Zaruriyat va tasodif. Zaruriyat- bu hodisalar o‘rtasidagi ularning qonuniy o‘zgarishi va rivojlanishini belgilovchi barqaror, muhim ichki aloqalar. Zaruriyat qonun tushunchasiga yaqin turadi, muqarrar tarzda namoyon bo‘ladi. Masalan, nosoz tormoz muqarrar tarzda avtomobil halokatiga, uning yo yaqinroqdagi narsalar, yo harakatlanayotgan boshqa avtomobillar bilan to‘qnashuviga olib keladi yoki u piyodani urib ketishiga sabab bo‘ladi. Ammo dunyoda hamma narsa zaruriyat sifatida paydo bo‘ladimi? Yo‘q, dunyoda tasodifiy voqealar, hodisalar ham bor.
Tasodif – ob’ektlarning vujudga kelishi yoki mavjudligining muammoliligini yoki muqarrar emasligini belgilovchi kategoriya; soddaroq qilib aytganda muayyan sharoitda bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin bo‘lgan narsa tasodifiy hisoblanadi. Tasodif voqelikning asosan tashqi sharoitlar, yuzaki, beqaror aloqalar va mazkur hodisa uchun ikkinchi darajali omillar ta’sirida paydo bo‘luvchi holatlarini aks ettiradi. Tasodif zamirida narsaning mohiyati emas, balki unga boshqa narsalar va hodisalarning ta’siri yotadi. Tasodif yuz berishi ham, yuz bermasligi ham mumkin bo‘lgan narsa sifatida ta’riflanadi.Imkoniyat va voqelik. Imkoniyat-narsaning uning tugallanmagan, potensial rivojlanishidagi ob’ektiv mavjud bo‘lgan va ichdan belgilangan holatini aks ettiruvchi falsafiy tushuncha. Har bir vaziyatda imkoniyatlarning muayyan to‘plami mavjud bo‘lib, ulardan biri amalga oshgani boshqalari chetda qolganini anglatadi. Imkoniyatlarning «kurashi» va amalga oshish xususiyatiga ichdan zarur tendensiyalarga nisbatan tasodifiy hisoblangan sharoitlar o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shu sababli voqelik doim ichki va tashqi, mohiyat va hodisa, zaruriyat va tasodifning dialektik birligidan iborat bo‘ladi. Ijtimoiy rivojlanish va tabiatning o‘zgarishi sohasida imkoniyatning voqelikka aylanishi kishilarning ongli yo‘l tanlashi va faoliyati bilan tartibga solinadi.
Ammo imkoniyat qanday ob’ektiv asoslarga ega bo‘lsa, imkonsizlik ham shunday ob’ektiv asoslarga egadir. Imkonsizlik – ikoniyatga zid tushuncha. Imkonsizlik tushunchasi ikki xil ma’no kasb etadi. Birinchisi – predmetning tabiatiga mos kelmaydigan narsa bo‘lishi mumkin emas. Masalan, arpa urug‘idan bodring etishtirish mumkin emas. Imkonsizlik tushunchasining boshqa bir ma’nosi imkoniyat va zaruriyat kategoriyalarining munosabatlari bilan bog‘liq. Zaruriyat va imkoniyat – bir zanjir bo‘g‘inlari: rivojlanayotgan predmet zaruriyati uning boshqa bir holati bo‘lishi mumkinligini belgilaydi. Ammo predmetning rivojlanishida, odatda, ko‘p sonli muqobil imkoniyatlar mavjud bo‘lgani bois, ulardan birini tanlash zaruriy hisoblanmaydi. Bir imkoniyatning ro‘yobga chiqishi qolgan imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish imkonini bermaydi. Tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelgan qabul qilgan qarori, o‘ylamasdan sodir etgan qilmishidan afsus chekmagan odam topilmasa kerak. Ba’zan imkonsizlik boy berilgan imkoniyat tarzida mavjud bo‘ladi. Bu holda imkoniyat imkonsiz bo‘lmagan narsa sifatida va ayni vaqtda zarur bo‘lmagan narsa sifatida namoyon bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |