faoliyati keskin buzilishi mumkin. Download 123.72 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling