1)Totemizm. «O totem» so’zi – Shimoliy Amerikada yashovchi
«Ojibva» qabilasi tilida «uning urug’i» ma’nosini anglatadi. Uning mohiyati
«odamlarning hayvonot yoki o’simlikning ma’lum bir turlariga qarindoshlik
aloqalari bor» deb e’tiqod qilishdir. Qabila vakillari o’zlarining totemlari
ma’lum bir hayvon yoki o’simlikdan kelib chiqqan deb bilishgan. Urug’chilik
jamiyatining shakllanishi jarayonida totemizmning ahamiyati katta bo’lgan.
Totemizm ta’sirida paydo bo’lgan urf-odat va me’yorlar asrlar davomida qat’iy
qo’llanilib kelingan. Totemizm rivojlana borib unda yangi o’zgarishlar sodir
bo’la boshladi, ya’ni birinchidan ajdodlar ruhlariga va ilohiy kuchlarga
ishonchni kuchayishi kuzatildi, ikkinchidan totemni ozuqa sifatida iste’mol
qilishni ta’qiqlash tizimi ya’ni – «tabu» paydo bo’ldi. Faqatgina diniy
marosimlarda yoki qabila boshliqlariga totemni eyishga ruxsat etilgan.
Totemizmning asoratlari hozirgi kungacha ayrim xalqlar urf-odatlari va
marosimlarida saqlanib qolgan. Masalan, Hindistonda sigir va boshqa yovvoyi
hayvonlar, Avstraliyada kenguru, Qirg’izlarda oq bug’u afsonaviy baxt
keltiruvchi hayvon sifatida ulug’lanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |