158. Soliq auditini o‘tkazuvchi shaxs soliq to‘lovchidan soliq auditi uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni talab qilib olishga haqli. Bunda
soliq to‘lovchiga ushbu Nizomga 19-ilovaga muvofiq shaklda rasmiylashtirilgan hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risidagi talabnoma yuboriladi.
Talabnoma soliq to‘lovchiga (uning vakiliga) shaxsan imzo qo‘ydirgan holda topshiriladi. Agar talabnomani mazkur usulda topshirish
imkoni bo‘lmasa, soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi yoki pochta orqali buyurtma xat bilan jo‘natiladi.
159. Soliq auditi davomida talab qilingan hujjatlar talabnoma olingan kundan e’tiboran besh ish kuni mobaynida taqdim etiladi. Agar
tekshirilayotgan shaxs talab qilinayotgan hujjatlarni ushbu muddatda taqdim etish imkoniga ega bo‘lmasa, u soliq auditini o‘tkazuvchi
shaxsni bu haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
Soliq to‘lovchi talab qilingan hujjatlarni belgilangan muddatlarda taqdim etishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risida uning sabablari
ko‘rsatilgan yozma shakldagi xabarnomani talabnoma olingan kundan keyingi kun davomida yuborishi kerak. Ushbu xabarnomada soliq
to‘lovchi talab qilingan hujjatlarni taqdim eta olishi mumkin bo‘lgan muddatlar ko‘rsatilishi lozim.
160. Soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) soliq to‘lovchidan xabarnomani olgan kundan e’tiboran ikki kun mobaynida ushbu
xabarnoma asosida hujjatlarni taqdim etish muddatlarini uzaytirish yoki muddatlarni uzaytirishni rad etishga haqli bo‘lib, bu haqida
alohida qaror chiqaradi.
161. Tekshirilayotgan shaxsning talab qilinayotgan hujjatlarni taqdim etishni rad etganligi soliq organining mansabdor shaxsi
tomonidan ushbu Nizomga 20-ilovaga muvofiq shaklda tuziladigan bayonnomada qayd etiladi.
Tekshirilayotgan shaxs bayonnomani imzolashni rad etgan taqdirda, bu haqida tegishli qayd kiritiladi. Ko‘rsatilgan hujjatlarni
taqdim etish soliq to‘lovchi tomonidan rad etilganligi yoki belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganligi ushbu hujjatlarni olib qo‘yish
uchun asos bo‘ladi.
162. Soliq auditi jarayonida soliq organlariga tekshirilayotgan shaxsning kameral yoki sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilganda oldin
taqdim etilgan hujjatlarni, shuningdek, soliq monitoringini o‘tkazish jarayonida tasdiqlangan ko‘chirma nusxalar shaklida taqdim etilgan
hujjatlarni tekshirilayotgan shaxsdan talab qilib olishga haqli emas.
Agar hujjatlar oldin soliq organiga asl nusxalar tarzida taqdim etilib, keyinchalik tekshirilayotgan shaxsga qaytarilgan bo‘lsa,
shuningdek, soliq organiga taqdim etilib, bartaraf etib bo‘lmaydigan kuch holatlari oqibatida yo‘qotilgan taqdirda, hujjatlar tekshirilayotgan
shaxsdan qayta talab qilib olinishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: