O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
SOLIQ XAVFINI BOSHQARISH, SOLIQ XAVFI MAVJUD SOLIQ TO‘LOVCHILARNI (SOLIQ AGENTLARINI) ANIQLASH VA SOLIQ
TEKSHIRUVLARINI TASHKIL ETISH VA O‘TKAZISH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq
organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6098-son Farmoniga
muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Soliq xavfini boshqarish va yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga mansub soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash tartibi
to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ba’zi qarorlari 4-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi:
soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligini ko‘rsatuvchi faktlarni aniqlash va soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etgan
shaxslarga nisbatan qonuniy choralarni qo‘llash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni kuchaytirishga qaratilgan o‘z
vaqtida choralarni ko‘rsin;
bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Moddiy yordam, ijtimoiy himoya, soliq organlarini rivojlantirish
va ko‘zda tutilmagan xarajatlar maxsus jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Soliq hamkor” avtomatlashtirilgan axborot tizimini ishlab
chiqishni va joriy etilishini ta’minlasin;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida muntazam va keng yoritib borsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu
qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni
qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston
Respublikasi moliya vaziri T.A. Ishmetov va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.D. Kudbiyev zimmasiga yuklansin.