Reja: Professional etika tushunchasi va ahamiyati


Download 34.4 Kb.
bet3/3
Sana15.11.2023
Hajmi34.4 Kb.
#1774218
1   2   3
Bog'liq
siyosatda professional etika va yangi axloq siyosati

Axloq tushunchasi.
Axloq – kishilarning bir-birlariga, oilaga, jamiyatga boʻlgan munosabatlarida namoyon boʻladigan xatti-harakatlari, xulq-atvorlari, odoblari majmui. Huquqdan farqli ravishda axloq talablarini bajarish-bajarmaslik maʼnaviy taʼsir koʻrsatish shakllari (jamoatchilik tomonidan baho berish, qilingan ishni maʼqullash yoki qoralash) bilan belgilanadi. Axloqni etika fani oʻrganadi.
Insoniyat taraqqiyotida axloq muhim oʻrin tutadi. Sharqning buyuk mutafakkirlari insonni axloqiy kamol toptirish, uni har tomonlama rivojlantirish, maʼnaviy qiyofasini shakllantirish jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan biri, deb qarashgan. Inson axloqiy, umuman maʼnaviy va maʼrifiy jihatdan kamol topishi jarayonida turli tarixiy bosqichlardan – johillik, nodonlikdan ilmga, yovuzlikdan ezgulikka, vahshiylikdan insoniylikka oʻtarkan, jamiyat ham shu tariqa rivojlanadi. Ikki muqobil ibtido – yovuzlik va ezgulik, jaholat va kamolatning oʻzaro kurashi inson va jamiyat taraqqiyotini belgilagan, inson aql-zakovat sohibi sifatida oʻzini anglashiga olib kelgan. Bu ikki muqobil kuch kurashi jamiyatdagi mavjud ijtimoiy munosabatlarda ifodalansa, insonga nisbatan uning ichki olamiga xos nafs bilan qalb, aql bilan aqlsizlik oʻrtasidagi kurashda ifodalanadi. Axloq muayyan jamiyat va davrda oʻzgarishlarga uchrashi, rivojlanishi, soʻnishi mumkin. Har bir xalqning yoki millatning oʻziga xos axloqi bilan bir qatorda, umumbashariy axloq meʼyorlari ham bor. Bunday axloq meʼyorlari jamiyatning umumiy taraqqiyotiga samarali taʼsir koʻrsatadi.
Ma’lumki, insonning botiniy go‘zalligi bevosita axloqiy fazilatlar va axloqiy munosabatlar bilan bog‘liq holda namoyon bo‘ladi. Chunki axloq, avvalo, ijtimoiyma’naviy hodisa sifatida inson kamolotida muhim ahamiyatga ega. Bu xususda akademik E.Yusupov: «Axloq insonning konkret sharoitlarda bo‘layotgan voqea va hodisalarga mustaqil baho berishi, ularga nisbatan o‘z munosabatini bildirishi hamdir - deydi. - Umuman, axloq ijtimoiy munosabatlar zaminida alohida Shahs sifatida mavjud bo‘lgan insonlarning o‘z-o‘zini idora qilish shakllari va me’yori, o‘zaro muloqot va munosabatda ularga xos bo‘lgan ma’naviy kamolot darajasining namoyon bo‘lishidir. Axloq yo‘q joyda inson ijtimoiy shahs sifatida shakllanmaydi. Faqat yetuk axloq zaminidagina kishilarda hayotning mazmuni va maqsadi, jamiyat oldidagi burchi va mas’uliyati, baxt, diyonat, yaxshilik va yomonlik, yovuzlik, haqlilik va nohaqlikka nisbatan muayyan munosabat shakllanadi»2 . Ana shu jihatdan xulq tushunchasi axloqning tarkibiy qismi sifatida inson kamolotida muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq, xulq ikki ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Birinchisi- yaxshi, chiroyli xulqlar. Bunga shirinsuxanlik, muloyimlik, halollik, iffat, diyonat, or-nomus, nafsni tiyish, vijdon, shijoat, sabr, ilmlilik, g‘ayrat, riyozat, qanoat, sabr, intizom, munislik, haqiqatparvarlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, adolatparvarlik va shu singari ijobiy tuyg‘ular kiradi. Bular o‘z navbatida insonda xulqiy go‘zallikni namoyon qiladi va insonni axloqiy jihatdan kamolotga etkazadi. Ikkinchisi- yomon, xunuk xulqlar. Unga xudbinlik, hasadgo‘ylik, ta’magirlik, ikkiyuzlamachilik, firibgarlik, ig‘vogarlik, tuhmatchilik, badnafslik, badniyatlik, badjaxllik, bachkanalik, dilozorlik, andishasizlik, bevafolik, berahmlik, tovlamachilik, behayolik singari illatlar kiradi. Bular insonni tubanlik sari yetaklaydi va ma’naviyatini qashshoqlashtiradi. Mazkur illatlarni odat qilgan kishilar umum tasavvurida jirkanch taassurot qoldiradi. Bu xususda ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniyshunday degan edi: «Bu sanagan yomon xulqlarning fanoliqlarini, yuqorida sanagan yaxshi xulqlarning go‘zalligini insof muvozanasi ila o‘lchab, vijdon muhokamasi ila ta’qiqlab, yaxshilarini tinglab amal qilmak, yomonlarini anglab, hazar qilmak, lozimdur. Zeroki, insonning izzati, dunyoning lazzati yaxshi so‘zlarni eshitub va ko‘rub hissa olmak, yomon va zararliklarini o‘qub, bilub, o‘zini tiymak, qo‘ldan kelgancha xalq va millat foydasiga tirtishmak va bu fano dunyodan yaxshilik otini olub ketmakdadur»3 . Sharq odobida «Ulug‘lar huzurida sergak bo‘ling va o‘zingizga loyiq so‘z so‘zlang» deyilishi bejiz emas. Bu umumiy tilni asrash barobarida o‘z og‘zimiz orasidagi tilni «ehtiyot» bo‘lib, o‘ylab ishlatish kerak demakdir. Chunki, so‘z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini ko‘rsatadigan me’zon bo‘lib, aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini so‘zlagan so‘zidan biladilar. Zero, so‘z insonning qiymati qadar qadrlidir. Shirin so‘z ilonni inidan chiqarganidek, muloyim so‘z vahshiylarni ulfatga aylantiradi. Shuning uchun do‘stu dushman bilan muomalada ehson yo‘lini tutish lozimki, bunda do‘stlarning mehru-muhabbati ortadi, dushmanlarning adovati kamayadi.
Sharq hikmatlari durdonalarida yaxshi xulqning o‘nta belgisi alohida ko‘rsatib o‘tiladi. Bular:
1. Bo‘lar-bo‘lmasga odamlar bilan janjallashmaslik.
2. Insoflilik.
3. Birovning aybini qidirmaslik.
4. Biror kishidan noloyiq ish sodir bo‘lsa uni yaxshilik yo‘liga solib yuborishlik.
5. Agar aybdor o‘z aybini bo‘yniga olsa uni kechirish.
6. Muhtojlarning hojatini chiqarish.
7. Boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zish.
8. O‘z nafsini tiya bilishlik.
9. Boshqalarga ochiq chehra bilan muomala qilishlik.
10. Doimo yaxshi so‘zlash. Ushbu yaxshi xulqlar ichidagi uchta belgi ya’ni, «Bo‘lar-bo‘lmasga odamlar bilan janjallashmaslik», «Boshqalarga ochiq chehra bilan muomala qilishlik», «Doimo yaxshi so‘zlash» insonning hatti-harakati bilan emas, balki chiroyli, shirin so‘zi natijasida amalga oshadigan axloqiy hodisalardir. Shuningdek, boshqaruvda, muloqotda so‘zga ayniqsa, shirinso‘zga e’tibor sharq odobining ziynati sanaladi. Bu borada «Qobusnoma»dagi fikrlar diqqatga sazovordir: «Har so‘zni xaloyiqqa zohir qilsang, yaxshi yuz bila zohir qil, toki maqbul bo‘lsun va haloyiq sening so‘z bila baland martabaga egalig‘ingni bilsunlar. Nedinkim kishining martabasini so‘z bila bilurlar, ammo so‘zning martabasini kishi bila bilmaslar, chunki har kishining ahvoli o‘z so‘zining ostida pinhondur, ya’ni bir so‘zni bir iborat bila aytsa bo‘lur, eshitg‘on kishining esa ko‘ngli undin to`la bo‘lg‘ay va yana o‘shal so‘zni bir ibrat bila aytsa bo‘lurkim, eshitg‘on kishining oni undin rohatda bo‘lg‘ay» 4 . Shuning uchun odamlarga achchiq va dag‘al so‘zlamaslik lozim. Zero, dag‘allik misli olov, kuydirguvchi yo‘ldir. Umuman olganda, sharq xalqlari pandnomalarida, hikmatlarida shirinso‘zlikning inson hayotidagi o‘rni beqiyos ekanligi mutafakkirlar nazaridan chetda qolgan emas. Biz ana shu an’analarni davom ettirishimiz, ulardan tegishli xulosalar chiqarishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Inson ma’naviy madaniyatining asosiy mezoni – axloqiy yetuklik hisoblanadi. Axloqiy yetuklik esa o‘zida – halollik, insoflilik, vijdoniylik, sahovatpeshalik, shafqatlilik, mehribonlik singari axloqiy fazilatlarni mujasaam etadi. Shunday ekan, muomala madaniyatining asosiy mezonini yaxshi xulq va go‘zal fazilat uyg‘unligi tashkil etadi.
Profesional etika beshta tamoyilga asoslanadi:
1. Yaxlitlilik. Siz barcha sohaning ishchan munosabatlarida sodiqlik va to‘g‘rilik xususiyatiga ega bo‘lishingiz kerak
2. Ob’yektivlik. Ish jarayonida boshqalarga kasbiy va xizmat yuzasidan ob’yektiv bo‘lish, hamkasblaringizning ishiga tahdidlar bo‘lishi kerak emas.
3. Kasbiy kompetentlik va ish haqida qayg‘urish.
4. Konfedetsiallik, ya’ni o‘z kasbiy sohangizdagi ma’lumotlardan o‘z manfaatlaringiz uchun foydalanish tavsiya etilmaydi.
5. Kasbiy xulq-atvor. Har qanday sohada o‘z kasbingizga sodiq bo‘lish darkor. Etiketga keladigan bo‘lsak, odob qoidalari etiket qoidalaridan ustun hisoblangan. Zero, odob rasm-rusmlar – asosan tashqi ta’sirga emas, balki ichki jihatlarga – insoniylikni, xulq va axloqiylik uchun asos sifatida qaratilgan. Ya’ni etiket “muhimi qandayligi emas, balki boshqalar uchun qanday ko‘rinishda” shiori ostida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik, aslzodalikning mavjudligini ko‘rsatishga intilish va shu bilan jamoatchilikda ijobiy taassurot qoldirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Odob insonlararo munosabatlarni axloqiylashtirish hamda uni axloqiy anglash orqali takomillashadigan tashqi va ichki go‘zallik uyg‘unligi sifatida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, “Odob – inson haqida yoqimli taassurot uyg‘otadigan, lekin jamoa, jamiyat va insoniyat hayotida burilish yasaydigan darajada muhim ahamiyatga ega bo‘lmaydigan, milliy urf-odatlarga asoslangan chiroyli hatti-harakatlarni o‘z ichiga oladi”. Bundan tashqari, odob insonlarni ranjitmaslik, Jan Pol Sartr aytganidek, erkin jamiyatda erkin bo‘lish, ya’ni boshqalarni erkini ta’minlashga, odamlarni axloqiylikka, ular orasida munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan. Ushbu atamalarning ilmiy asosiga murojaat qilsak, ularning mazmun-mohiyati yanada aniqroq namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda etiketbirinchidan, inson va jamiyat o‘rtasida munosabatlarning qaysi axloqiy mezonlarga asoslanishini belgilasa, ikkinchidan, siyosat va ijtimoiy voqelikni bir–biri bilan “murosayu – madora” qilishga chaqiruvchi tarbiya vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Garchi bu ikki soha insoniy munosabatlarini go‘zallashtirishga qaratilgan bo‘lsada, ularning rivojlanishi individual xarakterga ega. Chunonchi, insonlararo munosabatlarda Sharq e’tiborni odob va axloqqa qaratib, uni pandnomalar orqali rivojlantirgan bo‘lsa, G‘arbda esa etiket qoidalari diplomat munosabatlardagi hattiharakatlarga asoslanadi. Bu borada 1716 yilda Hamburgda nashr etilgan Montesning “Yuqori tabaqali insonlar va ayollar bilan qanday mulozamat qilish hamda ayollarning bizga nisbatan o‘zini qanday tutishi haqidagi kitob” deb nomlangan kitob misol bo‘ladi. Unda turli tantanali qabullarning etiket bilan bog‘liq barcha murakkabliklari tasnif qilingan. O‘rta asrlarga kelib etiket qoidalari cherkov talablari asosida belgilandi. Ruhoniylarning inson munosabatlarini boshqarishga bo‘lgan intilishi boshqa sohalar kabi etiket qoidalari asosida munosabatlar tizimida turg‘unlikni paydo qildi. Ammo yangi davrga kelib G‘arbda etiket rivojlana boshladi. Yuqori tabaqali kishilarning moliyaviy imkoniyatlarini yo‘naltirish, ularning jamoatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishiga 21 doir etiketning qoidalari takomillashdi. Yigitlarning uylanishi va qizlarnnig turmushga chiqishi yoki moddiy imkoniyatlari kam yigitning o‘z mavqeini tiklab olish uchun etiket juda katta ahamiyat kasb eta boshladi, hatto dasturxon atrofida o‘zini tutish etiketi siyosiy darajaga ham yetdi. Biroq bu kabi munosabatlarda me’yorning buzilishi G‘arb ziyolilarini g‘ashini keltira boshladi. Sharqda esa bu masalalarning barchasi axloqiy mezonlar asosida rivojlantirildi. Misol uchun musulmon Sharqida taom tanovul qilish paytiga kelib qolgan mehmon mezbonni rad yetishi, Alloh bergan rizqdan voz kechish, o‘zini Xudodan ustun deb hisoblash deb tushunilar edi. Ya’ni taom tanovul qilish ham ma’lum ma’noda o‘ziga xos ibodat hisoblandi. Chunki inson kim ekanligini, hayotning mayda-chuyda tashvishlarini, muhimi asosiy maqsad – o‘z-o‘zini anglashni unutib qo‘ymaslik, tanovul paytida unga rizq bergan Zotning yerdagi ajoyibotlari, borliq borasidagi mushohadaga chorlashi lozim edi. G‘arbda esa, taomga taklif qilingan mehmon taklifni qabul qilishdan avval bashang va yuksak did bilan kiyingan bo‘lishi shart edi. Agar mehmon taklifni qabul qilsayu, yuqoridagi qoidani unutsa, bu holat mezbonga nisbatan haqorat tarzida qabul qilinishi mumkin edi. Ya’ni, kiborli jamiyatga “arziydigan” inson bo‘lishdan “toyilish” shu jamiyatga qarshi borish bilan barobar bo‘lgan. Shuning uchun etiket qoidalarini buzuvchi mayda-chuyda jihatlar, arzimagan xatolar kechirilmas va kelajakka qattiq ta’sir qilar edi. Bu esa Evropaning yuksak darajadagi kiborli jamiyatida yashab kyetish oson emasligini va faqatgina a’lo insonlargina bu borada ijobiy natijalarga erishadilar, degan ma’noni anglatar edi. Bunday talablar keyinchalik bir qator olimlarni yillar davomida etiketga qarshi borish va uni deyarli yo‘qqa chiqarishga intilishiga sabab bo‘ladi. Zero, o‘rta asrlarda cherkov aqidalari paydo qilgan turg‘unlik bu paytga kelib sekin-asta o‘z ta’sirini yo‘qota boshlagan, ijtimoiy munosabatlar tizimida sharqning axloqiy qadriyatlariga asoslana boshlagan edi. Shuning uchun axloqiy tarbiya masalasini etiket qoidalaridan yuqori turishini nazariy jihatdan asoslashga harakat qilindi. Masalan, ruhiy tahlil falsafasi bu borada o‘ziga xos yondoShuvni vujudga keltirdi.


FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1) Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch.-T., Ma’naviyat, 2008.
2) Abdulla Avloniy. Tanlangan asarlar. 2 tomlik. T.2.-T.,Ma’naviyat, 1998.
3) Abdulla Sher. Axloqshunoslik. Darslik. - T., O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati, 2010.
4) Aliqulov H. Falsafiy meros va ma’naviy-axloqiy fikr rivoji. – T., Falsafa va huquq instituti, 2009.
5) Abu Homid Muhammad al-G‘azzoliy. Kimiyoi saodat. Ruh haqiqati. – T., Adolat. 2005.
6) Kaykovus. Qobusnoma. - T., O‘qituvchi. Matbaa ijodiy uyushmasi, 2006.
7) Komilov N. Komil inson haqida to‘rt risola. - T. Ma’naviyat. 1997.
Download 34.4 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling