Tadbirkorlik faoliyatining mohiyati


Tadbirkorlik tamoyillari va turlari


Download 105.72 Kb.
bet2/5
Sana31.01.2023
Hajmi105.72 Kb.
#1145560
1   2   3   4   5
Bog'liq
1355626443 41101aaaa

Tadbirkorlik tamoyillari va turlari
Tadbirkorlik faoliyati muayyan tamoyillarga asoslangan holda amalga oshirilmog`i lozim, chunki u bir qarashda tuyulgandek oson kechadigan va darhol o`z samarasini beradigan faoliyat emas. O`z ishini boshlayotgan har qanday tadbirkordan muayyan bilim va fazilatlarga, shart-sharoitlarga ega bo`lish talab qilinadi. Bu haqda biz yuqorida ham biroz fikr yuritgan edik. Endi tadbirkorlik tamoyillari haqida batafsilroq to`xtalib o`tamiz. Ularni mujassamlashgan holda quyidagilarga ajratish mumkin.
Mulk sohibi bo`lish. Bu tamoyil shu ma`noni bildiradiki, tadbirkor o`z faoliyatini boshlash va a malga oshirish uchun muayyan miqdordagi o`zining yoki qarzga olingan moliyaviy-moddiy mablag`lariga ega bo`lishi kerak.
O`z xarajatlarini qoplash va foyda bilan ish yuritish. Har qanday tadbirkor xo`jalik yurituvchi sub`ekt sifatida qilgan xarajatlarini olingan daromad hisobidan qoplashi va ma`lum miqdorda foyda olishi kerak. Aks holda u bankrotga uchraydi (sinadi). Shuning uchun u olinayotgan foyda miqdorini muttasil oshira borishga intiladi.
Tadbirkorlik erkinligi. Ishlab chiqarish yoki xizmat ko`rsatishning qaysi sohasini tanlash, qancha ishlab chiqarish, qanday jihozlar yordamida, qancha yollanma ishchi jalb qilish, tovar (yoki xizmat)ni kimlarga va qanaqa baholarda sotish kabi masalalarni tadbirkor o`zi hal qilishi kerak. Xususiy tadbirkorlik haqiqatda va amalda erkin bo`lishini ta`minlash uchun davlat tegishli huquqiy zamin yaratadi, ya`ni qonunlar qabul qiladi.
Iqtisodiy mas`uliyat. Tadbirkor o`z faoliyatining natijalari va samaradorligi uchun mas`uliyatni to`la-to`kis o`z zimmasiga oladi, chunki olingan foyda ham, ko`rilgan zarar ham uniki hisoblanadi.
Iqtisodiy tavakkalchilik. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi kishi uchun bu juda ham muhim tamoyil hisoblanadi. Tavakkal qilishga qodir odamgina turli xavf-xatardan kafolatlanmagan bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Qonun-qoidalarga rioya qilish. Mamlakatda qabul qilingan qonun-qoidalarga tayanib ish yuritish har qanday jamiyatda bo`lganidek, bizning mamlakatimizda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu narsa ayniqsa tadbirkor uchun juda muhim, chunki u o`z faoliyatini amalga oshirish jarayonida nafaqat bir qator qonunlar, balki ko`pgina me`yoriy xujjatlar talablarini ham bajarishi kerak bo`ladi.
Iqtisodiy raqobat kurashida qatnashish. Tadbirkor shaxs o`z faoliyatining ilk davridan boshlab iqtisodiy raqobat kurashiga kiradi. Bu kurash xomashyo va ishchi kuchi bozorida, tayyor mahsulot bozorida iste`molchilar (xaridorlar) va sotuvchilar orasida sodir bo`luvchi raqobatdan iboratdir. Raqobat kurashining mohir ishtirokchisi bo`lgan tadbirkorgina o`z faoliyatining natijalaridan mamnun bo`la olishi mumkin.
Halollik bilan ish yuritish. Birovning haqidan hazar qilish, g`irromlik va qalloblik bilan ish yuritmaslik, va`dani ustidan chiqish, sheriklar bilan tuzilgan shartnoma shartlarini to`la-to`kis va o`z vaqtida bajarish kabi fazilatlarga ega bo`lgan shaxsdan haqiqiy tadbirkor chiqadi. Qalloblik yo`li bilan amalga oshiriluvchi faoliyat nihoyatda qaltis va umri qisqa ekanini har bir tadbirkor qoida sifatida bilmog`i kerak.
Tadbirkorlik faoliyati mulkiy munosabatlarni taqazo etadi va ular doirasida amalga oshiriladi. Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti sharoitida shakllangan va tobora rivojlanib borayotgan tadbirkorlik mulkchilikning quyidagi shakllariga asoslanadi:
-tadbirkorlikning o`z mol-mulki asosida;
-boshqa jismoniy va yuridik shaxslar mol-mulkini jalb qilish asosida;
-davlat va jamoat tashkilotlari mol-mulkini ijaraga olish asosida;
-va, nihoyat, yuqorida qayd etilgan usullarni qo`shib olib borish asosida.
O`zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik to`g`risida”gi Qonuniga binoan tadbirkorlik foaliyatining quyidagi turlari mavjud:
-yakka tartibdagi mehnat faoliyati;
-xususiy tadbirkorlik faoliyati (yollanma ishchi kuchi yordamida olib boriladi);
-shirkat tadbirkorligi (fuqarolar guruhi tomonidan olib boriladi);
-aralash tadbirkorlik (yuridik shaxs va fuqarolar tomonidan mol-mulkni o`rtaga tashlash yo`li bilan ish olib boriladi).
Yuqorida sanab o`tilgan shakllarning birinchisidan tashqari barchasida ish boshlash uchun korxonalar tuzish kerak.
O`zbekiston Respublikasining “Korxonalar to`g`risida”gi Qonuniga binoan ularning turlari quyidagilardan iborat:
-respublika, xorijiy mamlakatlar fuqarolarining mol-mulkiga asoslangan korxonalar;
-jamoalar, oilalar, mahallalar va kooperativlarning shirkat mulkiga asoslangan korxonalar;
-davlat mulkiga mansub korxonalar;
-qatnashchilarning to`la yoki qisman payiga asoslangan korxonalar;
-qo`shma mulkka asoslangan korxonalar.
Aksariyat hollarda korxonalar yuridik shaxs maqomiga ega bo`lib, ular o`z nomi, muhri va bankda hisob raqamiga ega bo`ladilar.
Mamlakatimizda yaratilgan shart-sharoitlar tufayli tadbirkorlik faoliyatining barcha turlari (shakllari) ham yildan-yilga tobora rivoj topmoqda. Ayniqsa, kichik va o`rta biznesning rivojlanish sur`atlari yuqori ekanini alohida ta`kidlab o`tish lozim. Amaldagi qonunlarga muvofiq O`zbekistonda keng rivoj topayotgan kichik va o`rta biznes sohiblari sifatida faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkorlarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
1. Yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanuvchi jismoniy shaxslar. Ular yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmaganligi uchun ishchilar yollash huquqiga ham ega emaslar. Bunday faoliyat bilan har bir fuqaro shug`ullanishi mumkin. Buning uchun xususiy tadbirkor sifatida davlat ro`yxatidan o`tish va bu haqda tegishli guvohnoma olish talab qilinadi.
2. Mikrofirma sohiblari. Bunday firmalar ishlab chiqarishning barcha tarmoqlarida tashkil qilinishi mumkin. Ular qaerda joylashuvidan qat`iy nazar (qishloqdami yoki shahardami) yollanib ishlovchilar soni 10 kishidan ortmasligi kerak.
3. Kichik korxona egalari. O`zlarining faoliyatlarini amalga oshirish uchun sanoatda 40 kishigacha, qurilish, qishloq xo`jaligi va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlarida 20 kishigacha, ilm-fan sohasida, chakana savdo va xizmat ko`rsatish sohasida 10 kishigacha yollanma ishchilarni jalb qilishlari mumkin.
4. O`rta korxona egalari. Xususiy tadbirkorlik sub`ekti sifatida faoliyat ko`rsatuvchi bunday korxonalarda yollanma ishchilar soni:
-sanoat tarmoqlarida 100 kishigacha;
-qurilishda 50 kishigacha;
-qishloq xo`jaligi va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlari hamda ulgurji savdoda 30 kishigacha;
-xizmat ko`rsatish, chakana savdo va boshqa noishlab chiqarish tarmoqlarida 20 kishigacha bo`ladi.
Yuqorida aytib o`tilgan tadbirkorlikning shakllari yoki korxona turlari, odatda, kichik va o`rta korxonalarga xosdir. Yirik korxonalar aksariyat hollarda aktsionerlik jamiyatlari ko`rinishida bo`ladi. Bunday jamiyatlar yuridik va jismoniy shaxslarning sarmoyalarini birlashtirib, ular asosida aktsiyalar chiqarish va sotish orqali tuziladigan korxonalardir.
Aktsionerlik jamiyatlarining muhim xususiyatlari shundan iboratki, aktsionerlar aktsionerlik jamiyatining qarzlari bo`yicha qarz beruvchilar oldida o`z mol-mulklari bilan javob bermaydilar. Aktsionerlik jamiyatining mol-mulki aktsionerning mol-mulkidan to`la ajratilgan bo`ladi. Aktsionerlik jamiyati bankrot bo`ladigan bo`lsa, aktsioner faqat qo`lidagi aktsiyalarning qadrsizlanishi orqali zarar ko`rishi mumkin.
Aktsionerlik jamiyati sarmoyalarni birlashtirishning eng ko`p tarqalgan baquvvat va barqaror shakllaridan biridir. Aktsionerlik jamiyatining faoliyatiga oid ma`lumotlar matbuotda e`lon qilinadi va aktsiya sotib olmoqchi bo`lganlar yoki shu korxona (firma) bilan aloqa o`rnatmoqchi bo`lganlar uning faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga egadirlar.
Yuqorida keltirilgan fikr-mulohazalar mas`uliyati cheklanmagan aktsionerlik jamiyatlariga taalluqlidir.
Shu bilan birga, tadbirkorlikning yana bir keng tarqalgan shakli mavjudki, uni mas`uliyati cheklangan aktsionerlik jamiyatlari deb yuritiladi. Bunday jamiyatlarning nizom jamg`armasi paychilar (sheriklar)ning qo`shgan hissasi hisobidan shakllanadi va ularning nomiga doimo LTD, ya`ni “Limited” (ya`ni cheklangan) so`zi qo`shiladi. Bunday jamiyatlar o`z hisobotlarini matbuotda e`lon qilishlari shart emas. Asosiy masalalar jamiyat a`zolarining umumiy yig`ilishida muhokama qilinadi, olinadigan foyda qo`shgan ulushga bog`liq bo`ladi.
Mas`uliyati cheklangan jamiyatlarga xos bo`lgan belgilar:
-bunday jamiyatlar doimo yopiq turda bo`lishi;
-ta`sischilarning faqat mulkdor bo`lib qolmay, balki jamiyatning rivojlanishiga ko`maklashishi;
-jamiyatdan chiquvchilarga ularning ulushini qaytarib berilishi.
2000 yilning yanvar holatiga mamlakatimizda jami yuridik shaxslarning soni 178271 nafarni tashkil etdi. Agar ularni 100 foiz deb olsak, ulardan 10,4 foizini yirik korxonalar, 5 foizini o`rta korxonalar, 13 foizini kichik korxonalar va 71,6 foizini mikrofirmalar tashkil etadi.

Download 105.72 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling