Seminar mashg’ulotlari bo’yicha o’quv materiallari Mustaqil ta’lim mashg’ulotlari Glossariy Ilova


MAVZU: 8 Z.FREYD G’OYALARIDA SHAXS STRUKTURASI


Download 446.76 Kb.
bet41/66
Sana02.02.2023
Hajmi446.76 Kb.
#1147910
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   66
Bog'liq
Seminar mashg’ulotlari bo’yicha o’quv materiallari Mustaqil ta’l

MAVZU: 8
Z.FREYD G’OYALARIDA SHAXS STRUKTURASI


Reja:

  1. Psixoanalizning paydo bo’lishi

  2. Psixoanalizda nevroz talqini

Tayanch so’z va iboralar: psixoanaliz, ego, super ego, “Men”, libido, ongsizlik, ongosti, sublimatsiya, agressiya, affect, nevroz, yuqori Men, individ, “Edip kompleksi”, ichki yopiqlik.
Zigmund Freyd: ilmiy - biografik ocherk
Zigmund Freyd 1856 yilning 6 mayida avstriyaning Frayberg (hozirgi Chexiyaning Moraviya) shaharchasida tug‘ilgan. U oilada etti farzandning eng kattasi bo‘lib, Freyd to‘rt yoshga to‘lganda uning oilasi moliyaviy qiyinchiliklar tufayli Venaga ko‘chib o‘tgan. Freyd umrining oxirigacha Venada yashadi va 1938 yildagina, o‘limidan bir yil oldin Angliyaga ko‘chib o‘tdi.
Maktabda Freyd birinchi sinfdanoq a’lo baholar bilan o‘qidi. Oilada moliyaviy qiyinchiliklar bo‘lishiga qaramay Freydga alohida xona va shug‘ullanishi uchun hamma sharoit yaratib berilgan edi. O‘sha davrning barcha yoshlari singari Freyd klassik ma’lumot oldi: grek va lotin tilini o‘rgandi, buyuk klassik shoirlar, dramaturglar va faylasuflar – Shekspir, Kant, Gegel, Shopengauer va Nitsshelarning asarlarini o‘rgandi. Freyd nemis tilini a’lo darajada bilardi, shuningdek u fransuz, ingliz, ispan va italyan tillarida so‘zlasha olgan. Freyd bolaligida ministr yoki general bo‘lishni orzu qilardi, lekin o‘sha paytlarda antisemit kayfiyatlar nihoyatda kuchli ekanligi va evrey bo‘lganligi tufayli u huquqshunoslik yoki tabobatdan boshqa kasbni tanlash imkoniyatidan mahrum edi. Freyd tabobatni unchalik xohlamay qabul qilgan. U 1873 yilda Vena universitetining tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirdi. O‘qish jarayonida u mashhur psixolog Ernst Bryukkening qarashlari ta’siriga berildi. Bryukkening talqini bo‘yicha barcha tirik mavjudotlar dinamik energetik tizim bo‘lib moddiy olam qonunlariga bo‘ysunadi. Freyd bu g‘oyalarni jiddiy qabul qildi va keyinchalik ular Freydning psixik mavjudlik dinamikasiga nisbatan qarashlarida aks etdi. Tanilish istagi Freydni talabalik yillaridayoq unga shuhrat olib keladigan qandaydir kashfiyot qilishga undadi. U fanga tilla baliqlar nerv hujayralarining yangi xususiyatlarini tasvirlash bilan hissa qo‘shdi. Biroq uning eng muhim kashfiyoti ko‘pgina kasalliklarni davolashda kokaindan foydalanish haqidagi fikri edi. U hech qanday salbiy oqibatlarsiz o‘zi ham kokain iste’mol qilib, uni nafaqat og‘riq qoldiruvchi sifatida, balki barcha kasalliklarda ham qo‘llash mumkin degan fikrni tasdiqladi. Keyinchalik, kokain iste’mol qilish narkotik tobelikka sabab bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lgandan so‘ng undagi ko‘tarinkilik so‘ndi.
1881 yili Freyd universitetni tugatib «Miya anatomiyasi instituti»da ishlay boshladi va katta yoshdagi odam va homila miyasining qiyosiy tadqiqotlari bilan shug‘ullandi. Oradan ko‘p o‘tmay u o‘z ishini tashlab nevropatolog sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi, bunga sabab ilmiy faoliyatning unchalik taqdirlanmasligi va antisemit kayfiyat xizmat pog‘onasidan ko‘tarilishga imkon bermasligi bo‘ldi.
1885 yil Freydning taqdirida burilish yili bo‘ldi. U Parijga borish va o‘sha davrning eng mashhur nevrologlaridan bo‘lgan Jan Sharkoning qo‘lida to‘rt oy shogird-tadqiqotchi bo‘lib ishlashga imkon beradigan tadqiqotchilik stipendiyasini olishga muvaffaq bo‘ldi. Sharko ko‘plab turli-tuman somatik muammolarda namoyon bo‘ladigan psixik buzilish – isteriyalarning sabablarini va davolash usullarini o‘rganar edi. Isteriyadan aziyat chekadigan bemorlarda barmoqlarning ishlamay qolishi, ko‘rlik, karlik kabi simptomlar kuzatiladi. SHarko gipnotik holatda ta’sir ko‘rsatishdan foydalanib bu simptomlarni kuchaytirishi yoki bartaraf qilishi mumkin edi. Birmuncha kechroq Freyd terapevtik usul sifatida gipnozni rad qilgan bo‘lsa ham Sharkoning ma’ruzalari va klinik tajribalari unga juda kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Parijning mashhur Salpetrier gospitalidagi qisqa muddatli amaliyotdan so‘ng Freyd nevrologdan psixopatologga aylandi.
1886 yili Freyd Marta Bernaysga uylandi, yarim asrdan ortiq birgalikdagi umrlari davomida ularning oilasidagi uch qiz va bir o‘g‘ildan faqat kenja qizlari Anna otasi izidan ketdi va vaqti kelib psixoanalitik yo‘nalishda bolalar psixoanalitigi sifatida yetakchi mavqeni egalladi. 80-yillarda Freyd Venaning eng taniqli vrachlaridan biri Iozef Brayer bilan hamkorlik qila boshladi. Bu davrga kelib Brayer isterik kasalliklarni bemorlarning o‘z kasallik simptomlari haqidagi erkin hikoyalari usulini qo‘llash yordamida davolash sohasida sezilarli muvaffaqiyatga erishgan edi. Brayer va Freyd isteriyaning psixologik sabablari va bu kasallik terapiyasi usullarini birgalikda tadqiq qilishdi. Ularning ishlari «Isteriyani tadqiq qilish» (1895) kitobini nashr qilish bilan yakunlandi. Ular bu kitobda birgalikda shunday xulosaga kelishdiki, isterik simptomlarning paydo bo‘lishiga jarohatlovchi xodisalar haqidagi ong ostiga siqib chiqarilgan esdaliklar sabab bo‘ladi.
Freyd bilan Brayer o‘rtasidagi shaxsiy va kasbiy munosabatlar tahminan «Isteriyani tadqiq qilish» kitobi nashr qilinishi bilan bir vaqtda keskin uzilib qolgan. Hamkasblarning birdaniga ashaddiy raqiblarga aylanib qolishining sabablari hozirgacha noma’lum. Freydning biografi Ernest Djounning tasdiqlashicha Brayer seksuallilikning isteriyaning kelib chiqishidagi roli masalasida Freydning fikri bilan umuman kelisha olmagan va shu narsa ular munosabatining uzilishiga sabab bo‘lgan. Boshqa bir tadqiqotchi Stiilning fikricha Brayer yosh Freyd uchun xuddi «ota figurasi» vazifasini bajargan va uning bartaraf qilinishi Freyddagi «edip kompleksi» tufayli ham shart bo‘lgan. (Izoh: «edip kompleksi» tufayli bolada otaning doimiy vasiyligidan xalos bo‘lib uning o‘rnini egallashning ongsiz mayli paydo bo‘ladi). Sababi noaniq bo‘lsada bu ikki odam shundan so‘ng hech qachon do‘st sifatida uchrashishmagan.
Freydning isteriya va boshqa psixik buzilishlar asosida seksuallilik bilan bog‘liq muammolar yotishi haqidagi fikrlari 1896 yilda uning Vena tibbiyot jamiyati a’zoligidan chiqarilishiga sabab bo‘ldi. Bu vaqtda Freydda keyinchalik uning psixoanalitik ta’limotiga asos bo‘ladigan ma’lumotlar nihoyatda kam edi. Ustiga-ustak bu vaqtda unda ma’lum ma’noda tushkunlik kayfiyati ham paydo bo‘lgan. Djonsning kuzatishi bo‘yicha bu vaqtda Freydning o‘z-o‘zini baholashi uning quyidagi fikrida yaqqol ifodalanadi: «Mening qobiliyat va talantlarim nihoyatda cheklangan – men na tabiiy fanlarda, na matematikada va na hisobda kuchli emasman. Biroq, o‘ylaymanki, men ega bo‘lgan cheklangan bilimlarning o‘ziyoq juda ham kuchli rivojlangan».
1896 va 1900 yillar oralig‘i Freyd uchun sermahsul yolg‘izlik davri bo‘ldi. Bu davrda u o‘z tushlarini tahlil qilishni boshlaydi, 1896 yilda otasining o‘limidan so‘ng esa har kuni uyqudan oldin yarim soat o‘z-o‘zini tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Uning mashhur «Tushlarni ta’birlash» (1900) asari o‘z shaxsiy tushlarini tahlil qilishga asoslangan. Lekin boshlamasiga bu noyob asar psixiatriya jamiyati tomonidan inkor qilindi, Freyd esa o‘z mehnati uchun atigi 209 dollar mualliflik gonorarini oldi, ishonish qiyin bo‘lsa ham u keyingi sakkiz yil mobaynida o‘z kitobining atigi 600 nusxasini sota oldi holos.
«Tushlarni ta’birlash» nashr qilingandan keyingi besh yil ichida Freydning obro‘si shunchalik ko‘tarildiki, u dunyo tanigan vrachlar safidan o‘rin oldi. 1902 yilda «Psixologik chorshanbalar» jamiyati tashkil bo‘lib, unga Freydning eng sodiq intellektual izdoshlari kirdi. 1908 yilda bu jamiyat Vena psixoanalitik jamiyati deb atala boshlandi. Jamiyat a’zolari bo‘lgan Ernest Djons, Shandor Ferensi, Karl Gustav Yung, Alfred Adler, Gans Saks, Otto Rank kabi Freydning ko‘plab safdoshlari keyinchalik har biri o‘z yo‘nalishida taniqli psixoanalitiklar bo‘lib etishdilar. Birmuncha kechroq esa Adler, Yung va Ranklar Freyd izdoshlari safidan chiqishib o‘zaro raqobatdagi ilmiy maktablarga asos solishdi.
1901 – 1905 yillar oralig‘i Freydning ijodiy faoliyatida alohida sermahsul davr bo‘ldi. Freyd o‘zining bir necha ishlarini, jumladan «Kundalik turmush psixopatologiyasi» (1901), «Seksuallilik haqida uch esse» (1905), «Yumor va uning ongsizlikka munosabati» (1905) kabi kitoblarini nashr qildi. «Uch esse…»da Freyd bolalar jinsiy mayllar bilan dunyoga keladilar va ota-onalar ular uchun dastlabki seksual obyektlar bo‘lib xizmat qiladilar degan fikrni ilgari surdi. Ushbu fikrga nisbatan zudlik bilan ijtimoiy norozilik paydo bo‘ldi va u keng miqyosga ega bo‘ldi. Freydni seksual perversiyalardan (lotincha rerversio – noto‘g‘ri tomonga yo‘nalgan) aziyat chekadigan, axloqsiz odam sifatida ayblashdi. Ko‘plab tibbiyot muassasalari Freydning bolalar seksualliligi haqidagi qarashlariga toqat qilayotganligi uchun ularga odamlar qatnamay qo‘yishdi.
1909 yilda psixoanalitik harakatni o‘lik nuqtadan qo‘zg‘atib, izolyasiya holatidan xalqaro obro‘ e’tibor yo‘liga olib chiqqan voqea sodir bo‘ldi. G. Stenli Xoll Freydni Massachusets shtatining Uorchester shahridagi Klark universitetiga ma’ruzalar o‘qish uchun taklif qildi. Tinglovchilar ma’ruzalarni iliq kutib olishdi va Freyd faxriy doktor darajasi bilan taqdirlandi. Uning obro‘si kundan-kun ortib borardi, dunyoning turli burchaklaridan odamlar unga maslahat so‘rab murojaat qila boshlashdi. Lekin muammolar ham yo‘q emas edi. 1919 yilda u urush tufayli o‘zining barcha jamg‘armalaridan ayrildi. 1920 yili uning 26 yoshli qizi vafot etdi. Lekin uning oldidagi eng katta sinov frontda jang qilayotgan ikki o‘g‘lining taqdiri uchun qo‘rquv bo‘ldi. Qisman birinchi jahon urushi va antisemitizmning yanada avj olishi ta’sirida Freyd 64 yoshida insonning universal instinkti haqidagi nazariyani – o‘limga moyillik nazariyasini yaratdi. Insonning kelajagi haqidagi pessimizmga qaramasdan, Freyd o‘z g‘oyalarini yangi asarlarida bayon qilishda davom etdi. Nashr qilingan asarlar ichida «Psixoanalizga kirish bo‘yicha ma’ruzalar» (1920), «Lazzatlanish tamoyilining u tomonida» (1920), «MEN va U» (1923), «Bir illyuziyaning kelajagi» (1927), «Sivilizatsiya va undan norozilar» (1930), «Psixoanalizga kirish bo‘yicha yangi ma’ruzalar» (1933) va 1940 yilda Freydning o‘limidan so‘ng nashr etilgan «Psixoanaliz ocherki» asarlari alohida o‘rin tutadi. Freydning 1930 yilda adabiyot bo‘yicha Gyote sovrini bilan mukofotlanishi uning nihoyatda qobiliyatli yozuvchi bo‘lganligiga dalolatdir.
Birinchi jahon urushi Freydning hayoti va tasavvurlariga katta ta’sir ko‘rsatdi. Klinikada davolanayotgan askarlar bilan ishlash uning psixopatologik belgilarning turli tumanligi va o‘ta nozikligi haqidagi tasavvurlarini kengaytirdi. SHuningdek, 1930 yillarda antisemitizmning kuchayishi uning insonning ijtimoiy tabiati haqidagi qarashlariga kuchli ta’sir qildi. 1932 yilda u gitlerchilarning doimiy tahdid nishoniga aylandi (Berlinda natsistlar bir necha marta uning kitoblarini gulxanda yoqishdi). Bu voqealarni Freyd shunday sharxlagan edi: «Qanaqangi taraqqiyot! O‘rta asrlarda ular mening o‘zimni yoqishgan bo‘lishardi, hozir esa kitoblarimni yoqish bilan qanoatlanishayapti». Faqat Vena obro‘li fuqarolarining diplomatik yo‘llar vositasida aralashuvlari tufayligina unga 1938 yilda natsistlar bostirib kirgandan so‘ng shahardan chiqib ketishga ruhsat berildi.
Freyd hayotining so‘nggi yillari nihoyatda og‘ir kechdi. Tomoq va jag‘ qismi raki tufayli u 33 marta og‘ir operatsiyani boshdan kechirdi. Avstriyani gitlerchilar egallab olgandan so‘ng qizi Annaning gestapo tomonidan qamoqqa olinishi va katta qiyinchiliklar evaziga qutqarib olinishi uning irodasini yana bir marta sinadi. Freyd 1939 yilning 23 sentyabrida Londonda vafot etdi.
U yaratgan ta’limotning o‘zagini tashkil qiluvchi psixoanaliz atamasi uch xil mazmunni anglatadi: 1) shaxs va psixopatologiya nazariyasi, 2) shaxs buzilishlari terapiyasi usuli va 3) individuumning anglanmagan fikrlar va hissiyotlarini o‘rganish usuli. Nazariyaning terapiya va shaxs o‘lchovi bilan bunday bog‘lanishi Freydning inson xulqi haqidagi tasavvurlarining barcha qirralarini qamrab oladi. Lekin bu murakkabliklar ostida bir necha asosiy konsepsiya va tamoyillar borki, ular Freydning shaxsga psixoanalitik yondashuvining o‘zagini tashkil qiladi.

Download 446.76 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   66




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling