Iste’mol – ehtiyojlarni qondirish maqsadida mahsulot va xizmatlarning ishlatilishi, foydalanilishi jarayoni. Iste’mol takror ishlab chiqarishning oxirgi fazasi bo‘lib, bu jarayon orqali jamiyat a’zolarining turli-tuman ehtiyojlari qondiriladi. Iste’mol ikki turda bo‘ladi: ishlab chiqarish (unumli) iste’moli va shaxsiy iste’mol. Ishlab chiqarish jarayonida ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchidan foydalanish unumli iste’mol deyiladi. Nonvoy ishlatgan un, ko‘mir yoki
tabiiy gaz, o‘simlik moyi – bularning barchasi unumli iste’mol hisoblanadi. Chunki, bularning barchasi mahsulot ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Iste’mol buyumlarining ehtiyojlarni qondirish maqsadida o‘z ahamiyati bo‘yicha pirovard ravishda ishlatilishi shaxsiy iste’mol deyiladi. Nonvoy tayyorlagan nonning odamlar tomonidan sotib olinib, iste’mol qilinishi shaxsiy iste’molni anglatadi. Mahsulot va xizmatlar shaxsiy iste’molidan so‘ng, ular o‘rniga yana yangisini ishlab chiqarish zarurati paydo bo‘ladi.
Shunday qilib, tovar va xizmatlar, resurslar harakati doimo to‘xtovsiz takrorlanib turadigan jarayondir (1.1-rasm):
1.1-rasm
Tovarlar, xizmatlar va resurslarning takror ishlab chiqarish fazalaridagi harakati
Iqtisodiyotning doimiy va bosh masalasi – ehtiyojlarning cheksizligi va iqtisodiy resurslarning cheklanganligi hamda ular o‘rtasidagi ziddiyatning hal qilinishidir. Bu masalani to‘g‘ri tushunish uchun, eng avvalo, ehtiyojning mohiyatini, uning turlarini bilish zarur.
Insonning yashashi va kamol topishi, umuman insoniyatning rivojlanishi uchun kerak bo‘lgan hayotiy vositalarga bo‘lgan zarurati iqtisodiyot nazariyasi fanida ehtiyoj deb ataladi.
Barcha hayotiy ehtiyojlar (iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ma’naviy, siyosiy ehtiyojlar) ichida ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar alohida o‘rin tutadi. Bu ehtiyojlar kishilarning yashashi, mehnat qilishi va hayot kechirishi uchun turli ne’matlar hamda xizmatlarga zaruratdan iborat bo‘ladi. Shu jihatdan olganda ijtimoiy- iqtisodiy ehtiyojlar moddiy va ma’naviy ehtiyojlarni o‘z ichiga oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |