16-modda. Mablagʻlardan foydalanish kafolatlari
Investitsiya faoliyati subyektining investitsiya faoliyati natijasida olingan daromadlari soliqlar va toʻlovlar toʻlanganidan keyin uning xohishiga koʻra reinvestitsiya qilinishi yoki ulardan boshqa har qanday usulda foydalanilishi mumkin.
Chet el va mahalliy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning hisobvaraqlaridagi mablagʻlardan foydalanishni davlat organlari tomonidan cheklash yoxud ularni majburan yechib olish faqat qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
17-modda. Mablagʻlarni erkin oʻtkazish kafolatlari
Investorlarga soliqlar va toʻlovlarni toʻlash sharti bilan chet el valyutasidagi mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasiga va Oʻzbekiston Respublikasidan cheklovlarsiz erkin oʻtkazish, shu jumladan valyutani repatriatsiya qilish uchun ayirboshlash kafolatlanadi. Bunday oʻtkazmalar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
chet el investitsiyalarini saqlab turish yoxud koʻpaytirish uchun boshlangʻich va qoʻshimcha summalar;
investitsiyalarni amalga oshirishdan olingan daromad;
yetkazilgan zararlarning oʻrnini ushbu Qonunga muvofiq qoplash sifatida olingan mablagʻlar;
shartnomalar shartlarini bajarish tartibida amalga oshirilgan toʻlovlar;
chet el investitsiyalarini toʻliq yoki qisman sotishdan tushgan tushum;
nizoni hal qilish oqibatida, shu jumladan har qanday sud yoki arbitraj qarori oqibatida yuzaga keladigan toʻlovlar;
xodimlarning ish haqi va boshqa toʻlovlari;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalardan olingan mablagʻlar.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq davlat chet ellik investorning mablagʻlarini repatriatsiya qilishni chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona toʻlovga layoqatsiz va bankrot boʻlgan yoki kreditorlarning huquqlari buzilgan, jismoniy shaxs boʻlgan
chet ellik investor tomonidan jinoiy qilmishlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etilgan hollarda yoxud sud yoki arbitraj qaroriga muvofiq shunday repatriatsiya qilishni toʻxtatib turishning boshqa zarurati boʻlganda qonun hujjatlarini investorlarni kamsitmaydigan tarzda qoʻllash shartlari asosida toʻxtatib turishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |