Tadqiqotda qo’llanilgan metodikaning tavsifi. Magistrlik ishini o’rganish va tahlil qilishda dialektikaning umumfan – mantiqiy, tizimli yondashuv va analiz-sintez uslublari hamda maxsus tarixiy – tarixiy-genetik, xronologik va tarixiy qiyoslash uslublaridan foydalanildi. Shuningdek, tarixiy bilmoqning xolislik, sababiylik (determinizm), tarixiylik va tizimlilik (sistemali) tamoyillariga amal qilindi. Turli manba va ma’lumotlarni tahlil qilishda ularga qiyosiy va tanqidiy nuqtayi nazardan yondashildi. Davr xususiyatlarini nazarda tutgan holda voqealar tarixiylik, tadrijiylik, sivilizatsion yondashuv usullari asosida umumlashtirildi va tahlil etildi.
Tadqiqotning nazariy-uslubiy asosini ishlab chiqishda umumtarixiy nazariy-uslubiy metodlar, qolaversa, milliy davlatchilikni rivojlantirish va himoya qilishga qaratilgan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan ilgari surilgan ilmiy-nazariy ko’rsatmalar, turli tadbir, marosim va tantanalarida so’zlangan nutqlar, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasining huquqiy hujjatlarida belgilangan ko’rsatmalardan foydalanildi.
Dissertatsiyada tarixiylik, xolislik, ilmiylik, mantiqiy ketma-ketlik kabi tamoyillarga asoslanildi.
Tadqiqot natijalarining nazariy va amaliy ahamiyati. Tadqiqotda keltirilgan ma’lumotlar, fikr-mulohazalar, va takliflarning ilmiy iste’molga kiritilishi O’zbekiston davlatchilik tarixi va uning muhim taraqqiyot bosqichlarini yanada teran, ilmiy jihatdan chuqurroq anglab yetishda qator yangi dalillar vazifasini o’taydi. Shuningdek, ushbu tadqiqot ishidan shu yo’nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda hamda Qoraxoniylar davlatchilik tarixi bilan bog’liq “O’zbekiston tarixi” va “O’zbek davlatchiligi tarixi” fanlariga oid maxsus o’quv kurslari, o’quv qo’llanmalari va dasturlarini tayyorlashda foydalanish mumkin.
Shuningdek, turistik firmalar tomonidan kreativ reklamalar tayyorlash, tarixiy bilimlarga asoslangan neotexnologiyalar yaratish, gid xizmatchilarini ishonchli va sifatli manbalar bilan ta’minlash ham ishning amaliy ahamiyatga ega ekanligini ko’rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |