NEMIS KLASSIK FALSAFASI. Nemis klassik falsafasining yirik vakillari Immanuil Kant, I.Fixte, F.Shelling, Georg Gegel va Lyudvig Feyerbax kabilardir.
Falsafiy tafakkur rivojlanishining bu bosqichi davrning muayyan tarixiy shart-sharoitlari bilan belgilanadi. Bu kuchli ijtimoiy ziddiyatlar, jamiyat ongida olamshumul o‘zgarishlar yuz bergan davr edi. Kuchli inqilobiy harakatlardan so‘ng ularning sur’ati pasayib imkoniyatlariga ishonchsizlik kuchaygan. Ijtimoiy ongda konservativ tendensiyalar ustunlik qila boshladi. Angliya va Fransiyada monarxiya va Cherkovning oldingi mavqei tiklandi. Germaniyada pruss monarxiyasining roli oshdi. Tarixdagi bu ziddiyatli voqealar nemis falsafasining asosiy xususiyatlarini belgilab berdi.
Nemis falsafasi F.Bekon va R.Dekart boshlagan inson aqli imkoniyatlarini o‘rganishning umumiy yo‘nalishini davom ettirdi. Biroq u o‘z vazifasini nafaqat inson aqlini madh etish, balki uning chegaralarini belgilash, e’tiqod va aql, din va fanni murosaga keltirish yo‘llarini ham izlashda ko‘rdi. Bu nemis falsafasi bajarishi lozim bo‘lgan ijtimoiy buyurtma edi.
Davrning olamshumul voqealari ijtimoiy taraqqiyot nafaqat aql va fan yutuqlari, balki axloq, ma’naviyat sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan ham o‘lchanishini namoyish etdi. Inqilob va u bilan bog‘liq urushlar davrida yuz bergan ma’naviy inqiroz nemis falsafasida nafaqat bilish imkoniyatlariga, balki inson ma’naviy dunyosining barcha tomonlari, uning bilish, diniy, axloqiy va estetik qobiliyatlarining o‘zaro aloqasi muammosiga ham e’tiborni qaratishni talab qildi. Umuman olganda, nemis faylasuflari haqiqat, e’tiqod, yaxshilik va go‘zallik ajralmasdir, degan fikrni teran asoslashga harakat qildilar.
IMMANUIL KANT (1724-1804) nemis klassik falsafasining asoschisi.
Kant konsepsiyasi: «Sof aql tanqidi» (1781), «Amaliy aql tanqidi» (1788), «Mulohaza yuritish qobiliyatining tanqidi» (1790) asarlarida, shuningdek faylasuf ijodining o‘ziga xos sarhisobi sanaluvchi – «Sof aql chegaralarida din» (1793) kabi kitoblarida bayon etilgan. Kant bilish nazariyasining asosiy qoidalari quyidagilardan iborat. Kant fikricha bilish jarayoni uch bosqich: 1) sezgilar darajasida bilish, 2) idrok, 3) aqldan o‘tadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |