Qisasi Rabg‘uziy
Asarda turli hayvon, qush va jonivorlar xususida
Download 101 Kb.
|
“Qisasi Rabg‘uziy” da turli hayvon , qush va jonivorlar haqidagi qarashlar
Asarda turli hayvon, qush va jonivorlar xususida
Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy ” asarida hayvonot olami tasviri muammosi yoritilgan. Shuningdek asarda jonzotlarning badiiy talqindagi ramziy – majoziy ifodalarga ham e’tibor qaratilgan. Sharq , xususan, o‘zbek mumtoz adabiyotida ham jonzotlar tasviriga keng ahamiyat berilgan. Ular orasida, ayniqsa, qushlar va hayvonlar obrazi badiiy obraz sifatida yetakchi o‘rin tutadi . Qushlar nafaqat tabiat, balki, borliq yaratilgunga qadar bo‘lgan olamlar haqidagi esxatologik qarashlarda ham uchraydi. Chunonchi, “Qisasi Rabg‘uziy” da Olloh dunyoni yaratgandan keyin yer yuzi mulkini odam avlodiga qadar qushlarga berilganligi va qushlar yetti ming yil davomida bu mulkka egalik qilganligi qayd etilgan. “Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asarida Muso qissasidagi “Chigirtka qissasi”, Ibrohim qissasidagi “Ibrohim qo‘lida tirilgan qushlar voqeasi”, Sulaymon qissasidagi “Sulaymonning chumoli bilan so‘zlashgani”, “Hudhud so‘zlari”, “Ashof ul – kahf qissasi”, “Ashof ul – fil qisasi” va boshqa qissalarda jonzotlar alohida tasvirlangan. Asardagi har bir qissada bir yoki bir qancha jonzotlar tasvirlangan. Shu nuqtai nazardan, “Qisasi Rabg‘uziy” da hayvonot olamining butun bir galeriyasi o‘z aksini topgan deyishimiz mumkin. Asarda muallif jonivorlarni ikki toifaga ajratib, hayvonot dunyosining yuzdan oltmish foizi suvda, qirq foizi quruqlikda ekanligini e’tirof etadi. Bu e’tirof zamonaviy fan qarashlariga ham deyarli mos keladi. Buni quruqlik va suvlik taqqoslanganda ham, suv va quruqlikdagi jonivorlar xillari qiyoslanganda ham sezish mumkin.”1 Asarda turli xil hayvon, qush va jonivorlar xususida so‘z boradi. Deyarli har bir qissada biror bir jonzotning qatnashishi orqali muallifning ma’lum bir maqsadi ko‘zga tashlanadi. Odam Alayhissalom qissasida “ Bir vaqt Iblis yer yuzidagi qurt – qumrsqalarni yig‘ib dedi: “Yer yuziga bir jonzot keldiki, u sizlarni urug‘ – aymog‘ingiz bilan qirib tashlaydi, hammalaring bir bo‘lib o‘ldiringlar, bo‘lmasa omon qolmagaysizlar”2 Hammalari yig‘ilib keldilar. Eng avvalo sicha (qush) kelib odamning boshiga qo‘nib, sochini yula boshladi. Shuning uchun odam avlodlari sichani tutib, patlarini yulib, pishiradilar. Odam qurt – qumrsqalarni ko‘rib, qo‘rqib ketdi. Shunda farmon bo‘ldi: “Ey odam, ulardan biri huziringga kelganda boshini silagil!” Odam itning boshini siladi. It yuzini qut – qumirsqalarga qaratib hammasini qopti. O‘sha kundan boshlab it odam avlodlari bilan birga qoldi. Boshqa hayvonlar bilan dushman bo‘ldi. ” (Q.R.26b.) It adabiyotlarda vafodorlik, sadoqat timsoli sifatida ulug‘lanadi. Payg‘ambar alayhisalom aytadi: “Olti qushni o‘ldurmang, biri ko‘k qarg‘a – Odamga yo‘l boshlovchi bo‘lgani uchun , ikkinchisi chumoli – Sulaymon payg‘ambarga o‘git bergani uchun, uchinchisi qaldirg‘och – “Xashr” surasining oxirini o‘qigani uchun , to‘rtinchisi sassiqpopishak (Hudhud) – Sulaymon payg‘ambarga elchi bo‘lgani uchun, beshinchisi suv baqasi – Namrud o‘tiga suv keltirgani uchun, oltinchi asalari – undan odamzotga shifo bo‘lgan asal uchun”1 Bu yerda olti qush deb aytilganlardan hammasi qush emas, ulardan ko‘k qarg‘a, qaldirg‘och va sassiqpopishakdan tashqari qolgan chumoli va asalari hasharotlarning pardaqanotlilar turkumiga mansubdir. Pardaqanotlilar tabiatda va inson hayotida katta ahamiyatga ega. Ko‘pchilik arilar gul nektari va changini yig‘ish bilan birga o‘simliklarni changlatib hosildorlikni oshiradi. Chumolilar esa zararkunanda hasharotlarni qiradi. Suv baqasi suvda va quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlar sinfiga mansubdir. “Qadimda ham kishilar asalning shifobaxsh xususiyatini bilishgan. Arxeologik qazilmalardan bundan 3000 yil ilgari vafot etgan Misr fir’avnlari qabri yoniga qo‘yilgan sopol idishlarda asal va mum qoldiqlari topilgan. Asalning tarkibi asosan tez hazm bo‘ladigan karbonsuvlardan iborat, u har xil tuzlar, mineral moddalar, fermentlarga va vitaminlarga boy. Asal antibiotik xususiyatiga ega bo‘lib, kasallik mikroblarini nobud qiladi. Asaldan yaralarni davolashda, turli kasalliklarda parhez ovqat sifatida, og‘ir kasal va operatsialardan keyin darmonsiz organizmni quvatlantirish, shuningdek, shamollash va ichki kasalliklarni davolashda, qon bosimini tushurishda va ish qobiliyatini oshirishda foydalaniladi. Tibbiyotda asalari mumi – propolis va asalari sutidan ham foydalaniladi”2 Hattoki, “Quroni karim”da ham nahl – asalarilar surasi berilgan bo‘lib, surada asalarilarning namunali hayot tarzi haqida oyatlar berib o‘tilganligi uchun unga shu nom berilgan Olloh taolo ularga sakkizta qo‘y yubordi. Ularning yettitasi sovliq, biri qo‘chqor edi. Havo u qo‘ylarning yungini yigirdi. Odam undan mato tikdi, ikkovlari uni kiyim qildilar. Hozirgi kunda ham qo‘y junidan kiyim bosh tayyorlanadi. Shu boisdan ham yer yuzida qo‘ydan qutlig‘roq biror – bir boshqa jonivor yo‘q deydilar. Payg‘ambar alayhissalom ham ayturki: “Bir qo‘y barokat, ikki qo‘y ikki barokat, uch qo‘y - ganj ”deb Hadisi sharifda ham aytib o‘tilgan. Odam go‘sht yemoqlikni istadi. Farmon bo‘ldi: “Borgil qush ovlagil” shunda u bir qirg‘ovul va bir burgutni tutdi. Ularni bo‘g‘izladi, o‘tga tutdi, qirg‘ovul pishdi – yu burgut pishmadi. Odamning g‘azabi keldi, burgutni o‘tga ko mgandi, tamoman kuyib ketdi. Odam qayg‘uga botdi, chunki qirg‘ovulni Havoga, burgutni esa o‘ziga mo‘ljallagandi. Jabroil keldi va dedi: “Ey odam, qayg‘urmagil bu qushning o‘rniga boshqa qush bergay. Bu qush senga va farzandlaringa qiyomatga qadar harom bo‘ldi”.1 “Qobil va Hobil” qissasi da Qobil Hobilni o‘ldirishga ahd qiladi va bir kuni Iblis odam qiyofasida kelgandi, qo‘lida bir qush bor edi. Iblis qushni tosh ustiga qo‘yib, boshqa bir tosh bilan uni majag‘laydi. Qobil uni ko‘rib, o‘rganib oldi. U Hobilni o‘ldirdi va jasadini nima qilishni bilmay qopga solib olib yurdi. Shunda tangri farmoni bilan ikki qarg‘a keldi, bir – biri bilan urishdi va biri boshqasini o‘ldirdi. Tirik qolgan qarg‘a tumshug‘i bilan yerni kavlab o‘lik qarg‘ani ko‘mdi. Qobil bu holni ko‘rgach o‘kindi va odamzodga o‘sha paytdan boshlab odamlarni ko‘mish hozirgi kunga qadar rasm bo‘lib qolgan . Rabg‘uziy asaridagi xarakterli qissalardan biri Nuh to‘g‘risidagi qissadir. Bu qissadagi eng qiziqarli o‘rin parranda, hayvonot dunyosidagi turli xususiyatlarni izohlovchi hikoyatdir. Rabg'uziy hikoyalarida qadimiy mifologik tasavvurlarning ildizlari ham ko'zga tashlanadi. Ma'lumki, miflarda dunyoviy hodisalarning paydo bo'lishi, ularning ilohiyat bilan aloqasi o'ziga xos tarzda izoh va «isbot» etiladi. Bu jihatdan «Ilon va qarlug‘och» hikoyati xarakterlidir. Unda mushuk bilan sichqon, ilon bilan baqa, ilon bilan qarlug'och (qaldirg'och) hamda ari, inson va qushlar hamda boshqa hayvonot olami orasidagi o‘ziga xos munosabatlar izohlanadi, badiiy tadqiq etiladi. “O‘zbek mumtoz adabiyotida ko‘p murojaat etiladigan obrazlardan biri Nuhdir. U Bibliyada Noy deb ataladi. Qur’oni karimning bir necha iyatlarida, “Nuh surasi” da ushbu payg‘ambar haqida fikrlar qayd etilgan. Ba’zi manbalarda u odami soniy – ikkinchi Odam ato deb ham yuritiladi. Misralarda ko‘pincha “Nuh umri” birikmasini uchratamiz. U payg‘ambarlar orasida eng uzoq umr kechirganlardan biridir”1 Nuh payg‘ambarni chinor daraxtidan kema yasashni ular o‘rdakning suv yuzida cho‘kmay bir tekisda suzib yurganini ko‘rdilar va ular ham shunga o‘xshatib kema yasadilar va kema bitdi, u uch qavat edi (birinchi qavatida chorva hayvonlari, ikkinchisida Nuh qavmi bilan, uchinchisida qushu qurtlar joy olgandi). Nuhga farmon keldi : (Oyat) “Mindir kemaga har xil jonivorlardan bir er va bir urg‘ochisini va ahlingni ham. Yana o‘g‘lonlaringni ham chiqargil!”2 Nuh payg‘ambar uchadigan, chopqir jonivorlarni qanday qilib tutayin, - dedi. Shundan so‘ng Olloh qudrati bilan suv yuziga hamma jonivorlar yig‘ildi, har biridan bir erkak, bir urg‘ochini tutib, kemaga chiqardilar. Aytishlaricha, kemaga eng avval qaldirg‘och kirdi, eng keyinida kirgan jonivor eshak bo‘ldi. Eshakni sudradilar, sira kemaga chiqmadi, negaki shayton uning dumidan tortib turgandi. - Shayton mingan bo‘lsa hamki kirgil! – dedi. Molik ibn Sulaymon al – Xaraviy rahmatullohi alayh aytarki, Nuh payg‘ambar ilon va chayonni “Sizdan odamga zarar tegar ” deb kemaga chiqarmadi. Shunda ular : kimki sening otingni aytsa, unga zarar yetkazmaymiz dedi. Shunda ularni ham kemaga chiqardilar. Kemani ichida uch narsa yo‘q edi. Ular keyin paydo bo‘ldi: biri mushuk, ikkinchisi sichqon paydo bo‘lib kemani teshdi, uchinchisi to‘ngiz. Nuh payg‘ambar arslonning boshini siladi, burnidan ikkita mushuk chiqdi va u sichqonni yedi. Arining go‘ng‘illab uchishiga oid shunday naql keltirilgan: Nuh va uning kishilari suvda ketayotganlarida kemani sichqon teshib qo‘yadi. Ilon teshikni berkitib, ularni halokatdan saqlaydi va Nuhdan buning evaziga eng shirin narsa so‘raydi. Nuh arini eng shirin narsani aniqlashga yuboradi. Ari kelavermagach, qaldirg‘och undan xabar olgani uchib, yo‘lda ko‘rishib qoladi. Qaldirg‘och aridan: «Eng shirin narsa nima ekan?»-desa, ari: «Odam go‘shti!»-deb javob beradi. Ziyrak qaldirg‘och: Qani, men ham totib ko‘raychi»,-deb uning tilini uzib oladi. O‘sha kundan beri ari tilsiz bo’lib qolgan. Undan qaysi go‘sht totli ekanligini so‘raganlarida so‘zlayolmay qoldi. Yana bir mulohazaga ko‘ra Ibrohim payg‘ambarni o‘tda yoqish maqsadida tashlaganlarida Arilar o‘tni yelpib turganligi uchun ularning hayoti har doim g‘avg‘o va to‘polonda kecharkan . Shunda qaldirg‘och yo‘lda u bilan gaplashganini va eng shirin narsa baqa go‘shti ekanligini aytadi. Nuh payg‘ambar baqa go‘shtini ilonga berdi va o‘sha kundan boshlab baqa ilonlarning yemishiga aylandi. O‘sha kunda agar qaldirg‘och ziyraklik qilmaganda, bugun biz hamma odamlar ilonga yem bo‘lardik. Yana bir qaldirg‘ochning yaxshi xislatli ekanligi “Ibrohim Alayhissalom” qissasida Ibrohim payg‘ambarni o‘tga tashlaganlarida qaldirg‘och tumshug‘iga suv keltirib, olovga quyar edi. Shunda o‘t yoquvchilar - ey qaldirg‘och sening bu tumshug‘ingdagi suv bu o‘tga qanday ham ta’sir qilsin, - dedi Ibrohim shunda va uni ezgu duo qildi. Qaldirg‘ochning suvi bilan o‘t o‘chmadi, ammo do‘stligi oshkor bo‘ldi, qiyomatga qadar ezgu nom oldi. O‘sha paytdan buyon insonlar qaldirg‘ochning yaxshiligini unutmay, har bahorda qalqirg‘ochlarga uylarining to‘ridan joy beradilar. Tong‘izning go‘shti nima sababdan harom qilinishining sababi Nuh payg‘ambar kemada odamlar va jonzotlarning axlatlari ko‘payib ketgach, behad tashvishlalanadi va Nuh alayhissalom urg‘ochi tuyaning orqasini silasin! Silagan edi, tuya dumini qimirlatdi va orqasidan to‘ng‘iz chiqdi. U hamma najosatlarni yedi. Shu sababli ham to‘ng‘izning go‘shtini yeyish shariatda harom qilingan. Shuningdek, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari, cho‘chqa go‘shtini haromligi bilan birga, quydagilarni takidlaydilar: “Tajribalarning ta’kidlashicha, dunyoda erkagi urg‘ochisini qizg‘anmaydigan birdan – bir hayvon cho‘chqa ekan. Balki shu boisdandir, cho‘chqa go‘shti ko‘p iste’mol qiladigan xalqlarning erkaklari ayollarni qizg‘anmaydilar, bu masalada iffat va nomus nimaligini bilmaydigan dayuslarga aylanib qolganlar”1 Cho‘chqa go‘shti bashariyat uchun harom ekanligi Olloh o‘zining muborak kalomi Qur’onda bir emas, bir necha joyida aytib o‘tgan “Albatta, U zot sizlarga faqat o‘limtikni, qonni, cho‘chqaning go‘shtini va Allohdan boshqaga so‘yilganni harom qildi. Kimki majbur bo‘lsa – yu zulm qilmay, haddan oshmay(yesa), unga gunoh bo‘lmaydi. Albatta, Allah mag‘firatli va rahmlidir ” (Baqara surasi 173 - oyat)2 Tovuqning nimaga ucha olmasligiga sabab va qarg‘aning nima uchun uzoq umr ko‘rishining sababi Nuh alayhissalom qissasida bayon qilingan. To‘fondan so‘ng yer yuzida qancha suv qoldi, yerning qancha miqdori ochildi? Shuni bilish uchun kim boradi deganda qoraqarg‘a men boraman deydi. Uning kafilligini tovuq oladi. Qarg‘a yo‘lga tushadi, yo‘lga qarasaki yerning betiga ko‘plab o‘liklarni ko‘rib qoladi va ularni yeyishga ovora bo‘lib qolib ketadi. Xo‘roz kech bo‘lganini qarg‘aga bildirmoq uchun kemanining tomiga chiqib qichqiradi. Nuh alayhissalom xo‘rozni ushlab qoladi. Shu boisdan tovuqlar qushlar sinfiga kirsa – da, lekin o‘sha paytdan boshlab uchmaydigan bo‘lib qoldilar,odamlar bilan birga qoldilar. Aytishadiki, kafolatning boshi ma’lomatdir, o‘rtasi o‘kinchdir, oxiri esa tovondir. Kim ishonmasa sinab ko‘rsin. Nuh payg‘ambar qarg‘ani duo qildi Olloh taolo uni ijobat qildi. Qarg‘aning umri qattiq mashaqqatda , xavotirda oxir bo‘lar, chunki u yo‘lga qaytishida qolib ketganligi uchun qarg’alar uzoq- qariyib 300 – 400 yil umr ko‘rib, qattiq sovuqlarda ham qiynalib yashashga hukm qilingandir. Solih alayhissalom qissasida ham qarg‘aning turlari haqida ba’zi ma’lumotlar berib o‘tilgan. Unda ola qarg‘aning tuzilishiga doir mulohazalar berib o‘tilgan : “- Sen qanday qushdirsan? – dedi Zaum. - Men qarg‘aman. - Boshing nega oqardi? - Qobilning Hobilni o‘ldirmog‘iga men sababchi bo‘ldim. - Tumshug‘ining nechun sarig‘dir? - Jannatdagi zafarondan yegandim. - Oyoqlaring nega yashildir? - Ming yil jannatning Tubo daraxtiga qo‘nib turdim va bir kuni do‘zaxning ustidan uchib o‘tgandim, olovning issig‘i shu holga soldi.”1 Hud alayhissalom qissasida Karkas qushi haqida ma’lumot berilgan. Unda karkasning o‘limtiklar bilan kun ko‘ruvchi yirtqich qush ekanligi va uning 300 yil uzoq umr ko‘ruvchi ekanligi aytib o‘tilgan. Luqmon ibn Od iloho menga uzun umr bering deganda qancha umr beray deydi, shunda karkasning umrini ber deydi. “Qisasi Rabg‘uziy” da juda ko‘plab tuya bilan bog‘liq ma’lumot keltirilgan Solih alayhissalomga toshni orasidan tuya chiqargil deydi qavmi. Shunda tosh orasidan tuya chiqadi. Qavmning bir qudug‘i bor edi. Tuyasi bo‘tasi bilan kelib suvni ichib qo‘ydi. Ular suvsiz qolishdi, o‘sha kundan boshlab ular tuyani o‘ldirish niyatida bo‘ldilar. Bir kun tuya bilan bo‘tasi suv ichsa, bir kun qavmdagilar ichishadi. Tuya bilan bolasi suv ichishga kelsa, quduqdagi suv to‘lib toshar ekan Bir kuni qavmdagi to‘qqiz kishi ularning barchasi bo‘zchi bo‘lgan tuyani o‘ldirishadi. Bo‘tasi esa uch marta bo‘kiradi – da , qochib ketadi, buning boisi shu ediki, uch kundan keyin azobning kelishiga ishora edi. Aytadilarki , arablarning bir odati bor: sahroda tuya va qo‘yga qoton qilganlarida uning ichiga quduq o‘tlarini tashlaydilar. Bu xashaklar hayvonlar oyog‘i ostiga qiymalangan. O‘sha paytda texnika yoqligi sababdan shunday qilishgan. Bu odatni hozirgi kunda ayrim qishloqlarda ham saqlanib qolganini ko‘rishimiz mumkin. Qur’oni karim suralarining yigirma beshtasida oltmish to‘qqiziz marta Ibrohim payg‘ambar haqida gapirilgan. Olloh taolo Ibrohim (a.s.) ni bir necha marta imtihon qiladi va har bir imtihondan yaxshi o‘tganlari va har bir buyruqqa samimiyat bilan toat etganlari uchun o‘ziga “Xalil” qilib oldi.1 “Ibrohim Alayhissalom va Namrud Alayhil – la’na” qissasida Ibrohim payg‘ambarni o‘tda yoqish maqsadida o‘tin yig‘ayotganlarida qaysi ulovga ortsalar ko‘tarmaydi. Tuyaga ortdilar, o‘rnidan qo‘zg‘almadi. Eshak va ot ham qabul qilmaydi. Xachirga yuklagandilar qabul qildi. Buni ko‘rgan Ibrohim xachirni la’natlaydi. Shu boisdan xachir nasli ko‘paymaydigan bo‘ldi. Bugungi kunda xachirga yuk ortsalar, urmaguncha yo so‘kmaguncha yurmaydi. Namrud xudolikka davo qilar edi va bir kuni Namrud Ollohga qarshi qo‘shin yig‘ishiga farmon bo‘ldi. Olloh taolodan chivinlar qo‘shiniga farmon bo‘ldi. Shunda ular Namrudning qo‘shinini yeb bitirdilar. Olloh taolo bir zaif va oqsoq chivinga ilhom berdi. U teshikdan kirib kelib, Namrudning yanog‘iga qo‘ndi u yerini chaqib, og‘zi atrofiga aylanib, so‘ng burniga kirdi, miyasiga yetganda uni yeya boshladi. Qirq kungacha Namrudning oldiga kirsa unga avval shapaloq bilan, unda ham tinmasa ensasiga musht bilan urishni buyurar edi. Hikmatga keltirilishicha Namrudga berilgan azoblar shuning uchun ediki, u to‘rt yuz yil tangrilikni da’vo qildi va odamlarni o‘ziga sajda qildirdi. Shuni unitmangki, ensalariga mushtlar yegan kimsa qanday qilib tangrilikka yarasin, oxiri bir pahlavon kelib, Namrudning boshiga to‘qmoq bilan urish topshirildi va boshi yorildi, u chivin kabutar suratiga uchib chiqdi. Tangrilikni davo qilib, o‘zini xudodan ustun qo‘yishning oqibati shunga olib keladi. Shu oqsoq chivindan shu ahvolga tushib qoldi. “Ismoil alayhissalom” qissasida Ismoil payg‘ambarni so‘yilish paytida folbinga odam yuborib maslahat so‘raganlarida aytadiki “ – Abdullohni bir tomonga, bir tomonga tuyani qo‘ying, so‘ngra qura soling. Agar qura tuya otiga tushsa, Abdulloh qolsin tuyalarni qurbon qiling. Basharti qura Abdulloh otiga chiqsa, unda yana o‘nta tuya qo‘shingda yangidan qura soling. Shu tariqa o‘nta – o‘nta oshiravering, toki qur’a tuya otiga chiqmaguncha, - dedi. Shunday qildilar. Tuyalar soni yuztaga yetgandagina qur’a tuya otiga chiqdi. Shunda tuyalarni qurbon qilib, Abdullohni olib qoldilar.”1 Bugunga qadar “Er kishining bahosi shariatda yuz tuyaga teng” degan gap bor. Kunlardan bir kun Ibrohim alayhissalom yo‘lda ketayotib eti va suyaklari irigan tuya o‘ligini uchratib qoladi va Namrudni “Men hayot beraman va o‘ldiraman ” degan gaplari yodiga tushadi. - Xudoyo, o‘liklarni qanday tiriltirishingni ko‘rsatgil! – deya xitob qiladi. Shunda: - To‘rt qushni tutib bo‘gizlag‘il, patlarini yulib, go‘shtlarini maydalagil, patlarini shamolga sovurgil, et – ustaxonlarining hammasini bir – biriga aralashtirib, to‘rt qismga bo‘lgil – da, to‘rt tog‘ning ustiga qoygil degan xitob keladi. Bu qushlar: tovus, qarg‘a, o‘rdak, tovuq edi. Mufassir Saddiyning aytishicha, rost yo‘ldagi qushlar emas, jinoyat yo‘lidagi qushlar o‘ldirilsin deyilgan, ularning jinoyatlari quydagilar edi: Tovusning jinoyati – Tovus jannat ichida odam va Havoga jinoyat qilgandi, iblis va ilonga yordam bergandi. Tovuqning jinoyati – tovuq sheriklari bilan Ilyos payg‘ambarning kiyimini oldi, bir – biriga adovatli bo‘ldi. Qarg‘aning jinoyati – Nuh alayhissalom to‘fonidan keyin xabar olishga jo‘natganda o‘liklarni ko‘rib kechikadi va qiyomatga qadar o‘laksaxo‘r bo‘ldi. O‘rdak qanday – Yunus payg‘ambar baliq qornidan chiqqanda badani zaif edi, unga pashsha qo‘nib, ozorlanmasin deb qovoq daraxti ekildi, o‘rdak unga suv tashuvchi bo‘ldi. U suv olib kelguncha suv daraxt ildizi qurib qoldi Shu sababli aynan shu qushlar o‘ldirilsin deyilgan. Bu to‘rt qushning o‘lmaganliging hikmati bor? Tovus hamma qushlardan chiroyli bo‘lib, odamlarga o‘xshaydi Quroni karimda ham yozilgan “Haqiqatki, biz insonni nihoyatda go‘zal bir shaklda yaratdik” . Tovuq farishtalarga o‘xshar, zikr va tasbeh bilan band edi. Qarg‘a shaytonga o‘xshar, o‘rdak esa parilari o‘xshar edi. Shunda aytiladi: “Ey Xalil, tovusni o‘ldirganda odamzodning o‘limini fikr qilgil. Tovuqni o‘ldirganda farishtalarning o‘limini fikr qilgil. Qarg‘ani o‘ldirganda shaytonning o‘lganini fikr qil ” Bu bilan yaratganning o‘ldirib yana qayta tiriltirishi nazarda tutilgan. Asarda katta bir qissani Yusuf payg‘ambar haqidagi qissa tashkil etadi. Olloh taolo kitobi qadimda Quroni karimda xabar berib yorlaqaganki, “Biz senga bu uzun va axsan (eng yaxshi ) qissani bayon qilmoqchimiz”. “Go‘zal qissa” deb ta’riflanuvchi ushbu surada Ya’qub (a.s) ning 12 – o‘g‘li Yusufning (a.s) boshidan kechirgan voqealari aks ettiriladi. Surada otalik va birodarlik mehri, ishq muhabbat, ayollar makri, tush tabiri, saxiylik va kechirimli bo‘lish kabi insoniy xususiyatlar ajib uslubda o‘z ifodasini topgan.1 Yusuf (a.s.) musulmon xalqlari afsona va rivoyatlarning sevimli obrazidir. An’anaviy tasvir bo‘yicha uning go‘zalligiga e’tibor beriladi. Xalq og‘zaki ijodi asarlarida, shuningdek, yozma adabiyotda ham Yusuf birinchi navbatda ham tangsiz husni, Olloh tomanidan faqatgina unga ato etilgan ko‘rkli chehrasi bilan namoyon bo‘ladi.1 “Qisasi Rabg‘uziy”da ham Yusuf haqida so‘z borganda , avvalo, go‘zalligi, iymonli va pokigi namoyon bo‘ladi. “Xabarda andog‘ kelur, izi azza va jalla ko‘rkni yuz ulush qildi. To‘qson to‘quzni Havvog‘a berdi. Bir ulushini qamug‘ olamlig‘larg‘a berdi. Ul bir ulushni yana o‘n ulush qildi. To‘quzini Yusufga, bir ulushini olamlig‘larga berdi.”2 O‘n ikki ukak yetti aqron qislik, Eng ilki qo‘zi, uy, arandand, kuchik. Kur arslonma bug‘doy boshi ulkar aro, Chayon ham yoy, o‘g‘loq, Ko‘nak ham baliq. Yana yetti yulduz bularda yuriyur, Sakandir, o‘ngay ul kurud ham yashik. Saqit, orzu, yalchiq yog‘itek bo‘lur, To‘qishdin o‘sanma qizibon yoriq. 3 Yuqori osmonda o‘n ikki burj mavjud. Bu burjlar quydagilardir: qo‘y (hamal), sigir(savr), egizaklar (javzo), qisqichbaqa (saraton), arslon (asad), boshoq (sunbula), tarozi (mezon), chayon (aqrab), yoy (qavs), tog‘ echkisi (jadiy), qovg‘a (dalv), baliq (hut) ). Bu o‘n ikki burjda еttita yulduz bo‘ladi. Ular qaysilar? Bular: Zuhal(Saturn), Mushtariy(Yupitеr), Mirrix(Mars), Shams(Quyosh), Zuhra(Vеnеra), Atorud(Mеrkuriy), Qamar(Oy). Quyi osmonda bu еtti yulduzdan o‘n ikki burj paydo bo‘ldi. Yetti yulduz dеgani shunga ishoraki, Ya'qub alayhissalom va olti xotini Shavsha, Za’ura, Sunbula, Qamar, Habiba, Rahil bilan yеttilikni tashkil qilar. O‘n ikki yulduzlar shuki, bular Ya'qub alayhissalomning o‘n ikki o‘g‘illari- Rubil, Loviy, Sham'un, Yahudo, Joda, Don, Yag‘sar, Yastoxir, Zabotuq, Qozur, Yusuf, Ibn Yaminga ishoradir. Ya’qub alayhissalom sizlar ovga borganlarizda Yusufni bo‘ri yeydi deyishlarining sababi Yaqub alayhissalom tush ko‘radilar. Tushida tog‘ ustiga yotganda , Yusuf qo‘ynida edi. O‘n bo‘ri paydo bo‘lib, Yusufni qo‘ynidan tortib, bo‘rilardan birining boshqalarini haydab, Yusufni hujumdan xalos qilganini so‘ngra yer yorilib Yusufning unga tushganini va uch kundan keyin yana chiqqanini ko‘rgan edi. Ya’qub payg‘ambar Yusufsiz o‘zini suvsiz qolgan baliqqa o‘xshatgan. Yusufning hajrida otasi ko‘p aziyat chekdi, shunda og‘illar bir bo‘rini olib kelishdi, u bo‘ri ham bolasini yoqotib qo‘ygan edi. Shunda Ya’qub alayhissalom uni duo qildilar va shu kuniyoq bolasini topdi. Naql qiladilarki, jannatga besh hayvon - Ya’qub alayhissalomning bo‘rilari, Ashobi Qahfning itlari, Solih alayhissalomning tuyalari, Iso alayhissalomning eshaklari, Ali raziollahu anhuning duldullari kirarkan. Sulaymonning podshohlik shon-shavkati, dabdabasining tasviri esa xuddi sarguzasht xarakteridagi ertaklarni eslatadi. Bu qissadagi syujet yo‘nalishi Sulaymonning payg‘ambar, podshoh sifatidagi obro‘-e’tiborini yoritishga muvofiqlashgan bo‘lib, qissa yechimida esa uning oqil va odil shaxs sifatidagi fazilati namoyon bo‘ladi. Bu bilan Rabg‘uziy Sulaymonning payg‘ambar va podshoh sifatidagi mavqeining balandligi-yu, muhimi, uning inson sifatidagi yaxshi fazilatlarini namuna sifatida tasvirlaydi, shunday kishilarning hayoti, faoliyati, portreti, xatti-harakati o‘sha davr hukmronlariga o‘rnak bo‘lishi ko‘zda tutiladi. Sulaymon Dovudning o‘g‘liga podshohlik otasidan meros qoladi. Dovud o‘g‘li ul Sulaymon Tengrimizning sovchisi El ulog‘liq shoh ediyu ham uchar qush elchisi. Odamiy, uchqan, yugurgan, dev, pari ham el, bulut, Og‘uliq bo‘lsin ozug‘liq barcha aning ishchisi Quzi to‘rt yuz qangli erdi kunda qushlig‘ oshig‘a Borg‘usida kur arslon, bo‘ri, qoplon qo‘ychisi1 Xudo farmoni bilan hayvonot-u parrandalar, insu jinslar, dev, parilar, shamol, bulut-hammasi Sulaymonga tobelik ko‘rsatadilar. Oltindan to‘qilgan beqiyos katta gilamda oltin taxt atrofida kumush kursilarda o‘tirgan vaziru, fuzalolari jin-parilari, lashkarlari bilan Sulaymon istagan tomonga shamol yordamida uchib yuradi, qushlar uning boshiga soyabon bo‘ladi. Ayniqsa, Sulaymon qissasidagi baliq obrazi talqini qadimiy qarashlarga borib taqaladi. Unda aytilishicha, bir kuni Sulaymon butun yer yuzi aholisiga ziyofat berish niyatida dasturxon tuzaydi. Shunda bir baliq suvdan chiqib, oziq so‘raydi. Sulaymon istehzo bilan: “Men olam xalqiga ziyofat berayotganimda buning hech qanday muammosi yo‘q, istaganingcha taom iste’mol qilgin – deydi. Baliq bir hamlada barcha yig‘ilgan oziqlarni yutib yuboradi va qorni och qolgaligini aytib yig‘laydi. Sulaymon hayratda qoladi.” “Adib qissada bu baliq yer yuzini ko‘tarib turgan jonzot ekan, deb xulosa chiqaradi. Bundan ko‘rinadiki, baliq va uning ustidagi ho‘kiz yer yuzini ikki shoxi bilan ko‘tarib turibdi, degan afsonaviy tasavvurlar Rabg‘uziyga qadar ham ma’lum ekan”.2 Bu hikoyatlardagi voqealar bayonida Sulaymon payg‘ambar to‘g‘risida emas, birinchi navbatda, Sulaymon podshoh to‘g‘risida gap borayotgandek seziladi. Sulaymonning payg‘ambar sifatidagi karomati ko‘rinmaydi, u faqat xudoga iltijo qilish orqali turli shon-shavkatga erishib, dev-parilarni tobe qiladi. Vaholanki, payg‘ambarlarga xos dinga da’vat etish bu qissalarda ko‘zga tashlanmaydi. E’tiborlisi shundaki, qissalar va ular bilan bog‘liq hikoyatlar maqsadi muayyan bir g‘oyaga bo‘ysundirilgan holatda bayon qilinadi. Masalan, bir kuni Sulaymon Boyqushdan so‘radi, nima uchun doim vayronalig‘ yerni xohlaysan, nega xalq orasida yurmaysan. Boyqush aytdiki, odam farzandlari bir-biriga qiladigan zulmidan qo‘rqaman. Demak, bunda zulm qoralanadi. Sulaymonning chumolilar podshosi bilan suhbati hikoyasi katta ma'rifiy va axloqiy-ta'limiy ahamiyatga molik. Unda kishilik jamiyatiga xos bo'lgan ayrim illat va kamchiliklar ustida so'z boradi. Hikoyada Sulaymon katta mavqega ega bo'lgan, manman, kibrli, manfaatdor hukmdor sifatida gavdalanadi. Aksincha, qarinchqa — chumolilar podshosi dono, tadbirkor, xalq g'amini yeydigan hukmdor, ma'rifatparvar, olim, orif sifatida ko'zga tashlanadi. Rabg'uziy shaxs kamoloti faqat jismoniy sifatlar bilan belgilanmasligini (qarinchqalarning ulug'i oqsoq erdi), buning uchun aqliy-ma'naviy belgilar mezon bo'lishini ta'kidlaydi. Asarda jonivorlar badiiy talqin qilinganda shaxslantirilsa ham, ramziylashtirilsa ham tabiiylikdan butunlay tashqariga chiqib ketilmaydi. Bu esa tasvirlar ishonchliligi, tasirchanligi va tabiiyligini ta’minlaydi. Masalan: “U majoziy va haqiqiy asarlarda ham ko‘rinaveradi. Jaloliddin Rumiyning “Uchmoqqa qanot yo‘q vale uchgayman” nomi bilan chop etilgan asarida “Hudhud va Sulaymon haqida rivoyat” keltirilgan. Bunda hudhud ilohiy, tasavvufiy obraz sifatida talqin etilgan. Navoiyning “Lisonut – tayr ” asarida hudhud – pir timsolida. Gulxaniyning “Zarbulmasal” asarida esa nodon, aqlsizlarga tanbeh beruvchi dono. Bu majoziy – dunyoviy xarakterda.”1 “Qisasi Rabg‘uziy”ning Sulaymon qissasida “Hudhud so‘zlari” degan alohida fasli bor. Unda Hudhud Saba (o‘zbekcha Sabo) mamlakatida Bilqis pari yashayotganigi haqida Sulaymonga xabar keltiradi. Sabo shahrining dovrug‘i – yu shon – shuhratidan ogohlantiradi. Fasl voqealari Sulaymonning Bilqisga uylanishi bilan yakunlanadi. «Qisasi Rabg‘uziy»dagi personajlar portreti tasvirida xalq og‘zaki ijodining ta’sir kuchi seziladi. Masalan: Muso (payg‘ambar)ning hassasi erga sanchilganda mevali daraxt, dushmanga qarshi katta ilon, daryoga ko‘prik bo‘lish kabi xosiyatlarga ega ekan. Yana bir misol. Amalqa qabilasi odamlari g‘oyat uzun bo‘ylik bo‘lib, Bani Isroil ularga o‘n ikkita baquvvat, novcha kishilardan elchi yuboradi. Ular ancha yurib bir kishining bog‘iga kirib uzum yeb tursa, egasi ularni tutib oladi va oltitasini bir engiga, oltitasini boshqa bir yengiga solib shoh huzuriga olib boradi va yengini qoqadi. U yerdagilar hayron bo‘lib, bu qanday qo‘llik, oyoqlik qurtlar – deb, kaftlariga olib, tomosha qiladilar. “Muso payg‘ambar qissasida Olloh taolo Muso payg‘ambarga to‘qqiz narsa bermish erdi. Avval tayoq, ikkinchi bayzo, uchunchi infijor, to‘rtinchi infiloq, beshinchi to‘fon, oltinchi chugurka, yettinchi kuya, sekizinchi baqa, to‘qqizinchi qon. Keyin yubordik biz ularga sel balosini, chigirtka balosini, bit balosini va qon balosini . Bularning hammasi oshkora mo‘jizalar edi.” 2 Muso bilan Xizrning buyk martabasi bayonida: Muso payg‘ambar Olloh taolo bilan yuz ming so‘z so‘zlashadi. Shunda ey Muso, yer yuzida maning bir qulim bor. Saning ilming uning yonida bir qatra suvcha bo‘lg‘ay deydi va Muso payg‘ambar u kishini qidirib o‘z shogirdi Yusha bilan yo‘lga tushadi ular yo‘lga yeyish uchun baliq oladilar yo‘lda chashmaga duch kelishadi undagi suv mangu hayot suvi edi. Tahorat olishadi lekin suv ichishmaydi. Yushaning qo‘lidan suv baliqlarga tomadi va baliqlar tirilib, bir sakrab dengizga tushib ketadi shu boisdan bo‘lsa kerak baliqlar uzoq umr ko‘radi. Nihoyat, ular Xizrni topadilar va Muso payg‘ambar aytadilar menga ilminggizdan o‘rgating deydilar shunda Xizr senga Olloh taolo “Tavrot” ni berdi, sen bilan so‘zlashdi yana sen mendan nimani o‘rganasan deydi. Muso aytdi: “Man sening birla turayin. Ilm o‘rgangani keldim.” Xizr aytdi: “San maning birla sabr qilmag‘aysen” Muso aytdi: sabr qilg‘aymen. Shu tariqa Muso payg‘ambar Xizrdan ko‘p narsalarni o‘rgandi. Ular dengiz qirg‘og‘ida bir daraxtning tagida o‘tirganlarida bir chibchuqni ko‘rdilar u dengizga qo‘nib tumshug‘i bilan dengizdan suv oldi va daraxtga qo‘ndi. Shunda Xizr aytdi: “Ey Muso, bilurmusan bu qush nima deyayotganini?”. Muso aytdi “Yo‘q”. Xizr aytdi: “Bu qush aytur, Musoning ilmi Xizr ilmi yonida tumshug‘imdagi suv kabidir”1 Yunus payg‘ambarning ikkinchi nomlari Zannundir. Buning ma’nosi shuki: nun – baliq deganidir bunday deyilishining sababi Olloh taolo aytadi: Yunus bizga toat ibodat qilganligi sababdan biz uni yalovoch ya’ni sovchi atadik. Bir soat bizdan g‘ofil bo‘lganligi uchun baliq atab uni baliqning ichiga zindonband qildik. Yana bir sababi shuki: U baliq ichida sajda qilganda baliq ham sajdada bo‘ldi. Bu ot unga ta’rif bo‘lib qoldi.2 Olloh taolo o‘z payg‘ambarlariga u narsalarni mo‘jizalarni, qavmi unga ishonishi, uning aytganlariga e’tiqod qilishi uchun beradi. Iso payg‘ambarga o‘likni tiriltirishni, shunda uning qavmi aytdilarki: “Bizga mo‘jiza kerakkim, baliqdan qush qilsang. Yungsiz et, qanotlig‘. Og‘zing birla dam qilg‘il, bizning ko‘zimiz oldida uchsin, biz ko‘raylik ”. Iso baliqdan qush qildi. Og‘iz birla dam qildi. Havo uchdi. Aytmishlar, ul qush yarasig‘(ko‘rshapalak) edi. O‘sha paytda Rabg‘uziy ko‘rshapalakni qushlar sirasiga kiritgan. Chunki o‘sha paytda jonzotlar malum tur va turkumlarga ajratilmagan edi. Qanoti bor ucha oladigan jonzotlarni qushlar sirasiga kiritishgan. Aslida u sut emizuvchilar turkumiga kiradi. Buni Rabg‘uziyning o‘zi ham ta’kidlab o‘tganidek yarasig‘ boshqa qushlardan farq qilganligi, uning o‘ziga xos xususiyatlari borligini aytib o‘tgan. Aynan ko‘rshapalakning tanlaganlariga sabab shuki, bu qush qushlar ichida boshqa qushlarga o‘xshamaydigan xislatlari bor ekanligini payqaganligi o‘sha zamon odamlarining aql zakovatidan dalolat beradi ko‘rshapalakning qushlardan farqli tomonlari quydagilardan iboratdir: “Yungi yo‘q. Et, qanot bilan uchadi. Ikkinchisi o‘zga qushlar bolasi yumurtqadan (tuxumdan) chiqar, yarasiig‘ bolasini og‘zidan tug‘adi. Uchunchisi yarasig‘ odamdek kular. To‘rtinchisi, kunduz ko‘zi ko‘rmas ham uchmas. Beshinchi, bolasini sut bilan katta qilgan. Oltinchi, quyosh botmishdan to qorong‘u tushgunucha oralig‘ida bir soat bo‘ladi o‘sha payt ko‘zi ko‘rar va uchar. Yettinchi, tishlari bor.”1 Xulosa qilib aytganda, asarda juda ko‘plab o‘rinlarda turli qushlar va hayvonot dunyosi bilan bog‘liq qarashlarni aytib o‘tilgan. Umuman, asarda jonivorlar tasvirini ikki holatda uchratishimiz mumkin. Birinchi holatda turli jonivorlar badiiy qissalarda yoki boshqa janrlarda muayyan o‘rinlarda shu matn mazmunidan kelib chiqib talqin etilgan bo‘lsa, ikkinchidan, ular ayrim hollarda alohida tip va xarakter holida uchraydi. Shu nuqtai nazardan “Qisasi Rabg‘uziy” da jonivorlar u yoki bu ma’noda deyarli barcha lavhalarda ko‘zga tashlanadi. Har bir qissa yoki boshqa epik – lirik shakllar turli jonzotlar timsollari ifodasi bilan o‘ziga xoslikni kasb etib boradi. Deyarli har bir qissada o‘nga yaqin jonzotlar haqida ma’lumot berib o ‘tilgan. Shulardan: Odam safiy alayhissalom qissasida: qurt – qumrsqalar, it, ko‘k qarg‘a, chumoli, qaldirg‘och, sassiqpopishak, suv baqasi, asalari, qo‘y, qirg‘ovul, burgut; Qobil va Hobil qissasida : qarg‘a, Idris alayhissalom: qo‘y, Nuh alayhissalom: o‘rdak, chorva mollari, qushlar, eshak, mushuk, sichqon to‘ng‘iz, arslon, ari, ilon, qaldirg‘och, baqa, qarg‘a, tovuq, xo‘roz, Ibrohim alayhissalom qissasida: tuya, xachir, ari, qaldirg‘och, chivin, tovus, tovuq, qarg‘a, o‘rdak, chumchuq; Solih alayhissalom qissasida: qarg‘aning turlari, tuya, qo‘y, Hud alayhissalom qissasida: karkas qushi, Ismoil alayhissalom qissasida: tuya, Yusuf alayhissalom qissasida: baliq, bo‘ri, it, tuya, eshak, duldul, sigir, ilon, Sulaymon alayhissalom qissasida: boyqush, chumoli, qo‘y, arslon, bo‘ri, qoplon, qushlar, baliq, kiyik, ot, karkas qushi, xo‘roz, tovuq, pashsha, chigirtka, ilon, xudxud, qurt, Muso alayhissalom qissasida: ilon, chigirtka, bit, qurbaqa, sigir, baliq, qush, Dovud alayhissalom qissasida: sigir, qo‘y, bo‘ri, arslon, it, Yunus alayhissalom qissasida: oxu,naxang baliq, qo ‘y, ot, bo‘ri, Ilyos alayhissalom qissasida:arslon, yilqi – qo‘ylar, Uzayr alayhissalom qissasida: eshak, Iso alayhissalom qissasida: yarasig‘(ko‘rshapalak), tulki, As’hobi kahf qissasida: it, mushuk, ot, As’hobi fil qissasida: fil, qushlar, Muhammad (a.s.) qissasida: tuya, qushlar, qo‘y, ot, ilon, chayon, buroq, o‘rgimchak haqida mulohazalar bayon etilgan. Bundan ko‘rinadiki, jonzotlar doim insoniyat bilan birgalikda tasvirlangan. Shu bilan bir qatorda hayvonot olami tasviri asarda badiiy obraz darajasiga ko‘tarilgan. Albatta, bu obrazlarga o‘ziga xos tarzda badiiy ramz, jonlantirish, sifatlash va metafora ifodalari yuklangan. Shuning o‘zi ham asar badiiyati , jozibadorligini taminlashga xizmat qiladi. Download 101 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling