Reja: I. Muqaddima. II. Kirish qism


Xorazm va Baqtriya - ilk davlatchilik asoslari


Download 72.62 Kb.
bet5/8
Sana20.12.2022
Hajmi72.62 Kb.
#1038463
1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
Mavzu

1.2. Xorazm va Baqtriya - ilk davlatchilik asoslari.
O‘rta Osiyo hududidagi ilk davlat tuzilmalari to‘g‘risida qadimgi yozma tariximizning eng noyob manbasi hisoblangan «Avesto» kitobi, qadimshunos olimlarning o‘lkamizning turli hududlarida olib borgan arxeologik - qidiruv ishlari, ularning muhim natijalari muhim manba hisoblanadi. Shuningdek qadimgi Yunon, Rim va Eron manbalari asosida bu masalani oydinlashtirish, etarli asosli fikrlarni aytish mumkin bo‘ladi. Bu o‘rinda Yunon, Rim mualliflaridan Gerodot, Polibiy, Ktesiy, Strabon, Arrian va boshqalarning asarlari, yodnomalari, Forsiy mixxat yozuvlari, shuningdek o‘lkamizda keng ko‘lamli arxeologik tadqiqotlar olib borgan Ya.G‘ulomov, S.Tolstov, V.Masson, A.Asqarov, E.Rtvaladze, A.Sagdullaevlarning ilmiy tadqiqotlari alohida ahamiyatga molikdir.
Barcha dalili ashyolar miloddan avvalgi so‘nggi ming yillik boshlarida, aniqrog‘i VIII- VII asrlarda Vatanimiz hududlarida Katta Xorazm va Baqtriya nomi bilan mashhur bo‘lgan davlatlar vujudga kelib, o‘ziga xos rivojlanish jarayonini bosib o‘tganligidan guvohlik beradi.
Xorazm davlati egallagan hududlar hozirgi Xorazm erlari bilan chegaralanib qolmay, balki undan ancha janubga, ya’ni Marv (Turkmaniston), Hirot (Afg‘oniston shimoli) atroflariga qadar ham yoyilgan.
Miloddan avvalgi so‘nggi ming yillikning boshlariga tegishli «Amirobod madaniyati», quyi Amudaryo havzasida yuzaga kelgan o‘ziga xos sun’iy sug‘orish inshooti tizimi hamda dastlabki shaharsozlik timsoli bo‘lgan shahar-qal’alar-Qal’aliqir, Ko‘zali- qir, Jonbosqal’a va boshqalar - bular Xorazm vohasida davlat tuzilmalari mavjudligidan dalolat beradi. Negaki, bu singari umumelatlar, qavm-qabilalar manfaatlariga xizmat qiladigan muhim o‘zgarishlar davlat boshqaruvi yo‘li bilangina amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi. Qadimshunos olim Ya.G‘ulomov tomonidan Xorazmda aniqlangan 200 km uzunlikdagi, eni birnecha o‘nlab metrdan iborat bo‘lgan kanal o‘zani, obod dehqonchilik madaniyati Xorazm davlati qadimdan insoniyatning yirik madaniy maskanlaridan biri sifatida shuhrat topganligidan guvohlik beradi. «Avesto»da Xorazm Markaziy Osiyodagi rivoj topgan, o‘z hududiyo chegaralariga ega bo‘lgan o‘lkalardan, viloyat (davlat)lardan biri sifatida tilga olinishi ham bejiz emas. Gerodot ma’lumoticha, qadimda Oks (Amu) daryosi bo‘ylab 360 dan ziyod sun’iy sug‘orish kanallari, suv inshootlari barpo etilib, cho‘lli, sahroli erlarga suv chiqazilib dehqonchilik uchun ekin maydonlari kengaytirib borilgan. Gerodot taassurotlarida Xorazm o‘lkasida yashagan Xorazmiylar dehqonchilikda katta tajribaga ega bo‘lib, ular donli, dukkakli ekinlar, chunonchi, bug‘doy, suli, arpa, meva-sabzavotchilik mahsulotlarini mo‘l-ko‘l etishtirganliklari qayd etib o‘tiladi. Xorazm shaharsozligida xom g‘isht, paxsalardan keng foydalanilgan, binolarning tashqi va ichki ko‘rinishlariga maxsus ishlov berilib, ularning mustahkamligi, o‘ziga xos ko‘rkamligi ta’minlangan. Bu ko‘hna hudud bag‘rida ming yillar davomida zamonlar silsilasidan o‘tib, saqlanib kelayotgan ko‘plab asori atiqalar, shahar-qal’alar xarobalari, qoldiqlari ham buni isbot etadi. Xorazm vohasida hunarmandchilik, tog‘-kon ishlari ancha rivojlangan. Bu erdan qazib olingan qimmatbaho zumrad toshlar ishlov berilib, yuksak sifat ko‘rsatkichiga etganidan keyingina u muhim tayyor mahsulot sifatida foydalanishga chiqarilgan. Xorazm zumradi Sharqning bir qator, jumladan, Eron, Xitoy, Hindiston, Misr singari mamlakatlariga ham yuborilgan.
Xorazmda aholining bir qismi chorvachilik bilan shug‘ullangan, ularning tuya, ot, qo‘y- echkilardan iborat suruvlari bo‘lgan. Savdo bozorlarida g‘alla, meva, chorvachilik mahsulotlari, hunarmandchilik buyumlari ayirbosh qilingan.
Afsuski, Xorazm davlatida hukmronlik qilgan sulolar to‘g‘risida hozirgacha aniq ma’lumotlar yo‘q. Rivoyatlarga ko‘ra Xorazmning qadimiy siyosiy sulolasi Siyovushiylar bo‘lganligi zikr etiladi. «Avesto»da ta’kidlanishicha, Siyovarshon Kavousning o‘g‘li bo‘lgan. Siyovarshon o‘limidan so‘ng uning nabirasi Kova Xisrav bobosi qotilidan o‘ch olib, hokimiyatini egallab Xorazmda Siyovushiyolar sulolasiga asos solgan.
O‘rta Osiyoning yana bir boshqa davlati - Baqtriya podshohligi bo‘lgan. Uning tarkibiga Hozirgi Surxondaryo, Tojikiston janubi, Afg‘oniston shimoli-sharqiy qismi, shuningdek Sug‘diyona va Marg‘iyona erlari ham kirgan.
Baqtriyadagi ko‘pdan-ko‘p yirik shaharlar orasida Baqtra mashhur shahar bo‘lib mamlakatning poytaxti bo‘lgan. Baqtra baland va mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘ralgan, unda podshoh qal’asi alohida joylashgan.
Rim tarixchisi Kurtsiy Rufning shahodat berishicha, «Baqtra daryosi nomidan shahar, viloyatning nomi kelib chiqqan». Umuman tarixiy ma’lumotlarga asoslanadigan bo‘lsak, qadimgi davlatlar nomlari ko‘pincha daryo, qabila, xalq yoki shaharlar nomiga qiyosan kelib chiqqan bo‘ladi.
Binobarin, «Baqtriyaliklar», «Baqtriya xalqi» iboralari juda qadimgi manbalarda tilga olinib, bitta xalqni yoki bir necha qarindosh qabilalarni birlashtirgan tushunchani anglatadi.
«Avesto» kitobida ham Baqtriya «Eng yaxshi mamlakatlar va o‘lkalardan biri bo‘lgan, baland bayroqli, go‘zal o‘lka» sifatida ta’riflangan. Bu xildagi fikr-mulohazalar Baqtriyaning o‘z davrining yirik davlatlaridan biri bo‘lganligidan dalolat beradi.
Ktesiy ma’lumoticha, Baqtriyaga qarashli Vaxsh vodiysi obi- hayotga mo‘l-ko‘lligi, unumdor erlari ko‘p bo‘lganligidan, bu hududda dehqonchilik madaniyati taraqqiy topgan, aholi bog‘dorchilik, mevachilik mahsulotlari etishtirishda omilkor bo‘lgan. Qashqadaryo vohasining miloddan avvalgi VIII-VII asrlarga oid Sangirtepa, Yangitepa, Chiroqchitepa, Erqo‘rg‘on singari aholi manzilgohlarini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, bu joylarda o‘troq turmush kechirgan qavm, elatlar dehqonchilik bilan faol shug‘ullanganlar. Xuddi shunday fikrni So‘g‘diyona hududlariga nisbatan ham aytish mumkin. Qulay tabiiy-jug‘rofiy sharoitga ega bo‘lgan Omonqo‘ton, Gurdara, Qo‘tirbuloq, Zirabuloq makonlarida yashagan aholining madaniy hayoti ancha to‘laqonli kechgan.
Baqtriyada oltin, la’l kabi qimmatbaho ma’danlar ko‘plab miqdorda qazib olinib, ular tegishli ishlovdan so‘ng yurt ehtiyoji uchun, qolaversa, xorijiy ellar uchun tayyor mahsulot holiga keltirilgan. Baqtriya la’liga uzoq Xitoy, Misr, Hindiston singari mamlakatlarda ham talab- ehtiyoj katta bo‘lgan. Baqtriyada qimmatbaho ma’danlar ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi bu yurtda maxsus hunarmandchilik turi - zargarlik, badiiy hunar tarmog‘ining rivoj topishiga olib kelgan. Buni 1877 yilda Kofirnihonda (Tojikiston) topilgan «Amudaryo xazinasi» topilmasi timsolida ham kuzatish mumkin. Topilmalar orasidagi 180 taga yaqin zargarlik buyumlari qadimgi Baqtriyada nafis hunarmandchilikning hiyla o‘sganligidan dalolat beradi. Bu xazina aslida Baqtriya shahrida mahalliy Mitra xudosi sha’niga bag‘ishlab barpo etilgan serhasham ibodatxonaga tegishlidir.
Shunday qilib, Xorazm va Baqtriya davlatlarida kechgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy jarayonlar ajdodlarimizning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ilgarilab borib, o‘z davlatchilik tuzilmalarini vujudga keltirib, boshqaruv usullarini takomillashtirib borganligidan guvohlik beradi. Dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik, shaharsozlik, mehnat taqsimoti, ishlab chiqarish qurollarining takomillashib borishi ulug‘ bobokalonlarimiz o‘lmas dahosi, salohiyatining yorqin ifodasidir. Bular O‘zbekiston hududidagi dastlabki davlatchilik tarixiy tajribasining muhim jihatlari, namunalari sifatida alohida qimmatga egadir.
O‘z mazmun, mohiyatiga ko‘ra yakka xudolik, insoniylik, mehr-shafqat, mehnatsevarlik, yurtparvarlik g‘oyalarini tarannum etib, odamzod ahlini bunyodkorlik, yaratuvchilikka undagan muqaddas «Avesto» olis tariximizning asl durdona asarlari sirasiga kiradi1. «Avesto» kitobi mil. av. so‘nggi ming yillik boshlari va o‘rtalarida yashagan hududimizdagi qadimgi xalqlarning o‘ziga xos turmush tarzi, xo‘jalik mashg‘uloti, ijtimoiy-madaniy hayoti, urf-odatlari-yu, marosimlari haqida ma’lumot beruvchi muhim tarixiyo manbadir.
Yurtboshimiz uqtirganidek: «Eng mo‘’tabar, qadimgi qo‘lyozmamiz «Avesto»ning yaratilganligiga 3000 yil bo‘lyapti. Bu nodir kitob bundan 30 asr muqaddam ikki daryo oralig‘ida, mana shu zaminda umrguzaronlik qilgan ajdodlarimizning biz avlodlarga qoldirgan ma’naviy, tarixiy merosidir. «Avesto» ayni zamonda bu qadim o‘lkada buyuk davlat, buyuk ma’naviyat, buyuk madaniyat bo‘lganidan guvohlik beruvchi tarixiy hujjatdirki, uni hech kim inkor eta olmaydi»
Modomiki, «Avesto» ona tariximizning muhim tarkibini tashkil etar ekan, bu noyob manba qachon, qaerda, kim tomonidan yaratilgan? Tarixiy manbalarni chuqur o‘rganish, eng avvalo, «Avesto»da tilga olingan asosli jug‘rofiy hududlar, yurtlar nomlarini, aholining mashg‘ulot turlarini, urf-odatlarini, dafn marosimlarini sinchiklab o‘rganish bu buyuk ta’limotning haqiqiy Vatani O‘rta Osiyo o‘lkasi, uning Xorazm vohasi ekanligini tasdiqlamoqda. Gap shundaki, «Avesto»da tilga olingan 16 ta yirik hududiy nomlarning 9 tasi O‘rta Osiyoga taaluqlidir. Bular Gava (Sug‘da), Xvarizam (Xorazm), Bahdi (Baqtriya); shuningdek Hisor, Pomir, Tangritog‘ (Tyonshon) tog‘lari, chuqur ko‘llar - Kaspiy, Orol, Issiqko‘l, keng daryolari - Amudaryo va Sirdaryolardir. «Avesto»da ezgulik, yaxshilik xudosi Ahuramazda tilidan shunday deyiladi: «Men Ahuramazda eng afzal makon va mamlakatlar sirasidan Ayranamvejoni, so‘ngra sug‘dlar yashovchi Gavani, keyin esa Mouruni, to‘rtinchi bo‘lib Baxdini, ...beshinchi bo‘lib Mouru va Baxdi oralig‘idagi Nisayani...yaratdim»1 Keltirilgan bu dalil «Avesto»ning vatani bizning yurtimiz bo‘lganligiga hech bir shubha qoldirmaydi. «Avesto» ta’limotining asoschisi tarixga payg‘ambar nomi bilan kirgan Zardo‘shtra ismli shaxsdir. Zardushtra «Oltin tuyali» yoki «Oltin tuya etaklovchi» degan ma’noni bildiradi. Zardushtra o‘z dini zardushtiylik g‘oyalarini aholi o‘rtasida tashviq-targ‘ibot qilgan, bu jarayon nihoyatda qiyin, murakkab kechgan, hududma-hudud sarson-sargardon kezib yurishga majbur bo‘lgan. Shu boisdan ham Zardo‘sht Eronmi, Midiya, Mesopotomiyami yoxud O‘rta Osiyo o‘lkasi bo‘ylabmi, ishqilib ko‘p yurtlar kezib, o‘z ta’limotini yoyishga intilganligi shubhasiz.
Bunda yana shu narsa e’tiborga molikki, Zardo‘shtiylik dinini birinchilardan bo‘lib qabul qilgan, uni o‘z fuqarolariga yoyilishiga izn bergan yurt ham Baqtriyadir.
Beruniy keltirgan rivoyatga ko‘ra, Zardo‘sht Baqtriya podshohi Vishtasp (Gushtasp) va malika Xutaosa huzuriga kelib, «Avesto» ta’limotining muqaddasligini isbot etish uchun xudoga iltijo qilib, o‘z tanasiga qizdirilgan misni bosishni so‘raydi. Olovli mis esa uning tanasini zararlamagach, Vishtasp va uning xotini, ulardan so‘ng butun Baqtriya aholisi zardo‘shtiylik e’tiqodini qabul qiladi.
Avval boshda «Avesto» 21 kitobdan iborat bo‘lgan. Abu Rayhon Beruniyning «O‘tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar» kitobida ta’kidlanishicha, Eron podshohi Doro davrida
«Avesto» to‘liq holda 12 ming qora mol terisiga zarhal xarflar bilan bitilgan. Makedoniyalik Iskandarning Sharqqa istilosi davrida uning buyrug‘i bilan zardo‘shtiylik ibodat xonalari vayron qilinganidek, muqaddas «Avesto»ning 5 dan 3 qismi ham kuydirib yuborilgan. Keyinroq Parfiya podshohlari Vologez I va Valgash III davrida (I- II asrlarda) «Avesto»ning qolgan-qutgan qismlari to‘plangan. Sosoniylar davrida (III- IV asrlarda) «Avesto» qismlari jamlanib, pahlaviy tilida yangidan kitobot holiga keltirilgan. Hozirgacha «Avesto»ning jami 21 kitobidan «Yasna» -
«Qurbonlik keltirish», «Visparat» - «Hamma hukmronlar», «Yasht» - «Qadrlash», «Videvdat» -
«Devlarga qarshi qonun» nomli kitoblari etib kelgan.
«Yasna» kitobi 72 bobdan iborat bo‘lib, ulardan 17 tasi «Gotalar», ya’ni payg‘ambar Zardo‘shtning «Muqaddas qo‘shiqlari», uning diniy nasihatlaridan iborat. «Visparat» 24 bobdan iborat bo‘lib, zardo‘shtiylarning ayrim xudolariga bag‘ishlangan madhiyalardir. Ular bayram va diniy marosimlarda ijro etilgan. «Yasht»ning 21 bobida yozuvsiz zamonlarga oid qabilalarning tasavvurlari bayon etilgan. Unda afsonaviy qahramonlarga va ulug‘ xudolarga bag‘ishlangan madhiyalar to‘plangan. «Videvdat» to‘liq saqlangan kitobdir. Uning tarixiy sanasi «Yasna» va
«Yasht» qismlariga nisbatan yosh hisoblanadi. Bu kitob 22 bobdan iborat.
«Avesto» shunday bir tarixiy davrda yaratildiki, bu vaqtga kelib, ya’ni mil. av. so‘nggi ming yillik boshlarida o‘lkamizning turli hududlarida yashagan elatlar, qavm, qabilalar ijtimoiy- iqtisodiy taraqqiyotda yangi bosqichga o‘ta borayotgan edi. Mintaqaning Xorazm, Baqtriya, Sug‘diyona singari viloyatlarida urug‘-qabilalarning o‘troqlashuvi, sun’iy sug‘orish tizimiga asoslangan dehqonchilik madaniyatining vujudga kelishi va rivojlanishi, dehqonchilikdan chorvachilikning ajrab mustaqil xo‘jalik tarmog‘i sifatida o‘sib borayotganligi, qishloqlardan shahar-qal’alarga, so‘ngra esa dastlabki davlat tuzilmalarining yuzaga kelishi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda edi.
Tarixning bunday keskin burilishi sharoitida shu turli urug‘-qabila va elatlarni ma’nan va ruhan birlashtirish, ularning ongi, shuuriga ilg‘or qarashlar, mushtaraklik tuyg‘ularini, e’tiqod tamoyillarini singdirib borish g‘oyatda muhim edi.
«Avesto» ta’limoti bir tomondan, erli qabila, elatlarni turli mahalliy ko‘rinishdagi bid’at va xurofotlar ta’siridan xalos bo‘lishiga, ikkinchidan, mahalliy etnoslarning chuqur ildiz otib, mustahkamlanib, etnik shakllanishiga va uchinchidan, ishlab chiqarish jarayonining tobora kengayib, ijtimoiy munosabatlarning takomillashuvi jarayoniga sezilarli turtki berardi. Buning ustiga «Avesto»da zardo‘shtiylikning umumbashariy ahamiyati va mohiyatidan tashqari unda o‘lkamizda ilk boshqaruv tizimining amal qilganligi to‘g‘risida ham qimmatli ma’lumotlar uchraydi. Bu esa alohida e’tiborga loyiqdir. Masalan, «Avesto» jamiyatni 4 asosiy qismga bo‘ladi: uy, oila jamoasi - «Nmana», urug‘ jamoasi - «vis», qabila - «zantu», qabilalar itifoqi -
«daxiyu». «Daxiyu» tushunchasi «viloyat», mamlakat ma’nosini ham anglatadi. Mamlakatni idora qilgan shaxs «Kavi» deb yuritilgan.
Oqsoqollar kengashi - «varzanapoti», «Xanjamana», xalq yig‘ilishi - v’yaxa deyilgan.
«Avesto» qadimgi jamiyatning 4 asosiy toifasini alohida ajratib ko‘rsatadi: kohinlar (ruhoniylar), askarlar, chorvadorlar va hunarmandlar. «Avesto»da jamiyatda binokorlar bo‘lganligiga ham alohida ishora bor.
Manbaning turli ma’lumotlariga ko‘ra, qadimgi qishloqlarda zargarlik, kulolchilik, to‘quvchilik, temirchilik singari hunarmandlar ham o‘ziga xos tarzda rivoj topgan. «Avesto»dagi bosh ma’buda - ezgulik, yorug‘lik, yaxshilik, baxt-iqbol xudosi Ahuramazda bilan yomonlik, yovuzlik, qorong‘ulik, razolat timsoli - Ahriman o‘rtasidagi doimiy murosasiz kurash g‘oyasi zardo‘shtiylik (otashparastlik) dinining asosiy mazmunini tashkil qiladi. Zardo‘sht payg‘ambar sifatida Ahuramazda tilidan vahiy qilingan muqaddas kalomlarni, nasihatlar va oyatlarni xalqqa, odamlarga etkazishga da’vat etkuvchidir. Zero, Zardo‘sht har bir masalada fikr yuritganda Ahuramazda nomini tilga oladi, unga murojaat etadi. Bir o‘rinda u bunday xabar beradi: «Biz Ahuramazdani ulug‘laymiz, u chorvani, suvni va o‘simlikni, yorug‘likni va erni yaratgan ... ».
«Avesto»da moddiy dunyo, borliq muqaddaslashtiriladi. Er, suv, xavoni bulg‘ash, olovga tupirish eng og‘ir gunoh sanaladi.
«Avesto» avvalgi dinlarda rasm bo‘lgan insonlarni qurbonlik qilishni qat’iyan man etadi va uning daxlsizligini himoya qiladi. Zardo‘sht dinida ta’kidlanadiki, odamzod yashashga haqli bo‘lib, bu huquqdan uni mahrum qilishga hech kimning haqqi yo‘qdir.
Zardo‘shtiy dinida olov muqaddaslashtirilgan bo‘lib, u insonning baxtu-saodati ramzi sifatida ulug‘langan. Shu bois ajdodlarimizning ko‘plab to‘y-tomoshalari, xursandchilik marosimlari olov yoqish, uni atrofida keng davra qurish bilan bu odatlar o‘tkazilgan. Bu odatlarning ba’zilari hozirgacha ham saqlanib qolgan. Shaharlar, aholi manzilgohlarining eng gavjum joylarida maxsus qurilgan otashkadalar bo‘lib, ular doimo ziyoratchilar bilan to‘la bo‘lgan.
Zardo‘shtiylik ta’limotiga ko‘ra, doimiy farog‘atli hayot inson uchun uzoq notanish hayoliy jannatda emas, balki insonlar yashaydigan shu tiriklik dunyosida bo‘ladi. Bu maqsad, marraga etish uchun esa odamlar juda ko‘p murakkab va jiddiy sinovlardan o‘tishlari kerak bo‘ladi.
Shunday qilib, muqaddas «Avesto» kitobi buyuk o‘tmishdoshlarimizning keng qamrovli hayot tarzini, umrboqiy urf-odatlari, ta’lim - tarbiyasi, boshqaruv tizimini o‘rganishimizda dasturilamal manba bo‘lib xizmat qiladi. Unda umumbashariy g‘oyalarning chuqur aks etganligi sababidan ham bu asar keng hududlar bo‘ylab yoyilib, Sharqu G‘arbda e’tirof topib, turli xalqlarning ma’naviy yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib borgan.


Download 72.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling