“San’at bilan shug’ullanayotganingizda u yaxshi yoki yomon ekanligi muhim emas, muhimi qalbingiz o’sib bormoqda”
II.2. Rassomlarning milliy tarixga murojaati
Download 202.97 Kb.
|
Axrarov A.109-G Kurs ishi
II.2. Rassomlarning milliy tarixga murojaati
E.Masharipov va A.Aliqulovlarning «Amir Temurning To’xtatamishxon ustidan g’alabasi» (996), Z.Fahriddinovning «Zafar» (1997), M.Nuriddinovning «Said Baraka Amir Temurni hokimiyat ramzi -nog’ora va g’alaba bayrog’i bilan taqdirlamoqda» singari syujetli asarlarda Amir Temur yengilmas sarkarda, o’z xalqining shavkatli o’g’loni sifatida gavdalantirilgan. Bu ko’p figurali kompozitsiyalar o’zida ochiq harakat maydonini namoyon etadiki, Amir Temur doimiy tarzda markaziy, bosh qiyofa tarzida talqin etiladi. Buyuk sarkardaning yaratuvchanlik faoliyati S.Abdullaev polotnolarida aks etgan bo’lib, mazkur asarlarda u buyuk me’moriy obidalar fonida tasvirlanadi. («Amir Temur Bibixonim masjidi qurilishida», «Osmoning beg’ubor bo’lsin Turkiston»). Ushbu kompozitsiyalarni shakllantirishda tarixiy vositalar va liboslar ham ahamiyat kasb etadi. Bunda mazkur davrga tegishli bo’lgan yozma manbalar, me’moriy va san’at obidalari talqin etilishi muhim o’rin egallaydi. Fikrimizning dalili sifatida A.Aliqulovning etnografiyaga urg’u berilgani - ya’ni maishiy hayot buyumlari, davr binolari interьeri, kashtachiligi, gilam, qurol-aslahalari qunt bilan ishlangan «Asov ot», «Dor», «Mashshoqlar» (1997) kabi kompozitsiyalarini keltirishimiz mumkin. O’zbekistonda kuchli realistik maktab tarkib topishi ajoyib portretnavis-rassomlar sulolasini vujudga keltirdi. Ular orasida A.Abdullaev, R.Ahmedov, R.CHoriev, T.Oganesov, V.Burmakin kabi portret ustalari jahonda keng tan olinganligi e’tirof etildi. O’zbek rangtasvirida portret janrining asoschisi, yetakchi portretnavis, akademik A.Abdullaevning qalamiga mansub har bir portret kishilarning chuqur ma’naviy dunyosini akslantiruvchi, rassom bilan portret qahramoni va portret bilan tomoshabin o’rtasida haqiqiy va ochiq munosabatni taqozo etadi. 1999 yilda A.Abdullaevning 1984 yilda ishlangan mashhur avtoportretini turli davr va xalqlarga mansub buyuk rassomlar avtoportretlari saqlanayotgan dunyoning yirik to’plami, Uffitsidagi (Italiya) kartina galereyasiga berishi O’zbekiston san’ati uchun olamshumul voqea bo’ldi. Akademiklar R.Ahmedovning «Jizzahlik ayol» (1992) «Nigina» (1993) portretlarida oddiy insonlar, qishloq kishilari bo’lib, aynan ularda musavvir donishmandlikni ma’naviy poklikni, yuksak ahloqiy qoidalarni gavdalantirsa, R.CHorievning esa «Boysunlik qariya» (1996), «Sayroblik go’zal» (1997) kabi o’zbek xalqining eng yaxshi ma’naviy-axloqiy fazilatlarini tarannum etuvchi murakkab kompozitsion yechimdagi portretlari yaratildi. Ajoyib rangtasvirchi A.Ikromjonovning ilk ishlarida realistik asos kuchli ta’sir ko’rsatadi. Uning portretlari yuksak mahorat va diqqat bilan ishlanganligi, bo’yoqlarning fakturali qo’yilishi, naturani, hatto, fotosuratgacha tahlil etib chizilganligi, shuningdek, obrazning ruhiy to’laqonligi («Malika portreti» (1993), «Madina» (1993)) bilan ajralib turadi. Rassom R.Hudoyberdievni portretlari ham kishini befarq qoldirmaydi. («Xajar xola) (1999). Avvalgi ustalar uslubini qo’llagan holda musavvir hech qanday yordamchi vositalarsiz, to’q fonda portretlar yaratadiki, ular qahramon qiyofasini yanada mukammalroq chiqishida yetakchilik qiladi. Uning ajoyib asarlaridan biri «Bastakor R.Abdullaev portreti»dir. Portret janrida B.Jalolov realistik chizmalar yaratishda mislsiz darajaga erishadiki, bu borada «Saudiya Arabistoni qiroli Araviy faxd ibn Abdul Aziz» (1992), «Akademik S.Azimov portreti» (1998) va boshqa polotnolarni musavvirning o’zbek rangtasvirchilari orasida dunyo talablari darajasida yaratgan asarlari sirasiga qo’yish mumkin. S.Raxmetovning keyingi yillarda yaratgan eng yaxshi portretlari qatorida «Yunus Rajabiy portreti» (1993), «GFRning O’zbekistondagi elchisi G.Kun portreti» (1999) alohida ahamiyat kasb etadi. Ayol rassomlar A.Mamatovaning «Yulduz Usmonova portreti», SH.Abdullaevaning «O’zbek madonnasi», M.SHuvaevaning «Lola» portreti, Z.SHaripovaning «Avtoportret»lari ham shu davrlarda yaratilgan. Portretchi rassomlar qatorida o’z matolarida zamondoshlarimiz obrazlarini muhrlagan Y.Tursunnazarov, B.Salomov, I.Bahromov, CH.Bekmirov, M.Nuriddinov, O.Bakirov, B.Nazarov va boshqalarni ham sanab o’tish mumkin. Vodiy va tog’larning lirik manzaralari (R.Ahmedov, N.Qo’ziev, M.Saidov, Yu.Strelьnikov) va qishloq, shaharlardagi yangi hayotning alomat va xususiyatlarini namoyon etuvchi (V.Ziyoev, V.Enin, Yu.Taldikin, A.Jiboedov, M.Toshmurodov) janrli manzaralar yaratildi. Rassomlarning yangi avlodiga mansub realistik yo’nalishida R.SHodiev o’z ijodiy g’oyalarini birmuncha ehtiroslarga burkagan tarzda namoyon etadi. Musavvirning «Manzara» (1999), «Bayram» (1999) singari qarama-qarshi ijodiga xos bo’lgan yorqin ranglarda bajarilgan asarlarga qaraganda, 1999 yilda ishlangan «Dashtda tong» kartinasi ko’k-kulrang qora sovuq gammada yaratilganligiga qaramay, kutilmaganda o’zida mukammal kompozitsiyani gavdalantiradi. A.Mirzaeving «O’tmishdan ertaklar», «So’qmoqda» (1995), «Qizil tog’ etagidagi uchrashuv» (1996) asarlarida oddiy mavzular asosida rangin ifodaviy vositalarni kuchaytirishga intilish seziladi. O.Qozoqov milliy romantiklik biroz yorqinroq ranglar va murakkablashtirilgan kompozitsion yechimda shakllantirgan asarlar yaratdi. Uning aksariyat asarlari xalq folьklori va dostonlari asosida vujudga kelgandir. Bu borada «Kanizaklar» triptixi (1996) alohida e’tiborlidir. Rangtasvirli bezaklik, keskin plastik yechimlik, shuningdek chiziqlilik CHingiz Axmarov va uning shogirdlari S.Rahmonov va SH.Abdullaeva ijodida miniatyura an’analari singdirilgan. SHuningdek, shunday xususiyatlar samarqandlik T.SHoymardanovning («Hayotnoma» triptixi, 1991 y) va Toshkentlik rassom E.Zayniddinovning («Xalqimga» 1991 y) kartinalarida kuzatish mumkin. Miniatyurachi rassomlar N.Xolmatov, B.Yo’ldashevlar o’zlarini dastgohli rangtasvirda ham sinovdan o’tkazdilar. Yirik rangtasvirchi rassom Nikolay SHining teran g’oyali asarlari bir vaqtning o’zida fojeaviy ohang beradi. «Xotira yo’li» nomli turkum asarlaridagi kayfiyatga salbiy ta’sir etuvchi ohanglar «So’qoq» turkumlarida quvnoq bezakdor ohanglar bilan almashinadi. So’qoq manzaralari turkumida uslubning shartligi va bezakdorligi manbai - bu Koreyada ham, O’zbekistonda ham xalq amaliy san’atining an’analariga o’xshashlikdir. Bular folьklor mavzulari va naqshlar, turli xil xalqlarga mansub to’qilgan matolar va kashtalarning chekmalari, milliy o’yinchoqlarinng uslubiy o’xshashligi, inson va tabiat uyg’unlashuvining belgisidir. Ulardan N.SHin o’z nigohidan o’tkazgan holda aslan mavjud bo’lmagan, ammo chinakamiga g’aroyib real olamga aylanadigan san’at asarlarida foydalanadi. Umuman olganda izlanish ishlari olib borilayotgan mazkur davrda O’zbekiston rangtasvirning milliy-romantik yo’nalishi rivojlanishning yangi qobig’iga kirdi va zamonaviy rangtasvirning yorqin badiiy jihatlaridan biri bo’lib qoldi. V.Oxunov, S.Alibekov, B.Jalol, G’.Boymatov, J.Umarbekov, L.Ibroximov, A.Isaev, Z.Saidjonov, V.Kim,, J.Usmonov, G’.Qodirov, N.Imomov, A.Turdiev, F.Ahmadaliev, R.Akromov, A.Nur, SH.Hakimov, M.Qoraboev, T.Ahmedov, B.Muhamedov, B.Ismoilov, N.SHoabduraximov, T.Karimov va bir qator boshqa rassomlar ijodida falsafiy-tahliliy va assotsiativ-majoziy yo’nalishlar o’zining to’la aksini topdi. SHu bilan birga tahlil mobaynida ushbu rassomlarning ijodiga alohida baho berishda o’ziga xos yondoshilib, mavjud umumiy yo’nalishga xos alohida xususiyatlar bilan birga, ularning har birining shaxsiy uslubi hamda rangtasvirni ko’ra bilish qobiliyatga ega ekani namoyon bo’ladi. To’la ma’noda ularni avangardchilar deyish mumkin bo’lmasada, aynan shu guruh rassomlari O’zbekistonning 90-yillardagi rangtasvirininng yangi uslubiyatini vajudga kelishida asosiy o’rin egalladilar. Oxirgi o’n yillikda V.Oxunov ijodida 90-yillar boshida yaratgan («SHarqona qiyofalar», «Inkrustatsiya» «Buddaning tonggi sayri» 1991) mavsumiy-bezakdor mavzudagi turkum asarlari, uning keyingi g’oyaviy murakkab asarlariga asos bo’ldi («Meditatsiya» turkumi 2000). Bu asarlardagi chuqur falsafiy g’oya o’zining mazmunini nodir ijod shaklida namoyon qiladi. V.Oxunovning yangi plastik yechimlar izlanishi natijasida vujudga kelgan noyob loyihali installyatsiyalari, 2000 yilda Olmaotadagi xalqaro tanlovda Gran-priga sazovor bo’ldi. Respublikaning yetakchi rangstavirchisi B.Jalolovning shu davrda yaratilgan asarlari 80-yillarda yuzaga kelgan asarlarining tadrijiy davomi tarzida shakllanib, mutloq yangi shakliy va yorqin g’oyaviy plastik yechimlarini o’zida namoyon etdi. Binobarin, musavvirning ijodiga yuksak mahorat, rangtasvir plastik yechimlarning betakror nafosati, koinot va tabiat, inson va borliq uyg’unlashuvi, mavjudlik va ruhiyat musaffoligi kabi mavzular o’z muhimligini saqlab qoldi. Uning chizmakashlik iste’dodi yana takror shakliy rangtasvirga murojaat etishga undaydi. Rassomning ijodiy zakovati evrishlarga hamohangdir. B.Jalolovning yangi tarixiy voqeaning g’oyaviy qadriyatlarini aks ettiruvchi «Oltin asr» (1999) asari siyosiy voqelikka munosabat tarzida vujudga kelgan bo’lgan, unda Xumo qushining qanoti ostida otliq Amir Temur hamilador ayol hamrohligida tasvirlangan kompozitsiya, rasm va ranglar majmuasi nazokati Salьvador Dalining hayoliy asarlarini yodga soladi. Milliy timsollarning G’arb estetikasi bilan uyg’unlashuvida musavvirga xos SHarq bilan G’arbni uzviylikda mushohada etish xususiyati ayon bo’ladi. Musavvirning hayotiy shakllar olami chegaralarini buzib, beintihom fantaziyalarini gavdalantirish istagi ma’joziy silsilaviy talqindagi ko’plab asarlarning yaratilishiga olib keladi. U mahobatli rangtasvir sohasida avvalgidek shakliy ifodaga mo-yilligini saqlab qolsada, dastgohli rangtasvirda o’z hayolotiga cheksiz erk berdi. Biroq, u rang, shakl, chiziqlarni jilolantirar ekan, har safar rangtasvirning yangi imkoniyatlarini ishga solib, o’zini hech takrorlamaydi. Xullas, uning «Borliq sirlari» (1991), «Muhabbat bog’i» (1992), «Koinot ustunlari» «Buxoro» (1991), «Temur minorasi» (1996) asarlarida dekorativlik boshchilik qilar edi. Ushbu asarlarda chuqur falsafiy yechim yorqin dekorativ va aplikatsion kompozitsiya tamoyillari bilan uyg’unlashgan. B.Jalolov ayrim kompozitsiyalarida yumshoq chizgilarni afzal ko’rib, («Me’roj» (1996), «SHoir va ilhom parisi» (1996)) ularda islom san’ati estetikasini targ’ib etsa, boshqalarida esa o’tkir va aniq shakl, hamda chizgilarni tasvirlash bilan mudroq tuyg’ularni uyg’otishga harakat qiladi. («Oy nuri» (1995), «Kushonlar xotirasiga» (1998)). 1999-yilda Badiiy Akademiyaning Markaziy ko’rgazmalar zalida bo’lib o’tgan B.Jalolovning shaxsiy ko’rgazmasi, uning yorqin va to’kin iqtidori namoyishi bo’ldi. 2000-yillar o’rtalariga kelib «Inson tafakkuri» va «Men insonman» singari oddiy, shuningdek, tasvirni oliyjanob, yuksak kayfiyat va xitob bilan ifoda etuvchi rassom J.Umarbekov, yana o’n yillar o’tgach tomoshabinga quvnoq va hatto nimasi bilandir g’ayritabiiy asar («Taomil», «Ko’cha charxchisi» «Lo’li»)larni namoyish etishi uning ijodiga bo’lgan qiziqishni yanada jonlantirdi. 2001-yillar o’rtalari 2002-yillar boshlari san’ati kishilar ongida hayoliy, maishiy-ijtimoiy g’oya tarqatuvchi pozitivizm estetikasining inqiroziga uchraganligi o’z aksini topa boshladi. Lekin, J.Umarbekov rangtasvirni baholashga oshiqmadi, balki o’z mulohaza va hissiyotlari bilan unga sodiq qolib, o’zining ichki kechinmalarini hech qanday hovliqishsiz izxor eta oldi. Bu esa o’zining fojiaviy ohangi bilan P.Pikassoning mashhur «Gernika»siga juda yaqin bo’lgan «Zilzila» nomli kompozitsiyasida yorqin namoyon etilgan. O’zining koloriti bilan ohangrabo qo’shiq singari jaranglab turuvchi «Havorang musiqachilar» kartinasi, go’yo uzoq vaqt kutilgan tongdan darak berayotgandek tasavvur uyg’otadi. Bu asar ma’lum darajada uning 1990 yillar boshlarida vujudga kelgan turkum kartinalarining mantiqan zid tomonlarini tushuntirishga hizmat qiladi. Milliy hususiyatga ega bo’lgan palitraning barcha qudratli tomonini ko’rsatishga bo’lgan intilish J.Umarbekovni tor doiradagi milliy uslubiy «chegara»dan chiqib ketishga undaydi (ushbu chegarada-yorqin bezaklar ranglar, maishiy atributlar, shuningdek hayotga ijobiy munosabat bir-biriga aralashib, fikran bog’lanadi). Ruhiy kayfiyatning rangin jilosi va o’zbekona milliy hususiyatlar shubhasiz keng va boydir. J.Umarbekov buni his qiladi, uning ishlarida kayfiyatning keng gammasi, ohang, jo’shqin qiyofali nozik ranglar, xalqning o’ziga xos milliy fazilatlari ishtirok etadi. 90-yillar boshlarida yaratilgan yangi masrur ohangdagi asarlar yuqoridagi fikrlarin to’la tasdiqlaydi, ya’ni o’z-o’zini anglash va uni ijodda erkin ko’rsatish mantiqan O’zbekiston davlati mustaqilligi jarayoni bilan bog’lanadi. S.Alibekov asarlarida go’yo voqealikdek tez o’zgaradigan, o’tmishdek mustahkam narsa yo’q demoqchi bo’ladi. Ammo, uchlik - tarixdan, madaniyat uning va’zxonlik yo’li bilan o’zgartirishga qaratilgan intilish mavjudkim, bunda nasixatgo’ylik alomatlari mavjud. S.Alibekov ishlari nafis ranglarga boyligi va jozibadorligi, obrazlarning ko’tarinki ruhdaligi, ajoyib koloriti bilan farqlanib turadi. Uning kompozitsiyalaridagi tarixiy unsurlar, afsonaviy va ma’joziy personajlar hamda ohanglar alohida bir hayolot olamini tashkil etadiki, uni o’ziga xos sehrli doston deyish mumkin. Voqealar ta’sirida tom ma’noda fikrlar munosabatida rassomlik, o’ylab topilgan sahnalar zamirida ichki ma’no, izchil teranlik mavjud bo’lib, hikoya bayoni lo’nda, ma’joziy va hikmatli fikrlarga uyg’unlashib ketadi. Rassomning so’nggi yillarda yaratgan turkum asarlarida inson his-tuyg’ulari va qalb iztiroblari ajoyib hayoliy afsonaviy talqinda ifoda etilgan. Har bir kompozitsion asar - katta spektaklning bir parchasi - yaxlit badiiy voqealikning negizi mazmunini ifoda etuvchi jozibaga ega. S.Alibekovning g’ayri-oddiy, shoirona, chuqur mushohadalarga undovchi ishlari ham borki, ularda rassomning nafis hayoliy olami va badiiy iste’dodi yo’g’rilgan bo’lib, bu uning o’zini (ya’ni rassom shaxsini to’la namoyon etadi. «Piyongul gullagan lahza» (1995), «G’aroyib sharbat hidi» (1996), «Suzayotgan flamingo uchun xarorat» (1996) «Muvozanat bog’i» (1997) va boshqalar shular jumlasidandir. S.Alibekov ijodida bosh yo’nalish-shoirona fikrlash, ijodiy fikrinng yorqin parvozidir. Ularda ko’proq iliq-sovuq ranglar o’yiniga urg’u berilib, makon va rivojlanishdagi yechimlar: harakatni, sur’atni yoki aksincha to’xtab qolgan vaqtning (yiqilayotgan tayoqcha, askar holati, kapalaklar parvozi, qadimgi triton yuqori qismi odam, yarmi baliq dumi shaklidagi dengiz xudosi, toshga aylangan niqob va boshqalar) his qilish xususiyatlari ustunlik qiladi. Grafikachi rassom Lekim Ibragimovning o’zi uchun yangi ijodiy yo’nalishda o’z uslubiga sodiq qoladi: ishlanmagan matoda, shiddatkor chizgilarda ko’xna Turfon devoriy suratlaridan ilxomlanib, yengil va nafis shakllarni yaratadi. L.Ibragimov rangtasvirida ayollar obrazi yetakchi o’rin egallagan bo’lib, Buyuk uyg’ur malikasi («Malika», 1997), tabiat qo’ynidagi orom olayotgan yoki sahnada raqs tushayotgan qizlar («Sohilda» 1989, «Sahrodagi raqs» 1998). Qadimgi Xo’ton ayollari («Xo’ton ayoli» (1995), rangdor xonatlas kiygan raqqosalar («Atlas qushlar», 2000) bunga misol bo’ladi. Uning «Amudaryo» (2000) asarining kompozitsiyasida jannatmakon Osiyo zaminini tarannum etgan daryo obrazi ayol qiyofasida ifodalangan. Barcha mavjudot va maxluqot uning tevaragida mujassamdir. Sokin ranglar majmui, doimiy ranglar nafosati, chizmalarga xos shartlilik, ayon voqealikdan nusxa ko’chirmasa-da, musavvirning individual dunyoqarashini o’ziga xos betakror kompozitsiyalarda tarannum etish va nafaqat musavvirlik, balki shoirona iste’dod sohibi bo’lgan L.Ibragimov asarlarining belgilovchi xususiyatidir. Musavvir Akmal Nur ijodida muhabbat mavzui va uning umuminsoniy ahamiyati yetakchilik qiladi. «Sevgi olmasi», «Muhabbat bog’i», «Muhabbat daryosi» (1995), «Muhabbat oroli» (1998) asarlari jozibli nomlangan. Mazkur asarlarda musavvir turli ramziy ma’joziy timsollar, ya’ni oy, ho’kiz shohi, baliq, qayiq kabilarni qo’llaydi. Biroq, ushbu kartinalarda asosiy ma’no va umumiy plastik yo’sinni olma mavzusi egallaydi. Ba’zan esa olma bo’lingan xolda, uning fonida esa sevishganlar, ba’zan esa olma havoda muallaq holatda tasvirlangan. Mavzuning botiniy mazmuni asta-sekin ikkinchi planda berilib, olma tasviri muvaffaqiyatli joylashtirilib, uslubni mahorat bilan almashtirib turadi. Bu davrda yaratilgan asarlarning bosqichlari sezilarli darajada bo’lib, musavvirning 1998-yilda yaratilgan «Muhabbat oroli» polotnosi, 1995 yildagi asarlaridan tomoshabinga yengil kayfiyat baxsh etishi va kompozitsion yechimning nafisligi bilan ajralib turadi. Rassomning bu turkumdagi kartinalari bezakdorlik uslubining nozikligi bilan 1998 yilda bajarilgan «Ilhom parisi», «Rishton natyurmorti», «Dahldorlik», «Doira chalayotgan qiz» asarlariga juda yaqin turadi. SHunday qilib, mazkur asarlar rangtasvir vazifalarini rasmiylashtirishga urinish, yanada muayyan va mavhumroq plastik formulalarning izlanish bilan A.Nur ijodidagi yangi yo’nalishini aniqlaydi. Asliddin Isaevning «Bibixonim» (1992) polotnosining badiiy zamirida qandaydir sirli va hayotiy ohang bor. Mazkur asar va shu siraga kiradigan «Dohil bo’lish», «Yo’lda», «SHam» kabi asarlar sir-asrorga chulg’angan bo’lib, o’zida ko’p ma’nolik, rejadorlik sirini mujassamlashtirgandir. Iste’dodli rassom J.Usmonovning («Qushlar» «Yolg’izlik vodiysi», 1992, «Sevishganlar», 1992; «Anglash», 1993; «Mushohada», 1994) deb nomlangan turkum asarlari o’zgacha she’riy ohang taratadi. Musulmon madaniyatida qush - «qalb» timsoli, so’fiy ruhini qalbning doimiy mangulikka ketishi oldidagi o’z asli bilan qayta birlashishga intilishi. So’fiy tilining tilining qo’sh tili «zaboni murg’on» deb an’anaviy nomlanishi tasodifiy emas. O’rta asrlar miniatyura manzaralarini ifoda etish an’analarini davom ettirib, J.Usmonov tabiat va uning bir butunligini, cheksizlik va o’zgaruvchanlikni yaxlit mukammal o’yg’unlik singari talqin etadi («Kuzgi zikr», 1994. Uchlik, «Bahorgi shiddat», 1996; «Uyg’onish», 1997). J.Usmonov asarlarini yashirin va moddiy dunyo orasilagi uyg’unlikka ega ekanligi bilan SHarqning o’ziga xos mumtoz san’atining yorqin namunasi sifatida qabul qilindi. Temur Ahmedov rangtasvirida shakliy ijod nafisligi, ranglarning nozik bezakdorligi, istehzo va tuyg’u samimiyligi, yengil kulgu mavjud. T.Karimov ijodida realistik uslubdagi ishlar bilan birga ekspressionistik asarlar yonma-yon bo’lib, kishida aql va tuyg’ularning zo’riqqan qarama-qarshiligini, chizgilar va rangli dog’lar bo’rtishini, kompozitsiyaning ko’lamli modellashuvi va yakka bezak talqinini, shoirona tashbehlarni hosil qiladi. Qalam chizgining bejirimligi va lo’nda, zid ranglarning barala jaranglashi uning bir necha asarlariga xos. Balki bu turkumdagi asarlar markazida latiflik ramzi sifatida otlarning tasvir etilishi tasodif emasdir («Zarg’aldoq tusda» 1999). Mavhumlashtirilgan rang va muhit yetakchi mayin chiziqlar uyg’unligida shoirona kayfiyat hosil qiladi. Go’yo bir qarashda hech qanday fikr singdirilmaganday tuyulgan syujetlar, otni quchoqlab turgan bola, qo’lida olma ushlagan qizcha - hayotning haqiqiy qadriyatlari haqida mulohaza yuritishga undaydi. N.SHoabduraximov kartinalarida ayol, muhabbat, oila asosiy mavzu hisoblanadi. U ham boshqa yosh rassomlar qatori rangtasvirda yo’l qidira boshladi va u shaxsiy ijodiy uslubining asosi sifatida xalq amaliy san’atida ommaviy bo’lgan «quroq» texnikasini tanladi, bu uslub shabhasiz hech yo’qotishlarga yo’l bermaydi. Xalq san’atining mumtoz merosi bo’lgan bu ijod turli rangtasvirda shakl izlanishlariga mos tarzda atalib zamonaviy rassomlarni ilhomlantirgan, undan turli xil darajada muvaffaqiyat bilan foydalaniladi. Bir qaraganda oson tuyuladigan bu uslub alohida rang uyg’unligini va kompozitsiya tuzish mahoratini talab etadi. N.SHoabdurahimov rangtasvir muhitini, unda joylashtirilgan figuralarni rangli mozaikaga o’xshatadi, bunda ranglar o’zaro zid holda yoxud yagona tusga bo’ysundiriladi («Odam Ato olgan olma», 1992; 1998). Har bir kompozitsiya xuddi dekorativ panno sifatida qabul qilinadi, undagi syujet ko’proq ikkinchi darajaga tushib qoladi. B.Ismoilovning «Anor suvi» (1998) nomli asarida qo’ng’iroq ustasi o’ziga o’xshagan niqob yasovchi o’z qahramonlari orasida singib ketmoqda. Uning «Odam-qushlar» degan kartinasi esa hayotning mangu bayrami haqida so’ylab, tushlarimizda oralab yuradigan daydi masxaravozlar va sozandalar, odamlar, hayvonlar, mevalar, olti qanotli qushlar afsonaviy bir dunyoni aks ettiradi. Tushlarning rango-rang xazinasi bizga yangidan-yangi g’aroyib-ajoyib naqshlarni taqdim etaveradi. U dunyoni davrlar, taqdirlar va his-tuyg’ular almashib, intihosiz harakat paydo qiluvchi ulkan sahna timsolida ko’rinadi. Yuqoridagilardan xulosa qilishimiz mumkinki, 1990 yillarga kelib, ko’pgina rassomlarning dunyoqarashlari o’zgardi, rangtasvirda yangi badiiy shakl va g’oyalar paydo bo’ldi. Ko’k otlarni (T.Karimov), sariq tovuslarni (G’.Qodirov) yoki o’rkachlarida o’sgan butalarda qizil olmalarni ko’targan tuyalarni (F.Ahmadaliev) qora, yarim oq oy ostida tinch turishini kutilmagan, zid ranglarda qachon ko’rish mumkin edi. Bu guruhning boshqa rassomlarida esa realikka baho, tavsiya berish deyarli istisno deyish mumkin. Biz ularning asarlarida xolis, beor, loqayd dunyonigina ko’ramiz. Go’zal manzara yetarli bo’lsa-da, qushlar hech nima haqida kuylashmaydi (J.Usmonov). Sevishganlar baxslashmaydi, rashk qilishmaydi, faqat o’zlarining shirin o’y-hayollariga g’arq holatda (SH.Hakimov, L.Ibragimov) gavdalanishadi. Syujetlarning rang-barangligi asarlardagi dekorativ yo’nalishlarga zid kelmaydi, ularni murakkablashtirmaydi (J.Umarbekov). Va hattoki, faol timsollar (qizil va oq atirgullar fojeaviy qora yoki ko’k liboslar fonida, zid ranglar munosabatida). Bu guruh rassomlari asarlaridagi ichki xotirjamlik va rohat farog’atni buzmaydi (G’.Qodirov). Ana shunday guruh vakillaridan biri - A.Nurning 1997-1998 yillarda ishlangan «Evrilish», «Humsan munchoqlari», Xumsanning kumush tongi», «Kuz bo’ylab chopayotgan» asarlarida ahloqiy-falsafiy xulosalarga intilmaydi. Uning turkum kartinalarida oydinlik, sharqona nafislik, ko’rkamlik ufurib turadi. («Oq she’r», «Malika», «Ohang»), shaxsiy falsafa, pand-nasixat ko’rinmaydi. Mustaqillik qo’lga kiritilgandan so’ng shaxsiy uslubning, boshqacha plastik ifoda tili, alohida tashbehli usullar va timsollar doirasida izlanishlar dunyoga keldi. Buning ustiga avvalgi san’at falsafasidan farqli o’laroq, turli yoshdagi rassomlar ijodida bir-biriga o’xshamagan uslublar yaratishga intilish ishtiyoqi seziladi. Yangi rangtasvirdagi falsafiy-ijodiy munosabatda didaktik ohanglar istisno qilinmaydi, ammo, ular an’anaviy pand-nasihatdan ko’ra ko’proq faol mushohada qilishni yodga soladi. Rangtasvirdagi realistik yo’nalish zamonaviy badiiy jarayonda o’z mohiyatini saqlab turibdi. Mustaqillik sharofati bilan rangli tasvirdagi badiiy uslubiy manzara yangi xususiyatlarga ega bo’ldi va boyidi. Umuman olganda, O’zbekistonning milliy san’ati, jahon, Yevropa va sobiq sovet hududidagi respublikalar san’ati orasida mahalliy ham, o’ta novatorki, avangard ham bo’lmagan holda namoyon bo’ladi. 90-yillar rangtasvirchilari badiiy yo’nalishda to’ntarish yasaydigan harakatlarga kirishmadilar, ularning kiritgan yangiliklari «sokin inqilob» tusini kasb etdi. O’zbekistonda 90-yillarda uslubiy jihatdan o’ziga xos rassomlar guruhi shakllandi, ularning ijodiga qiziqish ham susaygani yo’q. Rassomlar ijodida evrilishlar sodir bo’lmoqda. Yangi plastik yo’nalishlarda jo qilgan hayoliy ertagu-dostonlar, xalq og’zaki ijodi va matallardagi timsollar, syujetlar, turli xil rasm-rusm va marosimlar bilan bog’liq belgilar hamda ramzlar ular rangtasvirininng yangi bosqichini belgilab berdi. 1990-yillarga kelib maxobatli rangtasvir san’ati rivojini asosiy mezonlarda ijodiy erkinlikni, mavzu, holat va uslubiy usullarning erkin tanlanishi, eng muximi esa badiiy merosimizning boy an’analariga murojaat qilinishini namoyish etuvchi yangi saxifa ochildi, badiiy jarayon birmuncha qiziqarli va serharakatlik bilan kechdi. Bu davrda mahobatli rangtasvir sohasida alohida ahamiyat kasb etuvchi bir qator turkum devoriy suratlar B.Jalolov tomonidan yaratildi. Rassom Toshkentdagi «Turkiston» kontsert saroyining ichki interьerida SHarq lirikasi mavzusida ishlangan «Umar Hayyom tushi» asarida u kompozitsiyaning ajoyib plastik va ranglar yechimiga erishgan. O’zbekiston Milliy banki binosi ichki qismdagi «Nimaga tug’ilganimni hech kim aytmadi» (1993). Interkontinental mehmonhonasi interьeridagi «Navro’z», «Afrosiyob», «Tun ma’budasi» (1996) kabi pannolarida dabdaba va ko’pfiguralilik takrorlanmaydi. Tarkidunyochilikni ifoda etuvchi atributlar, qandaydir «so’fiyona» muhit vujudga keladi, rassom o’rta asr diniy mistik ta’limotining boqiy dunyoviy ruhini o’z mushohadasida aks ettirishga intila boshlaydi. Mahobatli rangtasvir kompozitsiyalarida avvalari ko’p murojaat etgan qiyofalar, ya’ni tarixiy arboblar, masxarabozlar va serviqor raqqoslar o’rnini endilikda navo qilayotgan faylasuf-shoirlar va darvishlar egallay boshlaydi. 1995-yil O’zbekiston xalqlari tarixi Davlat muzeyi ichki devorida u ilk marotaba yirik hajmda O’zbekiston tarixi va o’tmish madaniyati haqida retrospektiv tarzda hikoya qiluvchi «Abadiyat gumbazi ostida» nomli kompozitsion asarini yaratdi (74-rasm). Bu panno yangi O’zbekistonning ramziy g’oyasini ifodalashda, tarixiy va madaniy merosini e’lon qilishda o’ziga xos ahamiyatga egadir. Tomoshabinlar ko’zi o’ngida buyuk vatandoshlarimiz siymolari, O’zbekistonning badiiy merosidagi shoh asarlar, boy milliy tariximizni o’ziga xos bosqichlarini aniqlab keluvchi davrlar gavdalanadi. O’zbekistonning qadimgi shaharlarida juda keng tarqalgan mavzular B.Jalolov ishlarida kutilmagan nozik matnda aks etadi. O’z fikrlarini dunyoni xis etishi milliy anglash orqali berishga intilishi uning bosh vazifasiga aylanib qoldi. Bu borada muallif shunday yozadi: «Buxoro, Samarqand madaniyat merosidir, ularni men minoralar orqali emas, qiyofa va milliy hususiyatlar orqali mohiyatan anglashga harakat qilaman». B.Jalolovning asarlarida akademik maktabning mustahkam an’analari, shuningdek, boy hayoliy tafakkurga ega rassomning G’arb va SHarq san’ati estetikasini ustalik bilan uyg’unlash-tirgani seziladi. Download 202.97 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling