Radiojunalist nutqining uslubiy xususiyatlari” 5А120102-Lingvistika: o’zbek tili mutaxassisligi
I BOB. Nutq madaniyati va radiojurnalist nutqi
Download 156.61 Kb.
|
Qobilova M. Magistrlik dissertatsiyasi
I BOB. Nutq madaniyati va radiojurnalist nutqi
Aholini turli voqea-hodisalardan voqif qilish, aholi madaniyatini oshirish, ma’naviyatini boyitish, dunyoqarashini to’g’ri shakllantirishda ommaviy axborot vositalarining axborot tarqatish, madaniy-ma’naviy, birlashtiruvchi, tashkilotchilik, ma’rifiy, mafkuraviy vazifalarining ahamiyat ko’lami kengayib bormoqda. Mana shunday bir yuksalish va taraqqiyot bosqichida xalqimizga ona tilini mukammal bilish va muloqot jarayonida umuminsoniy hamda umummilliy nutq madaniyati tamoyillari va qadriyatlariga asoslanish chuqur mazmun va ahamiyat kasb etmoqda. Nutq madaniyati nima? degan savolga yuzlanadigan bo’lsak,tilshunos olimlarning fikrlari quyidagicha: Ojegov S.I.: “Yuqori nutq madaniyati – bu o’z fikrlarini til vositalari bilan to’g’ri, aniq va ta’sirchan qilib bera olishdir. To’g’ri nutq deb esa hozirgi adabiy til me’yorlariga rioya qilib tuzilgan nutqqa aytiladi. Ammo yuqori nutq madaniyati faqatgina me’yorga rioya qilishdan iborat emas. U yana fikrni ifodalashning aniq vositasini topishdangina iborat bo’lib qolmasdan, birmuncha ta’sirchan va maqsadga muvifiq vositalarni topish uquvini ham o’z ichiga oladi”2 Skvorsov L. I.: “Nutq madaniyati” tushunchasi bir tomondan nutqning adabiy til me’yorlariga mos kelish darajasini bildirsa, ikkinchi tomondan tilshunoslik fanining madaniyat quroli bo’lgan adabiy tilni mukammallashtirish maqsadida me’yorlashtirish muammolari bilan shug’ullanuvchi sohadir”3 Bu fikrlardan ko’rinib turibdiki, nutq madaniyati, nutqning grammatik to’g’riligi hisoblanadi. U uslubiy jihatdan ham to’g’ri bo’lishi kerak, ya’ni qisqalik, aniqlik va soddalik uning o’lchovi bo’lishi lozim. Keng ma’noda esa nutq madaniyati nutqiy ta’sirchanlikni, ijodiy yorqinlikni, o’tkirlik va obrazlilikni ifoda etadi. Shu o’rinda chinakam jurnalist notiqlik mahoratiga tabiiy qobiliyat, shuningdek, o’z tili, nutqi ustida tinimsiz ishlashi natijasida erishadi. Ba’zi insonlarda notiqlik san’ati shaxsiy qobiliyat va faoliyat tufayli erishiladigan san’at hisoblanadi. Notiqlikda qobiliyat va mahorat chambarchas bog’liqligini ko’rishimiz mumkin. O’tmish madaniy tariximiz davomida yetishib chiqqan chin ma’nodagi notiqlarimiz kam bo’lgan. Demak, bugungi kun radiojurnalistik nutqi aniq va lo’nda, qat’iy tartiblangan, barcha uchun tushunarli bo’lishi lozim. Ayniqsa jurnalist fikr va so’z odobini chuqur egallagan bo’lishi lozim. So’zlarni o’z o’rnida ishlatish so’zning ta’sirchanligini oshiradi, voqea mohiyatini tez ilg’ab olishga xizmat qiladi. Shuningdek, radiojurnalist nutqida ritorik so’roq gaplar, bir tarkibli, undov, ritorik murojaat, atov gap turlari, shevaga xos shakllar ko’p qo’llaniladi. Til va nutq bir-biriga bog’liq hodisalardir. Til nutq uchun moddiy material, bu material asosida nutq tashkil topadi. Tildagi hamma narsa til jamoasi uchun umumiy bo’ladi. Tilda ruhiy va moddiy material mavjud bo’lib, so’zning kishilar xotirasidagi obrazli ruhiy material, nutq yaratilish jarayonida qo’llaniladigan so’z shakllari, morfemalar, tovushlar moddiy material hisoblanadi. Tilning ruhiy hodisa ekanligi uning ongda saqlanishi bo’lsa, moddiy hodisaligi undagi til vositalari orqali belgilanadi. Nutq – bu til deb ataluvchi, o’ta muhim vazifalarni bajaruvchi noyob quroldan foydalanish jarayoni, til birliklari imkoniyatlarining borliq, tafakkur, ong hamda vaziyat kabi hodisalar bilan munosabatda namoyon bo’lishidir. Nutq harakatdagi til bo’lib, nutq a’zolarining harakati jarayonida paydo bo’ladi va so’z shakllari, so’z birikmalari va gaplardan tashkil topadi. Nutq madaniyati, madaniy gapirishga intilish tushunchasi barcha xalq tillarida qadimdan mavjud hodisadir. Bu tushuncha ma’lum lingvistik me’yorlar, etikaviy va estetikaviy talablar bilan aloqador bo’lgan tushuncha hisoblanadi. Hozirda nutq madaniyati atamasi bilan yuritiladigan hodisa va ilmiy muammo ancha keng mazmunga ega. Nutq madaniyati faqatgina adabiy tilni ongli va maqsadga muvofiq ma’yorlashga qaratilgan harakatlargina emas, balki millatning umumiy madaniyatini ko’tarish, odamlarga ma’lum “til didi” («языковойвкус») ni tarbiyalashga xizmat qiluvchi faoliayt hamdir. Nutq madaniyati atamasi hozirgi zamon tilshunoslik talqinida uch xil hodisaning nomi sifatida qo’llanmoqda.Bular : 1) madaniy nutqning, ya’ni nutqiy hodisaning nomi; 2) madaniy nutq tushunchasi bilan bog’liq va nutq madaniyati deb yuritiluvchi ilmiy muammoning nomi; 3)nutq madaniyati muammosini o’rganish bilan maxsus shug’ullanuvchi sohaning, tilshunoslik fani bo’limining nomi. Keltirilgan uchta hodisaning har birini bir-biri bilan qorishtirib yubormaslik lozim. Nutq madaniyati tushunchasini tushunish va ta’riflashda tilshunoslikda quyidagi qarashlar ko’zga tashlanadi: 1. Nutq madaniyati – adabiy til rivojining o’ziga xos xususiyatlaridan biri (Praga lingvistik maktabi). 2. Nutq madaniyati (til madaniyati) – bu adabiy til me’yorlarining shakllanishi va silliqlanishiga yordamlashishdan iborat bo’lgan faoliyat, ya’ni til rivojiga ongli aralashuvdir (Praga lingvistik maktabi) 3. Nutq madaniyati tilni ravshan, ifodali tuza olish mahoratidir. (A. Gurevich) 4. Nutq madaniyati kishilarning o’zaro to’liq va teran fikrlashi, tilning barcha imkoniyat va vositalarini puxta egallashidan iboratdir. (B.N.Golovin) 5. Nutq madaniyati faqat to’g’ri nutqninggina emas, balki nutqiy chechanlik hamdir. (G.O. Vinokur) 6. Nutq madaniyati til vositalaridan o’rinli foydalangan holda maqsadga muvofiq so’zlash va yoza olish san’atidir. (A.N.Efimov). 7. Nutq madaniyati bu avvalo fikrlash madaniyatidir. (D. E. Rozental) 8. Milliy o’ziga xosligi bilan ham ajralib turuvchi nutq madaniy nutqdir. (M. Afganova). Ta’riflardan ma’lum bo’ladiki, nutq madaniyati – tilni aloqa-aralashuv qurolini ishlatishga bo’lgan munosabatdir. Radiojurnalistlar bu noyob quroldan foydalanishga bo’lgan munosabat qanchalik yuqori saviyada bo’lsa, nutq madaniyati ham yuqori saviyada bo’ladi. O’zbek va jahon tilshunosligida jurnalistika sohasiga bag’ishlangan ko’plab tadqiqotlar mavjud. Ayniqsa, bu borada Mo’minov.F.A, S.Sodiqov, V.V.Smirnov kabi olimlarning ishlarini alohida ta’kidlash lozim. Hozirgi ijtimoiy iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotimizda ulkan o‘zgarishlar, tub islohatlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda har bir shaxs buyuk o‘tmishimizni yaxshi bilgan holda kelajagimiz ravnaqi uchun eltadigan eng oqilona yo‘llardan borish talab qilinadi. Bunday oqilona yo‘lda O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov ta’kidlab o‘tganidek, “Biz milliy ma’naviyatni har tomonlama yuksaltirish masalasini o‘z oldimizga asosiy vazifa qilib qo‘yar ekanmiz, bugungi kunda ma’naviyatimizni shakllantiradigan va unga ta’sir o‘tkazadigan barcha omil va mezonlarni chuqur tahlil qilib, ularning bu borada qanday o‘rin tutishini yaxshi anglab olishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi”. O‘zbekiston mustaqilligi ommaviy axborot vositalari oldiga yangidan–yangi vazifalar qo‘ydi. Jurnalistika sohasida qalam tebratayotgan ijodkorlarning so‘zi millatning ijtimoiy–siyosiy ongini, ma’naviy, axloqiy dunyoqarashini shakllantirishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ta’kidlash lozimki, o’zbek tilshunosligi fani o’tgan davr mobaynida ulkan yutuqlarni qo’lga kiritdi. Buni tilning barcha sathlari bilan bog’liq muammolarning o’rtaga tashlanishi va olib borilayotgan ilmiy izlanishlar ham ko’rsatib turibdi. O.A.Vni biz “to’rtinchi hokimiyat” deb ataymiz. Uning jamiyatda tutgan o’rni katta. Jurnalistikani nafaqat mafkura yaratadigan, uni shakallantiradigan dargoh, qurol sifatida, balki turli ijtimoiy-siyosiy qarashlarni jamiyatga yetkazadigan vosita sifatida qarashadi. Keyingi yillarda jurnalistik nutqning individual xususiyatlarini o’rganish hamda tadqiq qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Jurnalistika sohasida so’z tanlashdagi va qo’llashdagi mahoratining tadqiq etilishi tilshunosligimiz rivojida o’ziga xos ahamiyatga ega. Chunki aynan mana shu jihat orqali jurnalistning individual uslubi yaqqol ko’rinadi. Shuning uchun tilshunosligimizda jurnalist nutqining o’ziga xosligi, uning til vositalaridan foydalanishi kabi jihatlar bosh mavzu darajasiga ko’tarilib bormoqda. So’zlarni o’z o’rnida ishlatish so’zning ta’sirchanligini oshiradi, voqea mohiyatini tez ilg’ab olishga xizmat qiladi. Rahimboy Jumaniyozov ta’biri bilan aytganda, “jurnalistika jamiyatning davriy barometridir. Taraqqiyotga zamin hozirlovchi biror yangilik yoxud aksincha, unga zid narsa haqidagi ilk ma’lumotni tezlikda qabul qilamizki, buning uchun jurnalist so’zi va o’zi o’tkir, fikri zikri teranlik kasb etishi kerak”. Download 156.61 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling