4. Shart ma’nosini ifodalaydi: O‘z ustingda puxta ishlab, ko‘p narsani bilib olishing mumkin.
5. To‘siqsiz ergash gaplarga o‘xshash, qarama-qarshi mazmunni – sodda gapning kesimi orqali ifodalangan harakatga zid yordamchi harakatni bildiradi: Uning kuchi yetmasligini bila turib ishga chaqirdi.
Ravishdosh oborotlar ko‘pincha –(i)b affiksli ravishdosh shaklida shakllanadi.
Ravishdosh oborotlar ravish ergash gapli qo‘shma gap ichida ham ishtirok etishi mumkin: Qariya gapni oxiriga yetkazmay turib, eshikdan Usmonali qo‘l qovushtirib, iljayib kirib keldi, gapida ravishdosh oborot bosh gap ichida kelgan: eshikdan Usmonali qo‘l qovushtirib, iljayib kirib keldi.
Ravish ergash gapni bosh gapga biriktiruvchi yuqorida ko‘rsatilgan yordamchilar sifatdoshning –gan affiksli shakli va holda so‘zining birga kelgan holati bilan almashinib qo‘llanishi mumkin. Ya’ni, -(i)b, -may affiksini olgan ergash gap kesimi tarkibida –gan(i) holda yordamchisi qo‘llanishi mumkin. Misol: Nazokat uydan yuzlari qizarib chopib chiqdi. – Nazokat uydan yuzlari qizargan holda chopib chiqdi. Mashrab vujudi titrab, changal orasidan ohista mo‘ralab qaradi. (O.Yoqubov). Mashrab vujudi titragan holda changal orasidan ohista mo‘ralab qaradi.
O‘lchov-daraja ergash gapli qo‘shma gaplar
O‘lchov-daraja ergash gaplar bosh gapdagi voqeani uning hajmi va darajasiga ko‘ra o‘lchab ko‘rsatadi: Bir-birimizni qancha yaxshi bilsak, bir-birimiz bilan qancha yaqindan turib hamkorlik qilsak, bir-birimizga qancha ko‘p yordamlashsak, tinchlik kuchlari shu qadar baquvvat bo‘ladi. Chuqur qancha ko‘p bo‘lsa, aravakash ham shuncha notinch bo‘ladi (A.Qahhor).
Payt ergash gap bosh gapdagi voqea-hodisa yoki harakatning yuzaga kelish paytini ko‘rsatadi.
Payt ergash gapli ko‘shma gapda voqea-hodisa yoki harakat bir vaqtda yoki ketma-ket yuzaga keladi. Masalan: Ular olmazor etagidagi so‘qmoq yo‘lga burilishganda, quyosh tog‘ ortidan endigina mo‘ralay boshlagan edi (O‘.Umarbekov). Anvar mahdumning mahallasiga yetganida kishi tanimaslik darajada qorong‘u tushdi. (A.Qodiriy).
Do'stlaringiz bilan baham: |