UNDALMALAR USLUBIYATI
Ma’lumki, undalmalar so‘zlovchining nutqi qaratilgan shaxs yoki predmetni bildiradi. Ular so‘zlovchining tinglovchiga bo‘lgan xolis, ijobiy, salbiy, tantanavor, rasmiy kabi munosabatlarini ham ifodalaydi. Masalan, rasmiy uslubda qo‘llangan undalmalarda rasmiylik bo‘yog‘i sezilib turadi: Hurmatli Ahmad Rahmatovich, Sizga shuni ma’lum qilamizki...
Eslatma! Undalmalar so‘zlashuv, badiiy va publitsistik uslublarda, asosan, emotsional-ekspressivlik bo‘yog‘iga ega bo‘ladi. Masalan: Odamlar, siz mening hayotim, Har biringiz umrim parchasi. Bo‘tam, orqaga qayt. Manavilarni uyga tashlab, keyin boramiz. Bunday birliklardagi undash ma’nosini yanada kuchaytirish uchun turli undovlar ham birga qo‘llanishi, undalmalar takror holda kelishi mumkin. Masalan: Ey Vatan, bag‘ringda shod Erkin o‘g‘loning bo‘lib Yurmoqni istaydir ko‘ngil. Hoy qizginam-ey, qizginam-ey. Nimalar qilib qo‘yding, qizginam-ey. Sendan farzandingga bog‘ qolsin, ey do‘st, Bog‘ing Vatan degan nom olsin, ey do‘st.
Eslatma! Undalmalar gapning ichida yoki oxirida kelganda, emotsionallik bo‘yog‘i ortiqroq bo‘ladi.
Masalan: Endi sen chorlasang, toki tanda jon, Labbay deyajakman, Vatan – onajon. Oq yo‘l bo‘lsin sizlarga, yosh do‘stlarim.
Qutida, – dedi Zulayho. –Xuddi shunaqa zirak ham bor. Kumush bo‘lsa kerak-a, dada?
Biz eskichasiga Hanifa deyaveraylik, o‘g‘lim, qishloqchilik emasmi, bilgan undoq deydi, bilmagan mundoq deydi.
Lug`at bilan ishlash!
VAQT, payt, zamon, fursat, mahal, chog‘, kez, kezak, mavrid, palla, muddat, dam, on, lahza. –Yuz beradigan voqea-hodisa va narsalarning asrlar, yillar, soatlar, daqiqalar va h.k. bilan o‘lchanadigan davomiyligi.
Eslatma! Vaqt so‘zi qolganlaridan keng tushunchaga ega. Payt, zamon, mahal, chog‘, kez, kezak, palla, muddat, dam, on, lahza so‘zlari ma’lum chegaralangan vaqtni bildiradi. Shuning uchun bu so‘zlar ifodalanayotgan vaqt chegarasini aniqlab ko‘rsatuvchi so‘zlar bilan birga qo‘llanadi: yoz payti, bir zamon, har mahal, shu on, shu chog‘, o‘sha kezda, har lahza, kuz pallasi kabi.
Eslatma! Muddat o‘lchangan, belgilangan vaqtni bildiradi.
Eslatma! Zamon biror voqea-hodisa bilan xarakterli bo‘lgan vaqt oralig‘ini ham bildiradi.
Eslatma! Lahza, on vaqtning juda qisqa darajasini bildiradi va ko‘proq kitobiy uslubga xos.
Eslatma! Fursat, ko‘pincha, ma’lum ish uchun lozim bo‘lgan, shu ishga belgilangan vaqt ma’nosini bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |