3.3 Zuluklar sinfi – Xirudinea
Zuluklar sinfi 400 ga yaqin, asosan chuchuk suvlarda yashaydigan turlarni o‘z ichiga oladi. Ko‘pchilik zuluklar yirtqich, ayrim turlari tash- qi parazit sifatida turli umurtqali hayvonlarning qoni va tana suyuqligi bilan oziqlanadi. Parazit zuluklarning tuzilishida boshqa halqali chuvalchanglardan keskin farq qiluvchi belgilar paydo bo‘ladi.
Zuluklarning gavdasi yassilashgan; bosh qismi yaxshi rivojlanmagan. Tanasi sirtdan mayda halqalarga bo‘lingan. Tashqi tana halqalari soni ichki halqalarga mos kelmaydi. Parapodiylari ham bo‘lmaydi. Qillar faqat tuban tuzilgan zuluklarda bo‘ladi. Ko‘pchilik zuluklarda yopishish a`zoi — so‘rg‘ichlar rivojlangan. Gavda bo‘shlig‘i qisman reduksiyaga uchragan. Barcha turlari germafrodit.
Tibbiyot zulugining yashash muhiti va tashqi tuzilishi. Tibbiyot zulugi ayrim kichik chuchuk suv havzalarida va botqoqliklarda yashaydi. Gavdasining uzunligi 8—15 sm, ko‘kimtir-yashil rangda bo‘lib, oldingi tomonida og‘iz so‘rg‘ichi, past tomonida esa yirikroq anal so‘rg‘ichi joylashgan. So‘rg‘ichlari hayvonlar tanasiga yopishish va harakatlanish vazifasini bajaradi. Gavdasi tashqi tomondan juda ko‘p mayda halqalardan tuzilgan. Ichki halqalari 33 ta bo‘lib, ularning har biriga 3- 5ta tashqi halqa to‘g‘ri keladi. Gavdasi pishiq kutikula bilan qoplangan. Kutikula ostida joylashgan epiteleyda shilimshiq bezli hujayralar ko‘p bo‘ladi.
Tana bo‘shlig‘i. Zulukning ichki a`zolari oralig‘i g‘ovak to‘qima bilan to‘lganligi uchun tana bo‘shlig‘i yo‘qolib ketgan. Uning qoldig‘idan qon tomirlari vazifasini bajaruvchi ingichka naychalar hosil bo‘lgan.
Tibbiyot zulugining ichki tuzilishi: (Mavlonovdan olingan surat)
1-xalqum usti nerv tuguni; 2-xalqum; 3-qizilo‘ngach; 4-oshqozon; 5-oshqozonni orqa o‘smasi; 6-o‘rta ichak; 7-orqa ichak; 8-anal teshigi; 9-orqa so‘rg‘ich; 10-qorin nerv zanjiri gangliysi; 11-metanefridin; 12-siydik pufagi; 13-urug‘ qopi; 14-urug‘ yo‘llari; 15-metanefridiy voronkasi; 16-qin; 17-tuxumdon; 18-urug‘don quyrug‘i; 19-kopulyativ a’zo; 20-bez; 21-yon lakuna
Do'stlaringiz bilan baham: |