Sintaktik xususiyatlar
Download 55.43 Kb.
|
lotin alifbosida
XULOSAE’tirof etish lozimki, bundan bir necha yillar muqaddam o‘zbek nutqi madaniyati doirasida diniy mavzuning ham mavjudligi, uning doirasida fikr-mulohazalarni nihoyatda go‘zal va nafis ifoda etish mumkinligini xayolimizga ham keltirmas edik. Mustaqillik sharofati bilan milliy qadriyatlarimizning tiklanishi, diniy va diniy-tarixiy mavzulardagi boy turkiy ilmiy-madaniy merosimizning nashr etilib, ommalasha borishi, O‘zbekiston televideniesi va radiosida «Hidoyat sari» kabi bir nechta diniy-ma’rifiy mavzudagi eshittirishlarning muntazam olib borilishidan hamda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Fozil qori Sobirov, Abdurashid hoji Bahromov, Anvar qori Tursunov, Usmonxon hoji Olimov singari yetuk din ilmi bilimdonlarining nutqlarini tinglab shunday xulosaga kelish mumkinki, garchi o‘rtada bir asr o‘tib, muloqotning bu shakli go‘yo unutilganday bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida unday bo‘lmagan. Demak, diniy nutq xalqimiz ruhida asrlar davomida yashab kelgan va bundan keyin ham barkamol inson tarbiyasiga beminnat xizmat qilaveradi. Diniy nutqning ma’lum qolipga ega ekanligi, uning Yaratgan sha’niga hamdu sanolar bilan boshlanib, yana shu mazmun bilan yakunlanishi, undagi barcha diqqat-e’tibor insonning komil bo‘lishiga qaratilganligi diqqatga sazovordir. Mazkur uslubda o‘rtaga tashlangan g‘oya Qur’oni Karim oyatlari va payg‘ambar hadislaridan, turli mazmundagi hikoyatlardan, ulug‘ kishilar hayotidan namunalar keltirilib, o‘sha zohatiyoq uning sharhini berish orqali fikrlar dalillanadi. Da’vat hamisha yaxshilikka, ezgulikka, ahillikka, do‘stu birodarlikka, xullas insoniy fazilatlarni ulug‘lashga qaratiladi. U lingvistik jihatdan ham xarakterli. Notiqning butun harakati tinglovchiga ta’sir o‘tkazishga qaratilgan bo‘ladi. Fikrlar aniq jumlalarda qat’iyat bilan bayon etiladi. Matnning hamisha Alloh nomi bilan boshlanishi, murojaatning muhtaram birodarlar, ahli jamoa tarzida umumga qaratilgan bo‘lishi, -lar qo‘shimchasining hurmat ma’nosida ko‘p ishlatilishi, -ki ta’kid yuklamasining, -guvchi ravishdosh shaklining faol qo‘llanilishi, nutqning asosan sodda gaplardan, o‘rni bilan ergash gapli qo‘shma gaplardan tuzilgan bo‘lishi, unda imon, jazo, ajr, shafoat, najot, sabr, toqat, qanoat, poklik, kechirmoq, yaxshilik, yomonlik, mukarram, musharraf, haq, ado etmoq singari so‘z va qo‘shilmalarning ishlatilishi matnning yuzaki qarashda ham ko‘zga tashlanib turadigan til va uslubiy xususiyatlaridir. Ammo mana shu keltirilgan faktlarning o‘ziyoq o‘zbek nutqi doirasida maxsus shakllangan diniy nutq mavjudmi, agar mavjud bo‘lsa, uning ifoda uslubi qanday, tilimizdagi boshqa muloqot shakllaridan til jihatdan qanday farqlanadi, nutqiy vositalarni shakllantirishga xizmat qiladigan tildan tashqaridagi omillarning xizmati nimalardan iborat, diniy nutqning qanday tur va janrlari bor degan savollarga javob topish zarurati bugungi kunda diniy mavzudagi muloqotlarning til va uslub xususiyatlarini ilmiy tahlil etishni kun tartibiga qo‘ymoqda. Masalaning ijobiy hal etilishi esa, shubhasiz, kundalik hayotimizda nihoyatda zarur bo‘layotgan notiqlik san’atining takomillashuviga, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotning yanada samarali bo‘lishiga va oqibat natijada kelajak avlodning umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalanishiga, kamol topishiga ko‘maklashadi. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida o‘zbekcha diniy matnlarning lingvistik xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha olib borgan kuzatishlarimiz quyidagi xulosalarga kelishimizga imkon beradi: O‘zbekcha diniy matnlarning lingvostilistik xususiyatlarini tadqiq etish tilshunoslikdagi eng kam o‘rganilgan masalalardan biri bo‘lib, matnlarning leksik-semantik va grammatik jihatdan o‘ziga xosligi bu mavzuni tadqiqot ob’ekti sifatida o‘rganish zaruratini keltirib chiqaradi. Tilshunoslikda diniy matnlar tili va uslubini belgilash munozarali masalalardan biri hisoblanadi. Uslubiyat bo‘yicha yaratilgan darslik va o‘quv qo‘llanmalarida u goh vazifaviy uslublar tizimidagi mustaqil uslub, goh biror uslub doirasida qaraluvchi janr sifatida talqin qilinadi. Bu holning diniy matnlar tilining yetarli darajada o‘rganilmaganligi bilan izohlash mumkin. O‘zbekcha diniy matnlarning shakllanishi va taraqqiy etishi islom dinining Markaziy Osiyo hududida tarqalishi va rivojlanishi bilan bog‘liq. O‘zbekcha diniy matnlarning shakllanishida Qur’oni Karim, hadislar, payg‘ambarlar hayoti bilan bog‘liq rivoyatlar asosiy manba bo‘lib hisoblanadi. O‘zbekcha diniy matnlar leksik-semantik jihatdan o‘ziga xos xususiyatlariga ega. Diniy matnlar islom dini g‘oyalarini targ‘ib etishda muhim vosita bo‘lib, bu matnlar leksikasini asosiy qismini diniy atamalar tashkil qiladi. O‘zbekcha diniy matnlar leksikasini mavzu talabidan kelib chiqib, bir qator mayda guruhlarga bo‘lib o‘rganish mumkin. Shariat islom dinining asosiy tayanchi hisoblanadi. Shuning uchun diniy matnlarda shariat bilan bog‘liq masalalar haqida ko‘p so‘z yuritiladi. Diniy matnlarda qo‘llanilgan leksik birliklarni shariat talablari, diniy ijtimoiy nufuz, mavqe, diniy urf-odatlarning tarqalishi, shuningdek g‘ayb dunyosi bilan bog‘liq tushunchalarni ifodalashiga qarab guruhlarga ajratish mumkin. Diniy tushuncha va atamalarni o‘rganish kishilarning diniy tasavvur va dunyoqarashining shakllanishida, sharqona axloq va odobning mustahkam bo‘lishida muhim ijtimoiy omil va vosita hisoblanadi. Diniy matnlarning til xususiyatlarini o‘rganish ularni ham funksional uslublar doirasida qarashni taqozo etadi. Til birliklari va ularning matnda uslubiy vosita sifatida qo‘llanishidagi o‘ziga xosliklar diniy matnlar va boshqa funksional uslublar orasida yaqin aloqa va shu bilan birga ayrim farqlar mavjudligini ko‘rsatadi. Diniy matnlar grammatik jihatdan tadqiq etilganda dastlab ko‘zga tashlanadigan holat shuki, matnlarda ot turkumiga oid so‘zlar ko‘p qo‘llaniladi. Otlar asosan islom dini bilan bog‘liq tushunchalarni ifodalab, ularning uslubiy vosita sifatida har xil ma’no nozikliklarini anglatishi kuzatiladi. Bu holat ayniqsa, ko‘plik, kelishik, egalik, fe’lga xos bo‘lgan grammatik kategoriyalarning qo‘llanilishida yaqqol namoyon bo‘ladi. O‘zbekcha diniy matnlar payg‘ambarlar hayoti, hadislarga asoslanganligi uchun aniqlik va ifodalilikni ta’minlash maqsadida olmosh va son turkumlariga oid so‘zlardan ham foydalanilgan. Ularning vazifaviy uslubiy imkoniyatlari matnda o‘z ifodasini topgan. O‘zbekcha diniy matnlarda darak, so‘roq, buyruq gaplar qo‘llanilish darajasiga ko‘ra farqlanib turadi. Diniy matnlar uslubi hikoyachilikka asoslanmagani uchun darak gaplar, payg‘ambar so‘zlari keltirilganda buyruq gaplardan foydalaniladi. So‘roq gaplar esa asosan sahobalar nutqida uchraydi. O‘zbekcha diniy matnlarda sodda gaplarga nisbatan qo‘shma gaplar ko‘p qo‘llaniladi. Qo‘shma gaplar murakkab shaklda bo‘lib, ba’zan ularning tarkibi bir necha gaplardan iborat bo‘lishi mumkin. O‘zbekcha diniy matnlarda eng ko‘p qo‘llaniluvchi uslubiy vositalardan biri murojaatlar hisoblanadi. So‘zlovchining nutqi Allohga, payg‘ambarga, sahobalarga qaratilishi mumkin. Murojaat qilishda nutq qaratilgan shaxsning ijtimoiy nufuzi, dinga munosabati kabi xususiyatlar hisobga olinadi va shunga mos so‘zlar qo‘llaniladi. O‘zbekcha diniy matnlar til va uslub jihatdan o‘zbek tili funksional uslublariga o‘xshash va, ayni paytda, farqli xususiyatlarga ham ega. Boshqa funksional uslublarda bo‘lgani kabi bu yerda ham ikki omil – lingvistik va ekstralingvistik omilning birlashuvidan yaxlit bir uslub – diniy uslub shakllanadi. O‘zbek tilshunosligi uchun nisbatan yangi yo‘nalish bo‘lgan diniy matn lingvistikasi ustida olib boriladigan tadqiqotlar diniy soha faoliyatini ilmiy tashkil etishga, soha vakillarining tildan foydalanishdagi madaniylik va me’yoriylik darajasining takomillashishiga ko‘maklashadi. Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan keng jabhadagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni diniy soha vakillarining ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Binobarin, diniy-ma’rifiy targ‘ibot sohasida olib borilayotgan ishlarni takomillashtirishning asosiy shartlaridan biri diniy matnlar tilini ilmiy tadqiq etish va uning xalq uchun tushunlari bo‘lishiga erishishdan iboratdir. O‘zbek tilidagi diniy matnlar ona tilimizdagi boshqa funksional uslublar doirasidagi matnlar bilan o‘zaro aloqadorlikda rivojlanib, takomillashib bormoqda. Tadqiqotimiz yakunida ishonch bilan qayd etamizki, bu mazmundagi matnlar tadqiqi diniy uslubning o‘zbek tili funksional uslublarining alohida ko‘rinishi sifatida mavjud ekanligini ilmiy jihatdan asoslash va amaliyotda e’tirof etish yo‘lidagi muhim qadamdir. 1 Бегматов Э., Бобоева А., Асомиддинова М., Умурқулов Б. Ўзбек нутқи маданияти очерклари. – Тошкент: Фан, 1988. – Б.191; Шомақсудов А., Расулов И., Қўнғуров Р., Рустамов Ҳ. Ўзбек тили стилистикаси. – Тошкент: Ўқитувчи, 1983. – Б.248; Мукаррамов М. Ҳозирги ўзбек адабий тилининг илмий стили. –Тошкент: 2 Каримов С. Ўзбек тили функционал стилистикаси. – Самарқанд: СамДУ нашри, 2010. – Б.45-46. 3 Шомақсудов А., Расулов И., Қўнғуров Р., Рустамов Ҳ. Ўзбек тили стилистикаси. – Б.208. 4 Абу Саид Муҳаммад Амин. Имоми Аъзам Абу Ҳанифа // Таржимон ва нашрга тайёрловчилар: Ҳамидуллоҳ Беруний, Жўрабек Юсуф. – Тошкент: Тошкент ислом университети нашриёт-матбаа бирлашмаси, 2018. – Б.60. 5 Ушбу мисоллар Термиз давлат университети тадқиқотчилари З.Йўлдошева., А.Боқиевлар луғатлар асосида Алишер Навоий асарларида қўлланилган диний соҳага оид учрайдиган 250 га яқин тўплаган атамаларидан олинди. 6 Шомақсудов А., Расулов И., Қўнғуров Р., Рустамов Ҳ. Ўзбек тили стилистикаси. – Тошкент: Ўқитувчи, 1983. – Б.75. Download 55.43 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling