Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet61/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

1892 yildan mustamlakachilar oddiy fuqarolarni ma'murlarga qarshilik ko'rsatgan taqdirda bevosita xarbiy dala sudiga bera boshladilar. Gunoxkorlarni ochiqchasiga qatl etish endilikda odamlarni qo'rqitish uchun mustamlakachilarga katta xuquqlar berdi.

18-§. Toshkentdagi "Vabo isyoni"

1892 yilning mart oyida Afg'onistonda vabo kasalligi tarqaldi. Baxor faslining oxirlariga kelib bu kasallik Samarqand viloyatining Jizzax uezdida, 7 iyunda esa Toshkentda xam qayd qilindi. Toshkent shaxar ma'muriyati kasallikka qarshi tadbirlar qatorida shaxardagi 12 ta qabristonni yopib qo'ydi. SHu kasallikdan vafot etgan kishilar uchun shaxardan chekka joyda maxsus qabristonlar ochish va'da qilindi. Lekin amalda shaxardan tashqarida faqat bitta qabriston ochildi. Sanitariya tadbirlari xalqqa ishonarli qilib tushuntirilmadi. Bundan tashqari, shifokor-feldsherlar yetishmasligi sababli bemorlarni tekshirish ko'pincha uchinchi yo to'rtinchi kuni o'tkazilar edi. Bu vaqtda axoli o'rtasida mustamlakachi ma'murlar suvni, shifokorlar esa bemorlarni qasddan zaxarlayotgani, murdalarning qabrlardan chiqarib tashlanayotgani to'g'risidagi mish-mish gaplar tarqaldi.

Bunday vaziyat aholi orasida sarosimalik va norozilik keltirib chiqardi. Bu vaqtda Toshkentning Eski shahardagi xalqparvar, mustamlakachilarga yoqmaydigan oqsoqoli Inog'omxo'ja Umriyoxo'jaev lavozimidan chetlashtirildi. Uning o'rniga tayinlangan shaxs pora olishni kuchaytirish maqsadida boshqa kasallik bilan og'rib vafot etganlarni ham vabo uchun ochilgan shahar chekkasidagi qabristonga ko'mishni buyurdi. Xalq bunga keskin ravishda norozilik bildirdi. Bu holat qo'zg'olon boshlanishiga sabab bo'ldi.

1892 yildagi norozilik xarakatlarini keltirib chiqargan asosiy sabab, birinchidan, maxalliy axoliga nisbatan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy jixatdan mustamlakachilik jabr-zulmining tobora kuchayib borayotganligi; ikkinchidan, xalq ommasining og'ir axvoli, xunarmand kosiblar va mardikorlarning ayovsiz ishlatilishi; uchinchidan, iste'mol maxsulotlari narxlarining to'xtovsiz oshib borishi, soliqlarning ko'pligi; to'rtinchidan, amaldorlarning o'z mansablarini suiiste'mol qilishi, poraxo'rligi kabi xolatlarning ko'payib ketishi bo'ldi.

Tarixda "Vabo isyoni" (yoki "Toshotar voqeasi") deb nom olgan qo'zg'olon 1892 yilning 24 iyunida boshlandi. Dastlab maxalliy axolining noinsof, poraxo'r amaldorlar va sudxo'rlarga, xokimiyatni suiiste'mol qilish bilan tanilgan shaxar bosh oqsoqoliga qarshi noroziligi bilan boshlandi. Bu qo'zg'olonchilar asosan mardikorlar va xunarmand-kosiblardan iborat edi.

Bu voqeani o'z ko'zi bilan ko'rgan zamondoshlardan biri shunday yozgan edi: "Qo'zg'olonchilarning maqsadi bo'layotgan kamsitishlarni to'xtatishga erishish edi. Olomon shaxar boshlig'i S.Putinsev xuzuriga chora ko'rish to'g'risidagi talab bilan yo'lga tushadi. Olomonda o'qotar yoki zamonaviy qurollar xam yo'q bo'lib, ular taxminan 400 kishi atrofida edi".

Eski shaxar oqsoqoli Muxammad Yoqub olomondan qo'rqib ketib, shaxar boshlig'i polkovnik S. Putinsev xuzuriga yordam so'rab bekinishga urindi. Xalq S. Putinsevdan oqsoqolni ular ixtiyoriga berishni talab qildi. S.Putinsev esa muzokara o'rniga kuch ishlatishni afzal ko'rdi. Kuch ishlatish to'g'risidagi buyruqdan keyin, sabr kosasi to'lgan xalq uzoq o'ylab o'tirmay xokimga xujum boshladi. Uning odamlarini tor-mor etib, o'zini kaltaklashdi. Toshkent oqsoqolining uyiga o't qo'yishdi. S. Putinsev va uning mirshablarini do'pposlagan xaloyiq maxkamani xam ostin-ustun qildi. Qo'zg'olonni bostirish uchun kazaklar polki va bir rota askar chaqirildi.

O'lka ma'muriyatining norozilik xarakatlarini shafqatsiz usullar bilan bostirishi, qo'zg'olon ishtirokchilarini ayovsiz jazolashi mustamlakachi xukumatning asl yuzini yaqqol ko'rsatib berdi. Toshkentdagi qo'zg'olon Turkiston mustamlaka ma'muriyatini jiddiy tashvishga soldi. U xukumatga politsiya shtatini ko'paytirish va jazo vakolatlarini yanada kengaytirish xaqida murojaat qildi. Sankt-Peterburg Turkiston general-gubernatorining iltimosini qondirib, o'lkada "mirshablik xolati" ni joriy etishga ruxsat berdi. Turkiston o'lkasida 1892 yil 18 iyundan kuchga kirgan "Harbiy xolatda deb e'lon qilingan joylar xaqida Qoida" joriy etildi. Mustamlakachilar uchun keng vakolatlar berildi. Turkiston general-gubernatori "kuchli muxofazada" deb e'lon qilingan joylarda majlis yig'inlarni tarqatish, savdo-sanoat korxonalarini yopish, matbuot organlarini taqiqlash, istalgan odamni surgun qilish, jarima solish va boshqa xuquqlarni oldi. "Favqulodda muxofazada" dcb e'lon qilingan joylarda esa butun xokimiyat general-gubernator yoki u tayinlagan bosh noib qo'liga o'tdi.

Ushbu qo'zg'olonning bostirilishida mustamlakachilar o'z manfaatlari yo'lida xalqning urfodatlari, diniy e'tiqodi, milliy qadriyatlarini toptashdan xam qaytmasligini ko'rsatdilar. Umuman olganda, mustamlakachilar xar qadamda o'zlarini o'lkada xokim va istilochi ekanliklarini maxalliy axoliga namoyish qildi.

19-§. Andijon qo'zg'oloni

19 asrning ikkinchi yarmida Turkistonda Rossiya imperiyasi o'rnatgan mustamlakachilik tuzumi maxalliy axolini siyosiy xuquqlardan maxrum etdi, milliy, diniy qadriyatlarini taxqirladi, iqtisodini esa imperiya maqsadlariga bo'ysundirib, xalqning turmushi, moddiy axvolini yomonlashtirib, qashshoqlanishiga olib keldi.

1886 yilgi "Turkiston o'lkasini idora qilish to'g'risidagi Nizom"ga ko'ra, o'lkada mustamlaka siyosati va rejimi qonun xujjatlari asosida mustaxkamlab qo'yildi. Buning natijasida o'lka axolisiga nisbatan jabr-zulm yanada kuchaydi. Ushbu Nizomning o'z oldiga qo'ygan asosiy maqsadi bu o'lkada yer masalasini mustamlakachilik manfaatlariga moslashtirish bo'lgan. "Nizom" e'lon qilingandan so'ng unda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda maxalliy axolining milliy, diniy va maxalliy xususiyatlari inobatga olinmadi.

Mazkur "Nizom" asosida podsho ma'murlari maxalliy xalqqa tegishli yerlarning katta qismini tortib oldi va ular asosida Rossiyadan ko'chib kelganlar uchun yer fondi tashkil etildi. Bunday siyosat yer masalasi juda nozik bo'lgan, axoli zich joylashgan, ayniqsa, sug'oriladigan ekin maydonlari kam bo'lgan Farg'ona vodiysida maxalliy axolining axvolini yomonlashtirib yuboradi. Bundan tashqari, Farg'ona vodiysi asosan imperiyaning paxta xomashyosini yetishtirib beruvchi xududga aylantirilgan edi. Vodiyda paxta yetishtirishning ko'paytirilishi sababli g'alla, ozuqabop ekinlar maydoni va yaylovlarning qisqarishi, oziq-ovqat va boshqa maxsulotlar narxini keskin oshirib yubordi.

1891 yilda Rossiyadan axolining Farg'ona viloyatiga ko'plab ko'chirib keltirilishi, ularning joylashtirilishi yer taqchil va axoli zich yashaydigan vodiyning axvolini nixoyatda yomonlashtirib yubordi. SHubxasiz, podsho xukumatining bunday xarakatlari maxalliy axoli noroziligini yanada ortib borishiga sabab bo'ldi.

Mustamlakachi xukumat Turkiston o'lkasining barcha joylarida maxalliy axolining milliy va diniy qadriyatlarini xisobga olmasdan, ularga qarshi siyosat olib bordi. Podsho xukumati tomonidan o'lkadagi vaqf mulklari qisqartirildi. Vaqf mulklariga tegishli yerlarni tugatishga qaratilgan chora-tadbirlar esa vaqf yerlarini katta qismi davlat mulkiga aylantirilishiga olib keldi. Bu o'lka xayotida, keng xalq ommasi o'rtasida yuqori nufuzli din peshvolari, diniy muassasalar va ta'lim maskanlarida ish olib boradigan mutasaddilarning keskin noroziligini keltirib chiqardi.

Norozilik xarakatlariga o'lka ma'muriyatining maxalliy xalq manfaatlaridan imperiya manfaatlarini ustun qo'yuvchi siyosat olib borishi, tub axoli yashash sharoitlarining yomonligi, soliqlarning nixoyatda ko'pligi, amaldorlarning poraxo'rligi va o'z mansabini suiste'mol qilishlari, to'lovlar xamda majburiyatlarning og'irligi kabilar sabab bo'ldi. Maorif, tibbiy xizmat, obodonchilik ishlari qarovsiz bo'lib, ularga xukumat tomonidan mablag' ajratilmagan. Bunday salbiy xolatlar maxalliy xalqlarning mustamlakachilarga nisbatan nafratini oshirib, ularga qarshi g'alayon va qo'zg'olonlar ko'tarilishiga olib keldi.

Turkiston o'lkasida 19 asrning oxirlarida bo'lib o'tgan norozilik xarakatlaridan biri bu 1898 yildagi maxalliy xalqlarning mustamlaka jabr-zulmiga qarshi qaratilgan Andijon qo'zg'oloni xisoblanadi. Bu qo'zg'olon maxalliy axolining Turkistondagi Rossiya imperiyasining xukmronligiga va uning mustamlakachilik siyosatiga qarshi qaratilgan xarakatlaridan biri sifatida bo'lib o'tdi. Unga vodiy axolisi orasida Dukchi eshon nomini olgan Muxammad Ali (1846-1898) raxbarlik qildi. Dukchi eshon mutaassib dindorlardan edi. U oddiy fizikaviy xolatlardan foydalanib, sodda xalq o'rtasida mo'jizalar ko'rsatgan. Uni "avliyo" deb xisoblagan axoli qo'zg'olonga boshchilik qilishga undagan. 1898 yilning baxor faslida vodiyning turli joylarida Muxammad Ali boshchiligida qo'zg'olon bo'lishi xaqida gaplar tarqaladi. Bu voqea va Dukchi eshon to'g'risidagi ma'lumotlardan mustamlakachi ma'murlar xam xabardor bo'lgan.

Maxalliy axolining mustamlakachilik jabr-zulmlariga qarshi norozlik xarakatlarining oshkora qo'zg'olon ko'rinishida boshlanib ketishiga 1898 yil 17 may kuni Muxammad Ali o'z odamlari orqali atrofdagi qishloqlarga xabar tarqatib, qo'zg'olon boshlash vaqti kelganligini e'lon qilishi sabab bo'ldi. SHu kuni tunda qo'zg'olonchilar tomonidan Tojikqishloqdagi telegraf simlarining qirqib tashlanishi bilan qo'zg'olon boshlanib ketdi. Ular yo'lda uchragan Asaka pristavini o'ldirdilar. Dukchi eshon boshchiligidagi qo'zg'olonchilar ikkiga bo'linib, ularning biriga Ziyovuddin maxsum boshchilik qildi. Qo'zg'olonchilar Qutchi qishlog'iga yetib borganlarida ularning safiga yana 200 kishi, Qo'yli qishlog'iga borganlarida esa mingboshi G'oyibnazar o'z odamlari bilan qo'shildi. SHundan keyin qo'zg'olonchilar Andijondagi xarbiy kazarmaga xujum qildilar.

Qo'zg'olonchilar bilan mustamlakachi ma'muriyat xarbiy kuchlari o'rtasida ro'y bergan to'qnashuvdan keyin kuchlar va xarbiy qurol-aslaxalar teng bo'lmaganligi bois qo'zg'olonchilar chekinishga majbur bo'ldilar. Bu to'qnashuvda xarbiy kazarma jangchilaridan 22 tasi o'ldirildi, 22 tasi yarador bo'ldi. Qo'zg'olonchilardan 11 tasi xalok bo'ldi, 8 tasi yarador qilindi. SHaxarda xarbiylar bilan qo'zg'olonchilar o'rtasida ro'y bergan ayovsiz otishmalar natijasida nafaqat qo'zg'olonchilar, balki, ko'plab tinch axoli vakillari xam xalok bo'ldi.

Qo'zg'olon boshlanganligi to'g'risidagi xabar olinishi bilan podsho xukumati zudlik bilan chora ko'rishga va uni bostirishga xarakat qildi. Qo'zg'olon Andijonda, ayniqsa, ruslar yashaydigan Yangi shaxarda vaxima uyg'otdi. Mllstamlakachi amaldorlardan tortib to oddiy fuqarolargacha sarosimaga tushib, uylariga berkinib oldilar. Hatto tumanboshi polkovnik Konshevskiy xam ko'chaga chiqmay o'z uyidan telefon orqali xarbiy kuchlarni chaqirdi. Harbiy kuchlar uch soat ichida Andijonga yetib kelib, Yangi shaxarda duch kelgan maxalliy axolini o'qqa tutdilar. Buning natijasida umuman qo'zg'olonga aloqasi bo'lmagan yuzlab odamlar mustamlakachilar o'qidan nobud bo'ldi.

Andijondagi 1898 yil qo'zg'olonidan keyin podsho Nikolay 2 Turkiston general-gubernatori general-leytenant A.Vrevskiyni lavozimidan chetlatib, uning vazifasini vaqtinchalik Sirdaryo viloyati xarbiy gubernatori N. Korolkov zimmasiga yukladi. U mustamlakachilik siyosatini o'ta qattiqqo'llik bilan amalga oshirish borasida nafaqat o'lkada, balki imperiya xukmron doiralari orasida xam tanilgan edi. Uning zimmasiga qo'zg'olonchilarni batamom yo'q qilishga qaratilgan jazo ekspeditsiyasiga shaxsan raxbarlik qilish xam topshirildi. N.Korolkov 1898 yil 20 may kuni qo'zg'olon ko'tarilishining oldini olmaganligi uchun Farg'ona viloyat xarbiy gubernatori va bir qancha amaldorlarni lavozimidan bo'shatdi.

Mustamlakachi xukumat qo'zg'olonni batamom bostirish uchun, unda ishtirok etganlarni shafqatsiz jazoladi. Qo'zg'olon bostirilgach, ikki ming kishi xibsga olindi. Xalq ko'z o'ngida qo'zg'olonchilar namoyishkorona jazolandi. Dukchi eshon va uning yaqin safdoshlari sudsiz osib o'ldirildi. Manbalarga ko'ra jami 380 kishi o'lim jazosiga maxkum qilindi. Ammo xalqning yanada g'azablanishidan xavfsiragan imperiya ma'muriyati, xususan, xarbiy vazir A. N. Kuropatkin Turkiston general-gubernatori S.M. Duxovskoyga o'lim jazosini ko'paytirmaslik xaqida telegramma jo'natdi. Unda o'lim jazosini katorga va qamoq jazosiga almashtirish to'g'risida ko'rsatma beriladi, lekin 22 kishiga berilgan o'lim jazosi o'z kuchida qoldi.

1898 yilda bo'lib o'tgan qo'zg'olon maxalliy axolining o'z jonlarini xavfga qo'yib mustamlakachilik zulmiga qarshi kurash olib borishlari mumkinligini ko'rsatdi. Ular qo'llariga qurol olib toptalgan xaq-xuquqlari, orzuumidlari uchun jang qildilar. Qo'zg'olon izsiz ketmadi. U keng xalq ommasiga ozodlik uchun kurash sari yo'l ko'rsatdi va minglab odamlarni mustamlakachilik jabr-zulmiga qarshi faol kurashishga ilxomlantirdi.

1898 yilgi qo'zg'olon garchi tor-mor etilgan bo'lsada, maxalliy xalqlarning mustaqillik va ozodlik uchun kurashlarini to'xtata olmadi. O'lkaning turli xududlarida norozilik xarakatlari turli ko'rinishlarda davom etdi. Qo'zg'olon bo'lib o'tgandan keyin bir yil o'tib, 1899 yil 20 iyunda Farg'ona vodiysida yana yangi qo'zg'olon boshlandi. Mustamlakachilikka qarshi qo'zg'olonlar Turkiston o'lkasining deyarli barcha xududlarida davom etdi. Turkiston o'lkasi Rossiya imperiyasi uchun eng notinch, to'xtovsiz norozilik xarakatlari va qo'zg'olon bo'lib turadigan xududga aylanib qoldi.

1898 yilda Andijonda boshlangan qo'zg'olon xam o'lkaning boshqa joylarida bo'lib o'tgan qo'zg'olonlar singari mustamlakachi xukumatning xarbiy kuchlari tomonidan bostirildi. Qurolsiz qo'zg'olonchilar yaxshi qurollangan mustamlakachilarga qarshi kurashlarda g'alaba qilishi amri maxol edi. Bu qo'zg'olonni mag'lubiyatga olib kelgan sabablardan biri, uning o'lka bo'ylab keng yoyilib ketmaganligi va maxalliy axolining barcha tabaqalari unda ishtirok etmaganligi bo'ldi.

Qo'zg'olonchilar mustamlakachilarga qarshi qaratilgan xarakatlari bilan eng avvalo o'lkadagi jabr-zulmga chek qo'yilishiga erishmoqchi bo'lgan edilar. Qo'zg'olonni tashkil qilishdan boshlab unga boshchilik qilishgacha qat'iy tartib va intizom yo'qligi uning o'z oldiga qo'ygan maqsadiga yetkazishga imkon bermadi. Qo'zg'olon ko'targanlarning tarqoqligi, aniq reja ishlab chiqmaganligi, xamma bir vaqtda ko'tarilmaganligi ularga pand berdi. Xususan, Ketmontepa va Ko'gartdagi odamlarga boshchilik qilgan CHibil bo'lis Dukchi eshonga zudlik bilan qo'shilish o'rniga atrofida joylashgan mustamlakachilarga qarshi kurash olib borishga xarakat qilib, taktik xatoga yo'l qo'ydi. Axolining ayrim tabaqalari qo'zg'olonga qo'rqqanidan, ba'zilar qo'zg'olon g'alaba qozonishiga ishonmagani uchun qo'shilmadi.

Dukchi eshonning yetarli darajada tayyorlanmay, xarbiy soxadan bexabar, yaxshi qurollanmagan muridlari bilan ochiqchasiga qo'zg'olon ko'targanligi mustamlakachilarning qo'zg'olonni osonlik bilan bostirishiga imkon berdi. O'lkada xukmron bo'lib olgan mustamlakachi xukumat qo'zg'olonni bostirishga erishdi. Andijonda ko'tarilgan qo'zg'olon nafaqat Turkiston o'lkasi ma'muriyatini, balki Rossiya imperiyasi xukumatini xam qattiq xavotirga solib qo'yadi. Qo'zg'olondan keyin o'lkaning xar bir xududida norozilik kayfiyatidagi barcha axolini qattiq nazoratda ushlab turishga qaratilgan choralar ko'rildi. Har qanday norozilik ko'rinishdagi xarakatlarni ayovsiz bostirishga kirishildi.

Eshon - dindorlar orasida obro' qozongan diniy rahnamo unvoni.

Dukchi - (forscha -yig, duk) - charxning yigirilayotgan ip o'ralib boriladigan qismi. Duk yasovchi hunarmand - dukchi deyilgan.

Kazarma - (italyancha - uycha, kulba) - harbiy qism joylashtirilgan maxsus bino.

Katorga -jinoyatlari uchun og'ir mehnat sharoitida jazoni o'tash joyi.

20-§. Milliy - ozodlik harakatlarining ahamiyati

19 asrning ikkinchi yarmidagi milliy-ozodlik xarakatlari Turkiston o'lkasining podsho xukumati tomonidan istilochilik yo'li bilan bosib olinganligini yana bir karra isbotladi. Istilo qilingan xududlar imperiyaning tarkibiga mustamlaka sifatida kiritilib, bu yerlarda imperiyaning siyosiy, iqtisodiy va geopolitik manfaatlarini birinchi o'ringa qo'ydi. O'lka arzon xomashyo bazasiga, Rossiyada tayyorlangan maxsulotlar uchun tayyor bozorga, uning axolisi esa arzon ishchi kuchiga aylandi.

19 asrning ikkinchi yarmida Turkiston o'lkasida olib borilgan milliy-ozodlik xarakatlari maxalliy axolining turli ko'rinishlardagi chiqishlarida o'z aksini topdi. Bularga asosiy sabab soliq va majburiyatlarning og'irligi, maxalliy boshqaruv vakillarining sotqinlarcha podsho ma'murlariga xizmat qilishi, Rossiya o'lkalaridan ko'chirib keltirilgan axoliga yangi ekin maydonlarining bo'lib berilishi, narx-navolarning oshib ketganligi, turmush sharoitlarining yomonligi kabi xolatlar tufayli ro'y berdi. Bundan tashqari, maxalliy axoli uchun tibbiy xizmat ko'rsatishning yo'qligi, yangi ishlab chiqarish va texnologiyalarning faqat imperiya manfaatlariga xizmat qilishi xam tub joy axoli vakillarining ommaviy ravishdagi norozilik chiqishlarida ishtirok etishiga olib kelgan edi.

19 asrning o'rtalaridan boshlangan milliy-ozodlik xarakatlari o'lkaning turli xududlarida to'xtovsiz tarzda davom etdi.

Bu davrdagi bo'lib o'tgan milliy-ozodlik xarakatlarining aksariyati o'lkaning ma'lum bir xududlarida bo'lib o'tgan bo'lsada, uning aks sadosi butun o'lka bo'ylab tarqaldi. Har bir qo'zg'olon boshqa joylarda xam norozilik chiqishlarining ko'tarilishiga xamda u yerdagi axolini ozodlik uchun mustamlakachilarga qarshi kurash olib borishiga ruxan ta'sir ko'rsatdi.

Qo'zg'olonlar bostirilgani bilan uning ishtirokchilari o'lkaning turli xududlariga qochib borib, o'z xarakatlarini davom ettirdilar.

19 asrning ikkinchi yarmida bo'lgan milliy-ozodlik xarakatlarida o'lka xalqlarining deyarli barchasidan vakillar ishtirok etganligi bilan axamiyatga ega. SHu bilan birga, qo'zg'olonlarda axolining turli tabaqa vakillari ya'ni, dexqonlar, xunarmandlar, din ulamolari, qishloq oqsoqollari, mingboshilar, qozilar va xatto katta mulk egalari, savdogarlar ishtirok etganlar.

Bu qo'zg'olonlarda podsho xukumati o'lka tub axolisining mustaqillik va ozodlik yo'lidan qaytmasligini, xar qanday jabr-zulm, kuchli nazorat va qattiq jazolar ularni ezgu niyatlaridan chekintirmasligini tushunib yetdi. Mustamlakachi xukumat o'lkani qo'ldan chiqarmaslik uchun extiyotkor va vazmin siyosat olib borish kerakligini anglab, kelgusida qo'zg'olonlar ko'tarilmasligi uchun xar tomonlama ish ko'rishga xarakat qildi.

19 asrning ikkinchi yarmidagi milliy-ozodlik xarakatlari vatanimiz tarixida milliy mustaqillik va ozodlik kurashi sifatida muxim o'rin tutadi. Bu davrdagi milliy-ozodlik xarakatlari Po'latxon, Qurbonjon dodxox, Yetimxon, Darvishxon, Muxammad Ali eshon singari kishilar boshchiligida bo'lib o'tdi.

19 asrning ikkinchi yarmidagi milliy-ozodlik xarakatlarida Turkiston axolisining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va milliy-ozodlik uchun kurashlari o'zaro birlashgan xolda sodir bo'ldi.

Xulosa qilib aytganda, 19 asrning ikkinchi yarmidagi milliy-ozodlik xarakatlari o'lka axolisining ijtimoiy xolati, milliy kelib chiqishidan qat'i nazar, vatan mustaqilligi, yurt ozodligi, xalq erkinligi barchaning umumiy maqsadi ekanligini anglatadi.

Qo'zg'olonlar xarakteriga ko'ra milliy-ozodlik ko'rinishida yuz berdi, chunki bu qo'zg'olonlarning asosiy kuchi keng xalq ommasi bo'lib, ular mustamlakachilik tartiblariga qarshi mardonavor kurash olib bordi. Ular yurtning xaqiqiy fidoyi farzandlari ekanliklarini amalda isbotladilar va jasoratlari bilan Vatan tarixi saxifalaridan munosib o'rin egalladilar.

5-bo'lim. 19 asrning 2-yarmi - 20 asr boshlarida qoraqalpoqlar

21-§. 19 asr ikkinchi yarmi - 20 asr boshlarida qoraqalpoqlarning hududiy joylashuvi va ijtimoiy hayoti

Tarixan qoraqalpoqlar Ural, so'ngra Volga bo'ylarida, undan keyin esa Orol atrofi xamda Sirdaryoning quyi xavzalari etaklarida yashab kelganlar. Ularning ko'chib yashashlariga ko'proq tashqi omillar sabab bo'ldi. Nixoyat, ular 19 asr boshlarida quyi Amudaryo xavzasi, Oralning janub va janubi g'arb tomonlarida muqim xayot tarziga o'ta boshladilar. Qoraqalpoqlar gox qozoqlar, gox turkmanlar xujumlariga uchrab, buning oqibatida Xiva xonligi fuqaroligiga o'tdilar. Quyi Amudaryoning katta cho'l va suv chiqmagan cho'lga tutash sho'rxok yerlarini ular o'zlarining mashaqqatli mexnati evaziga o'zlashtirdilar. O'troq xayotga o'ta boshlagach, dexqonchilik bilan shug'ullanish qoraqalpoqlar xayotida asosiy o'rinni egallay boshladi. SHunday bo'lsada, chorvachilik xam qoraqalpoqlar xayotida yetakchi soxalardan biri bo'lib qolaverdi.

19 asr o'rtalarida qoraqalpoqlar Xiva xonligi xukmronligi ostida bo'lib, ular Amudaryoning xar ikkala qirg'og'ida va Orol dengiziga quyiladigan yerlarda yashagan. Ularning soni o'sha vaqtda taxminan 100 ming nafardan oshmagan. Qoraqalpoqlarga berilgan yerlar xonlik mulki sanalgan, ular bu yerlar uchun soliqlar to'laganlar. Har xil majburiyatlarni bajarganlar.

Qoraqalpoqlarda urug'larga bo'lingan, ularda yerdan foydalanish jamoa tariqasida kechar edi. Urug'lar sug'orish kanallari qazilishi uchun mas'ul bo'lishgan. CHorva xususiy mulk bo'lgani bois unga urug' tamg'asi urilar va jamoa yaylovlarida boqilar edi. Qoraqalpoqlarning xar bir ovul axolisi bitta urug'ga mansub edi. Qoraqalpoqlarni boshqarish qulayroq bo'lishi uchun Muxammad Raxim 1 "Qoraqalpoq ulusi"ni shakllantirdi, barcha qoraqalpoq jamoalari ana shu ulusga kirgan. Ulusni boshqarish xonning ixtiyorida edi. Urug'lar va qabilalar ancha yirik guruxlarga birlashtirilib, ularni boshqarish uchun xon saroyining oliy amaldorlari otaliq va beglarbegi tayinlangan. Ayrim viloyatlarni boshqarish uchun tayinlangan xokimlar odatda xonning yaqin qarindoshlari bo'lishgan.

Qoraqalpoq ruxoniylari, eshonlari va axolining nufuzli kishilari Xiva xonlarining aloxida xomiyligida bo'lgan. Qozilar xam ruxoniylar nazorati ostida bo'lishgan. Qoraqalpoqlar orasida sudlarning ikki turi qozilar sudi va biylar sudi mavjud edi.

Qoraqalpoqlar 19 asrning ikkinchi yarmiga kelib o'troqlashib, dexqonchilik ular xayotida asosiy o'rinni egallay boshladi. Ammo chorvachilik xam yetakchi soxalardan biri bo'lib qolaverdi. Dexqonchilik ishlari qizg'in vaqtlarida qoraqalpoq oilalari ekinzor yerlarning qulay bir joyiga o'z o'tovlarini qurib mexnat qilganlar. Ana shunday tinch mexnat bilan band bo'lgan paytlarda bosqinchilik bilan boylik orttirishni kasb qilib olgan qaroqchi guruxlar qoraqalpoqlar o'tovlariga to'satdan xujum qilar edi. Bu kutilmagan bosqin natijasida ular ko'plab mol-mulklaridan ajralardi. Bunday paytlarda yurt oqsoqollari Xiva xonidan o'zlarini ximoya qilishni so'rab choparlar yo'llardilar.

Qoraqalpoqlar xayotida baliqchilik va ovchilik xam muxim o'rin egallagan. Amudaryoning bo'ylarida va Orol dengizi atrofidagi ko'llarda baliqlar serob bo'lib, ular ko'plab oila xamda urug'lar uchun asosiy tirikchilik manbayi edi. Hatto sharqdan g'arbga borayotgan savdo karvonlari tuzlangan baliqni ko'p miqdorda ana shu baliqchilik bilan shug'ullanuvchi oilalardan olib ketardilar. Qoraqalpoqlar asosan ro'zg'or uchun zarur buyumlarni tayyorlash bilan shug'ullanar edilar. Extiyojdan ortgan buyumlar esa bozorga chiqarilgan. Ular o'tovlarning atrofini o'rash uchun matolar, tuya junidan guldor namatlar to'qir edilar. Ularning xalq amaliy san'atida o'tovlar uchun o'ymakor eshiklar va boshqa uy-ro'zg'or buyumlari yasash, gilam to'qish, kashtachilik yuqori darajada rivojlangan. Bu qoraqalpoqlarda xo'jalik va turmush talablarini ta'minlab turuvchi xunarmandchilik soxalarining xam rivojlanganligini, ular ayniqsa, yog'och va suyakka ishlov berish borasida qo'li gul usta bo'lishganligini ko'rsatadi.

19 asrda xam qoraqalpoqlarning ayrim ovullarida urug' munosabatlari mustaxkam tarzda davom etdi. Xitoy qipchoq, mang'it va kenagas qabilalari tarkibidagi urug'lar "o'n to'rt urug'" aris (urug') birlashmasini tashkil qilgan. Arislar orasida eng yirigi o'n to'rt urug' bo'lsa, xarbiy kuch borasida ikkinchi o'rinda shulluk va joungumi birlashtirgan aris-qo'ng'irotlar turar edi. Ularda yersuv mulki, chorva maxsulotlari urug'niki deb xisoblansada, urug' oqsoqollari, ruxoniylar va biylarning ulushi katta miqdorni tashkil qilgan. Bu xol 19 asr ikkinchi yarmida tabaqalanish jarayonining kuchayishini yanada tezlashtirdi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   57   58   59   60   61   62   63   64   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling