10-11-SINF ONA TILI DARSLIGI YUZASIDAN TUZILGAN QO`LLANMA.
10-SINF ONA TILI DARSLIGIDAGI KERAKLI MA`LUMOTLAR!
USLUBIYAT. TIL VA USLUB.
Eslatma! Grammatika to`g`ri gapirish va yozishni o`rgatadi. Ammo ma`lumki, odamlar turli nutqiy vaziyatlarda turlicha gapiradi va yozadi. Bunda so`zlovchining nutq tuzishdan ko`zga tutgan maqsadi hal qiluvchi rol o`ynaydi. Ana shu maqsad va nutqiy vaziyatga muvofiq tarzda nutq shakllantiriladi. Siz bilasizki, ana shu maqsad asosida ijtimoiy hayotdagi ma`lum soha doirasida (masalan, ilmiy, rasmiy, badiiy kabi), muayyan nutqiy vaziyatda qo`llanadigan til shakli nutq uslubi hisoblanadi. Har bir uslub, albatta, o`ziga xos til xususiyatlariga ega bo`ladi. Nutq uslublariga daxldor til xususiyatlarining jami uslubiyat deb yuritiladi. Ayni paytda tilshunoslikning nutq uslublarini o`rganuvchi bo`limi ham uslubiyat yoki uslubshunoslik nomi bilan ataladi.
Lug`at bilan ishlash!
KECHIRIM, uzr, afv. Kechirish iltimosi, o`tinish iltimosi. Kechirim, uzr so`zlari “biror gunoh-aybni kechirish iltimosi” ma`nosida ham, shuningdek, umuman, “kechirish” ma`nosida ham qo`llanadi. Afv so`zi, asosan, “gunoh-aybni kechirish iltimosi” ma`nosida qo`llanadi, shu ma`noda ham juda kam qo`llanadi.
NUTQIY USLUBLAR VA TIL VOSITALARI.
Eslatma! Ijtimoiy hayotning barcha sohalarida, demakki, nutqiy uslublarning hammasida erkin qo`llanadigan til birliklari mavjud. Ular uslub nuqtayi nazaridan betaraf, ya`ni biror-bir uslubga xoslanmagan vositalar hisoblanadi va ular tilda juda katta qismni tashkil etadi. M-n, ishlamoq, o`qimoq, yurmoq, kitob, uy, suv, katta, kichik, kun kabi leksik birliklardir. Ular barcha uslublarning umumiy unsurlari sanaladi.
Eslatma! Tilda bir qancha vositalar borki, ular ko`proq muayyan bir uslubga xoslangan bo`ladi, asosan, shu uslubda qo`llanadi, hatto tegishli uslubning o`ziga xos belgisi sifatida xizmat qiladi. M-n, ilmiy matnda terminlar va boshqa vositalar. So`zlovchi matn tuzar ekan, ana shu uslubiy vositalarni, ularning qaysi uslubga xosligini yaxshi bilishi lozim.
Eslatma! Nutqning og`zaki va yozma shakllari ham ana shunday xoslangan til vositalariga ega. M-n, muayyan tasvirda yuqorida, quyida kabi so`z shakllari ko`proq yozma nutqqa xos, shuning uchun og`zaki nutqda, aytaylik, majlisda yuqorida aytilgan fikrlarga qo`shilaman tarzidagi ifoda juda g`aliz.
Do'stlaringiz bilan baham: |