Tarix va yuridik fakulteti «arxeologiya va buxoro tarixi» kafedrasi


Kushon davri Shimoliy Baqtriya shaharlari


Download 368.53 Kb.
bet17/107
Sana22.04.2023
Hajmi368.53 Kb.
#1378460
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   107
Bog'liq
ma\'ruza davlatchilik (2)

Kushon davri Shimoliy Baqtriya shaharlari. Mil. avv. I- milodiy III asrlar Shimoliy Baqtriya shaharlarining gullab-yashnagan davri bo‘ldi. Aynan mana shu davrda tipologik jihatdan turlicha bo‘lgan, turli vazifalarni bajargan shaharlar paydo bo‘ladi. Baqtriyadagi siyosiy va iqtisodiy barqarorlik, ayniqsa, bu hududlarning Kushon davlati tarkibiga kirishi bu jarayonga imkoniyat yaratgan edi. Baqtriyaning ko‘pgina shaharlari muhim karvon yo‘llari bo‘ylarida, daryodan o‘tish joylarida, savdo yo‘llari chorrahalarida paydo bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, ularning shakllanishi turli yo‘llar bilan bo‘lib o‘tgan. V.M.Massonning fikricha, Shimoliy Baqtriyaning kushon davri shaharlari ikki xil yo‘l bilan paydo bo‘lgan. Ularning ayrimlari aholining asta-sekin ko‘payishi natijasida o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan bo‘lsa, ayrimlari esa doimiy reja asosida markaziy hokimiyatning markazga intilish siyosati natijasida paydo bo‘lgan.
Kushon davri Shimoliy Baqtriya shaharlarining shakllanish jarayoni, ularning tarhi va tuzilishi ko‘p hollarda uning asosiga, ilgari aholi yashagan manzilgohga bog‘liq bo‘lgan. Bu holatni arxeologik ma’lumotlar asosida o‘rgangan. E.V.Rtveladze o‘z asoslari bilan farqlanuvchi shaharlarning quyidagi uchta guruhini ajratadi:

  1. Ahamoniylar davriga borib taqaladigan, qadimgi asosga ega bo‘lgan ko‘p qatlamli shaharlar (Jondavlattepa, Qalaimir, Hayitobodtepa va balki Termiz);

  2. Yunon-Baqtriya yoki Salavkiylar davriga borib taqaladigan shaharlar (Dalvarzintepa, Kayqubodshoh, Saksonoxur, Termiz, Shahrinav(?), Xolchayon);

  3. YUyechji yoki Kushon davrida paydo bo‘lgan shaharlar (kichkina shaharlarning asosiy qismi va Budrach, Zartepa, G‘arov-qal’a (Yavan), Kallaminor (Denov yonida), Shohtepa va boshq.).

Kushon davri shaharlarining kelib chiqishi va shakllanish jarayonini Dalvarzintepa nisbatan yaxshi aks ettiradi. Uning dastlabki asosi mil. avv. III asrda ko‘hna shaharning janubi-sharqiy qismida, ikki tomondan qadimgi irmoq o‘tib turgan balan tepalikda paydo bo‘ladi. Bu irmoqlardan xandaq sifatida foydalanilgan. Keyinroq, yunon-baqtriya davrida bu bo‘lak 2 metrdan oshiq qalinlikdagi paxsa devor bilan o‘rab olinadi va maydoni 3 gektardan ziyod qal’aga aylanadi. Uning shimolida esa tarqoq rejaga ega mustahkamlanmagan qishloq paydo bo‘ladi.
Aftidan, mil. avv. I asrning ikkinchi yarmi yoki milodiy I asr boshlarida dastlabki markaz o‘rnida qalinligi 7 metrli devor va xandaq bilan o‘rab olingan mustahkam qal’a shakllanadi. Mustahkamlanmagan manzilgoh shaharga aylanadi. Bu shahar aniq to‘g‘ri burchakli rejasi va shu reja asosidagi devorlari bilan ajralib turadi. Uning ichida jadallik bilan qurilishlar olib boriladi. Shu davrdan boshlab Dalvarzintepa tarixida yangi davr – shahar davri boshlanadi. Dalvarzinning keyingi rivojlanishi Kushon davriga to‘g‘ri keladi. YA’ni, hashamatli turar-joy inshootlari, ibodatxonalar, ishlab chiqarish mahallari barpo etilib, devorlar mustahkamlanadi. Shuningdek, bir tomonida diniy va dafn marosimlariga oid inshootlar, ikkinchi tomoniga qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq mulklar markazlashgan kattagina shahar oldi qismi shakllanadi. Dalvarzintepa umumiy hududining 34 foizini mudofaa inshootlari, 41 foizini asosiy istiqomat qismi, 7 foizini maydonlar va ko‘chalar, 18 foizini boshqa binolar egallagan deb taxmin qilinadi. Bu yerdan ibodatxonalar, shahar aholisining uylari, ishlab chiqarish ustaxonalari, shahar maydonlari va hovo‘zlar, suv tarmoqlari tizimi, ko‘cha tarmoqlari qazib ochilgan va o‘rganilgan.
Qiyosiy tahlil uchun solishtirib ko‘radigan bo‘lsak, S.P.Tolstovning yozishicha, O‘rta Osiyo shaharlari o‘sib chiqadigan boshlang‘ich asos bir tomondan – refugium (lotincha, mustahkamlanmagan, xavf tug‘ilgan paytida aholi panagohi) va ikkinchi tomondan – bozor hisoblanadi. YE.YE.Nerazikning ta’kidlashicha, qal’a atrofida shaharlarning shakllanishi Xorazm uchun rivojlanishning eng tarqalgan usullaridan biri edi. Parfiya va Marg‘iyonaning ham ko‘pgina shaharlari asosini mustahkam qism - qal’a tashkil etgan.
Janubiy Sug‘diyonaning antik davrga oid qator ko‘hna shaharlari - Qal’ai Zahoki Maron, Shulluktepa, Ko‘hna Fazli, Kindiklitepa kabilarning ham dastlabki asosini mustahkamlangan qal’a va minoralar tashkil etgan.
Demak, O‘rta Osiyoning boshqa hududlarida bo‘lgani kabi, Shimoliy Baqtriyada ham shaharlarning shakllanishi asosan qal’adan boshlangan. Shuning uchun ham, kushon davri barcha shaharlarda ilgarigi mustahkamlangan manzilgoh asosi bo‘lgan qal’alar mavjudligi tasodifiy hol emas, deb xulosa chiqarish maqsadga muvofiqdir. Bu holat qurilish uslublaridagi mahalliy an’analar antik davrda ham davom etganligidan dalolat beradi.
Antik davrda Shimoliy Baqtriyada tarhiy tuzilishi aniq to‘g‘ri burchakli va to‘rt qismli (qal’a, shaharning o‘zi, shahar oldi va atrof) shahar va shaharchalar ko‘p tarqalgan. Tashqi rejaviy tuzilishi notekis bo‘lgan shaharlar kam uchraydi. To‘g‘ri burchakli shaharlar negizini yagona shaharsozlik an’analari hamda qaysidir ma’noda, kushon davri ijtimoiy va madaniy meyorlari tashkil etgan bo‘lsa, noto‘g‘ri reja asosidagi shaharlar mustahkam qal’alar yonida, o‘z-o‘zidan, aholi o‘sishi natijasida paydo bo‘lib, ularning sohiblari mavjud chegaralarga moslashganlar.
Ko‘plab kushon qal’alari oldingi davr bilan genetik bog‘liq bo‘lgan. Ular mustahkamlangan qo‘rg‘on-markaz o‘rnida shakllanib ulardan tashqi ko‘rinishini ham meros qilib olgan (Dalvarzintepa, Termiz, Kampirtepa). Ularning ayrimlari (Budrachdagi Oqmozortepa, Zartepa, Xayrobodtepa) avval boshdayoq qal’a sifatida shakllangan bo‘lishi ham mumkin. Bu qal’alar bir-birlaridan o‘lchamlari va shahar qurilishi tartibida joylashuvi bilan farqlanadi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, qal’alarning ahamiyati shaharlarning vazifalari va o‘lchamlari bilan belgilanib, bir qator omillar, xususan, tabiiy sharoitlar ham hisobga olingan. Ko‘pchilik qal’alar shaharning bir burchagiga joylashib, to‘liq shahar qurilishi tizimiga kirgan. Ayrim hollarda qal’a ko‘hna shaharning bir burchagida joylashib shahar devorlari chegarasidan chiqib turgan (Dalvarzin, Arpapoyatepa). Ba’zi qal’alar ko‘hna shaharning markazida (Yalangto‘shtepa, G‘arovqal’a, Dilbarjin), ayrimlari esa shaharning asosiy qismidan alohida yoki daryo bo‘yida joylashgan (Termiz, Kampirtepa).
Ko‘hna shaharlarning qal’alari o‘lchamlari va rejaviy tuzilishi jihatdan ham bir-biridan farqlangan. Misol uchun to‘g‘ri burchakli (Kampirtepa, Termiz), to‘rt burchakli (Zartepa, Oqmozotepa, Xayrobodtepa), ko‘pburchakli (Dalvarzintepa). Shaharlarning ma’muriy-hududiy joylashuviga qarab ulardagi qo‘rg‘onlar turli vazifalarni bajarganlar. Ta’kidlash joizki, ko‘pgina qal’alar harbiy-mudofaa xususiyatiga ega bo‘lgan.
O‘rta Osiyoning boshqa ko‘hna shaharlari qal’alari bilan qiyosiy tahlil qilsak, ular kushon davrida boshqacharoq tuzilishiga ega bo‘lgan. Misol uchun, Tuproqqal’aning so‘nggi antik davr qal’asida saroy, otashkada va harbiylar bilan bog‘liq bir necha inshootlar bo‘lgan. Qadimiy Marvning qal’asi Erkqal’ada esa, shoh saroyi, xizmatchilar xonalari va ma’muriy inshootlar joylashgan. G.A.Pugachenkovaning taxminlariga ko‘ra, O‘rta Osiyo antik davr shaharlarining qal’alari ma’muriy binolar markazlashgan joy bo‘lib bu yerda hukmdor huzuridagi xizmatkorlar, omborxonalar, garnizon inshootlari joylashgan. Xullas, O‘rta Osiyoning antik davr katta ko‘pchilik ko‘hna shaharlarida qal’a asosiy ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lsada, Xorazmning bu davr ayrim shaharlari qal’asiz bo‘lgan. Ammo, antik davr Baqtriyasining qal’alari ko‘hna shaharlarning, qo‘rg‘onlarning va hatto qishloq manzilgohlarining ajralmas qismi edi.
Antik davr Shimoliy Baqtriya shaharlari hayotida shahristonlar ham muhim ahamiyatga ega edi. Antik davr shahristonlarining ildizlari bronza davri manzilgohlarining mustahkamlanmagan qismi va ahamoniy-baqtriya davrining ilk shaharlari asosiy turar-joylarini devorlar bilan o‘rab olingan davrga borib taqaladi. Ildizlari jihatdan ular bir-birlari bilan chambarchas bog‘liqligi aniq. Ammo, bajargan vazifasi nuqtai nazaridan ular turlicha bo‘lgan. Xususan, dastlabki davr shaharlari shahristoni faqat turar-joy qismi va ehtimol ibodatxonadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik, ya’ni, Kushon davriga kelib turar-joylar, hunarmandchilik ishlab chiqarish, mafkuraviy va savdo-sotiq bir yerga to‘plangan joyga aylanadi.
Shahristonlarning shakli to‘g‘ri bo‘rchakli, ayrim hollarda to‘rtburchak yoki ko‘pburchaklidir. Kushon davrida paydo bo‘lgan yoki qayta qurilgan shaharlarning shahristonlari qat’iy geometrik reja asosda qurilgan. Chunki, ular joylardagi tabiiy sharoit hisobga olingan holda oldindan rejalashtirilib bunyod etilgan. Ularning qal’alarga nisbatan joylashuvida ham turli: geografik, harbiy va iqtisodiy omillar hisobga olingan. Kushon davrida shahristonlar asosan qal’adan shimol va shimoli-sharq tomonda, ayrim hollarda janubi-sharq tomonda joylashib, chuqur va keng xandaqlar va minorali mustahkam devorlar bilan o‘rab olingan.
Dalvarzintepa shahristonini misol tariqasida keltiradigan bo‘lsak, ko‘hna shahar markazi keng ko‘cha bilan ikki asosiy qismga bo‘lingan. Bu ko‘cha shahar darvozasidan boshlanib, unchalik katta bo‘lmagan maydonga chiqqan. Maydon esa boy va hashamatli binolar bilan qurshalgan. Markaziy ko‘chadan ikki tomonga ko‘cha va tor ko‘chalar o‘tgan. Ammo, ularning tuzilishida muntazamlik yo‘q. Dalvarzintepa mahallalari tabaqachilik asosida bunyod etilgan bo‘lishi mumkin. Ammo, ular nechta uylardan iborat bo‘lganligi noma’lum.
Xullas, ko‘hna shaharlar shahristonlarining mahallalarga bo‘linishi antik davrda ham davom etadi. Ko‘hna shaharlar ko‘p hollarda aniq reja asosida, bir necha qismdan iborat bunyod etilgan bo‘lib, har bir qismning muayyan vazifasi bor edi. Ushbu qismlar shaharlar hududlarida joylashib, ular joylashuvida tabiiy-geografik va harbiy-siyosiy vaziyatlar hamda shart-sharoitlar hisobga olingan.
Antik davr Shimoliy Baqtriya shaharlari ma’muriy, harbiy-siyosiy va mafkuraviy markaz bo‘libgina qolmasdan savdo-sotiq va hunarmandchilik markazlashgan hudud ham hisoblangan. Chjan Szyanning mil. avv. II asrning o‘rtalariga oid ma’lumotlariga ko‘ra, Dahya (Baqtriya) aholisi savdo-sotiqda nihoyatda mohir, mamlakatning poytaxtida esa har xil mahsulotlarga boy bo‘lgan bozor mavjud edi.
O‘rta yer dengizi mamlakatlarini Uzoq Sharq bilan bog‘lovchi Buyuk ipak yo‘lining ushbu hududlardan o‘tishi xalqaro savdoning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratgan edi. Ptolomey tasvirlagan bu yo‘lning bir tarmog‘i Baqtradan shimolga, Amudaryo orqali Tarmitadan o‘tib shimoli-sharqqa qayrilgan va Surxon vohasi bo‘ylab borib Qoratog‘ orqali komadlar o‘lkasi bo‘ylab Qorategin tomonga ketgan. Bu yo‘lning boshqa bir tarmog‘i Tarmitadan so‘ng SHeroboddaryo vodiysidan o‘tgan va Temir darvoza orqali Sug‘dga olib chiqqan. Bu yo‘l O‘rta Osiyo va Shimoliy Baqtriyaning markaziy va shimoliy viloyatlarini Hindiston bilan bog‘lab turgan. Shimoliy Baqtriyani Parfiya va Xorazm bilan bog‘lovchi daryo yo‘lidan ham foydalanilgan. Chjan Szyanning ma’lumotlariga ko‘ra, Chuy Shuy (Amudaryo) bo‘yida savdogarlar va sotuvchilar yashaganlar. Ular o‘z mollarini quruqlikdagi yo‘lda ham suv yo‘lida ham qo‘shni davlatlarga sotganlar.
Shimoliy Baqtriyaning ayrim hududlarini birlashtirib turgan va ichki savdoda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa yo‘llar ham mavjud bo‘lgan. Ulardan biri Amudaryo vohasi bo‘ylab o‘tib Shimoliy Baqtriyaning sharqiy va g‘arbiy hududlarini bog‘lagan. Amudaryo bo‘ylarida joylashgan ayrim manzilgohlar (Kampirtepa, Xotinrabod, Ayvoj) savdo markazlari va balki, o‘ziga xos bojxona maskani vazifasini bajargan bo‘lishi mumkin.
Viloyatdagi xalqaro savdo aloqalarining yo‘nalishlari va taraqqiyoti haqida ba’zi arxeologik topilmalar guvohlik beradi. Bular Hindistondan keltirilgan – taroq, shaxmat donalari, fol ochadigan suyak, tilla buyumlarning bo‘laklari, fil suyagidan yasalgan narsalar (Dalvarzintepa); Rimdan – shisha (Xolchayon), marmar bosh (Ilontepa), maskaron (maxsus qiyofani o‘zgartiruvchi buyum, me’morchilikda ishlatilgan, Shaxrigulgul), Neron tangasi (sestersiy, Xayrobodtepa); Misrdan – taqinchoqlar va tumorlar, ular Shimoliy Baqtriyaning qabristonlaridan topilgan (Boysun, Bandixon, Kampirtepa, To‘pxona), papirus (Kampirtepa); Xitoydan- ipak matolar parchalari (Kampirtepa, Xolchayon), oynalar (Ayritom, Barattepa, Janubiy Tojikiston qabristonlari); Parfiyadan – tangalar; Xorazmdan – aylana naqsh solib ishlangan idish (Kampirtepa) kabilardir.
Hunarmandchilik ishlab chiqarishi savdo-sotiqning, xususan ichki savdoning jadallik bilan taraqqiy etishida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Antik davrda Shimoliy Baqtriyaning ko‘hna shaharlarida kulolchilikka ixtisoslashgan mahallalar mavjud bo‘lib, ularda bir vaqtning o‘zida bir nechta xumdonlar ishlab turgan. Ulardagi idishlarni pishirish xonalarida bir pishirishda yuzdan ortiq idishlar sig‘dirilgan. Kulolchilik xumdonlarining qishloqlarda bo‘lmaganligi yoki kamligi shundan dalolat beradiki, kulollar o‘z mahsulotlari bilan nafaqat shahar, balki, qishloq aholisining ham talab-ehtiyojlarini qondirgan. Ko‘hna shaharlarda temirni qayta ishlaydigan hunarmandchilik ustaxonalari ham bo‘lgan. Ular temirdan har xil buyumlar tayyorlaganlar. Termizdan temirchilar mahallasi aniqlangan. Temir va misni qayta ishlash hunarmandchiligining qoldiqlari SHo‘rtepadan ham aniqlangan.
Shimoliy Baqtriya shaharlarida qurilish ishlari va me’morchilikning yuqori darajasi bu hududlarda o‘z kasbining ustasi bo‘lgan quruvchilar va me’morlar bo‘lganligidan dalolat beradi. Qurilishda xom g‘isht va paxsa bilan bir qatorda Kushon davrida pishiq g‘isht ham ishlatilgan. G‘isht pishiradigan xumdonlar Dalvarzintepada aniqlangan. Ayrim g‘ishtlardan shaxsiy muhrlar izlari qayd etilgan. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, g‘isht pishiruvchi ustaxonalar buyurtma bo‘yicha ishlashgan.
Shimoliy Baqtriyaning shahar va qishloqlarida to‘qimachilik hunarmandchiligi ham keng tarqalgan. Qazishmalar paytida juda ko‘plab urchuq uchlari topilganki, ular gilam, sholcha va mato tayyorlashda ishlatilgan. To‘qimachilikning keng rivojlanishi shundan dalolat beradiki, ixtisoslikning bu turi faqat mayda, uy hunarmandchiligi bo‘lib qolmasdan, ko‘hna shaharlarda yirik to‘qimachilik ustaxonalari bo‘lib ular xalqaro va ichki bozor uchun mahsulot chiqarganlar. To‘qimachi ustalar bo‘lganligini Dalvarzintepa va Kampirtepadan topilgan shaxsiy muhrlar yana bir marta isbotlaydi. Ko‘hna shahar va qishloqlarda hunarmandchilikning boshqa ko‘rinishlari – zargarlik, toshga ishlov berish, tegirmonchilik (un tortish) ishlari ham rivojlangan. Ko‘pgina shaharlardan tanga pullarning topilishi pul zarb etish yaxshi yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
Xullas, antik davr Shimoliy Baqtriya shaharlari o‘z taraqqiyotining yuqori bosqichiga ko‘tarilgan edi. Yozma manbalarda Baqtriya haqida «ming shaharlar o‘lkasi», deb eslatib o‘tilishi hamda ko‘p sonli arxeologik ma’lumotlar ushbu fikrimizning dalilidir. Antik davrda bu hududlardagi shaharlar taraqqiyoti uchun ko‘pgina imkoniyatlar (ijtimoiy-iqtisodiy, harbiy-siyosiy, geografik va boshq.) mavjud edi. Shaharlar ko‘p hollarda ilgaridan belgilab qo‘yilgan qat’iy reja asosda qurilib bir necha qismdan iborat bo‘lgan. Har bir qismning muayyan bajaradigan vazifasi mavjud edi. Shaharlarning o‘zi esa ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy markaz hisoblanib, siyosiy hayotda ham muhim ahamiyat kasb etgan. Taraqqiyot qonuniyatlariga ko‘ra, avvalgi davrlarda bo‘lgani kabi, antik davr shaharlari davlatchilik taraqqiyotining asosiy omili bo‘lib qolaverdi.



Download 368.53 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   107




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling