R. Dekartning bilish haqidagi ta’limoti ham diqqatga sazovor. R.Dekart o‘zining «Metod haqida mulohazalar» asarida bilimlar manbai va ularning haqiqiyligi mezonini tashqi dunyodan emas, balki inson aqlidan qidirish lozim, degan xulosaga keladi. Uning fikricha, intellektual intuitsiya yoki sof mushohada – bilishning tayanch nuqtasi. Barcha g‘oyalarni Dekart ikki guruhga ajratadi: sezgilar ta’sirida tug‘ilgan g‘oyalar va tug‘ma g‘oyalar. Tug‘ma g‘oyalar mutlaqo ishonchlidir. Ularning qatoriga Dekart Xudo g‘oyasi, matematik aksiomalar va shu kabilarni kiritadi. Masalan, barcha mavjud narsalarga shubha bilan qarash kashfiyotga yo‘l ochuvchi mutlaqo ishonchli asos, metod yoki vosita hisoblanadi. Ayni shu sababli Dekart hissiy narsalar, matematik haqiqatlar va hatto «hamma narsaga qodir Xudo»ning mavjudligiga shubha bilan qaraydi. Ammo, hamma narsaga shubha qilgan va hamma narsani inkor etgan holda, u shubhalanuvchi fikrning mavjudligiga shubha qilmaslik kerak, degan xulosaga keladi. Shu tariqa u fikrlash birdan-bir ishonchli dalildir, deb xulosa chiqaradi: «Dekart_falsafasida_dualizm'>Men fikrlayapman, demak, yashayapman».
R. Dekart falsafasida dualizm asosiy o‘rin tutadi. Uning fikricha materiya va ruh borliqning asosida yotadi va xudoga bo‘ysunadi. Olam, Dekart fikricha cheksiz va abadiy, u inson tafakkuriga bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanadi va takomillashadi. R. Dekartning «Men fikr qilayapman, demak men mavjudman» degan fikri faylasuflar orasida mashhur bo‘lib hisoblanadi.
Bilishda fikr va sezgilarning ahamiyatini nihoyatda ortiqcha deb bilgan R. Dekart ratsionalizm ta’limotining asoschisi bo‘lib hisoblanadi. Uningcha insonning fikrlashi va mulohaza qilishi shubha ostiga olib bo‘lmaydigan jarayondir, undan boshqa hamma narsani tekshirish shubha ostiga olish mumkin. Dekart o‘sha zamonning eng buyuk matematiklaridan biri bo‘lib, o‘z davrida aniq fanlar sohasida katta ahamiyat kasb etgan deduksiya usulini falsafaga kiritgan olim bo‘lib hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |