S. matyakupov, H. Allambergenov navoiyshunoslik


Download 169 Kb.
bet1/3
Sana30.10.2020
Hajmi169 Kb.
#138801
  1   2   3
Bog'liq
Навоийшунослик китоб


S.MATYAKUPOV, H.ALLAMBERGENOV


NAVOIYSHUNOSLIK

NUKUS - 2011

Ushbu o`quv qo`llanmada buyuk so`z san`atkori A.Navoiy ijodining turli davrlarda o`rganilishi va taraqqiyot bosqichlari, navoiyshunos olimlar to`g`risida ma`lumotlar berilib, mutafakkir shoir hayoti va ijodi to`g`risida yaratilgan ilmiy-tadqiqotlar tahlili orqali Navoiy hayoti va ijodini chuqur o`rganish ko`zda tutiladi hamda shoir ijodining o`ziga xos qirralari haqida atroflicha mulohazalar yuritiladi.


Qo`llanma oliy o`quv yurtlari filologiya fakul`teti talabalari, magistrantlar hamda Navoiy ijodi ixlosmandlariga mo`ljallangan.

Mas`ul muharrir: filologiya fanlari doktori,

professor K.QURAMBOEV
Taqrizchilar: filologiya fanlari nomzodi

K.TASHANOV

Filologiya fanlari nomzodi

I.QURBONBAEV




K I R I SH
Nizomiddin Mir Alisher Navoiy jahon adabiyoti xazinasini boqiy asarlari bilan boyitgan namoyanda, g`azaliyot osmonida chaqnagan yulduz, mangulikka musharraf bo`lgan so`z san’atkoridir. Uning o`lmas asarlari xalqimiz milliy ma’naviyatining ko`rki bo`lib kelmoqda. Undagi xilma-xil fikrlar, chuqur va boy mulohazalar, teran ma’nolarga inson aqli lol qoladi. Navoiy ijodi davrga qarab tuslanib turlanmaydigan, o`z bag`riga mustahkam e’tiqodini jo qilgan, insonni yaxshilikka chorlovchi, quyosh kabi o`zidan doimo ziyo taratuvchi ijoddir.

Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida Alisher Navoiyga “Agar bu ulug` zotni avliyo desak, avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir”1 deb ta’rif berilishi bejiz emas.

Navoiy asarlari millat ma’naviyatini boyitishga xizmat qiladi. Shoirlarning ijodini o`rganish nafaqat adabiyot mashg`ulotlarida, balki talabalar bilan o`tkaziladigan darsdan tashqari tadbirlar, tarbiyaviy soatlar, turli badiiy kechalar va uchrashuvlar orqali singdirib borish bugungi kun o`qituvchisining mas’uliyatli vazifalaridandir.

Oliy o`quv yurtining namunaviy o`quv rejasi asosida ishlab chiqiladigan ishchi o`quv rejasiga “Navoiyshunoslik” kursini kiritishdan bosh maqsad uzluksiz ta’lim tizimini ta’minlash, ya’ni magistratura mutaxassisligi uchun asos, poydevor yaratishdan, talaba yoshlarni Navoiy ijodini adabiyotshunoslikda o`rganilishi masalalari, bugungi kunda shoir ijodini o`rganishdagi dolzarb vazifalarni belgilab olishdan iborat. Ana shuni inobatga olgan holda “Navoiyshunoslik” kursi ta’limning bakalavriat yo`nalishiga mo`ljallangan. Unda o`zbek tili va adabiyoti mutaxassisligida ta’lim olayotgan talabalarga Alisher Navoiy hayoti va ijodining adabiyotshunoslikda o`rganilishi, uning taraqqiyot bosqichlari, o`zbek navoiyshunos olimlari to`g`risida ma’lumotlar beriladi. Asosiy e’tibor esa, Navoiy hayoti va ijodi to`g`risida yaratilgan monografiya, risola va ilmiy maqolalar, ularning tahlili orqali Navoiy hayoti va ijodini kengroq va chuqurroq o`rganish ko`zda tutiladi.

Ma`lumki, Alisher Navoiy o`zbek adabiyoti taraqqiyoti va o`zbek adabiy tili ravnaqiga ulkan hissa qo`shgan ijodkordir. Biror adabiy til hech qachon biror adibning nomi bilan atalmagan. Ammo XV asrdan boshlab o`zbek tili Navoiy tili nomi bilan tanila boshlagan. Sharq mamlakatlarining ko`plarida Navoiy an`analarining davomchilari paydo bo`ldilar.

Alisher Navoiy 1441-yil 9-fevralda Amir Temurning o‘g‘li Shoxrux mirzo davrida Hirot shahrida tug‘ildi. Zamondoshlari uni “Nizomiddin Mir Alisher” deb yozadilar. “Nizomiddin” – din-diyonat nizomi, “Mir” – amir demakdir. Otasi G‘iyosiddin Muhammad (G‘iyosiddin kichkina) temuriylar saroyining amaldorlaridan, onasi amirzoda Shayx Abusaid Changning qizi bo‘lgan, bobosi Temurning o‘g‘li Umarshayx bilan emikdosh (ko‘kaldosh) bo‘lgan, buvilari temuriy shahzodalarning enagasi bo‘lgan. Uch-t‘ort yoshlarida Qosim Anvor she’rlarini yod aytgan. To‘rt yoshida o‘qishga borgach, u yerda Husayn Boyqaro bilan ta’lim oladi.

1447-yilda Shohruh mirzo vafotidan keyin temuriylarning toj-taxt talashi keskinlashgach, Alisherning oilasi Iroqqa ko‘chib, Taft shahrida yashay boshlaydi. Bu yerda u mashhur shoir Sharafiddin Ali Yazdiy bilan tanishadi.

1451-yilda uning oilasi yana Hirotga qaytadi.

1452-yilda Abulqosim Bobur Mirzo taxtga o‘tirgach, G‘iyosiddin Sabzavor hokimi etib tayinlanadi. Bu paytda Alisher Sa’diy Sheroziyning “Guliston”, “Bo‘ston”, Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarlarini o‘qir va yod olardi. Shuningdek, Xo‘ja Yusuf Burhondan musiqa ilmini o‘rganadi, tarix, adabiyot, husnixat va boshqalar bilan jiddiy shug‘ullanadi.

Shoir ona tiliga juda erta muhabbat qo'ygan edi. U 10-12 yoshlaridan boshlab, shaklan go'zal, mazmunan mukammal g`azallar yarata boshlagan.

Orazin yopqach ko'zimdin sochilur har lahza yosh,

O’ylakim paydo bo’lur yulduz nihon bo'lg'och quyosh.

matla’si bilan boshlanuvchi g`azali Mavlono Lutfiyning yuksak bahosiga sazovor bo`lgan edi.

Alisher Navoiy o`smirlik chog`larida ota-onasidan erta judo bo`ladi. Sulton Abusaid Mirzo uning tog`alarini qatl ettirali. Yosh shoir ham ta’qibga uchraydi. Navoiyning Hirotda qolishi Abusaid Mirzo saltanatiga xavf solishi tabiiy edi.

Shuning uchun ham uni Samarqandga surgun qilishadi, o`qish bahonasida jo‘natib yuboriladi. Samarqandga jo‘nab ketish oldidan ustozi va do‘sti Said Hasan Ardasherga uchrashib, xayrlashmoqchi bo`ladi. Ammo uni topolmay, unga she`riy xat qoldiradi. Ushbu xatda Said Ardasherga o`z mehr-muhabbatini izhor qiladi. Hirotdan jo‘nab ketayotganligining sabablarini aytadi, o`z iqtidoriga yarasha qadrlanmayotganini, agar imkoniyat bo`lganida kuniga yuz bayt she`r aytish o`tirib halvo yeyish bilan barobar ekanligini afsus bilan ta`kidlaydi. Shuningdek, Firdavsiy "Shohnoma"ni o`ttiz yilda, Nizomiy, “Xamsa”ni yigirma yildan ziyod vaqt ichida yozgan bo`lsa, o`zi bunday asarlarni o`ttiz oy ichida yozib tamomlashi mumkinligini uqtiradi. Shoirning bu so`zlarini zamondoshlari mubolag‘a deb o‘ylashib, uning ustidan kulgan holatlar ham bo‘lgan. Husayn Boyqaro o`zining “Risola”sida shu haqda to`xtalib, Alisher Navoiy aytgan so`zining ustidan chiqqanligini ta’kidlaydi. Haqiqatan ham, “Xamsa” uzog`i bilan ikki-uch yil ichida yozib tamomlangan edi.

Xamsachilik yaqin va O`rta Sharq xalqlari mumtoz adabiyotida uzoq va murakkab tarixga ega bo`lgan adabiy an’anadir. Xamsachilik an’anasi XV asrga kelib ancha keng tus oldi. Faqat uch shoirgina ulug` xamsanavis bo`lib, Nizomiy qatoridan o`rin olishga muyassar bo`ldi, uning asari bilan bellasha oladigan “Xamsa” yaratdilar. Bular ulug` hind shoiri Xisrav Dehlaviy (1253-1325), ulug` fors-tojik shoiri Abdurahmon Jomiy (1414-1492) va ulug` o`zbek shoiri Alisher Navoiydir.

Alisher Navoiy – «Xamsa»ni yozishga kirishganda 42 yoshda bo`lib, ayni ijodiy kuchga to`lgan, hayot tajribalariga ega bo`lgan mashhur shoir, el e`tiborni qozongan buyuk olim va davlat arbobi edi.

Zamondosh shoirimiz A.Oripov Navoiy shuhrati haqida “O`zbekiston” she`riida quydagi misralarni bitgan edi:

Ko`p jahongir ko`rgan bu dunyoni,

Hammasiga guvoh – yer osti.

Lekin, do`stlar, she`r ahli oro,

Jahongiri kam bo`lar, rosti.

Besh asrkim, nazmiy saroyni,

Titriratadi zanjirband bir she`r,

Temur tig`i yetmagan joyni,

Qalam bilan oldi Alisher.

Ha haqiqatan ham, jahongir Temur tig`i etmagan joylarni Navoiy o`zining qalami ila zabt etdi.

Navoiy «Xamsa»si bir-biridan mazmundor, biri ikkinchisining takrori bo`lmagan, biroq bir-biri bilan ipga terilgan injulardek bog`langan «Hayratul-abror» (Yaxshilar hayrati), «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Sab`ai sayyor» (Yetti sayyora) va «Saddi Iskandariy» (Iskandar devori) dostonlarini o`z ichiga oladi.

Navoiy jahondagi eng sermahsul ijodkorlar sirasiga kiradi. Yuz ming baytdan ortiq lirik va epik asarlari jahon madaniyati xazinasiga bebaho hissa bo`lib qo'shildi. Navoiy qoldirgan ilmiy-adabiy meros hayratlanarli darajada ulkandir. Shoirning epik asari "Xamsa", to’rt lirik devonni o'z ichiga oluvchi "Xazoyin-ul maoniy" asari, falsafiy dostoni "Lison-ut tayr", tarixga oid "Tarixi anbiyo va hukamo", "Tarixi muluki Ajam", adabiyotshunoslikka oid "Mezon -ul avzon", "Majolis-un nafois", tilshunoslikka oid "Muhokamat-ul lug'atayn", axloqiy-falsaviy asari "Mahbub-ul qulub, tasavvuf tarixiga oid "Nasoyim-ul muhabbat", ruboiylar majmuasi "Nazmul javohir", diniy mavzudagi "Arbain", "Siroj-ul muslimin", xotiralari "Xamsatul mutahhayirin", "Holoti Sayyid Hasan Ardasher", "Holoti Pahlavon Muhammad", maktublar to'plami "Munshaot", vaqf ishlari haqida "Vaqfiya" va boshqa bir qator asarlari xalqimizning ma'naviy-madaniy mulki bo`lib qolmoqda.

Alisher Navoiyning lirik merosi mavzulari jihatidan g`oyat keng ko`lamli, g`oyaviy yo`nalishlari rang-barang, janrlari xilma-xil, poetik mahorati esa g`oyat yuksakdir. Zahiriddin Muxammad Bobur ta`biri bilan aytganda, hech kim Navoiychalik "ko`p" va "xo`p" yoza olmagan. Navoiyning o`zi xam "Xazoyin" ning debochasida kuniga ba`zan besh-oltita g`azal yozganligini aytadi. Lirika shoirning bir umrlik ijodiy mashg`uloti bo`lib qoldi. O`z ijodini g`azal bilan boshlagan Alisher Navoiy umrining so`nggi nafaslarida ham shu janrda ijod qildi.

Navoiyning shartli ravishda "Ilk devon" deb nomlanuvchi birinchi devoniga 1465-66 yillarda muxlislar tomonidan tartib berilgan. Uni mashhur hattot Sultonali Mushhadiy oqqa ko`chirgan.

1470-76 yillar orasida shoirning o`zi "Badoe`-ul bidoya" (Badiiylikning boshlanishi) devonini tuzadi.

1476-1483 yillarda Navoiy ikkinchi devoni “Navodir-un nihoya” (nodirliklarning oxiri) devonini tuzadi.

Yuqoridagi turkiy devonlar shoirning ulkan adabiy obidasi - "Xazoyin-ul maoniy" ning tartib berilishiga zamin hozirladi. Natijada 1491-98 yillar oralig`ida H`usayn Boyqaroning iltimos va talabiga ko`ra mazkur kulliyot – to`rt devonni o`z ichiga oluvchi yirik majmua yuzaga keldi. Ma`lumotlarga qaraganda Navoiygacha 4 va undan ortiq devon tartib berish faqatgina Xusrav Dehlaviyga mansub bo`lgan ekan. (Jomiy ham Navoiy iltimosiga ko`ra she`rlarini uchta devon shakliga keltirgan). "Xazoyin-ul maoniy"dagi lirik janrlar miqdori 16 taga yetkazilgan. Shu tariqa Navoiy o`zbek mumtoz lirikasini janrlar ko`lami jihatidan ham boshqa xalqlar adabiyoti bilan bellasha oladigan darajaga ko`targan. Bu janrlar: g`azal, mustazod, muxammas, musaddas, musamman, tarji`band, tarkibband, masnaviy, qasida, soqiynoma, qit`a, ruboiy, muammo, chiston, tuyuq, fard.

Navoiy yilning to`rt fasliga qiyos qilib, o`z umrini to`rt bosqichga ajratadi. Bolalik, yigitlik, o`rta yoshlik va keksalik. Bolalik 7-8 yoshdan 20 yoshgacha, yigitlik 20 yoshdan, 35 yoshgacha, o`rta yoshlik 35 yoshdan 45 yoshgacha, keksalik 45 yoshdan 60 yoshgacha.

Shunga binoan devonlar ham quyidagicha nomlanadi:

1. "G‘aroyib-us sig`ar" - bolalik ajoyibotlari,

2. "Navodir-ush shabob" - yigitlik nodirliklari.

3. "Badoe`-ul vasat" - o`rta yoshlik badiiyliklari,

4. "Favoyid-ul kibar" - keksalik foydaliklari.

Qit`alarga sarlavha qo`yish ham Navoiyning ixtirolaridan bo`ldi. Bungacha biror shoir o`z qit`asiga sarlavha qo`ymagan edi.

Shoirning fors-tojik tilidagi "Devoni Foniy" asari ham "Xazoyin-ul maoniy" singari janrlarga boy, mavzular ko`lami xilma-xildir. Unda 1131 she`r yoki 6197 bayt o`rin olgan.

Alisher Navoiyning lirik merosi ko`p asrlardan buyon nafaqat o`zbek tilida ijod qiluvchi qalam ahllari, balki ko`plab Sharq mamlakatlari ijodkorlari uchun ham mahorat maktabi bo`lib kelmoqda.

Navoiyning nasriy asarlari Xuroson va Movarounnahrda yaratilgan fors va qadimgi o`zbek tilidagi turli janr va har xil mavzudagi nasriy asarlar zaminida yuzaga keldi. Lekin Navoiy buyuk daho sifatida shunday asarlar yozdiki, ularda, bir tomondan, fors-tojik adabiyotidagi nasr ilg`or an`analarining yangicha talqini va ravnaqi o`z aksini topdi. Ikkinchidan, o`zbek tilida nasrning nazmga nisbatan bir muncha sust rivojini nazarda tutgani, shunungdek, nasrning imkoniyatlari nazmga nisbatan anchayin kengligini chuqur tushungani holda Navoiy o`zbek adabiyotini o`n beshga yaqin nasriy asarlar bilan boyitdi.

Alisher Navoiy o`zining barcha nasriy asarlarini «Vaqfiya»ni istisno qilganda (bu asar 1481-1482 yillarda yozilgan), umrining so`nggi o`n yilida yaratgan. Ularning umumiy manzarasi quyidagichadir:

1. Biografik-memuar xarakterdagi «Holoti Sayyid Hasan», «Holoti Pahlavon Muhammad», «Xamsat ul-mutahayyirin».

2. Ilmiy-filologik xarakterdagi «Majolis un-nafois», «Muhokamat ul-lug`atayn», «Mezon ul-avzon», «Risolai mufradot».

3. Tarix, tasavvuf va din tarixiga oid «Tarixi muluki Ajam», «Nasoyim ul-muhabbat», «Tarixi anbiyo va hukamo», «Vaqfiya».

4. Insho san`ati – epistolyar proza namunasi «Munshoot».

5. Ijtimoiy-siyosiy va didaktik xarakterdagi «Mahbub ul-qulub».

«Haloti Sayyid Hasan Ardasher», «Haloti Pahlavon Muhammad», «Hamsat ul-mutahayyirin» - Navoiyning biografik memuar xarakterdagi asarlaridir.

Bu uch asar Navoiy hayoti va ijodiy faoliyatida muhim rol o`ynagan davrning madaniyati tarixida o`chmas iz qoldirgan. Navoiy hayoti va ijodiy faoliyatida muhim rol o`ynagan davrning madaniyati tarixida o`chmas iz qoldirgan. Navoiyga yaqin siymolar, uning hamfikr do`stlari, ustoz va murabbiylariga bag`ishlanib, ularning vafotidan keyin yozilgan.

Bugungi kunda O'z FA Til va adabiyot instituti ulug' shoir nomi bilan ataladi. O'zbek tili rasmiy davlat maqomiga ega. Mustaqil O'zbekiston jahon hamjamiyatining faol a'zolaridan biri. Shubhasiz, ona Vatanimiz shuhratini yanada oshirishda Alisher Navoiyning umrboqiy asarlari o'z hissasini qo'shishda davom etaveradi.




NAVOIY MEROSINI O'RGANISHNING DASTLABKI BOSQICHI

Alisher Navoiy o’zining faoliyati va olijanob insoniy fazilatlari bilan hayotligi vaqtidayoq juda katta obro’ va hurmatga sazovor bo’lgan. Shuning uchun uning hayoti, faoliyati, ilmiy va adabiy merosini o’rganish, shaxsiy fazilatlarini yoritish, unga baho berish, uni ibrat-namuna sifatida e’tirof etib keng targ’ib etish o’sha vaqtdan, ya’ni XV asrning ikkinchi yarmidan boshlangan.

Alisher Navoiy haqida hozircha birinchi ma’lumot 875-hijriy-1470-melodiy yilda yozilgan «Matla’ us-sa’dayn va majma’ ul bahrayn» (ikki saodat bag’ishlaguvchining boshlanishi va ikki dengizning birlashuvi) nomli tarixiy asarda uchraydi. Asarning muallifi Abdurazzoq Samarqandiy bo`lib, mazkur kitobning ikkinchi jildida 1470-yilning safar – avgust oyigacha sodir bo’lgan voqyealar bayoni jarayonida Alisher Navoiyni «Amir Alisher» tarzida tilga oladi, uning hayoti va ijtimoiy faoliyati haqida mo’jazgina ma’lumot beradi. Bu manbada Alisher Navoiyning Sulton Husayn Boyqaro taklifi bilan Samarqanddan Hirotga kelib, «Hiloliya» qasidasini buyuk hayit kuni Sulton Husayn Boyqaroga taqdim etgani uqtirilgan. Shuning bilan birga Alisher Navoiy Samarqanddaligi vaqtida Xoja Fazlulloh Abulaysiy hamda Xoja Ubaydulloh-Xoja Ahrori Vali so’hbatlaridan bahramand bo’lganligi ham birinchi marta tilga olinadi.

Navoiyning faoliyati va merosini o'rganish uzoq va murakkab tarixga egadir. Bu tarix XV asrning o'zidan, Navoiy zamondoshlarining asarlaridan boshlanadi. Besh asrga yaqin davr ichida Naoviyning faoliyati va merosini o'rganish murakkab taraqqiyot bosqichlarini kechib o'tdi.

Alisher Navoiy yaratgan asarlarni o’z davrining mashhur xattotlari bo’lmish Sulton Ali Mashhadiy, Sulton Muhammad Xandon, Abduljamil kabilar go’zal tarzda ko’chirish bilan ularning avlodlarga yetib kelishiga bois bo’ldilar.

Navoiyning hayoti va faoliyatini o'rganishda birinchi manba Navoiyning o'z asarlaridir. Navoiyning deyarli barcha asarlarida, xususan, uning "Munshaot", "Vaqfiya", "Xamsat-ul-mutahayyirin", "Xutbai davovan", "Majolis-un-nafois" va "Mahokamat-ul-lug'atayn" kabi asarlarida uning hayoti va faoliyatiga doir ko'p va qimmatli faktlar, ma'lumotlar bor. Bu fakt va ma'lumotlar Navoiyning shaxsiy hayoti, uning ijodiy faoliyati, ayrim asarlarining yozilish tarixi, rejalari va orzu-intilishlari, madaniy hayot va obodonchilik sohasidagi xizmatlari, xalqning osoyishtaligi uchun kurashi, muhrdor va vazir sifatida qilgan ishlari, do'stlari, hamkorlari, raqiblari va dushmanlari bilan bo'lgan munosabatlari kabi masalalarni qamrab oladi.

"Majolis un-nafois" asarida Navoiy o'z salaf va zamondashlaridan farqli o'laroq tazkira materiallariga buyuk so'z san'atkori va adabiyot tanqidchisi sifatida yondashadi va asos e'tibori bilan uni o'z zamondoshlariga bag'ishlaydi. Bu asari orqali Navoiy o'z davri adabiyotiga o'zining ilg'or maqsadlari asosida muayyan yo'nalishi berishga intiladi, adabiyotning mohiyatini talqin etish, uni baholashda adabiyotning yuksak badiiiyligi va g'oyaviyligi uchun kurashishda davrining ilg'or gumanisti va xalqparvari sifatida fikr yuritadi.

Alisher Navoiyning hazil-mutoyibaga munosabati, uning yumori, badihago’ylik, hozirjavoblik, zarofat va boshqalar borasidagi sifatlari haqida aniqroq tasavvurga ega bo’lish uchun uning o’z asarlaridan, “Majolisun-nafois”, “Xamsatul-mutahayyirin” va boshqalardan bir necha parchalarni ko’rish mumkin. Zotan, Navoiy haqidagi zamondoshlarining hikoya va latifalari o’z xususiyatlari bilan Navoiyning o’z yumoriga, sodir bo’lgan voqeani hikoya qilish manerasiga ham o’xshab ketadiki, bu hikoya va latifalarning Navoiy davridagi janr va uslub mushtarakliklarini yoritish uchun muhim ahamiyatga egadir.

Endi «Holoti Pahlavon Muhammad» dan bir kechmish voqea bayonini keltiramiz: «Aning (Pahlavon Muhammadning) zehn va zakosi latofatidin va hofizasi tezligi va zarofatidin bir necha kalima xotirga kelur; ado qilmog’i holi az munosabate emas. Sulton Abusaid Mirzo zamonidakim, Xuroson ahli Samarqand ahlig’a asir erdilar va har naf zulm va taaddiki, alardin voqe’ bo’lsa bu asirlar mute va farmonpazir.

Bu faqirni ayni ixlos va falokat va sarnavish va ranjur ish Mashhad sori tortib eltdi va anda yongandin so’ngra mafosil marazi jori bo’lib bir go’shada yiqildim. Ittifoqo Pahlavon xizmatlari ham ul ayyomda Mashhadda erdi. Bu faqirning holidin xabar topmog’idin so’ngra har kim qadam ranja qilib ulcha qoidayi shavqat va yorliq va tariqiy muhabbat va g’amxorliq bajo kelturur erdilar – angachaki maraz daf’ bo’ldi… Qazoro, bir kunkim, sahari faqir shu she’rni aytib erdim, matlai budurkim:

Har qayon boqsam yuzumga ul quyoshdin nur erur,

Har sori qilsam nazar ul oy manga manzur erur.

Va bu she’r yeti bayt erdi na musavada qilib jaybimg’a solib erdim va hanuz kishiga o’qimaydur erdim va ko’rsatmaydur erdim… (Keyin so’z Lutfiy va Nasimiy xususida davom etadi.)

… Pahlavon e’tiroz yuzidin kinoyatomuz dediki:

- Ravo bo’lg’ayki, Said Nasimiy borida Lutfiy nazmini pisand qilg’aysen va xod ulkim, Said Nasimiyning nazmi zohir yuzidin majoz tariqiga shomildur va ma’ni yuzidin haqiqat tariqiga yuqori bitgan baytni o’qudukim, faqir bu sahar aytib erdim. Chun matla’ni o’qidi o’zga ab’yotin ham mutaoqib bayon qildi va taxalluskim, va nav’ voqe’ bo’lubturkim:

Gar Navoiy siymbarlar vaslin istab ko’rsa ranj,

Yo’q, ajab, nevchunki xom etgan kishi ranjur erur.

Navoiyni Nasimiyga tag’yir berib o’qudi va filvoqe’ bu baytda Navoiy lafzidin Nasimiy lafzi munosibroqdur va faqir mutaajjib bo’ldum. Ohistaroq ilgimni jaybimg’a elttim va ul she’rning abyotini mukarra o’qur erdi… Zarurat yuzidin so’rdumki:



  • Bu she’rni qachon yod qilib tutub erding?

Dediki:

  • O’n ikki yil bo’lg’ayki, Bobir Mirzoning majlisida bu she’r o’tar erdi, menga bog’oyat xush keldi, bitib olib yod tutum.

Bori har hol bila bukun o’tti, o’z tak’yasiga bordi. Tongla hamul dastur bila yana keldi, yana suhbat bo’ldi, yana so’z oraga tushdi. Yana faqir so’rdum va ilhoh qildikim, bu ish kayfiyatin ma’lum qilg’aymen. Bu qatla hud dediki:

  • Ul vaqtki, men bu she’rni yod tuttum, kushtigirlardin ham nechasi bor erdilar, (alar) ham o’rgandilar, - deb uch – to’rt piyoda sort qushtigirniki, aning bila kelib erdilar, tilab dediki: «O’qung, andoqki mening bila o’rganib erdingiz». Alardag’i paydar – pay ravon o’qudilar, faqirg’a taajub ustiga taajub voqe’ bo’ldi va Pahlavon sidqida mubolag’a qilur erdi. Agarchi mubolag’a xojat emas erdi, nevchunkim sidqi davosida necha tanug’ ham o’tkazdi. Oqibat andoq ma’lum bo’ldikim egnimni ulaydurg’onda jaydunda qog’oz ko’ribdur, ohistalik bilan ul qog’ozni chiqorib ko’ribtur va ma’lum qilibdurki ushbu yaqinda aytilg’on she’rdur. Ul qog’ozni ochuq yonida qo’yibdur va yor tutubdur va chirmab chaybimg’a solibdur. Oqshomki, tak’yasig’a borubdur, kushtigirlariga taklif bila o’rgatibdur va buyurubdurki, ehtimomi tamom bila takror qilibdurlarki, o’qur chog’da ravon o’qug’aylar.

Pahlavonning ul nav’ g’arib ishlari va ajib zarofaatlarikim, tabg’a mujibi taajub va aqlg’a boisi taxayyul bo’lg’ay - ko’p erdi».

Navoiy bayonati bir necha jihatdan ahamiyatlidir:



  1. Unda Abusaid hukmronlik qilgan davr haqida ma’lumot berilgan va Abusaid adolatsizligiga qarshi Navoiyning norozilik kayfiyati ifoda etilgan.

  2. Bayonat avtobiografik hamiyatga ega bo’lgan Navoiyning yigitlik pallasi, Mashhadda kechirgan oxir kunlari haqida ma’lumot berilgan.

  3. Pahlavon Muhammadning hazil - mutoyibasi Navoiy davri ziyolilari, ilm - urfon va san’at adabiyot ahllari doirasida uchun xarakterli hazil – mutoyibadir;

  4. Kechmish voqea Alisher Navoiy tomonidan hududi bir badiiy asardek zavq – shavq bilan ifodalandiki, uni voqea hikoya deb ham atamoq mumkin. Bayon usuli va uslub jihatidan bu voqea hikoya bilan Navoiyning hamma zamondoshlarining shu zayldagi boshqa hikoyalri ma’lum mushtaraklikka egadir. Bu Alisher Navoiy haqida uning zamondoshlari yozib qoldirgan hikoyalariga ham taaluqlidir. Binbarin, Navoiy haqidagi uning zamondoshlari asarlari berilgan hikoyalariga o’tishdan oldin Navoiy davri yumori to’g’risi yumoristik voqea hikoyalardan bir nechta misol keltiramiz. Bu misollarni o’zga mualliflardan emas, balki Navoiy asarlaridan, «Majoliun – nafois», «Xamsatul – mutahayyirin» dan keltiramiz.

«Mavlono Masihiy… derlarki Ka’ba safarlarida Mavlono bodiyadan xorg’o0n mahalidakim, mog’lon yog’ochi ko’lankasida oyog’idan tikan sug’irgan mashg’ul ekandur. Qofiya shul toblaridan biri bu baytni debdurkim:

Az ranchi rahi duru sarhori Mo’g’ilon,

Az omadani Ka’ba pushaymon shuda boshi»1

Mavlono Sog’ariy haqida : «Xamsatul - mutahayyirin» dan:

«Alar (Mavlono Jomiy) Sg’ariy bila ko’p mutoyiba qilurlar erdi. Bir kun alar xizmatida mavlono Sog’ariy hozir erdi. Alr aning she’rin ta’rif qilur rangda aning bilan mutoyiba qilur erdilar. Va mavlono Sog’ariy o’z sherin bog’oyat ehtimom yuzidin karru far2 bila o’qug’uvchi erdi. Andoqqqi, bir oz nima bevuqufroq kishi qoshida o’qusa erdi, ko’p yaxshilikg’a o’tkarur erdi. Faqir o’qumog’in ham ta’rif qildimkim, bovujudi ayttilarkim: «Bizga mundoq boziy berur». Alar bu qit’ani aytib erdilar.

Navoiyning hayoti va faoliyatini o'rganishda uning zamondoshlari tomonidan yaratilgan asarlar ham juda qimmatli manbadir. Bular Xondamirning "Makorim-ul-axloq" ("Yaxshi xulqlar"), "Habib-us-siyar" ("Suyukli xislatlar"), "Xulosat-ul-axbor" ("Voqealarning xulosasi") Davlatshoh Samarqandiyning "Tazkirat-ush-shuaro" ("Shoirlar tazkirasi") asarlari, Boburning "Boburnoma"si, Vosifiyning "Badoyi-ul-vaqoye" ("Go'zal voqealar") kitobi va boshqalardir. Shu bilan birga, Abdurahmon Jomiyning "Yusuf va Zulayho", "Xiradnomai Iskandar" va "Bahoriston" kabi asarlarida hamda boshqa mualliflarning kitoblarida Navoiyning faoliyati va ijodiyotiga doir muhim ma'lumot, ta'rif va baholar berilgan. Bu manbalarda faktik material va ob'ektiv fikr-mulohazalar bilan birga, ba'zan Navoiy bilan Husayn Boyqaroning do'stligini ortiq darajada bo'rttirib yuborish, ularning o'rtasidagi ixtiloflardan ko'z yumish, Navoiyning ayrim fazilatlarini ilohiylashtirish kabi kamchiliklar ham bor. Binobarin, Navoiyning hayoti va faoliyatini, XV asr tarixiy voqealarini yoritishda bu manbalardan tanqidiy foydalanish zarurdir.

1470-yildan so’ng yozilgan tarixiy («Ravzat us-safo»), ilmiy («Nafahot ul-uns», «Tazkirat ush – shuaro») va badiiy («Haft avrang», «Bahoriston») asarlarda ham Alisher Navoiyning nomi zikr qilindi, uning haqida turli xildagi ma’lumotlar keltirildi. Hatto unga bag’ishlangan maxsus holot-manoqib («Makorim ul –axloq») asari ham yaratilib, unda Alisher Navoiy hayoti, shaxsiyati, faoliyati, merosi, ijodiy aloqalari, turli yozishmalari, ayrim asarlarining yaratilish sabab va tarixi haqida nodir hikoyat va hujjatlar to’plandi.

Alisher Navoiy Davlatshoh Samarqandiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mirzo Haydar (“Tarixi Rashidiy”) va boshqalarning ma’lumoticha, nozik tabiatli kishi bo’lgan, o’rinsiz tabiatli kishi bo’lgan, noxush kishilarni o’z majlisiga yo’latmagan. Alisher Navoiy mijozidagi bu xususiyatlarni ayrim kishilar davlat va matsab kibri g’ururiga yo’yganlar. Aslida esa nozik tabiatlilik Navoiyning tug’ma xislati bo’lgan. “Alisherning mijozi, – deydi Bobur, – nozuk bila mashhurdir. El nazokatini davlatining g’ururidan tasavvur qilur erdilar. Andoq emas ekandur. Samarqandda ekanda ham ushmundoq nozuk mizoj ekandur”1.

Xondamirning yozishiga qaraganda, 1476-1477- yillarda Alisher Navoiyning qurdirgan «Ixlosiya», «Nizomiya» madrasalari singari «Xisraviya» madrasasida ham ming – minglab talabalar o’qigan. Navoiy talabalarning osoyishta bilim olishlari uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qilgan, hatto ularning faqat o’qish bilan mashg’ul bo’lishlari uchun ularga nafaqalar ham belgilangan. Keyinchalik ana shu talabalar orasidan katta olimlar yetishib chiqqanligini Xondamir mamnuniyat bilan yozadi: «… shuningdek, tahqiq va ishonch arboblarining qiblasi bo’lgan bu zot (Navoiy) Sohibqironning podshohligi zamonida atoqli olimlar va hurmatga loyiq san’at ahllarining darajalarini ko’tarishga va martabalarini oshirishda qo’ldan kelgan qadar harakat qildi. Talabalarning tinch bemalol ilm olishlari uchun ularga nafaqalar belgilab, madrasa va xonaqohlar bino qildi. «Injil» nahri bo’yiga nihoyat zeb – ziynatli qilib ishlangan madrasai «Ixlosiya» solindi… Madrasai «Nizomiya» Hirot shahri ichida… Madrasai «Xisraviya» Marv shahrida bino qilingan. Donishmand arboblarning xotirida yashirin qolmasinki, yuqorida zikr qilingan binolarning sharofati va barakati butun dunyoda shu qadar mashhurki, bundan ziyodani xotirga keltirib bo’lmaydi».2

Alisher Navoiyning kichik zamondoshi, shogirdlaridan biri, tarixchi olim Xondamir o`zining «Makorim ul-axloq» asarida shunday deb yozgan edi: «Xitoy va Xo`tan mamlakatlarining chegaralari boshlab to Rum va Mag`ribzamin mamlakatlarining oxirigacha shoh va gado, yosh va qari, musulmon va g`ayridin, yaxshi va yomon og`zidan ul hazratning go`zal nazmlari mashhur va butun xalq ommasi va ayrim tabaqalarning ko`ngil sahifalarida va qalb lavhalarida muborak she’rlari naqshlangandir»

Navoiy she’riyatining bundan besh asr ilgariyoq jahonni zabt etganligidan guvohlik beruvchi bu haqqoniy so`zlarning qadri hozir ham zarracha kamaygan emas.


Download 169 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling