Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi Tarjimon va izohlar muallifi: Abdulaziz Mansur tarjima haqida


Download 0.71 Mb.
bet38/184
Sana31.03.2023
Hajmi0.71 Mb.
#1313146
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   184
Bog'liq
Документ

Izoh: Ular qistab so'rayotgan narsalari: "Agar haq payg'ambar bo'lsang, Rabbingdan so'ra ustimizga osmondan tosh yog'dirsin!" - degan talablaridir.

  1. Ayting: "Agar sizlar qistayotgan narsa mening huzurimda bo'lganda edi, men bilan sizlar o'rtamizdagi ish (allaqachon) hal bo'lgan bo'lur edi. Alloh zolimlarni yaxshi biluvchidir".


  1. G'ayb (yashirin ishlar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o'zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa'ri)dagi urug' bo'lmasin, ho'lu quruq bo'lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir.


  1. U tunda sizlarni "vafot ettiradigan" (uxlatib ruhingiz ixtiyorini oladigan), kunduzi qilgan ishlaringizni biladigan zotdir. So'ngra belgilangan muhlat ado etilishi uchun unda (kunduzi) sizlarni (yana) "tiriltirur" (o'yg'otur). Keyin Unga qaytishlik (bor). So'ngra sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur.


  1. U bandalari ustidan (barcha ishda) g'olibdir. Ustingizga (savob va gunohlaringizni bitib) saqlovchi (farishtalar)ni yuboradi*. Birortalaringizga o'lim kelgan paytda, uni elchi (farishta)larimiz erinmay (o'z vaqtida) vafot ettirurlar*.

Izoh: Saqlovchi farishtalar "kiroman kotibin" deb atalmish maloikalardir. Izoh(a): Elchi farishtalar esa, jon oluvchi maloikalardir. Ularni "malakul-mavt" deyiladi. Jon oluvchi farishtalar haqida yana "Noziot" surasidan o'qing.

  1. So'ngra (ular) haqiqiy egalari - Alloh (huzuri)ga qaytarilurlar. Hukm esa Unikidir. U hisoblovchilarning tezkoridir.


  1. Ayting: "Quruqlik va dengiz zulmat (dahshat va falokat)laridan - Unga oshkora yolvorib va xufyona: "Agar bizga shu (xatar)dan najot bersa, qasamki, albatta, shukr qiluvchilardan bo'lar edik", - deb duo qilganlaringda, kim sizlarni qutqaradi?"


  1. Ayting: "Sizlarni ulardan Alloh qutqaradi. So'ngra sizlar (esa yana) shirk keltiraverasizlar".


  1. Ayting: "U sizlarga tepangizdan yoki oyoqlaringiz ostidan azob yuborishga yoxud sizlarni (turli) firqalarga aylantirib, ba'zingizga ba'zilar zararini totdirishga (ham) qudrati yetadigan zotdir". Ko'ring, anglab yetsinlar deb oyatlarni qanday (atroflicha) bayon qilamiz.


  1. Qavmingiz uni (Qur'onni yoki azobni) yolg'onga chiqardi. Holbuki, u haq edi. Ayting: "Men sizlarga muakkal (soqchi) emasman.


  1. Har bir xabarning qaror topadigan o'rni (va vaqti) bor. Tez fursatda bilursizlar".


  1. Oyatlarimizga (nisbatan mensimaslikka) kirishayotganlarni ko'rsangiz, to boshqa gapga ko'chmagunlarigacha, ulardan yuz o'giring! Agarda shayton yodingizdan chiqarsa, (bu) eslatmadan keyin zolimlar qavmi bilan o'tirmangiz!


  1. Taqvo qiluvchilar zimmasida u (zolimlar qavmi nomi)dan hech qanday hisobot (berish) yo'q. Lekin (shu kabilardan) saqlanishlari uchun (bu) eslatmadir.


  1. Dinlarini o'yin va behuda narsa qilib olgan va bu dunyo hayoti aldab qo'yganlarni (parvo qilmay) qo'yavering! Har bir jon (o'z) qilmishi sababli halok bo'lishi, Allohdan boshqa hech bir do'st va oqlovchi bo'lmasligi, bor badalni bersa ham undan olinmasligini u (Qur'on) orqali eslating! (O'z) qilmishlari sababli azoblanadiganlar ana o'shalardir. Ular uchun kufrda bo'lganlari tufayli qaynoq suvdan iborat ichimlik va alamli azob (bordir).


  1. Ayting: "Allohni qo'yib, bizga foyda ham, zarar ham yetkazmaydigan narsaga iltijo qilamizmi va Alloh bizni hidoyat yo'liga solgandan keyin (yana) ortimizga qaytarilamizmi?! (Unda) xuddi jinlar og'dirib ketgach, yerda hayronlikda yurganda o'rtoqlari: "Bizga kel!" - deb chaqirgan kimsaga o'xshab qolamiz-ku! Ayting: "Allohning hidoyatigina (haqiqiy) hidoyatdir. (Biz esa) butun olamlarning Rabbiga bo'yin sunishga buyurilganmiz".


  1. (Bizga yana): "Namozni mukammal ado etingiz va Undan qo'rqingiz! U esa, huzuriga sizlar jam bo'ladigan zotdir" (deb buyurilgan).


  1. U osmonlar va Yerni hikmat bilan yaratgan zotdir. "Bo'l!" - degan kuni (istagani) bo'ladi. Uning so'zi haqdir. Sur chalinadigan kuni (ham) hukmronlik faqat Unikidir. Yashirin va oshkora (narsalarni) biluvchidir. U hakim va xabardor zotdir.

Izoh: Sur - o'zbekchada surnay. Isrofil (a. s.)ga qiyomat kuni uni ikki bor chalishga amr bo'ladi. Birinchisida Yer yuzasidagi barcha tirik jon o'ladi. Ikkinchisida avvalinu oxirin hamma o'tganlar tiriladi.

  1. Ibrohim otasi Ozarga: "Sanamlarni iloh qilib olasizmi? Men Sizni va qavmingizni zalolatda ko'rayapman", - deganini eslang!


  1. Shu tarzda Ibrohimga osmonlar va Yerning mulku saltanati (ajoyibotlari)ni ko'rsaturmiz. Chinakam ishonuvchilardan bo'lishi uchun (shunday qildik).


  1. Tun zulmati uni qoplaganda yulduzni ko'rib: "Mana shu - rabbim", - dedi. (U) botib ketganda esa:

"Botib ketuvchilarni yoqtirmayman", - dedi.

  1. Chiqayotgan oyni ko'rib: "Mana shu - rabbim", - dedi. Botib ketganda esa: "Agarda Rabbim meni hidoyatga solmasa, albatta, adashganlar qavmidan bo'lib qolurman", - dedi.


  1. Chiqayotgan quyoshni ko'rib: "Mana shu - rabbim. Shu kattaroq-ku!" - dedi. Botib ketganda esa:

"Ey, qavmim, albatta, men sizlar keltirayotgan shirkdan bezordirman.
Izoh: Ibrohim (a. s.) ulug' payg'ambarlardan bo'lib turib nechun quyosh, oy, yulduzlarni rabbim dedi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Javobiga mufassirlar aytmishlarki, Xalilulloh bu so'zlarni chin dillari bilan e'tiqodan aytganlari yo'q, balki ularga sig'inadigan mushriklarni masxara qilib, "shu ham parvardigor bo'ldimi, botib ketishini qaranglar"- demoqchi bo'lganlar.

  1. Men to'g'ri yo'lni tanlagan holimda yuzimni osmonlar va Yerni ixtiro etgan Zotga qaratdim. Men mushriklardan emasman", - dedi.


  1. Qavmi u bilan bahslashdi. (Shunda) u dedi: "Men bilan Alloh haqida bahslashasizlarmi? Axir, (U) meni hidoyatga yo'llagan bo'lsa?! Men sizlar keltirgan shirkdan qo'rqmayman. Illo, Rabbim biror narsani xohlasa (o'sha bo'lur). Rabbim ilm jihatidan har narsani qamrab olgan. (Buni) eslab ko'rmaysizlarmi?


  1. Sizlar keltirgan shirkdan qanday ham qo'rqayinki, sizlarga biror hujjat qilib tushirmagan narsani Allohga shirk keltirishdan qo'rqmayotgan bo'lsalaring?!" (Bu) ikki guruhning qaysinisi (qo'rqmay) xotirjam bo'lishlikka haqliroqdir? Biladigan bo'lsangiz (ayting!)


  1. Imon keltirgan va imonlarini zulm (shirk) bilan qorishtirmaganlar - aynan o'shalarga xavfsizlik (bordir) va ular to'g'ri yo'l topganlardir.


  1. Ibrohimga qavmi ustidan bergan hujjatimiz ana shudir. Xohlagan kishimizni darajalarga ko'tarurmiz. Albatta, Rabbingiz hikmat va ilm sohibidir.


  1. Unga (Ibrohimga) Ishoq va Ya'qubni ato etdik. Hammasini hidoyatga yo'lladik. Oldin Nuhni ham hidoyatga yo'llagan edik. Uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horunni (ham yo'lladik). Chiroyli ish qiluvchilarni mana shunday taqdirlaymiz.


  1. Zakariyo, Yahyo, Iso va Ilyosni (ham hidoyatga yo'lladik). Hammasi solihlardandir.


  1. Ismoil, al-Yasa', Yunus va Lutni ham (hidoyatga yo'lladik). Hammalarini olamlar uzra afzal qildik.


  1. Shuningdek, ularning ota-bobolaridan, zurriyotlaridan va aka-ukalaridan (ba'zilarini ham afzal qildik). Ularni tanlab olib, To'g'ri yo'lga ravona qildik.


  1. Allohning hidoyati shudir. U bilan xohlagan bandalarini yo'lga soladi. Agar mushrik bo'lganlarida qilgan (savobli) amallari yo'qqa chiqqan bo'lur edi.


  1. Ana o'shalar Biz Kitob, hukm (Hikmat) va payg'ambarlik bergan zotlardir. Agar ularni ana ular (Makka mushriklari) inkor etsalar, ularni inkor etmaydigan qavmni ularga vakil qilib qo'yganmiz.

Izoh: Ya'ni payg'ambarni vakil qilib qo'yishimiz mumkin. Ikkinchi tafsiri - barcha mo'min-musulmonlarga, uchinchi tafsiri - arab bo'lmagan xalqlarga, to'rtinchi tafsiri - farishtalarga vakolat berurmiz, so'ngra ular o'z ishlarini qilurlar.

  1. Aynan o'shalar Alloh hidoyatiga musharraf bo'lgan zotlardir. Bas, (Siz ham) ularning yo'liga iqtido qiling! Ayting: "Sizlardan uning (payg'ambarlik xizmati) uchun haq so'ramayman. U faqat olamlar uchun eslatmadir".


  1. Allohni qadriga loyiq qadrlamadilar, dedilarki: "Alloh bashar (zoti)ga hech narsa nozil qilgan emas"*. Ayting: "Odamlar uchun nur va hidoyat sifatida Muso keltirgan, sizlar uni sahifa-sahifa qilib olib (bir qismini) oshkora, ko'pini esa maxfiy tutgan va (unda) o'zlaringiz va ota-bobolaringiz bilmagan (ilm)larni bildirilgan Kitob (Tavrot)ni kim nozil qilgan edi?" (Yana o'zingiz:) "Alloh (nozil qilgan edi)", - deb ayting! So'ngra ularni o'z ravishlariga qo'yib bering - o'ynab (adashib) yuraversinlar.

Izoh: Bu oyatning nozil bo'lishi sabablaridan biri, tafsirlarda aytilishicha, Muhammad (a. s.)ning huzuriga Molik ibn as-Sayf degan bir yahudiy dinining peshvosi kelib, ahmoqona bahs boshlaydi. Rasul (a. s.): "Tavrotda Alloh taolo semiz ulamoni yoqtirmaydi, deyilmaganmi?" - deb so'raydilar. U: "(Ha, shunday) deyilgan", - deb javob beradi. Rasul (a. s.): "Unda sen nechun buncha semizsan?" - deganlarida, u darg'azab bo'lib: "Alloh hech bir insonga (shu jumladan Musoga ham) ilohiy kitob (Tavrot) tushirgan emas", - deb hatto o'z diniga ham shakkoklik qilgan ekan.

  1. Bu (Qur'on) bir muborak, o'zidan oldingi (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi, Ummulquro* (deb atalmish Makka ahli)ni va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun Biz nozil qilgan Kitobdir. Oxiratga imon keltiradiganlar unga (ham) imon keltiradilar va ular namozlarini muhofaza qiladilar (davomatli o'qiydilar).


Download 0.71 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   184




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling