SINTAKTIK VOSITALARNI NUTQIY USLUBLARDA QO‘LLASH.
GAPDA SO‘Z TARTIBI USLUBIYATI
O‘zbek tilida gapda so‘zlarning odatdagi tartibi mavjud. Bu tartibga ko‘ra gapda ega oldin, kesim esa keyin joylashadi, aniqlovchi aniqlanmishdan, hol va to‘ldiruvchi kesimdan oldin turadi, demak, kesim odatda gapning oxirida keladi. Ammo muayyan uslubiy ma’noni ifodalash maqsadi bilan gapdagi so‘zlarning odatdagi tartibi o‘zgartirilishi mumkin, bunday o‘zgargan so‘z tartibi inversiya deb ham yuritiladi.
Ilmiy va rasmiy uslublarda gapda so‘zlarning odatdagi tartibi, asosan, qat’iy saqlanadi. Lekin so‘zlashuv, badiiy va publitsistik uslublarda bu tartib o‘zgarishi, ya’ni inversion tartib qo‘llanishi mumkin.
Masalan: Qaytdi buyuk alloma o‘z yurtin quchog‘iga. Bir daqiqa to‘xtab, tingla uning baxt qo‘shig‘ini.
Eslatma! Gapda so‘z tartibining o‘zgarishi mantiq urg‘usining o‘zgarishi bilan ham bo‘ladi. Mantiq urg‘usi gapdagi ahamiyatli bo‘lakni ta’kidlashga xizmat qiladi, bunday urg‘uli bo‘lak kesimning oldiga olib o‘tiladi. Masalan: Do‘stim kecha kutubxonaga nodir kitobni o‘qish uchun bordi (nodir kitobni o‘qish uchun, boshqa ish uchun emas); Kecha kutubxonaga nodir kitobni o‘qish uchun do‘stim bordi (do‘stim bordi, boshqa kishi emas); Do‘stim nodir kitobni o‘qish uchun kecha kutubxonaga bordi (kutubxonaga, boshqa joyga emas);
Do‘stim kutubxonaga nodir kitobni o‘qish uchun kecha bordi (kecha, bugun emas) kabi.
Lug`at bilan ishlash!
BAJARMOQ, ado etmoq, bitirmoq, o‘rinlatmoq, do‘ndirmoq, o‘tamoq, bajo qilmoq.–Ish-vazifa, topshiriqni amalga oshirmoq, bajo keltirmoq.
Eslatma! Bajarmoq, ado etmoq «ish-vazifa, topshiriqni ijro qilish va yakuniga yetkazish» ma’nosida qo‘llanaveradi. Ado etmoq ko‘proq kitobiy uslubga xos.
Eslatma! Bitirmoq, o‘rinlatmoq, do‘ndirmoq, bajo qilmoq, asosan, «ish-vazifani yakuniga yetkazish» ma’nosida ishlatiladi. O‘rinlatmoq kam qo‘llanadi.
Eslatma! Do‘ndirmoq ko‘proq oddiy so‘zlashuvga xos va unda belgi darajasi kuchli.
Eslatma! Bajo qilmoq nisbatan eskirgan, kam qo‘llanadi.
Eslatma! O‘tamoq «burch-vazifani ado etish» ma’nosida qo‘llanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |