3.1 Kam tukli halqali chuvalchanglar sinfi – Oligochaeta
Kam tuklilarning 3500 ga yaqin turi ma’lum. Ko‘pchilik turlari chuchuk suv havzalari va tuproqda, ayrim turlari dengizlarda tarqalgan. Kam tuklilarning bosh qismi kuchsiz rivojlangan. Boshidagi palpalar, mo‘ylovlar va tanasidagi parapodiylar reduksiyaga uchragan. Parapodiylar o‘rniga tanasi bo‘g‘imlarida tuklar saqlanib qolgan. Gavdasining old qismida bir nechta bo‘g‘imi yo‘g‘onlashib belbog‘cha hosil qiladi. Kam tuklilar germafrodit, jinsiy tizimi juda murakkab tuzilgan. Tuxumini belbog‘cha bezlari sekretidan hosil bo‘ladigan pilla ichiga qo‘yadi. Tuxumdan chiqqan Yosh chuvalchang o‘zgarishsiz rivojlanadi. Suvda hayot kechiradigan turlari juda mayda bo‘ladi. Tuproqda yashovchi turlari esa ancha yirik bo‘lib, uzunligi bir necha santimetrdan 3 metrgacha etadi. Ularning tipik vakili Yomg‘ir chuvalchangi hisoblanadi.
Yashash muhiti va tashqi tuzilishi. Yomg‘ir chuvalchangi 8—15 sm uzunilikdagi hayvon bo‘lib, tuproqda in kovlab hayot kechiradi. Tanasi 100 dan ortiq bo‘g‘imlardan iborat. Tashqi tuzilishi tuproqda harakat qilishga moslashgan. Bosh qismi yaxshi rivojlanmagan, konussimon shaklda, bosh o‘simtalari rivojlanmagan. Har bir tana bo‘g‘imida parapodiylar o‘rniga 4 juftdan kalta tuklar bo‘ladi. Tuklar tanasining qorin tomonining ikki yoni ikki juftdan joylashgan. Ularning uchki qismi orqa tomonga egilgan. Chuvalchang ana shu tuklarga tayanib harakatlanadi.
Teri - muskul xaltasi. Chuvalchang gavdasini tashqi tomondan yupqa epiteliy, uning sirtini esa shilimshiq modda qoplab turadi. Shilimshiq modda chuvalchangning tuproqda harakatlanishini osonlashtiradi; teriga kislorod o‘tishiga imkon beradi. Epiteliy ostida tanani o‘rab turuvchi halqa muskullar, ularning ostida bo‘ylama muskullar joylashgan. Muskul qavati ichki tomondan bir qavat epiteliy hujayralari bilan qoplangan. Halqa muskullar chuvalchang tanasining cho‘zilishiga, bo‘ylama muskullar esa qisqarishiga yordam beradi. Muskullarning navbat bilan qisqarishi natijasida chuvalchang harakatlanadi.Teri-muskul xaltasi suyuqlik bilan to‘lgan selom bo‘shlig‘ini o‘rab turadi. Bo‘shliqda ichki a`zolar joylashgan. Halqali chuvalchanglar tana bo‘shlig‘i ko‘ndalang to‘siqlar yordamida alohida bo‘lmalarga bo‘lingan Bu bo‘lmalar soni tashqi tana halqalari soniga teng keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |