Qisasi Rabg‘uziy


Bitiruv malakaviy ishining ilmiy yangiligi


Download 101 Kb.
bet3/8
Sana18.06.2023
Hajmi101 Kb.
#1585377
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
“Qisasi Rabg‘uziy” da turli hayvon , qush va jonivorlar haqidagi qarashlar

Bitiruv malakaviy ishining ilmiy yangiligi. Rabg‘uziyning “Qisasi Rabg‘uziy” asari chuqur o‘rganildi. Unda nomlari zikr etilgan hayvonot va nobotot olami aniqlandi. Shoirning ularga bo‘lgan munosabati yoritildi. Yaxlit bir ish holiga keltirildi. O‘quvchi bu borada aniq tasavvur hosil qilishi mumkinligi inobatga olindi. Bu bitiruv malakaviy ishining ilmiy yangiligini tashkil etadi.
Bitiruv malakaviy ishining tuzulishi. Ushbu bitiruv malakaviy ishi kirish, ikki asosiy bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.

I Bob. “Qisasi Rabg‘uziy” da turli hayvon , qush va jonivorlar haqidagi qarashlar

    1. Qisasi Rabg‘uziy” haqida

XIII asr oxiri XIV asr boshlarida yashab o‘tgan ijodkorlardan biri Nosirudin Burhonuddin Rabg‘uziydir. Uning hayoti va faoliyati haqida ma’lumot beruvchi yagona manba o‘z asari “Qisasi Rabg‘uziy”dir. “Bu kitobni tuzgan, toat yo‘lida tizgan, ma’siyat yovonini kezgan, oz ozuqliq ko‘p yozug‘liq, Robot o‘g‘uzning qozisi Burhonuddin o‘g‘li Nosiruddin”21 Demak, muallif Xorazmning Roboti o‘g‘uz degan joyidan bo‘lib, u yerda qozilik qilgan. Rabg‘uziy so‘zini prof. N.Mallaеv «Raboti o‘g‘uz»ning birikuvidan kеlib chiqqan dеydi. Dеmak, Rabg‘uziy XIII asrning oxirlari va XIV asrning boshlarida yashagan xorazmlik shoirdir. Bu yerda shu narsa ko‘zga tashlanadiki, To‘qbug‘a bu vazifani topshirishda Rabg‘uzining bilim quvvati yozuvchilik mahorati, hayot tajribalari yetarli ekanligiga ishonchi bo‘lgan. Muallif uni “…yigitlar arig‘i (poki) ulug‘ otlig‘, qutlug‘ zotlig‘, ezgu xulqlig‘, islom yorug‘lig‘, mo‘g‘ul sonlig‘, musulmon dinlig‘, odamiylar ishonchi, mo‘minlar quvonchi, himmati adiz (yuksak) aqli tengiz”32 deb ta’riflaydi. Nosuruddin To‘qbo‘g‘abekka bag‘ishlangan she’riy madhiyada uning “arslon mengizlik surati”, “ko‘rkluk sifatlig‘ surati”, “tuz so‘zlayur so‘zni uqo ” singari sifatlari keltirilgan.
Rabg‘uziyning ushbu asardan boshqa ijodiy merosi haqida ma’lumotlar mavjud emas. Qolaversa, muntazam izchillikda bayon qilingan tarixiy va afsonaviy voqealar, asarga kiritilgan turkiy she’rlar, arab tilidan qilingan tarjimalar Rabg‘uziy iste’dodini isbotlaydi. Uning «Qisasi Rabg‘uziy» asari o‘zbеk nasrining qadimiy namunasi. Bu asar islom dinini qabul qilgan mo‘g‘ul bеklaridan biri bo‘lgan Nosiruddin To‘qbug‘aning topshirig‘i va homiyligida yozilgan. Asar hijriy 709 - yil, mеlodiy 1309-1310- yil, ba’zi manbalarda 1311- yil yaratilgan dеb ko‘rsatiladi. To‘qbug‘a Rabg‘uziyga payg‘ambarlar haqida asar yozishni topshiradi va natijada «Qisasi Rabg‘uziy» yuzaga kеladi. Muallif asarni bir yil zahmat chеkib tugatganini qayd etadi. «Qisasi Rabg‘uziy»ning turli davrlarda ko‘chirilgan bir nеcha qo‘lyozma nusxasi mavjud. Ular dunyoning turli kutubxona va qo‘lyozma fondlarida saqlanadi. Asarning eng qadimiy qo‘lyozma nusxasi XV asrda ko‘chirilgan bo‘lib, u Britaniya muzеyida saqlab kеlinmoqda. Gronbеk tomonidan 1948- yili Kopеngagеnda nashr qilingan. Manbalarga qaraganda, XV asr London nusxasi 1340- yilda Rabg‘uziy tiriklik davrida ko‘chirilgan. XV-XVI asrlarga mansub Sankt-Pеtеrburg, XIX asrga oid Toshkеnt nusxalari mavjud. XIX asrning II yarmi va XX asrning boshlarida Toshkеnt, Qozon shaharlarida bir nеcha marta nashr etilgan. Asarning to‘la matni ilk marta rus turkiyshunos olimi N.Ilminskiy tomonidan 1859 - yili Qozon shahrida e’lon qilingan. Ushbu asar Radlov, Tomsеn, Mеlioranskiy, Malov, Kononov, Bosim Atalay kabi xorijiy turkiyshunos olimlar, Fitrat, N.Mallaеv, T.G‘afurjonova, I.Ostonaqulov kabi o‘zbеk olimlari tomonidan tadqiq qilingan.
“1990 – 1991 – yillarda E. Fozilov, A. yunusov, H. Dadaboyev, Y. Shokirov kabi olimlarimizning sa’y – harakatlari bilan “Qisasi Rabg‘uziy ” ikki kitob holida sharh – u izohlar va lug‘at bilan tamin etilib Toshkentda nash yuzini ko‘rdi.”1
“Rabg‘uziy ushbu asarni yozishda Qur’oni karim, hadislar, Abu Is’hoq Nishopuriy asari, islomga oid turli kitoblar, shuningdеk, Hasan Basra, Jobir ibn Ansoriy kabi qissago‘ylar ijodidan foydalangan. Asarni o‘qir ekanmiz, Rabg‘uziyning o‘nlab bunday asarlardan ijodiy foydalanganligining guvohi bo‘lamiz. Bu manbalar ikkiga bo‘linadi:
1.Adabiy manbalar.
2.Tarixiy manbalar.
Adabiy manbalarga, avvalo, Qur’onga yozilgan tafsirlarni, so‘ng Is’hoq Nishopuriy, Abul Hasan Kisoiy qissalarini kiritish mumkin. «Qisasi Rabg‘uziy»da Muhammad payg‘ambar hayotigacha bo‘lgan qissalar bеvosita Qur’on sharhi vazifasini bajargan badiiy asarlar, ikkinchi guruhga Imom Ismoil Buxoriyning «Al Jomе al sahih», Abu Iso at Tеrmiziyning «Shamoili nabaviya» kitoblarini kiritish mumkin”1
XIII asr oxiri va XIV asr boshlarida yaratilgan nasrning yirik namunalaridan biri «Qisasi Rabg‘uziy» asaridan o‘rin olgan hikoyatlar, rivoyat, naqllarga Qur’on va boshqa diniy kitoblardan, tarix asarlari va turli xalqlardan kirib kelgan afsona va rivoyatlar ham zamin bo‘lib, ular turkiy epik an’ana ta’sirida yangi mohiyat va xususiyat kasb etdi. Darhaqiqat, «Qisasi Rabg‘uziy»dagi hikoyatlarning manbalari yuzasidan olib boriladigan izlanishlar masalasi tarixini kengroq tasavvur qilishga imkon beradi. XIII-XIV asr o‘zbek adabiyoti Mo‘g‘ul istilosining, dahshatli hukmronlikning og‘ir natijalari oqibatida yuz bergan ijtimoiy – siyosiy ahvolga qaramasdan, janr rang-barangligi bilan taraqqiy etib borganligi diqqatga sazovordir. Shu jumladan nasr ham adabiy jarayonning boyligiga aylandi. XIII asr oxiri va XIV asr boshlarida yaratilgan «Qisasi Rabg‘uziy», «Nahjul farodis» kabi asarlar shu davr mahsullari bo‘lgan nasriy yodgorliklardir.
«Qisasi Rabg‘uziy» asari masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, u garchi anbiyolar to‘g‘risidagi majmua bo‘lsa - da, sof diniy ruhdagi asarlardan farqli o‘laroq, o‘zida dunyoviy mayllarning, xalq og‘zaki ijodiga xos badiiy xayolot tasviri ko‘lamining kengligi bilan ajralib turadi.
Manbalarda «Qissai Rabg‘uziy»ning XIV asrning diqqatga sazovor adabiy yodgorligi sifatida talqin etilishi uning o‘zbek adabiy tilini o‘rganishda o‘z o‘rni va ahamiyati borligini ko‘rsatadi. “Qisasi Rabg‘uziy” ning tiliga kelganda shuni ta’kidlash lozimki, uning til xususiyatlari O‘rta Osiyodagi turkiy tillarning barchasi uchun bab – barobar ilmiy qiymatga ega. Asar tilining hozirgi zamon o‘zbek tiliga munosabati to‘g‘risida gap ketganda shuni aytish kerakki, qissa tili bilan bugungi o‘zbek tili orasidagi salkam yetti asrlik vaqt o‘tganiga qaramasdan, bu asar hozirgi zamon o‘zbek tili ilk taraqqiyot davrining yodgorliklaridan biri sifatida qaralmog‘i maqsadga muvofiqdir. Asar an’anaviy kirish bilan boshlanib, so‘ng kitobning yozilish sababi, muallifning o‘zi haqida xabar beruvchi qisqacha so‘zboshisi keladi. Asar etmish ikki qissadan iborat bo‘lib, ularning hajmi, kompozision tuzilishi turlichadir. Qissalarning ba’zilari o‘zaro ichki fasllarga-qismlarga bo‘lingan. Goho shunday o‘rinlar uchraydiki, bir qissa ichida uning mazmunini to‘ldiruvchi tamoman yangi mazmundagi mustaqil rivoyat keltiriladi.
Rabg‘uziy qissalar syujeti davomida o‘zi murojaat etgan Hasan Basra Rahmatulloh, Jobir ibn Ansoriy kabi mualliflarni, shuningdek, tafsir, Qur’on Karim va boshqa kitoblarni eslatib o‘tadi. Shuni ham aytish kerakki, qo‘lyozmaning ba’zi bir nusxalarida Rabg‘uziy «Qissasul-anbiyo»ning avval arab tilida ekani, keyin fors tiliga tarjima qilingani, so‘ngra unga (Rabg‘uziyga) turkiy tilda yozish topshirilgani aytiladi. Darhaqiqat, muallif sanab o‘tganlardan ko‘rinib turibdiki, anbiyolar haqida anchagina manbalar mavjud bo‘lgan. Rabg‘uziy o‘sha tayyor qissalar xoh arab tilida, xoh fors tilida bo‘lsin, ular asosida o‘zbek tilida «Qissai Rabg‘uziy» (yoki «Qissasul-anbiyo»ni) yaratadi.
Shunday qilib, «Qissai Rabg‘uziy» XIII asr oxiri va XIV asr boshidagi o‘zbek adabiyoti tarixida nasr janri taraqqiyotini belgilashda o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lgan yodgorlikdir.
Asardagi qissalar payg‘ambarlar to‘g‘risidagi afsonalar bilan bog‘liq bo‘lgani, ularga asoslangani tufayli ularning diniy xarakterda bo‘lishi tabiiydir. Lekin qissalar asosini payg‘ambarlar to‘g‘risidagi rivoyatlar tashkil etishiga qaramasdan, asarda afsonaviy payg‘ambarlar bilan bir qatorda payg‘ambarlashtirilgan shaxslar (Sulaymon, Muhammad,Iskandar Zulqarnayn) to‘g‘risidagi qissa va hikmatlarga, dunyoviy yo‘nalishdagi, pand-nasihat ruhidagi rivoyatlarning ham keng o‘rin olishi o‘z-o‘zidan asar qimmatini va yozuvchi mahoratini belgilovchi omillardan biri vazifasini o‘taydi.
Turkiy va boshqa xalqlarning ayrim rasm – rusm va odatlari ham muallif nazaridan chetga qolmagan: “Rum viloyatining odati bor, tevalari chaliqliq (bebosh, sho‘x) burunduqlatmasalar yangi tushgan kelinlarni keltirib un tuzub yirlayturlar. Tevalar ularning ovozlariga xushlanib o‘zlaridan kecharlar - ilikka ilinurlar.
Yoki: xalq orasida rasm bor, do‘st do‘stga safar qilib yonar bo‘lsa, bir hadyayani bo‘lak ola borurlar.”1
Rabg‘uziy har bir qissa boshlanishida payg‘ambarlarning sifatlarini bayon etuvchi madhiyalar keltiradi. Bu madhiyalar, ba’zi qissalarning xulosa va xotimalari she’r bilan yozilgan. She’rlar ko‘proq o‘zbek tilida, ba’zilari esa arab tilidadir. Asarda keltirilgan she’riy parcha va g‘azallar badiiy saviyasi bilan Rabg‘uziyning talantli shoir ekanidan ham dalolat beradi. Ikkinchi tomondan bu hol XIV asr o‘zbek adabiyotida g‘azal janrining paydo bo‘lganini ko‘rsatadi.
Erning balosi iki olam balosi – qurtqa,
Qurtqa qarib o‘lursa solg‘il etini qurtqa. 2
Rabg‘uziyning nazmiy merosi qasidalar, g‘azallar, g‘azal shaklidagi she’rlar, baytlar, to‘rtliklar va faxriyadan iborat. Asarda asosan aruzning barcha talablariga amal qilib yozilgan g‘azallar asosan uchta: ulardan biri “Erning balosi iki olam balosi – qurtqa” misrasi bilan boshlanuvchi g‘azaldir.
Rabg‘uziyning ushbu asari yеr yuzining paydo bo‘lganidan boshlab so‘nggi payg‘ambar – Muhammad (a.s) hayotiga doir bo‘lgan voqеalarni tasvirlar ekan, ularda kishilarni to‘g‘rilikka, komilikka, axloqan poklikka chaqirishi bilan yuksak ahamiyat kasb etadi. Rabg‘uziy payg‘ambarlar haqidagi qissalarda olam va odam haqidagi qarashlarini badiiy ifodalashga harakat qilgan. Qissalar asosini tarixiy voqеalar tashkil etadi. Qissalar mavzu jihatdan rang-barang. Olamdagi butun mavjudot egasi bo‘lgan Ollohni ulug‘lash, payg‘ambar hayotiga doir lavhalarni eslash, kamtarinlik va takabburlik, ota-ona va farzand munosabatlari, vatan va mеhnatsеvarlik, erk va adolat, do‘stlik va hamjihatlik, urush va tinchlik kabilar shular jumlasidandir.O‘zbek nasrida ilk marotaba diologlar, Rabg‘uziy tomonidan keng qo‘llangan. Ana shu diologlar vositasida asosiy g‘oyaviy maqsad yorqin va ta’sirchan ifodalangan. Dialoglarning mavqeyi jihatidan «Sulaymon qarinchka bilan so‘zlashgani» hikoyati muhimdir, chunki u to‘lig‘icha ikki tomonning so‘zlashuvi, savol-javoblariga tayanadi.Albatta, ularda muallif izohi yoki bayoni ham mavjud. Muallif bayoni hikoyatlarda turli darajada namoyon bo‘ladi. U «Sulaymon qarinchka bilan so‘zlashgani»da ozroq o‘rin tutsa, boshqa hikoyatlarda ancha kattaroq, «Namrud hikoyati»da esa asosiy o‘rinni egallaydi. Rabg‘uziy hikoyalarida insonparvarlik, yurtparvarlik, insonni komillikka ko‘tarish, axloqiy poklik , ma’naviy barkamollik sari undash g‘oyalari yetakchilik qiladi. Ular orasida til odobi, qalb pokligi ham alohida o‘rin tutadi. Bu jihatdan “Luqmon va uning xojasi” hikoyati ibratlidir. “Luqmonga xojasi aydi: ”Borg‘il bir qo‘y bo‘g‘izlab etindin qayu yaxshiroq ersa menga kelturgil. Qo‘yni bo‘g‘izladi, tili birla yurakni olib keldi. Xojasi so‘radi - “bularni naluk (nima uchun ) kelturding?” Aydi: “qo‘yda tildin , yurakdin yaxshiroq yo‘qdur. Agar yovuzroq ersa tildin yurakdin yovuzroq yo‘q.” Tilga e’tibor berish, har bir aytiladigan so‘z mas’uliyatini ta’kidlash , hikoyadagi g‘oyaviy niyatdir. Bu yerda donolik, hozirjavoblik ulug‘langan. Hikoyalarda xalq og‘zaki ijodining ta’siri ham yorqin seziladi. Xususan , latifa janriga xos belgilar hikoyaga ko‘chib o’tgan. Suhbatning diolog asosida olib borilishi soddalik, hozirjavoblik, donishmandlik, topqirlik fazilatlarining ustuvorligi, ifodalarning qisqa, aniq, lo‘ndaligi og‘zaki ijoddan ta’sirlanish natijasidir. Rabg‘uziy hikoyalarining asosini ko‘pincha hayotiy voqea hodisalar tashkil etadi. Ularni ifodalash uchun mifologik, afsonaviy – xayoliy yoki hayotiy mantiq taqozo etadigan bayon uslubi tanlab olinadi. Masalan, insonlarning mast holda yurishini, umuman, o‘tkir ichimliklar ichishini qoralash maqsadi uchun “Uzum hikoyati” berilgan. Undagi asosiy qahramon Shaytondir . U to‘g‘ridan – to‘g‘ri Shaytoni mal’undir“-,deb ta’riflanadi. “Mal’un” – la’natlangan, haydalgan demak. “Ana shu uzumning urug‘ini o‘g‘irlagan. Bu hol oshkora bo‘lib qolgach , uni Nuh payg’ambar huzuriga olib kelishadi. Shayton aybini bo‘yniga oladi - yu , lekin urug‘ni qaytarib berishdan oldin uni uch marta sug‘orishga imkon so‘raydi: avval tulkini qoni birla, andin sherni qoni birla, andin to‘ng‘izni qoni birla sug‘ordi. Bu ish uchun rozilik oladi”1. Chog‘ir – ichkilikning paydo bo‘lishini shu tarzda shayton nomi bilan bog‘lanadi. Chog‘ir ichgan odamning holati ham nihoyatda ta’sirchan o‘xshatishlar bilan tasvirlanadi. Buning uchun tulki, yo‘lbars, to‘ng‘iz obrazlaridan foydalangan. Hikoyada Nuh payg‘ambarning ulug‘ligini ko‘rsatuvchi dalillar ham keltirgan. Xususan, shinni va sirkaning paydo bo‘lishi bevosita ana shu payg‘ambar faoliyati bilan bog‘liq. “Nuh payg‘ambar shaytondan so‘ng ikki marta suv berdilar, biri behishti zanjabildin erdi, andin shinni paydo bo‘ldi. Biri salsabildin, andin sirka paydo bo‘ldi… Bu nimarsalar har uyda bo‘lsa, uydin hargiz farishta kam bo‘lmas, deydurlar.”2
Rabg‘uziy hikoyalarida qadimiy mifologik tasavvurlarning ildizlari ham ko‘zga tashlanadi. Ma’lumki, miflarda dunyoviy hodisalarning paydo bo‘lishi , ularning ilohiyot bilan aloqasi o‘ziga xos tarzda izoh va isbot etiladi. Bu jihatdan “Ilon va qarlug‘och” hikoyati xarakterlidir. Unda mushuk bilan sichqon, ilon bilan baqa , ilon bilan qarlug‘och hamda ari, inson, qushlar va boshqa hayvonot olami orasidagi o`ziga xos munosabatlar izohlanadi, badiiy tadqiq etiladi. Namrud haqidagi hikoyatda inson xayolotining imkonlari madh etiladi. Unda Namrudning osmon mamlakatiga chiqishi tasvirlangan. Hikoyada o‘sha davr kishilarining osmon haqidagi tasvirlari ham ifodasini topgan. Ayni paytda hikoya mazmuni badiiy jihatdan to‘la asoslangan va shuning uchun ham kishida zavq uyg‘otadi. Shu bilan birga hikoyada shuhratparastlik, takabburlik kabi illatlar qattiq qoralanadi. Erishgan muvaffaqiyatlardan boshi aylanib qolgan Namrud hech kimni pisand qilmaydigan kimsaga aylanadi, hatto xudoni ham tan olmaydi. Oqibatda u qattiq jazolanadi, o‘g‘ir dardga chalinib xor-zorlikda halok bo‘ladi. Sulaymon obrazi haqida muhim qaydlar, asosiy tafsilotlar Quroni karimda o‘z ifodasini topgan. Ushbu muqaddas kitobning “Naml” va “Saba” suralarida mulohazalar yuritilgan bo‘lib unda “Qasamki, biz Dovud va Sulaymonga yetuk bilim ato etdik va ular: “Bizlarni ko‘p mo‘min bandalardan ozod qilib qo‘ygan zot – Allohga hamd bo‘lsin!” – dedilar”1
Sulaymon – Dovud payg‘ambarning o‘n ikkinchi kenja o‘g‘li . U ham boshqa akalariday olim, faqir, oqil yigit edi. Dovudning podshohligi unga meros qoldi. Ammo otasiga o‘xshab o‘z hunarini hech qo‘ymas edi. U tol novdalarini yig‘ib savat to‘qib sotardi.
O‘zbek adabiyotidagi payg‘ambarlar tasvirida Dovud va Sulaymon nomi ko‘p uchrab turadi. Ayniqsa, “ Sulaymon va unga xos sifatlar ko‘pincha yonma – yon tarzda tilga olingan. Sulaymon va chumoli, Sulaymon va lashkari, Sulaymon va uzugi, Sulaymon va mulki, Sulaymon va podsholigi, Sulaymon va Bilqis, Sulaymon va hudhud, Sulaymon va Osaf mazmunidagi qator hodisotlarga e’tibor qaratilgan”2, “Taxti Sulaymon” iborasi ko‘p qo‘llanadi. Rabg‘uziyning yozishicha: “Taxti bir yig‘och yer ichinda erdi. Ul taxtni oltun, kumush birla qilmish erdi. Sulaymonni chumolilar podshosi bilan suhbati hikoyasi katta ma’rifiy va axloqiy – ta’limiy ahamiyatga bog‘liq hodisa hisoblanadi. Unda kishilik jamiyatiga xos bo’lgan ayrim illat va kamchiliklar ustida so‘z boradi. Hikoyada Sulaymon katta mavqega ega bo‘lgan manman, kibrli, manfaatdor hukmdor sifatida gavdalanadi. Aksincha, qarinchqa chumolilar podshosi dono , tadbirkor, xalq g‘amini yeydigan hukmdor sifatida gavdalanadi. Chumolilar podshosi sifatida Sulaymonni izza qilish tasviri kishining qiziqishini uyg‘otadi. Rabg‘uziy shaxs kamoloti faqat shaxs jismoniy sifatlari bilan belgilanmasligini, buning uchun aqliy, ma’naviy belgilar mezon bo‘lishini ta’kidlaydi.
Nosiruddin Rabg‘uziy mahoratli nosirgina emas, nozikta’b shoir hamdir. Rabg‘uziy haqida gap kеtganda uning shе’riyati haqida ham so‘zlash joiz. Chunki har bir qissa boshida yoki oxirida kеltirilgan shе’rlar bundan dalolat bеradi. “Ayrim g‘azallar voqеalar ichida ham bеriladi. Bular Rabg‘uziyning turkiy aruz va barmoq vaznini yaxshi egallaganidan guvohlik bеradi. Ushbu asarda 600 misra shе’r o‘rin olgan bo‘lib, bular g‘azal, ruboiy, qit’a, to‘rtlik, qasida janrlarida bitilgan. Rabg‘uziy yashagan davrda turkiy she’riyatda aruz ham, barmoq vazni ham yonma –yon qo’llangan”.1
“Qissasi Rabg‘uziy” dagi qissa hikoyatlar orasida o‘nlab she’rlar ham mavjud. Bahor vasviga bag‘ishlangan birinchi o‘zbek g‘azali ham Rabg‘uziy qalamiga mansub. U shunday boshlanadi.
Kun hamalga kirdi ersa keldi olam Navro‘zi ,
Kechdi bahman zamharir qish qolmadi qori, buzi,
Kun kelu ming ko‘rki ortib tirulur o‘lmish jahon,
Tong badizlab naqshi birla bezanur bu yer yuzi.
O‘rlasa bulutlari gulchirar bog‘ – u bo‘ston,
Tol yig‘ochlar yeng solushur o‘ynayurtek qo‘y – qo‘zi.
Kirshani qor qani englik boqsa tog‘lar surati,
Tonliqi tangsuq yipordin Rum Xitoy atlas, juzi
Lola sag‘roqin icharda sayrar usrub sanduvoch .
Turna un tortib o’tarda sakrashur baqlan qo‘zi.
Ko‘kda o‘ynar qo‘l solushur qug‘u, qoz, qil, qarlug‘och,
Yerda yugrub juft olushur as, tiyin, kishi, qunduzi
Tol yig‘ochlar minbarinda to‘tiqush majlis tutar,
Qumri, bulbul , muqri bo‘lib un tuzar tun kunduzi,
Huri ayn ujmoh ichinda yeng solib tahsin qilur
Yoz uza mundog‘ g‘azallar aymishdi Nosir Rabg‘uziy1
O‘zbek adabiyotidagi bu ilk g‘azalda Rabg‘uziy janrning barcha shakliy – badiiy talablarini mukammal darajada ado etgan. Dastlabki bayt –matla’dan to oxirgi – maqta’gacha navro‘z ta’rif-tavsifi vasf etiladi. (Quyosh hamal burjiga ko‘chdi, demak, Navro‘z keldi , qattiq sovuq keltirgan qish chekindi, uning qor va muzlari qolmadi.) So‘ng olamning go‘zal bir manzara kasb etgani, atrofning go‘zallashgani tavsiflanadi Navro‘zi buzi ,yuzi, tuzi, qo‘y-qo‘zi, juzi, qunduzi, yulduzi, Rabg‘uziy so‘zlaridan tashkil topgan. G‘azalning barcha baytlari hozirgi shaklda o‘zaro mantiqiy ip g‘azal yaxlitligini ta’minlamoqda. Uning o‘zagini Navro‘z – ilk bahorni tashkil etadi. Dastlabki bayt umumiy axborot berishga qaratilgan. Qishning o‘rniga bahorning kelishi ko‘rsatilgan. Bunda muallif munosabatining ochiq ifodalanishi e’tiborni tortadi. Bahorga nisbatan olam navro‘zi ifodasi qo‘llansa, qishga nisbatan bahman (ayoz qahraton izg‘irin) “zamharir” (qirovli qahraton qattiq sovuq ) sifatlashlari tanlangan. Keyingi baytlar bahorning xususiy shakldagi tasvirini ko‘zda tutadi. Dastlab, dunyoning yangidan chiroy ochgani (tirilur bu yer-yuzi) qalamga olinadi. Osmon va yer yuzidagi o‘zgarishlar navbatdagi bayt qamroviga kiradi. Tasvirda jonlantirish sifatlash va o‘xshatishlar asosiy o‘rin tutadi. Muhimi, ularda Rabg’uziyning tasavvur kuchi va badiiy mahorati ochiq ko‘rinadi. Bahor kelishi bilan yer yuzining jonlanishi yani o‘simliklar o‘sishi, daraxtlarning kurtak ochishi, olamning bezanishi tasvirlangan.
Unda bulut va daraxtlarning o‘ziga xos manzarasi ko‘rsatilmoqda. Lola, bulbul, qo‘zi, turna kabi so‘zlar bahorning turli belgilarini ko‘rsatish vositasi bo‘lgan. “Yer-osmon” zidligi asosida bahorning o‘ziga xos tasvirini berish keyingi baytda ham davom etadi. Bahor osmonida qushlarning ko‘payishi qug‘u, oqqush kabi qushlarning ko‘rsatilishi yerdagi harakatning jonlanishi os (oq suvsar) , tiyin (olmaxon), kish (qunduzning bir turi) singari hayvonlar vositasida tasvirlangan. Qadimgi turkiy tilda “yig‘och” so‘zi yog‘och ma’nosidan tashqari, asosan “daraxt” tushunchasini ifodalagan. Navbatdagi bayda tilga olingan “tol yig‘ochlarining borinda” ifodasi (tollarning , ya’ni shoxlarida ) xuddi shu ma’no ifodalaydi. Bu baytda bir qator qushlarning xonishi, sayrashi orqali bahor faslining tarovati yana bir bor ta’kidlanmoqda.
Qissa va hikoyatlari haqida: qissa epik janrga mansub. Unda muayyan voqea hodisalarning izchil tasviri, ularda ishtirok etuvchilarning o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettirish yetakchilik qiladi. Qissalar hajmiga ko‘ra emas, balki tasvirlanayotgan voqea-hodisalar ko‘lami, ishtirokchilar sonida ham ko‘rinadi. Rabg‘uziy qissalarida qahramonlar voqea-hodisalar rivoji davomida o‘zligini, o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatib borishadi. Qissalarda bir necha sujet yo‘nalishlari bo‘lishi mumkin. Asar qurilmasi ham sujetning shu xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi. Asar sujetiga asos bo‘lgan voqealar ko‘p jihatdan “Qur’on”ga tayanadi. Rabg‘uziy ularni o‘z dunyoqarashi hamda tajribasi asosida qayta ishlangan, o‘z badiiy tafakkuri bilan boyitgan. Qissalar asosan nasrda bitilgan, ammo ko‘p o’rinlarda she’riy parchalar ham uchraydi Asarda shunday bir jumla borki, u asar mavzusini aniqlash imkonini bеradi:
«Dunyoga boring, mеnga toat qiling, ma’siyatdan yig‘iling, qon to‘kmang, xamr ichmang, xalq orasida ko‘ni hukm qiling, zino qilmang, xiyonat qilmang».1 Ya’ni inson Ollohga toat qilsa, hamisha uning yodi bilan yashasa, oxiratini o‘ylasa yomon ishlardan saqlanadi, o‘zidagi yomon unsur va illatlardan qutilishga harakat qiladi. hayotda o‘zining to‘g‘ri yo‘lini topadi.
«Ma’siyatda yig‘iling»-gunohdan saqlaning dеgani. Gunoh va savob tushunchasi asarda ko‘p tilga olinadi. «Ko‘ni hukm qiling»-bu nasihat amaldorlarga taalluqli bo‘lib, har ishda adolatli, to‘g‘ri hukm qilish zarurligi ta’kidlangan. Kuchsizlarga ozor еtkazmaslik va inson shahvoniy hislarga bеrilmasligi, bu yo‘lda yurganlarga sharmandalik, yuzi qarolik, azob-uqubat yеtishi aytiladi. Islomda xamr – aroq ichish man qilinadi. Chunki u ko’p yomon ishlarga sabab bo‘ladi. Qon to‘kish, bеsabab birovni o‘ldirish ham islomda qoralanadi. Omonatga xiyonat qilmaslik olijanob fazilat ekanligi aytib o‘tilgan.
Asarda Nuh, Dovud, Sulaymon, Iso, Muso, Yusuf, Ya’qub, Ismoil, Ibrohim kabi payg‘ambarlar, Luqmoni hakim haqidagi hikoyatlar kеltirilgan.
Asarda odamning, yеr yuzi, ko‘k, jin, farishtalarning yaratilishidan boshlab ma’lumotlar kеltiriladi. Mana olamning yaratilishi haqidagi xabar: «Xabarda andog‘ kеlur: Yakshanba kun ko‘klarni yaratti, dushanba kun oyni, kunni, yulduzlarni yaratti, falak ichinda turitti, sеshanba kun olam xalqinda qush-qurtlarni, farishtalarni yaratti, chahorshanba kun suvlarni yaratti, yеllarni, bulutlarni chiqardi, yig‘ochlarni, o‘t-yеmlarni yaratti, undurdi. Ro‘zilarni ulashturdi. Payshanba kun ujmoh, tamug‘ni, rahmat va azob farishtalarni yaratti, hurlarni yaratti. Azina kun odamni yaratti. Shanba kun narsa yaratmadi. Bu qamug‘ narsalarni taqi ming muncha narsalarni ko‘z yumib ochguncha yaratg‘u yarog‘i bor »2
Odamning yaratilishi haqida ham gap boradi. Jabroil, Isrofil, Mеkoil tuproq olib kеlishga buyuriladi. Ular qilmagan ishni Azroil bajaradi. Shu uchun ham jonzotlar jonini olish unga topshiriladi. Odamni tuproqdan yaratadi. Tog‘, Tеngiz, Ko‘k ulardan yaratishni talab qilishadi. Tuproq jim turgani bois undan yaratiladi
Har bir qissadagi o‘ziga xoslik, ularning kompozision qurilishida ham ko’rinadi. Ulardagi bayonda xalq og‘zaki ijodining bevosita ta’siri yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shu jihatdan, Sulaymon, Luqmoni hakim, Nuh, Yusuf to‘g‘risidagi qissalar xarakterlidir. Masalan, Sulaymon to‘g‘risidagi (23) qissaning o‘zi «Sulaymon bilan mo‘rcha (chumoli), «Sulaymon bilan boyqush», «Sulaymon va Samandun dev», «Sulaymon va hudhud», «Sulaymon va Bilqis», «Sulaymon va burga», «Sulaymondan hayvonlar tilini o‘rgangan kishi», «Ho‘kiz bilan eshak» kabi nomlash mumkin bo‘lgan hikoyatlarga bo‘linadi. Bularning hammasi alohida-alohida kichik hajmdagi hikoyatlar bo‘lib, ularning har biri syujet chizig‘iga ega. Ularning hammasi qo‘shilib Sulaymon to‘g‘risidagi qissani to‘ldiradi, voqealarning rang-barangligini ta’minlaydi. Shunday qilib Rabg‘uziyning payg‘ambarlar haqidagi qissalari ham badiiylik, ham til nuqtai nazaridan katta etiborga loyiq yozma yodgorlikdir.


    1. Download 101 Kb.

      Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling