Shoshilinch reanimatsion tadbirlar o‘tkazilishini talab qiladigan jarohatlanishlar sabablari va belgilari. Turli xil shikastlanish, jarohatlanish, baxtsiz hodisa va og‘ir kasalliklarda o‘lim darhol sodir bo‘lmaydi. Biologik o‘lim davriga o‘tish, ma’lum bir davr bilan xarakterlanib, bunda yurak faoliyati va nafas olish yo‘qoladi, lekin shu vaqt ichida (5-10 gacha) bosh miya po‘stloqlari to‘qimlarida qaytmas holatlar yuz bermagunga qadar, ichida organizm faoliyatini qayta tiklasa bo‘ladi. Ushbu davrni klinik o‘lim davri deb atashadi.
Agoniya - es-hushning yo‘qolishi, reflekslarning so‘nishi, teri qoplamlarining oqarib ketishi, arterial bosimning aniqlanmasligi, nafas buzilishlari, yuzakilashishi bilan xarakterlanadi. Puls uyqu arteriyalarida zo‘rg‘a aniqlanadi. Yurak tonlari bo‘g‘iq bo‘lib, zo‘rg‘a eshitiladi. Agonal holat bir necha daqiqa yoki soat davom etib, klinik o‘limga o‘tadi.
Klinik o‘lim - nafas olish va qon aylanishining to‘la to‘xtashi bilan davom etadi. Bosh miyada hali qaytmas o‘zgarishlar yuzaga kelmagan bo‘ladi. Klinik o‘lim 5-8 daqiqa davom etib, reanimatsiya chora-tadbirlari ko‘rilsa odamni saqlab qolish mumkin.
Keyin esa biologik o‘lim rivojlanadi. Bu davrdagi o‘zgarishlarni orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Yordam ko‘rsatuvchi odam tiriklik va o‘lim belgilarini aniqlay olishi lozim.
Tiriklik belgilari:
- yurak urishi-chap ko‘krak sohasida quloq bilan eshitib;
- nafasni (ko‘krak qafasi harakati, burunda havo chiqishini eshitish va sezish) kuzatish;
- qorachiqlarning yorug‘likka reaksiyasi (ko‘zga nur yo‘naltirilganda qorachiqning torayishi) ga qarab aniqlanadi.
Yurakning bilvosita (tashqi) massaji hamda sun’iy nafas berish texnikasi va qoidalari.
Yurakni massaj qilish uchun avvalo yurakning urishdan to‘xtaganligi tekshirilishi kerak. Yurak to‘xtaganligi belgilarining eng birinchisi xushning yo‘qligi va puls bo‘lmasligi, jumladan uyqu va son arteriyalarida.
Ushbu simptomlar aniqlanganda qo‘shimcha tekshiruv, arterial bosimni o‘lchash, pulsni sanash yoki izlashga urinmasdan, zudlik bilan reanimatsiyaga, ya’ni yurakning yopiq bilvosita massaji va sun’iy nafas oldirishga kirishishi kerak.
Eslatma. Yurakni massaj qilish doimo sun’iy nafas oldirish bilan paralell holda o‘tkazilishi kerakligini unitmaslik lozim. Natijasida aylanib yuradigan qon kislorod bilan ta’minlanadi. Aks holda reanimatsiyadan hech qanday foyda yo‘q.
Do'stlaringiz bilan baham: |