3-§. Xronometraj ko‘zdan kechirishni o‘tkazish
70. Xronometraj ko‘zdan kechirish soliq to‘lovchilarning faoliyat turlari bo‘yicha haqiqiy ishlab chiqarish (ishlar, xizmatlar)
hajmlarini, shuningdek, haqiqiy xarajatlarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.
71. Xronometraj ko‘zdan kechirish soliq to‘lovchining faoliyatini to‘xtatmasdan, uning ish kunini to‘liq qamrab olgan holda, unga
tegishli bo‘lgan barcha obyektlarda, ularning joylashgan joyidan qat’i nazar bir vaqtning o‘zida o‘tkaziladi.
72. Xronometraj ko‘zdan kechirish soliq to‘lovchilarning tekshirishgacha tasdiqlangan ish rejimidan kelib chiqib, biroq ketma-ket
yetti kalendar kundan kam bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi.
73. Agar soliq to‘lovchining turli hududlarda joylashgan (tuman, shahar) bir nechta obyektlari mavjud bo‘lsa, soliq organi ularda
xronometraj ko‘zdan kechirish o‘tkazish yuzasidan obyekt joylashgan hududiy soliq organiga xronometraj ko‘zdan kechirish boshlanishidan
kamida bir kun oldin rejalashtirilgan xronometraj ko‘zdan kechirishning aniq sanasini ko‘rsatgan holda yozma xabarnoma yuboradi.
Xronometraj ko‘zdan kechirish natijasi bo‘yicha rasmiylashtirilgan ma’lumotlar xronometraj ko‘zdan kechirish yakunlanganidan
so‘ng hududiy soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi soliq organiga bir kun ichida yuborilishi shart.
74. Xronometraj ko‘zdan kechirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar (bajarilayotgan ishlar, ko‘rsatilayotgan xizmatlar) turi va miqdorini aniqlash;
tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun foydalanilayotgan xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar hajmini, uskunalarning ishlab
chiqarish quvvatlarini qayd etish;
tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari uchun sarflanayotgan resurslar (gaz, elektr energiyasi, suv, yoqilg‘i-moylash materiallari
va boshqalar) hajmining ishlab chiqarish hajmiga muvofiqligini aniqlash;
ishlab chiqarilgan mahsulotlarni (bajarilayotgan ishlarni, ko‘rsatilayotgan xizmatlarni) realizatsiya qilish usullarini aniqlash;
soliq to‘lovchining haqiqiy xarajatlarini aniqlash.
75. Xronometraj ko‘zdan kechirish natijasi bayonnomasi ikki nusxada rasmiylashtiriladi. Bayonnomaning bir nusxasi
tekshirilayotgan shaxsga bayonnoma nusxasini olganligini tasdiqlovchi imzo qo‘ydirgan holda beriladi.
Soliq to‘lovchi bayonnomaga imzo chekishdan va (yoki) uning bir nusxasini olishdan bosh tortgan hollarda sayyor soliq tekshiruvini
o‘tkazuvchi mansabdor shaxs tomonidan bu haqida bayonnomaga tegishli yozuv kiritiladi.
76. Xronometraj ko‘zdan kechirish natijasi kameral soliq tekshiruvi jarayonida soliq to‘lovchilarga soliqlar va yig‘imlarni qo‘shimcha
hisoblash uchun asos bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |