Reylining gravitasion modeli P. Krugmanning yangi iqtisodiy geografiyasi


P.Krugmanning yangi iqtisodiy geografiyasi


Download 23.76 Kb.
bet3/3
Sana08.05.2023
Hajmi23.76 Kb.
#1441847
1   2   3
Bog'liq
4-mvzu ma]ruza matni.New Документ Microsoft Word

4.3 P.Krugmanning yangi iqtisodiy geografiyasi
Ishchi kuchining harakatlanishi, transport xarajatlari va yangi iqtisodiy geografiya. Krugman o‘zining 1979 yilda bajarilgan tadqiqot ishida ishchi kuchi harakatlanishining iqtisodiyotga ta'sirini o‘rganib, bu omil va miqyosga bog‘liq holda tejamkorlik o‘sishining birikuvi yirik shaharlarga sarmoyalar oqimini yo‘naltirishini ilmiy asoslab berdi. Mamlakatning ayrim hududlarida ishbilarmonlik faoliyatining kuchayishi boshqa hududlarda uning susayishiga olib kelishi mumkin. Faqat 1991 yilga kelib Krugman "O‘sib borayotgan foyda va iqtisodiy geografiya" asarida bir vaqtning o‘zida muayyan makonda ham tovar oqimlari, ham ishlab chiqarish va iste'molchilarni joylashtirishni modellashtirishga imkon beruvchi qat'iy matematik yondashuvni taklif etdi. Ushbu model' keyinroq "markaz-chekka hudud" deb nom oldi.
Mazkur ta'limotga ko‘ra, ko‘pgina mamlakatlar asosiy ishlab chiqarish omillari bilan deyarli bir xil ta'minlanganlar. Bunday sharoitda ularga ommaviy ishlab chiqarish oson bo‘lgan mahsulotlarga ixtisoslashish va shu orqali boshqa mamlakatlar bilan savdo aloqalarini olib borish foydali bo‘ladi. Bunday holatda ixtisoslashuv ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish va uni nisbatan pastroq narxda sotish imkonini beradi. Ommaviy ishlab chiqarish samarasiga erishish uchun bunday turdagi mahsulotlarga katta sig‘imli bozor bo‘lishi darkor. Bunda xalqaro savdo katta rol' o‘ynaydi, zero u har qanday alohida mamlakatning eng ulkan bozoridan ko‘ra kattaroq yagona integratsiyalashgan bozorni shakllantirish imkonini beradi.
Krugman iqtisodiy mexanizmlarni aniqlash va ularning o‘zaro o‘xshash hududlar iqtisodiyotida mehnat va ishlab chiqarishning hududiy harakati jarayonlariga ta'sirini o‘rganish vazifasini o‘z oldiga qo‘ydi. Asosan ikki tarmoqdan, ya'ni raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi va monopolistik sanoat ishlab chiqarishdan iborat bo‘lgan iqtisodiyotlarni ko‘rib chiqaylik. Har ikkala tarmoq o‘z navbatida yagona omil – dehqonlar va ishchilar mehnatidan foydalanadi. Omillar har bir sektorning o‘ziga xos, va ular sektorlar orasida harakatlanmaydi. Faraz qilaylik, har bir sektorda mehnat ta'minoti belgilangan bo‘lsin.
Iqtisodiyotda uy xo‘jaliklari bir xil bo‘lib, ular ikki xil tovarni –qishloq xo‘jaligi (Sa) va sanoat (St) mahsulotlarini iste'mol qiladi. Bu mahsulotlardan qay birining afzalligi Kobb-Duglas funksiyasida o‘z aksini topgan.
Faraz qilaylik, iqtisodiyot ikkita hududdan iborat. Har bir hududda dehqonlar ham, ishchilar ham bor. Bunda dehqonlarning hududiy taqsimoti bir tekis bo‘lib, ularning harakati mintaqalar o‘rtasida ro‘y bermaydi; ishchilar esa hududdan hududga erkin harakat qilishlari mumkin. Mintaqada ishchilar mehnati taklifini L2 deb belgilaymiz. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarish har bir tovar birligiga bir ishchini talab etadi, deb faraz qilaylik. Ushbu mahsulotni hududlar o‘rtasida tashish hech qanday xarajatni talab qilmaydi.
Sanoat mollarini tashish qimmat deya taxmin qilinadi va xarajatlar "aysberg" ko‘rinishida modellashtiriladi, ya'ni, qo‘shni mintaqaga bir birlik tovar yetkazib berish uchun, zavoddan t > 1 mahsulot yuborilishi kerak. Sanoat va qishloq xo‘jaligi tovarlari o‘rtasida tashish sarflaridagi farqlar yechimni soddalashtirish uchun zarur: u butun iqtisodiyot bo‘yicha dehqonlar ish haqi tengligini ta'minlaydi va u barcha hududlarda nominal qiymatlarni belgilovchi universal me'yor sifatida qabul qilingan. Faraz qilaylik, sanoat firmalari soni ko‘p bo‘lib, ularning har biri ma'lum bir turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Foydani maksimallashtiruvchi monopol raqobatchi firma o‘z mahsulotiga marjinal xarajatlar va talab elastikligi asosida narx belgilaydi.
Pol Krugman hududlar o‘rtasida ishchilar harakati bilan bog‘liq o‘zgarishlarga murojaat etishdan oldin, mintaqalar o‘rtasida ishchilarning taqsimoti belgilangan iqtisodiyotdagi qisqa muddatli muvozanatni ko‘rib chiqadi. Shubhasiz, ushbu holatda biz bir mamlakatning ikki hududi o‘rtasidagi savdo aloqalari va transport xarajatlari bilan xalqaro savdoning standart modeli o‘rtasida o‘xshashlikning guvohi bo‘lamiz.
Agar sanoat ishchilarining hududlar bo‘yicha taqsimlanishi simmetrik bo‘lsa, mintaqalarda ish xaqi bir xil bo‘lishi aniq. Agar hududlardan birida sanoat ishchilari ko‘proq bo‘lsa, u holda ikki hudud sanoatidagi real ish haqi nisbatiga qarama-qarshi yo‘nalishlarda harakatlanuvchi ikki xil omil ta'sir ko‘rsatadi.
Avvalo, bu mahalliy bozor ta'siri hisoblanadi. Odatda firmalar ishlab chiqarishni katta shaharlarda joylashtirishga intiladilar, zero bu narsa ularga ishlab chiqarish ko‘lamini va transport xarajatlarini tejash imkonini beradi, chunki ishlab chiqarilgan aksariyat mahsulotlar mahalliy bozorda sotiladi. Shunday qilib, ichki miqyos tejamkorligi ham, transport xarajatlari ham mahalliy bozor ta'sirini anglatadi. Holbuki, mintaqa ko‘lamining ortishi mos holda unda sanoat mahsulotlari hamda eksport hajmi o‘sishiga olib keladi. Marshallning tashqi ta'sirini, ya'ni kompaniya tejamkorligi nuqtai nazaridan tashqi ta'sirni e'tiborga olsak, bunday samaraga erishib bo‘lmas edi. Mahalliy bozorning ta'siri sanoatda ish haqi darajasiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Ya'ni, shahar qancha katta bo‘lsa, sanoat ishchilarining ish haqi shuncha yuqori bo‘ladi.
Boshqa tomondan, katta bozorda iste'molchi uchun raqobatning kuchayishi natijasida monopol korxona ishlab chiqarishni nisbatan kichikroq aholi punktiga ko‘chirishi mumkin. Bu ta'sir mintaqalar o‘rtasida ish xaqi bo‘yicha nisbatning butunlay teskari tomonga o‘zgarishiga olib keladi. Ushbu ikki omilning umumiy natijasi mavhum bo‘lib, bu model ko‘rsatkichlariga bog‘liq.
Biroq, mintaqalar o‘rtasidagi sanoat xodimlari harakatlanishi bilan bog‘liq o‘zgarishlarni aniqlashda bizni nafaqat ish haqi darajasi, balki ularning xarid qobiliyati, ya'ni real ish xaqi ham qiziqtiradi. Har ikki hududda ham qishloq xo‘jalik mahsulotlari qiymati bir xil bo‘lgani tufayli, biz ko‘proq sanoat tovarlari xaridi bilan bog‘liq bo‘lgan real ish haqiga e'tibor qaratamiz. Va biz bu yerda modelning muhim jihatlaridan biri – narx indeksi samarasini olishga ham erishamiz. Shahar iqtisodiyoti hajmi qancha katta bo‘lsa, unda ishlab chiqariladigan sanoat mahsulotlari turlari ham shunchalik xilma-xil bo‘ladi. Shunga mos holda mintaqada ishlab chiqarilgan mahsulot turlariga nisbatan unga kirib kelgan import mahsulotlari salmog‘i ancha kichik bo‘ladi. Kichkina mintaqada esa aksincha, iste'mol mahsulotlari tarkibida mahalliy ishlab chiqarish ulushi kam, import salmog‘i esa yuqori bo‘ladi.
Ma'lumki, import mahsulotlari bahosini belgilashda transport xarajatlari hisobga olinadi. Ayni chog‘da, mahalliy tovarlar qiymatiga bunday xarajatlar qo‘shilmaydi. Bundan chiqadigan xulosa shuki, bir xil sharoitda, katta shaharlardagi sanoat mahsulotlarining narx indeksi kichik mintaqadagi sanoat mollari narx indeksidan past bo‘ladi.
Faraz qilaylik, dastlabki paytda iqtisodiyotda sanoat ishchilari hududlar o‘rtasida bir tekis taqsimlangan bo‘lsin. Bu holda sanoat ishlab chiqarishning joylashuvi, ish haqi va boshqa omillar bo‘yicha har ikki mintaqaimkoniyati bir xil bo‘ladi. Biroq, bunday muvozanat barqarormi? Ya'ni, agar kam sonli xodimlar mamlakatning boshqa hududiga ko‘chib ketsalar, bu holat ishchilar ko‘chib kelgan mintaqada real ish haqining o‘sishiga olib keladimi (bu esa, o‘z navbatida, bu yerga yangi migrantlarning jalb qilinishi 2 mintaqa iqtisodiyoti o‘rtasidagi farqlarni oshiradimi)? Yoki kichikroq hudud sanoatida real ish haqini oshirish evaziga bunday farqlar bartaraf etilib, xodimlarni ortga qaytarishga erishiladimi? Agar birinchi holat amalga oshsa, biz bir hududda sanoat ishlab chiqarishning aglomeratsiyalashuviga guvoh bo‘lamiz, va agar aglomeratsiya jarayonlari jadallashib ketsa, u holda bir hudud – sanoat markaziga va ikkinchisi – agrar mintaqaga aylanadi. Ushbu holat modelning “markaz – chekka hudud” deb nomlanishiga sabab bo‘ldi.
Modelning yuqoridagi tahlilidan ko‘rinib turibdiki, quyidagi 3 xil samara ta'siri migratsiyaga barqarorlikning bir xilda taqsimlanishini belgilaydi:
- mahalliy bozor samarasi: monopolistik firmaning ishlab chiqarishni yirik bozorlarga yaqin joylashtirishi va kichik bozorlarga mahsulotlar eksportini oshirish tendensiyasi;
- turmush qiymati samarasi: u ko‘proq sanoat korxonalari joylashgan hududlarda bo‘ladi, zero ishlab chiqarilgan mahsulot qiymatida transport xarajatlari ham yotadi;
- raqobat samarasi: raqobatdosh bo‘lmagan firmalar ishlab chiqarishni raqobatchilar kam bo‘lgan joylarda tashkil etishga intiladilar.
Fizik hodisalarga binoan, aglomeratsiya jarayonini rag‘batlantiruvchi kuchlar markazga intiluvchi, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanuvchi kuchlar esa markazdan qochuvchi kuchlar deb ataladi. Iqtisodiyotda qanday kuchlarning "g‘olib" bo‘lishi tejamkorlik ko‘lamiga, talabning qay darajada qondirilayotganiga va transport xarajatlari miqyosiga bog‘liq.
Krugman ishlari bu uch turdagi samaraning o‘zaro ta'siri ishlab chiqarishni iqtisodiyotga joylashtirish dinamikasini qanday belgilashini ko‘rsatadi: mintaqalar iqtisodiy rivojlanishda bir-biriga yaqinlashadimi yoki aksincha, uzoqlashadimi? Ishlab chiqarishda miqyos samarasining o‘sishi aglomeratsiya jarayonlarini kuchaytiradi, degan xulosaga olib keladi. Buning ustiga, sanoat ishlab chiqarishda miqyos samarasining nozik chegarasi mavjud bo‘lib, bu chegara buzilganda iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari qanday bo‘lishidan qat'iy nazar, simmetrik muvozanat o‘zgaradi, aglomeratsiya jarayonlari esa o‘z-o‘zidan kuchayadi. Boshqacha aytganda, iqtisodiyotning "markaz – chekka hudud" tamoyili asosida rivojlanishi muqarrar bo‘lib qoladi. Agar miqyos tejamkorligi ko‘lami yuqorida qayd etilgan chegaradan pastda bo‘lsa, parametrlar kombinasiyasidan kelib chiqib, ham markazga intiluvchi, ham markazdan qochuvchi kuchlar iqtisodiyotda yetakchi bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, yuqori transport xarajatlari va sanoat mahsulotlari xilma-xilligining yuqori elastikligi markazdan qochuvchi kuchlarni mustahkamlaydi va mintaqalarning yaqinlashishiga olib keladi.


Nаzоrаt vа muhоkаmа uсhun sаvоllаr:
1. Shahar iqtisodiyoti rivojlanishida “daraja-o‘lcham qoidasi” deb ataluvchi Zipf qonuni nimani bildiradi?
2. Reylining gravitasion modelini mohiyatini tushuntirib bering
3. P.Krugmanning yangi iqtisodiy geografiya nazariyasi nimani anglatadi?
4. P.Krugman o`zining qaysi asarida yangi iqtisodiy geografiyani yoritib bergan?
5. “Markaz–chekka hudud” deb nomlanuvchi modelning mohiyati nimani anglatadi?
6. Iqtisodiyotda qanday kuchlarning “g‘olib” bo‘lishi asosan nmalarga bog‘liq?
Download 23.76 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling