Yo’l qurilishining sertifikasiyalanadigan mahsulotlari sifat ko’rsatkichlari
Yo’l qurilish mahsulotining aksariyat qismi yo’l qurilish materiallariga to’g’ri keladi. Ularning sifati nafaqat texnikaviy darajasi, balki boshqa bir qator: turg’unlik, tashqi bozordagi raqobatbardoshlik, iqtisodiy samaradorlik mezonlari, standartlarning holati, texnikaviy shartlar kabilarni aniqlovchi ko’rsatkichlar bilan baholanadi.
Mahsulotning texnikaviy darajasini baholaydigan sifat ko’rsatkichlari ro’yxatiga mahsulotning vazifasi, ishonchliligi, konstruksiyabopligi, texnologiyabopligi, saqlanuvchanligi va ergonomiya ko’rsatkichlari kiradi. Mahsulotning vazifasini ifodalaydigan ko’rsatkichlarga uni qo’llash sohasini aniqlaydigan va uni ishlatishdan ko’riladigan foydali samara ko’rsatkichlari kiradi. Masalan, sementbeton siqilishga va egilishdagi cho’zilishga mustahkamlik, muzlashga chidamliligi, suv o’tkazmasligi va boshqalar kiradi. Ishonchlilik ko’rsatkichlari mahsulot o’zidan kutilgan vazifalarni berilgan xizmat muddatida buzilmagan holda bajarishini tavsiflaydi; bunda ma’lum tashqi muhit sharoitlari bo’lishi, mahsulot o’z xususiyatlarini saqlab qolishi, ekspluatasiya qoidalariga rioya qilinishi kerak. Yo’l qurilish mahsulotlarining ishonchlilik ko’rsatkichlariga yo’l qoplamasi va sun’iy inshootlarning xizmat muddatlari kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |