Qarshi davlat universiteti lingvistika kafedrasi


Download 0.52 Mb.
bet7/69
Sana23.04.2023
Hajmi0.52 Mb.
#1382587
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   69
Bog'liq
matnshunoslik

SAVOL VA TOPSHIRIQLAR:


1.Matn deb nimaga aytiladi?
2.Matn qanday birliklardan iborat?
3,Matnning qandaytiplari mavjud?
4.Badiiy va nobadiiy matn deganda nimani tushunasiz?
5.Muallif maqsadiga kо‘ra badiiy matnning qandaytiplari mavjud?
4-MA’RUZA. MATN VA UNING ASOSIY KATEGORIYALARI

Reja:
1.Fonografik vositalar.


2.Alliteratsiya, assonans.
3.Geminatsiy.

Badiiy matnni tahlil qilish jarayonida fonetik birliklarning estetik xususiyatlariga ham alohida e’tiborni qaratish zarur. She’riy matnda nutq tovushlarining estetik imkoniyatlari tez va qulay idrok etiladi. Chunki she’rda о‘ziga xos jozibador ohang bо‘ladi. Bu ohangdorlikka tovushlarni uslubiy qо‘llash natijasida erishiladi. She’riyatda asosan, alliteratsiya (undoshlar takrori), assonans (unlilar takrori), geminatsiya (undoshlarni qavatlash) kabi fonetik usullardan foydalaniladi. Nasrda unlilarni chо‘zish, undoshlarni qavatlash, tovushlarni takrorlash, sо‘zlarning fonetik qobig‘ini о‘zgartirib yozish, tovush orttirish yoki tovush tushirish kabi fonetik usullar yordamida ekspressivlik ta’minlanadi. Tovushlarni uslubiy qо‘llash bilan bog‘liq qonuniyatlarni yozuvda “aynan” ifodalash imkoniyati cheklangan. Biroq, talaffuz va bayon muvofiqligiga fono-grafik vositalar yordamida erishish mumkin. Badiiy asarlarda ruhiy holatni yozuvda ifodalash о‘ziga xos murakkablikni yuzaga chiqaradi. Qahramonlar ruhiyatidagi ichki hayajon, xursand bо‘lish, xafa bо‘lish, rozilik, taajjub, yalinish, hayratlanish, kinoya, piching, kesatiq, olqish, sо‘roq, ta’kid, qoniqmaslik, norizolik, tilak-istak, qо‘llab-quvvatlash kabi holatlarni aynan berishda yozuvchilar unli yoki undoshlarni birdan ortiq yozish usulidan foydalanadilar. Masalan:


1. Unlilarni birdan ortiq yozish. Bunda unlini chо‘zib talaffuz qilinganligi tushuniladi. Unlini chо‘zib talaffuz qilish orqali qahramonning voqelikka munosabati oydinlashtiriladi. Ilmiy adabiyotlarda mazkur usul orqali belgining meyordan kuchsiz yoki ortiq ekanligini ifodalashda foydalanilishi ta’kidlanadi. Masalan, belgining kushsizligi: Ortiq jizzaki kо‘rinmaslik uchun bos-i-iq tovush bilan dedi... (P.Qodirov). Belgining ortiqligi: Uzo-oq yо‘l, ahyo-onda bir keladi, qato-or imoratlar, о‘yla-ab tursam, о‘g‘lim, dunyoni ishi qiziq.(A.Muxtor) “Sharq” sahnasi bilan “Turon”ning tо‘rtta karnayi: g‘o-o-o-o-ot, g‘o-o-otu-u-u g‘o-o-o-ot! G‘ot-g‘ot-g‘ot! Ha, tovushing о‘chkur, ha, egasiz qolg‘ur!! (A.Qodiriy)
Shuningdek, badiiy matnda unlilarni birdan ortiq yozish usulidan qahramonning biror nimadan hayratlanishi, taajjubga tushishi kabi holatlarini ifodalashda foydalaniladi. Masalan: - Marhamat... О‘-о‘, kaklikning sayrashini dedingizmi? - Uning manglayi tirishib va g‘ijinib davom etdi: - Biz ham sizga qо‘shilib eshitar ekanmiz-da? — О‘-о‘о‘, okaxon, tuda-suda tо‘laysiz-da. (SH. Xolmirzayev) -A-a-a, о‘sha sizmidingiz, buni qarang-a, tanimapman. Uyimizga yana bir kelgan ekansiz. Yо‘qligimni qarang-a. (S.Ahmad) Men о‘zimning odmi plashimni ham devordan daromad qilib yasalgan shifonyerga ildim. - O-o! - deb yana о‘zi ichkariga yо‘l tortdi Tavakkal.- Yaxshi-ii... A, Gulsara? Bir kishiga bо‘ladi-da! (SH.Xolmirzayev)
Mazkur fono-grafik usuldan badiiy matnda chaqirish, xitob, da’vat, tinglovchi e’tiborini jalb qilish kabi maqsadlarda ham loydalanilishini kuzatish mumkin. Masalan, chaqirish: - О‘zimam bilibedim-ov, -dedi-da, yog‘och engarakdan (qо‘lbola darvoza) keyin eniladigan jarlikning u betidagi xо‘jalik idorasiga qarab shovqin soldi: - Hо‘-о‘, Boltabo-oy! (SH.Xolmirzayev). Hasan uni tanidi. - Hо‘y, Bolta! Tо‘xta deyapman! - deb baqirdi. - Bolta-a! - alam bilan chaqirdi keyin. (SH.Xolmirzayev)
2.Undoshlarni birdan ortiq yozish. Aslida orfoepik meyor bо‘yicha bir undosh talaffuz qilinishi kerak bо‘lgan sо‘zlar muayyan vaziyatlarda ekspressiya va estetik maqsad talabi bilan atayin qavatlab talaffuz qilinadi. Sо‘zlovchining ichki ruhiyati (siqilish, xursandlik, karaxtlik, ikkilanish, achchig‘lanish, biror voqea-hodisadan qattiq ta’sirlanish kabilar) va maqsadini kitobxonga “aynan” yetkazish uchun yozuvchilar badiiy matnda bu holatni undoshlarni birdan ortiq yozish orqali ifodalashga harakat qiladilar. Bunda belgining meyordan ortiqligi, harakatning davomiyligi yoki oniyligi (bir onda rо‘y berganligi), takroriyligi, tovush kuchining balandligi yoki pastligi kabi ma’nolar ifodalangan bо‘ladi.
Masalan, belgining ortiqligi: Siz aslida uchchiga chiqqan muttaham ekansiz! (gazetadan).
Harakatning davomiyligi: -Mening xotinim bо‘lib, aroq ochishni bilmaysanmi? - dedi mingboshi, xoxolab kuldi. - О‘rgan! Mana qarab tur! - Shishaning tagiga yо‘g‘on shapalog‘i bilan ikki marta urdi, pо‘kak chachrab chiqib shiftga tegdi, sо‘ngra u yerdan sachrab tovchadagi katta jomga kelib tushdi,’jar-r-rang!”... etdi jom. -Ha-ha-ha!.. -dedi mingboshi. Jomlaringni jaranglatdim, sintaloq! (CHо‘lpon). О‘h-hо‘, bunaqa sigir bozorda falon pul bо‘lsa kerak.(S.Ahmad). Yarim soatlik qonli “g‘ov-v-v-v, g‘u-v-v-v, ov-v-v-v-v, ov-v-v-v” dan sо‘ng Mallaxonning davangisi mag‘lub bо‘lib, faje bir suratda yaralandi. (A.Qodiriy).
Harakatning oniyligi: Salimani kо‘rishi bilan Ziynat xola zippilab kо‘zdan g‘oyib bо‘ldi.
Ovoz kuchining balandligi: “Bummm” degan tovush eshitildi-yu, kо‘kni chang-tо‘zon qopladi.
Ovoz kuchining pastligi: Ammo shunchalik davr-u davronlar о‘tquzilg‘an va о‘tquzilmoqda bо‘lg‘an bо‘lsa ham bunchalik oshub-...tis-s-s! Yopig‘liq qozon-yopig‘liq... tuya kо‘rdingmi -yо‘q... (A.Qodiriy) Mashina bir-ikki pig‘-g‘-g‘ degan ovoz chiqardi-da butunlay о‘chib qoldi.
Qahramon ruhiyatidagi oniy, keskin о‘zgarishlar ham undoshlarni birdan ortiq yozish orqali beriladi: N-nima qilishim kerak bо‘lmasa? Bо‘ldi, muddaongga yetding... En-nasini... bu dunyoni! (SH.Xolmirzayev)
Rus va Yevropa filologik an’anasida geminatsiya nomi bilan yuritiladigan hodisa mavjud. “Tilshunoslik terminlarining izohli lug‘ati”da mazkur hodisa «qо‘sh undoshlik - ikki aynan bir xil undoshli holatning yuzaga kelishi» sifatida izohlanadi. “o’zbek tili tarixiy fonetikasi” о‘quv qо‘llanmasida esa bu hodisa «Qо‘shoqlanish» yoki «ikkilangan undosh» deb yuritiiadi: «qо‘shoqlanish - undoshlarning chо‘zilishi, ikkilanishi hodisasini fonetik о‘zgarishlar sirasida kо‘rib chiqish о‘ta shartlidir. Lekin bu hodisa faqat ikki unli orasidagi yakka undoshda sodir bо‘la olishi bilan fonetik о‘zgarishlarga о‘xshaydi. Qо‘shoqlanish, asosan, ikki unli orasida kelgan k, q, t, i tovushlarida va faqat 2, 7, 8, 9, 30, 50 sanoq sonlarini nomlashda sodir bо‘ladi. Bu sonorlarni bir undosh bilan ham, ikkilangan undosh bilan ham talaffuz etish mumkin bо‘lgan. Sanoq sonlar nomidagi bu xil qо‘shoqlanish sabablari haligacha ochilmagan. Lekin katta, latta, yakka, yalla, chakki, ukki kabi sо‘zlardagi ikkinchi t, I, k lar tarixan morfologik kо‘rsatkich bо‘lib, ulardagi qо‘shoqlanish singish (adaptatsiya) natijasidir degan fikr mavjud». Adham Abdullayev esa “undoshlarni qavatlash” atamasini ishlatgan. Undoshlarni qavatlab qо‘llash orqali badiiy asarda qahramon ruhiyatidagi xursandlik va xafalik holatlari tugal tasvirlashga erishiladi. Masalan, Ayyorlikda uchchiga chiqqanman deb maqtansam yolg‘on emas (Oybek). Uni ayblashga sizning ma’naviy haqqingiz yо‘q, uka! - dedi g‘azab bilan (gazetadan).
Keltirilgan misollardagi undoshlarning qavatlanishi qahramonlar tabiatidagi subyektiv holatni ifodalashga xizmat qilgan. YA’ni, birinchi gapdagi qahramonning о‘z “ishi-hunaridan” mamnunligi, “anoyi” emasligini ta’kidlash istagi qavatlangan “sh” undoshi orqali yana-da aniq ifodalangan. Ikkinchi gapdagi qahramonning qahr-g‘azabi esa “q” geminatasi bilan kо‘rsatib berilgan. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, undoshlarning qavatlanishi alohida uslubiy vositadir. Duch kelgan tovushni qavatlab qо‘llab bо‘lmaganidek, sо‘zda turli sabablar bilan yonma-yon kelgan barcha undoshlar ham lingvopoetik jihatdan ahamiyatga ega bо‘lavermaydi. Masalan: - Ukaginam, bu kennoyingizga (kelin oyingizga - ellipsis) zagsda patta (sо‘z imlosida mavjud) kesilmagan. Birinchisidan tо‘qqizta (sо‘z imlosida mavjud) bola bor. Bechora giroy bо‘laman deb rosa tug‘di. Tо‘qqizinchisini tug‘di-yu о‘zimizning tilda aytganda brakka (brak+ga) chiqib qoldi. (S.Ahmad)
3.Notо‘g‘ri talaffuzni ifodalash. Og‘zaki nutqda turli sabablarga kо‘ra ayrim sо‘zlar, asosan, о‘zlashma sо‘zlarni buzib talaffuz qilish holati mavjud. Bunday xato о‘zlashgan sо‘z imlosini tо‘g‘ri bilmaslik, boshqa millatga mansublik, paronimlarni farqlamaslik, ayrim sо‘zlar imlosini tasavvur qilmaslik kabilar natijasida yuzaga kelishi mumkin. Grafon deb ataladigan bu usuldan badiiy asarda qahramon nutqini individuallashtirish hamda ifodani og‘zaki - jonli nutqqa yaqinlashtirish maqsadida foydalaniladi. Ayrim о‘rinlarda kulgi qо‘zg‘atish maqsadida ham sо‘zlar atayin buzib talaffuz qilinadi va о‘sha tarzda yoziladi. Masalan: -Kotibadan, kirsam mumkinmi, deb sо‘rash kerak.
-Jinni bо‘ldingmi, Ne’mat?
-Men sizga Ne’mat emasman, о‘rtoq Babbayev bо‘laman, о‘rtoq Xajjayip {S.Ahmad) -Xо‘p, bо‘pti. Uning oti Zulfiqor, fomilasi... -aytaveraymi, deb unga qaradi. (S.Ahmad). Bо‘rixon begona uyga kirib qolgan odamdek qovushmay turardi. U ukalariga, singillariga nima deyishni bilmasdi. Tо‘g‘ri, nima deyishni bilardi. Ammo, til bilmasa nima qilsin? О‘ylab-о‘ylab, “Salyam!” dedi. Jigarlari kulishni ham, yig‘lashni ham bilmay hayron turib qolishdi. (S.Ahmad) –Rahmatli padaringiz podachilikdan boshqa narsani bilmas edi. Esimda “Oshalo-ol!” deb kelganlari...
-“Oshalol” emas, “oshi halol!” deb tuzatdi musiqa muallimi. (SH.Xolmirzayev)
AlliteratsiY. Badiiy nutqning ohangdorligini va ta’sirchanligini ta’minlashda alliteratsiyaning о‘rni beqiyosdir. She’riy nutqda misralar, undagi sо‘zlar hamda bо‘g‘inlar boshida yoki oxirida bir xil undosh tovushlarning takror qо‘llanishiga alliteratsiya deyiladi. Tovushlar zamiridagi musiqiylikka asoslangan bu usul qadimdan Sharq she’riyatida keng qо‘llanilib kelingan. Kо‘hna badiiyatshunoslik (“ilmi bade’”)da alliteratsiya “tavzi’ san’ati” deb yuritilgan. Alliteratsiya deganda zabardast shoir Erkin Vohidovning mashhur “q” alliteratsiyali she’ri kо‘z oldimizga keladi:
Qaro qoshing, qalam qoshing,
Qiyiq qayrilma qoshing qiz,
Qilur qatlimga qasd qayrab-
Qilich qotil qaroshing, qiz.
Qafasda qalb qushin qiynab,
Qanot qoqmoqqa qо‘ymaysan,
Qarab qо‘ygil qiyo,
Qalbimni qizdirsin quyoshing qiz.
Bunday usulni shoir Elbek ijodida ham kuzatish mumkin:
Kо‘klamda kо‘karsa kо‘k kо‘katlar,
Kо‘klarga kо‘milsa katta-kattalar,
Kо‘m-kо‘k kо‘karib kо‘rinsa kо‘llar,
Kо‘ngilni kо‘tarsa kо‘rkli gullar.
Alliteratsiya nasriy asarda ham kuzatiladi. Quyidagi misollarda b, g‘, q, sh, t, k undoshlarining takrorlanishi natijasida hosil qilingan alliteratsiyani kuzatish mumkin: Butun bet-boshim bij-bij bо‘ldi. Butun bet-boshim g‘uj-g‘uj ajin bо‘ldi. Bet-boshim bet-bosh bо‘lmadi - darz-darz yer bо‘ldi. Bet-boshim bet-bosh bо‘lmadi - qaqroq-qaqroq yer bо‘ldi. Bet-boshim bet-bosh bо‘lmadi - shо‘r-shо‘r yer bо‘ldi! (T. Murod)
Bolalar folkloridagi tez aytishlar ham alliteratsiyaga asosiangan: Bir tup tut, tutning tagida bir tup turp. Tut turpni turtib turibdimi, turp tutni turtib turibdimi? Oq choynakka oq qopqoq, Kо‘k choynakka kо‘k qopqoq.
Alliteratsiyadan xalq maqollarida intonatsion butunlikni ta’minlash maqsadida ham keng foydalanilganligini kuzatishimiz mumkin:
Suymaganga suykanma, suyganingdan ayrilma.
***
Tulkining tushiga tovuq kirar,
Tovuqning tushiga tariq kirar.
***
Tek turganga shayton tayoq tutqazar.
Assonans. Badiiy nutqqa intonatsion butunlik, ohangdorlik va emotsional-ekspressivlik bag‘ishlash maqsadida qо‘llaniladigan fonetik usullardan biri assonansdir. Adabiyotlarda assonans aynan yoki yaqin unlilarning takrorlanib kelishidan hosil bо‘ladigan ohangdoshlik ekanligi bayon qilingan. Unlilarning takrorlanishi maqollarda kо‘p kuzatiladi:
Ovni otsang, bilib ot,
Dol nishonga qо‘yib ot.
* **
Non qon bо‘lsa, qon - jon.
***
О‘zing о‘yda bо‘lsang ham, о‘ying uyingda bо‘lsin.
Assonans qofiyadosh sо‘zlar tarkibida kelib, she’riy nutqqa kо‘tarinki ruh va о‘ziga xos musiqiylik baxsh etadi:
Ruhimda yо‘qoldi qarorim,
Tanimda qolmadi madorim.
Bizlarni bir yо‘qlab kelibsan,
Vafo qilarmisan, bahorim?! (A.Oripov)
Alliteratsiya va assonans saj’li nasrda alohada ahamiyat kasb etadi. Saj’ istilohi ilmiy adabiyotlarda nasrda ikki yoki undan ortiq sо‘zning qofiyada yoxud vaznda (ba’zan har ikkisida ham) kelishiga nisbatan ishlatilishi ta’kidlanadi. Misol: Alqissa, Qoraxon podsho о‘g‘lining dardini ishqdan bilib, kо‘ngli buzilib, yurak-bag‘ri ezilib, qaddi bukilib, kо‘zidan yoshi tо‘kilib, о‘g‘liga qarab, bir sо‘zaytib turibdi.



Download 0.52 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   69




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling