73-modda. Qarzdorni ko‘chirish to‘g‘risidagi ijro hujjatini ijro etish
Oldingi tahrirga qarang.
Qarzdorni ko‘chirish to‘g‘risidagi ijro hujjati davlat ijrochisi belgilagan muddatda ijro etilmagan taqdirda ko‘chirish davlat ijrochisi tomonidan majburiy tartibda amalga oshiriladi.
Davlat ijrochisi majburiy ko‘chirish kuni va vaqti to‘g‘risida qarzdorga rasman ma’lum qiladi. Ko‘chirish kuni to‘g‘risida xabardor qilingan qarzdorning hozir bo‘lmasligi ijro hujjatini ijro etish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Ko‘chirish ijro hujjatida ko‘rsatilgan xonani ko‘chiriluvchidan, uning mol-mulkidan, uy hayvonlaridan bo‘shatishdan va ko‘chiriluvchining bo‘shatilgan xonadan foydalanishini man qilishdan iborat bo‘ladi.
Ko‘chirish xolislar ishtirokida, zarur hollarda — ichki ishlar organlari xodimlarining ko‘magida, davlat ijrochisi tomonidan mol-mulkni albatta xatlagan holda amalga oshiriladi.
Davlat ijrochisi zarur hollarda qilinadigan xarajatlarni qarzdorning zimmasiga yuklagan holda uning mol-mulki saqlanishini ta’minlaydi.
Agar qarzdor uydan ko‘chirilgan kundan e’tiboran olti oy ichida mazkur mol-mulkni olib ketmasa, davlat ijrochisi qarzdorni yozma shaklda ogohlantirganidan so‘ng mazkur mol-mulkni ushbu Qonunda belgilangan tartibda realizatsiya qilishga topshiradi.
Qarzdorning mol-mulkini realizatsiya qilishdan tushgan va ijro yig‘imi, davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga solingan jarimalar va ijro xarajatlarining o‘rni qoplanganidan keyin ortib qolgan pul mablag‘lari qarzdorga qaytariladi. Qarzdor tomonidan talab qilib olinmagan pul mablag‘lari Majburiy ijro byurosi organining depozit hisobvarag‘ida uch yil mobaynida saqlanadi. Mazkur pul mablag‘lari ushbu muddat o‘tganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga o‘tkaziladi.
Ko‘chirish to‘g‘risidagi ijro hujjatini ijro etish davlat ijrochisi tomonidan ko‘chirish to‘g‘risida dalolatnoma tuzish orqali rasmiylashtiriladi.
(73-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-iyuldagi O‘RQ-551-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.07.2019-y., 03/19/551/3493-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Do'stlaringiz bilan baham: |