Tarixdan xikoyalar
Download 1.55 Mb.
|
Umumiy tarix
Dashti Qipchoqdan kirib kelgan mang'it, qo'ng'irot, nayman, uyg'ur, do'rmon, kenagas, yuz, ming, baxrin va boshqa turkiy elatlar mahalliy qardoshlari bilan tabiiy suratda yaqinlashdilar. Ular o'troq hayotga moslashib, turmush tarziga xos hamma eng yaxshi narsalarni o'zlariga qabul qilib, asta-sekin tubjoy aholi tarkibiga singib bordilar. Natijada ular mahalliy-qardoshlari bilan qorishib, ma'nan yuksalib bordilar. Tarixiy manbalarda keltirilgan 92 o'zbek urug'lari nafaqat O'zbekiston hududida, balki butun Markaziy Osiyo hududlarida tarqalgan. Bu 92 okzbek urug'lariga Markaziy Osiyoda qadimdan yashab kelayotgan tub yerli aholi, miloddan avvalgi birinchi ming yillikning ikkinchi yarmida, milodimizning birinchi ming yilligi davomida, mo'g'illar istilosi davrida hamda shayboniylar davrida kirib kelgan etnik guruhlar ham kiradi. SHuningdek, Markaziy Osiyoda qadimdan yashab kelayotgan chig'il, yag'mo, usun, tuxsi, xalach, qipchoq va turkmanlar kabi etnik guruhlar ham garchi 10-12 asrlardan va undan keyingi davrlarda bu yerda o'rnashganliklariga qaramasdan, 92 o'zbek elati tarkibiga kirgan. "O'zbek" atamasi haqida. "O'zbek" atamasi haqida hozircha "O'zbekiston tarixi" fanida yakdil xulosa yo'q. Ayrim mualliflar Dashti Qipchoqda ko'chib yurgan turk-mo'g'il qabilalarining bir qismi o'zlarini erkin tutganliklari sababli "o'zbek", ya'ni "o'z-o'ziga bek, xo'jayin" deb atagan desalar, boshqalar "o'zbek" etnonimini Oltin O'rda xoni O'zbekxon (14 asr) nomi bilan bog'laydilar. Boshqa yana bir guruh olimlar esa Oq O'rda (Dashti Qipchoqning sharqiy qismi)da yashagan turk-mo'g'il qabilalariga "o'zbeklar" degan nom berilgan, degan fikrni bildiradilar. "O'zbek" atamasi o'g'iz qabilalari tarkibidagi "o'z" urug'i nomidan olingan, degan fikriar ham mavjud. Hozircha anig'i shuki, SHayboniyxon boshchiligida Dashti Qipchoqdagi o'zlariga "o'zbek" degan nomni qabul qilgan qabilalar ikki daryo oralig'idagi yerlarga ko'chib kelgach, Movarounnahrning qadimiy xalqi ham "o'zbek" atamasini qabul qildi. "O'zbek" atamasi aholining umumiy nomiga aylandi, xolos. Temuriylar saltanati o'rnida dastlab, 16 asr boshlarida Buxoro va Xiva xonliklarining, 18 asr boshlarida esa Qo'qon xonligining vujudga kelishi natijasida yagona tarixiy zaminda yashagan xalqlar uch davlat tasarrufiga tushib qoldilar. Biroq bu holat o'zbek xalqi birligiga jiddiy putur yetkaza olmagan. Bu davlatlar tarkibidagi aholi o'zaro doimiy etnik, iqtisodiy va ma'naviy-madaniy aloqada bo'lgan. 7-§. 16 asrda Buxoro xonligida ijtimoiy-iqtisodiy hayot SHayboniylar o'tkazgan islohotlar. SHayboniyxon davlatni iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustahkamlash yo'lida qator islohotlar o'tkazdi. Birinchidan, u davlat boshqaruvida suyurg'ol tizimini joriy etdi. Ya'ni zabt etilgan hududlarni boshqarish ishini o'z farzandlariga, qarindosh-urug'lariga, birodarlariga, qabila boshliqlari bo'lgan sultonlarga topshirdi. Samarqand poytaxt sifatida xon taxtiga o'tqaziladigan joy hisoblangan. U yerda xon sharafiga xutba o'qitilgan va pul zarb etilgan. Lekin suyurg'ol mulklar markaziy hokimiyatdan mustaqil bo'lishga intilar edilar. Ikkinchidan, mamlakatda yer-suv qaytadan taqsim qilindi. Ko'chmanchi qabila zodagonlari yengilgan mahalliy mulkdorlar mol-mulkini musodara qilish, sotish, egasiz qolgan yerlarni o'zlariniki qilib olish yo'li bilan mulklarini ko'paytirib oldilar. Uchinchidan, mamlakat ichida ijtimoiy hayotni tartibga solishga imkon beruvchi islohot ham o'tkazildi. Keyingi 10 yil ichida soliqlar og'irligidan va mulkdorlar jabr-zulmidan yer-suvlarini tashlab ketgan xo'jaliklar ycrlarini ishga tushirish masalasi ko'rib chiqildi. To'rtinchidan, 1507 yilda pul islohoti o'tkazildi. Bunga ko'ra, mamlakatning hamma katta shaharlarida vazni bir xil-5,2 gramm bo'lgan yangi kumush tangalar hamda mis chaqa pullar zarb qilinib, muomalaga chiqarildi. Bu islohot iqtisodiyotni tartibga solish va savdo-sotiqni jonlantirish maqsadida o'tkazilgan edi. Ayni paytda, bu islohot dexqonlarning soliq to'lash imkoniyatini oshirishga, davlat va xon mulkini ko'paytirishga imkon berdi. SHayboniyxon tomonidan amalga oshirilgan bu va boshqa tadbirlar, o'z mohiyatiga ko'ra, markaziy hokimiyatni mustahkamlashga xizmat qilishi zarur edi. Muhammad SHayboniyxon vafotidan so'ng boshlangan o'zaro toj-u taxt kurashlari hamda Eron bosqinchilariga qarshi kurash mamlakat iqtisodiy hayotiga salbiy ta'sir ko'rsatdi. Bu hol, o'z navbatida, pulning qadrsizlanishiga olib kclgan. Natijada, oliy hukmdor Ko'chkunchixon 1515 yilda navbatdagi pul islohotini o'tkazishga majbur bo'lgan. 1527 yilga kelgandagina ahvolning bir maromga tushishiga erishilgan. SHayboniy Abdullaxon 2 o'tkazgan pul islohoti Buxoro xonligi tarixida muhim ahamiyatga ega voqea bo'lgan. U oltin pul zarb etishni yo'lga qo'ygan va uning tarkibiga qiymati past bo'lgan boshqa ma'danlar aralashtirilmasligini qattiq nazorat ostiga olgan. Bu pullar xonlikning butun hududida muomalaga kirdi. Bu hol, o'z navbatida, hokimiyatning yanada markazlashuviga, xazinaga katta daromad tushishiga olib keldi, savdo-sotiq yanada jonlandi. Iqtisodiy hayot. SHayboniylar davrida ham iqtisodiy hayotda sun'iy sug'orish bilan bog'liq muammolarni hal etish ishiga jiddiy e'tibor bilan qaralgan. Bu sulola vakillari Sangzor, CHirchiq, Sirdaryo, Amudaryo, Vaxsh va Murg'ob daryolari imkoniyatlaridan unumli foydalanish choralarini ko'rganlar. SHayboniyxon avlodlari keyinchalik Qashqadaryoning irmoqlaridan Kesh viloyati yerlarini sug'orish uchun 10 dan ortiq kanallar qazitganlar. Sun'iy sug'orish ishlari, ayniqsa, Abdullaxon 2 davrida keng rivojlangan. Masalan, 1556-1585 yillar oralig'ida Zarafshon daryosida Karmana, Mehtar Qosim, CHahorminor, Jondor suv ayirg'ichlari; Nurota tog'ida Oqchob, Murg'ob vohasida Hovuzixon suv omborlari qurilgan. Bundan tashqari, Sangzor daryosidan Jizzax vohasiga Tuyatortar kanali, Somonjuq dashtini obodonlashtirishga xizmat qilgan Xoja Ka'ab kanali, Afshona kanali, Amudaryodan CHorjo'yga, Murg'obdan Marvga, Vaxshdan uning atrof vohalariga suv chiqarishga imkon beruvchi kanallar qazilgan. Bundan tashqari, Abdullaxon 2 karvon yo'llarini qayta jonlantirish, sardobalar, karvonsaroylar qurish va ta'mirlashga ahamiyat berdi. 1577 yilda Buxoroda yirik usti berk savdo rastasi-Abdullaxon timi qurildi. Nurota tumanidagi Oqchob yaqinida Beklarsoy darasida joylashgan qadimgi to'g'on qoldiqlari o'rnida ulkan band qurdirdi. Uning ravoqlarini to'g'on tepasida turib ochishi yoki berkitishi mumkin edi. Maqsad esa o'sha atrofdagi bo'z yerlarni sug'orib, dehqonchilikni rivojlantirish va yurtni obod qilish edi. Bu tadbirlar, o'z navbatida, qishloq xo'jaligi tarmoqlarining rivojlanishini ta'minlagan. SHayboniylar davrida ishlab chiqarish tarmoqlari bo'lgan tikuvchilik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik, zargarlik, qog'oz va qurilish ashyolarini ishlab chiqarish rivojlangan. SHayboniylar davrida davlat boshqaruvi. SHayboniylar hukmronligi yillarida oliy davlat idorasi dargoh deb atalgan. Uning tepasida xon turgan. SHayboniylar davlatida devonbegi (bosh vazir) lavozimi katta nufuzga ega bo'lgan. U davlat moliya va xo'jalik ishlarini boshqargan. Xonlikda muhim davlat mansabi naqib hisoblangan. U xonning eng yaqin va ishonchli kishisi bo'lgan. Xonning farmon va yorliqlarida naqibning nomi birinchi bo'lib yozilgan. Ayni paytda, u davlat ichki va tashqi siyosati masalalarida xonning birinchi maslahatchisi hisoblangan. Bundan tashqari, naqib harbiy yurishlarni uyushtirgan. Zarur bo'lganda elchilik vazifasini ham bajargan. Yana bir katta davlat mansabi bu-otaliq edi. Xon siyosatining viloyatlardagi ta'siri otaliq mansabiga tayinlanganlarning nufuzi bilan belgilangan. Xon viloyatlarni shahzodalarga taqsimlab berar ekan, ufarga rahnamo etib o'z nazoratchisini, ishongan kishisini tayinlagan. Sunday nazoratchi, ishonchli shaxs otaliq deb atalgan. Balog'atga yetmagan shahzodalar ulg'ayib, mustaqil faoliyat yuritgunlariga qadar davlat ishlarini ularning nomidan otaliqlar boshqargan. Yana bir davlat mansabi-parvonachi deb atalgan. Uning vazifasi xon farmonlarini, rasmiy hiyjatlarni mas'ul shaxslarga, ijrochilarga yetkazishdan iborat bo'lgan. Dodxoh mansabida ishlagan amaldor dargohga tushgan arizalarni qabul qilgan va ularga javob qaytargan. SHuningdek, mamlakatda adolat mezonlariga amal qilinishini nazorat qilgan. Muhim davlat mansablaridan yana biri-ko'kaldosh mansabi edi. Bu mansabga xon sulolasiga eng yaqin shaxslardangina tayinlangan. Ko'kaldosh xon siyosatiga fuqarolarning munosabatini o'rgangan va bu siyosatning daxlsizligini ta'minlagan. Xon va shahzodalar o'rtasidagi ichki munosabatlar masalasi bilan xon yasovuli mansabida ishlagan amaldor shug'ullangan. SHayboniylar davlatida eshikog'aboshi lavozimi ham bo'lgan. U dargoh xavfsizligi, undagi tartib hamda kelgan-ketganlardan xabardor bo'lib turish masalalari bilan shug'ullangan. Yuqori davlat lavozimlari ichida katta mavqega ega bo'lgan lavozimlardan yana biri shayxulislom hisoblangan. SHayxulislom shariat qonunlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirgan. Qozikalon bo'lgan amaldor sud ishlariga yetakchilik qilgan. Yana bir muhim davlat lavozimi muhtasib (rais) deb atalgan, Bu lavozimni egallagan amaldor mamlakat fuqarolarining axloq qoidalariga rioya qilishlarini nazorat qilish bilan shug'ullangan. Davlatda, shuningdek, miroxur (xonga tegishli yilqi, ot-ulov va ularning ta'minoti bilan shug'ullanuvchi), shig'ovul (chet davlatlar clchilarini qabul qilish xizmatining boshlig'i), qushchi (xonning ovini tashkil etuvchi), bakovulboshi, dasturxonchi, qo'rchiboshi (qurol-aslaha xizmati boshlig'i), jarchi, tavochi, tug'begi, kitobdor, mirzaboshi, munshiy (kotib), muhrdor, xazinachi, mehtar kabi mansablar ham mavjud bo'lgan. Mehtar-zakot va boshqa tushumlardan zarur o'rinlarda ishlatishni nazorat qiluvchi amaldor. Ichki ziddiyatlar. SHayboniylar davlatidagi ichki ziddiyatlar markaziy hokimiyat bilan mahalliy hokimiyat o'rtasidagi ziddi-yatlarda to'la namoyon bo'lgan. SHayboniylar davrida yer egaligining iqto, suyurg'ol, tanho va jogir turlari bo'lgan. Sayboniyxon davrida davlatni kichik-kichik mulklarga (suyurg'olga) bo'lib idora qilinardi. Bu hol hokimiyatdan ajralib chiqishga sharoit yaratar edi. SHayboniyxon bu xatoni tuzatishga urinib, bo'ysunishni istarnagan mahalliy hukmdorlar mustaqilligini tugatishga, ayrim hukmdorlarni almashtirishga harakat qildi. Bu esa mahalliy hukmdor va zamindorlarning keskin noroziliklariga sabab bo'ldi. SHayboniylar davrida mehnatkashlarning iqtisodiy ahvoli nochor edi. Ko'pchilik omma yersiz bo'lib, ijaraga yer olib ishlashga majbur edi. Aholidan 20 turdan ortiq soliq va to'lovlar olinardi. Asosiy soliq sug'oriladigan yerdan olinadigan xiroj bo'lib, daromadning 30-40 foizini tashkil qilardi. Davlat muassasalari, qo'shin va xon xonadoni xarajatlarini qoplash uchun to'lanadigan soliq ixrojot deb atalardi. Davlat pulga muhtoj bo'lganida favqulodda soliqlar ham joriy etilgan. Aholi soliq va jarimalar to'lashdan tashqari, mehnat majburiyatini ham o'tashi kerak edi. Bu majburiyat aholini kanallar, zovurlar qazishga, yo'l va ko'priklar qurishga, yem-xashak yig'ishga jalb etishni nazarda tutardi. SHayboniyxon davlat boshqaruvida suyurg'ol tizimini joriy etib, viloyatlarni o'z farzandlari, urug'doshlari va qabila boshliqlariga topshirdi. SHayboniyxon vafotidan so'ng suyurg'ol mulk egalari mustaqil bo'lish uchun, toj-taxt uchun kurashdilar. 8-§. Buxoro xonligining tashqi siyosati Buxoro va Boburiylar davlati munosabatlari. Movarounnahrda hukmronlik qilayotgan Abdullaxon 2 safaviylarga qarshi kurashda boburiylar bilan birga harakat qilishga intilgan. SHu sababdan 1572 yili Abdullaxon 2 Akbarshoh huzuriga o'zining elchilarini yubordi. Buxorolik elchilar o'z hukmdorining sovg'a-salomlari va maktubini olib borganlar. Bir qancha vaqtdan so'ng yana javob sovg'a-salomlari va maktubini olib, o'z vatanlariga qaytganlar. Abdullaxon o'z maktubida ikki davlat o'rtasida do'stlik munosabatlarini mustahkamlash istagini bayon qilgan edi. Bundan ko'zlangan maqsad boshqa davlatlar tomonidan bo'lishi mumkin bo'lgan hujum xavfiga qarshi ittifoq tuzish edi. 1577 yili Abdullaxon 2 Hindistonga ikkinchi marta elchi yuborgan. Bu elchi almashishdan siyosiy maqsad ko'zlangan edi. Abdullaxon 2 to'g'ridan to'g'ri Eronni o'zaro taqsimlab olishni taklif qildi. Lekin Akbarshoh bunga rozi bo'lmadi. CHunki bu davrda Hindistonning shimolidagi mustaqil knazliklar-Sing va Kashmirni bosib olish uchun tayyorgarlik ko'rayotgan edi. Akbarshoh Sing va Kashmirni bosib olib, SHayboniylar davlatining janubiy chegaralariga yaqinlashdi. SHunday sharoitda, 1584 yili Badaxshon Abdullaxon tomonidan egallandi. Abdullaxon 2 endi Akbarshoh huzuriga 1585 yilda uchinchi mana elchi yubordi. Elchi Buxoro xoni yuborgan maktubni Akbarshohga topshirdi. Maktubda Abdullaxon Badaxshonning fath etilish sabablarini tushuntirishga harakat qilgan edi. Abdullaxonning fikricha, musulmonlarning muqaddas shaharlari bo'lgan Makka va Madinaga boradigan yo'l Badaxshon orqali o'tardi. G'ayridinlardan tozalash maqsadida u Badaxshonni egallaganini bildiradi. 1586 yilning 23 avgustida Akbarshoh o'zining elchisini Abdullaxonning elchilariga qo'shib Buxoroga yuboradi. Akbarshoh o'z maktubida Abdullaxonga Turkiya Eronning bir qismini bosib olganligidan tashvishlanayotganligini, Buxoro va Hindiston birgalikda Eronga yordam ko'rsatishi zarurligini ma'lum qilgan edi. Akbarshohning asl maqsadi Balx va Badaxshonni, imkoni bo'lsa, Xurosonni ham o'ziga bo'ysundirish edi. SHu tufayli, Abdullaxon 2 bunday ittifoqqa rozi bo'lmaydi. Bu paytda Eron hukmdori shoh Abbos 1 Eronni birlashlirishga, mustahkamlab olishga erishgan edi. Ana shunday sharoitda Badaxshonda Abdullaxonga qarshi isyon ko'tarildi. Buxoroda bu isyonda Akbarshohning qo'li bor degan gumon paydo bo'ladi. Badaxshon hukmdori Abdullaxon 2 ning o'g'li Abdulmo'min Akbarshohga maktub yo'llab, undan boshpana berilgan badaxshonlik isyonchilarni Buxoroga qaytarib yuborishini, qizini o'ziga nikohlab berishni, hatto Hindistonning bir qismini tortiq qilishini talab qildi. Natijada ikki davlat o'nasidagi munosabatlarga sovuqchilik tushadi. Keyinchalik Abdullaxon 2 Akbarshoh huzuriga navbatdagi elchisini yuborib, o'g'lining xatti-harakati uchun undan uzr so'ragan. Buxoro-Usmonli turk davlati munosabatlari. Manbalarda ta'kidlanishicha, Muhammad SHayboniyxon bilan Usmonli turk sultoni Boyazid 2 o'rtasida Eron safaviylariga qarshi kurash to'g'risida shartnoma tuzilgan. Bu shartnoma SHayboniyxondan keyin ham davom etdi. 1515 yilda turk sultoni Sulton Salim huzuriga shayboniylar elchisi bordi. Sulton Salimning elchisi Muhammadbek esa o'sha yili Buxoro xonligiga sultonning maktubini olib keladi. Sulton o'z maktubida Ubaydullaxonni "qizilboshlilar"ga qarshi kurashga chaqiradi. Usmoniylar va shayboniylarning safaviylarga qarshi kurashida din bir niqob edi, xolos. Aslida esa bu G'arbiy Eron, Kavkaz va Xuroson uchun olib borilayotgan siyosiy kurashning natijasi edi. Usmoniylar Buxoro xonligining ichki ishlariga ham aralashgan. CHunonchi, shayboniyzodalarning Movarounnahr taxti uchun kurashida usmoniylar Toshkent hokimi Baroqxon Navro'z Ahmadxon ibn Suyunchxo'jaxonga yordam uchun harbiy kuch ham jo'natgan. Baroqxonning Toshkentdagi qarorgohida 300 nafar turk askari doimiy xizmatda bo'lgan, qurol-aslaha bilan ham ta'minlab turgan. Turk askarlari Baroqxon tarafidan turib Nasaf yonida Abdullaxon 2 ga qarshi janglarda qatnashganlar. Binobarin, Usmonlilar sultonligi safaviylarga qarshi kurashda shayboniylar kuchidan foydalanibgina qolmay, Buxoro xonligida o'z siyosiy ta'sirini kuchaytirish maqsadida ham bu ichki kurashlarda faol qatnashdi. Buxoro va Eron munosabatlari Buxoro va Eron manfaatlari to'qnashgan asosiy nuqta Xuroson edi. Buning sababi -Xurosonning ham harbiy-siyosiy, ham savdo-iqtisodiy jihatdan muhim ahamiyatga ega ekanligida edi. Bundan tashqari, Xuroson Buxoro xonligi, Eron va Hindiston yo'nalishida o'ziga xos darvoza vazifasini ham o'tar edi. Xurosonni nazorat qilish masalasida shayboniylar va safaviylar o'rtasida keskin kurash ketgan. Bu masalada Muhammad SHayboniyxon, Ubaydullaxon va Abdullaxon 2 hukmronligi davrida shayboniylar ustunlik qildilar. Abdullaxon 2 Xurosonning Marv, Nishopur va Mashhad kabi yirik shaharlarini egallagan. Buxoro-Rossiya munosabatlari. Buxoro xonligining Rossiya bilan munosabatlari 16 asrning ikkinchi yarmidan rivojlana bordi. Abdullaxon 2 Rossiya bilan savdo aloqalarini yaxshilashga harakat qilar ekan, bu orqali o'z davlatining siyosiy ahvolini mustahkamlashga erishmoqchi edi. CHunki podsho Ivan Grozniy (1533-1584) davrida Rossiyaning mavqeyi kuchaya bordi. Ivan Grozniy davrida Qozon xonligi (1552), Hojitarxon xonligi (1556), Volga bo'ylari va G'arbiy Sibir hududlari Rossiya tomonidan bosib olingan edi. Bu hol Rossiyaga savdo yo'llarini nazorat qilish imkonini berdi. Volga atrofidagi viloyatlarda savdo-sotiq ishlarini olib borish Buxoro xonligidan kelgan savdogarlar uchun ancha qulay edi. Ularga eng yaqin qo'shni mamlakat Rossiya bo'lib qolgandi, Bu hol ko'p jihatdan Qozon tatarlari hamda boshqirdlar bilan din va til yaqinligi bilan izohlanar edi. SHuning uchun ham Abdullaxon 2 tomonidan 1557-1558 yillarda Moskvaga elchilar yuborilgan. Elchilar Astraxan orqali Moskvaga borib Ivan Grozniy huzurida bo'ladilar. Ular o'z xonlari nomidan savdogarlarning Volga bo'ylab erkin o'tishlariga ijozat so'raydilar. Qaytib kelgan elchilar Moskvadan juda ko'p o'q-dori, ov qushlari va matolar bilan qaytgan. Ayni paytda, Rossiya ham Buxoro xonligi bilan savdo-sotiq ishlarini rivojlantirishdan manfaatdor edi. Bu manfaatdorlik, avvalo, Buxoroning Rossiya tovarlarini sotish uchun qulay bozorligida edi. Ikkinchidan esa, Rossiya Buxoro xonligi orqali Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan savdo aloqalarini rivojlantirish imkoniga ega bo'lardi. Bunda, birinchi navbatda, Hindistonga chiqish maqsadi hisobga olingan edi. 1555 yili Moskvada tashkil etilgan "Moskva savdo kompaniyasi" vakili Antoniy Jenkinson boshliq elchilar rus podshosining guvohnomasi bilan 1558 yili Buxoroga yuboriladi. Elchi Antoniy Jenkinson Buxoro xoni Abdullaxon 2 tomonidan qabul qilindi. Elchi xonlikning xalqaro va ichki savdo imkoniyatlarini "Rossiyadagi Moskva shahridan Baqtriyadagi Buxoro shahrigacha 1558 yilgi sayohat" nomli esdaliklarida bayon etadi. Antoniy Jenkinson elchiligi natijasida Rossiya va Buxoro xonligi o'rtasida yaxshi savdo va diplomatik aloqalar yo'lga qo'yildi. 16 asrda uchta harbiy-siyosiy kuch (shayboniylar, safaviylar va boburiylar) kurash maydoniga chiqdi. Abdullaxon 2 o'z davlatining siyosiy ahvolini yaxshilash maqsadida Rossiya bilan savdo aloqalarini yaxshilashga harakat qilgan. 9-§. 16 asrda Buxoro xonligida madaniy hayot Ta'lim sohasidagi isloxotlar. SHayboniylar ta'lim sohasida ham islohot o'tkazdi. Bu islohotning o'tkazilishiga amaldorlar guruhini vujudga keltirish va ularni jamiyatning asosiy tayanchiga aylantirish zarurati sabab bo'ldi. Xonlarga va sultonlarga barcha sohalar bo'yicha ilmli, diplomatik qobiliyatga ega bo'lgan amaldorlar zarur edi. Islohotga ko'ra, ko'p bosqichli o'qitish tizimi joriy etildi. Har bir mahallada maktab ochildi, ba'zi xonadonlarda uy ta'limi joriy etildi. Bolalarga 6 yoshdan ta'lim beriladigan bo'ldi. Maktabda ikki yil o'qigach, o'quvchilar madrasaga o'tkazilardi. 16 asrda Samarqandda SHayboniyxon madrasasi, Buxoroda Abdullaxon, Toshkentda Baroqxon va Ko'kaldosh madrasalari hamda boshqa ta'lim muassasalari quriladi va faoliyat yuritadi. Madrasada uch bosqichli ta'lim joriy etilgan bo'lib, uning har bir bosqichi 7 yildan bo'lib, 21 yil davom etardi. O'quvchilar ilohiyot ilmi, hisob-kitobdan, handasa, fiqh, mantiq, musiqa, she'r san'atidan ilm olardi. Albatta, ta'lim olishga hammaning ham imkoni bo'lmas edi. Savodxonlikning Movarounnahrda 16 asrdagi ana shunday rivojlanishi o'zbek tili rivojlanib, keng tarqalishiga, adabiy aloqalar rivoj topishiga ancha ijobiy ta'sir ko'rsata oldi. Ilm-fan. SHayboniylar davrida fan va madaniyat sezilarli darajada rivojlangan. Bunga-ushbu sulola hukmdorlari orasidan o'z davrining yetuk ilm-fan arboblari yetishib chiqqanligi ham ta'sir ko'rsatgan. CHunonchi, Muhammad SHayboniyxon, Ko'chkunchixon va Ubaydullaxonlar o'z davrining nihoyatda o'qimishli kishilari bo'lganlar. SHuningdek, Muhammad SHayboniyxon, Abdulazizxon va Abdullaxonlar kutubxonalarida o'z zamonasining ajoyib kitob xazinalari bo'lgan. Bundan tashqari, Movarounnahrda Mirzo Ulug'bek akademiyasi an'analarini davom ettiruvchi fidokor olimlar yetishib chiqdi. Masalan, Samarqand va Buxoro madrasalarida mudarrislik qilgan mavlono Kamoliddin Ibrohim, Abdullaxonning muallimi Xoja Muhammad, yulduzshunos Qiyomiddin SHaydo, iftixor ul-atibbo (tabiblar iftixori) unvonini olishga sazovor bo'lgan Muhammad Mazid, jarroh mavlono Baqo, 1541 yilda ilmi tib va dori-darmonlar haqida asar yozgan Muhammad Husayn Samarqandiy, ko'z kasalliklarini davolashda nom chiqargan SHohali ibn Sulaymon, natijat-ul-atibbo unvonini olgan Abdulhakim ibn Sulton Maxmud kabilar shular jumlasidandir. Xoja Hasan Nisoriy "Muzakkir al-ahbob" asarida matematika va astronomiya ilmida shuhrat topgan mavlono Kavkabiyni alohida qayd etadi. Matematika va astronomiya sohasida yozilgan asarlardan Muhammad Amin ibn Ubaydulla Mo'minobodiyning "Hisobi amali shabaka", (SHabaka jadvali amali hisobi; 1550), Bobokalon muftiy Samarqandiyning "Risola dar ilmi hisob", "Vaziyat bar chahor qism", Tursun Zominiyning "Tuhfayi amir", Muhammad Husayn munajjim Buxoriyning "Ma'rifati samti qibla" (Qibla tomonni topish ma'rifati). Mahmud ibn Ahmad Foriziyning "Risola dar muaddili qamar" (Oy fazolarining tengligi haqida risola; 1517), Said Muhammad Tohir ibn Abulqosimning "Ajoyib ut-tabaqot" (1545-1550) asarlari va boshqalarni ko'rsatish mumkin. Tibbiyot sohasida Sultonali Samarqandiy 1526 yili "Dastur al-iloj", "Muqaddimoti dastur al-iloj" (Davolash bo'yicha dastur) asarlarini yozgan. Ubaydulloh Kahhol ibn Muhammad Yusuf ham o'z davrining yetuk tabibi, tib olimi edi. U Navro'z Ahmadxon (Baroqxon)ning o'rtancha o'g'li Toshkand hokimi Darvishxonning buyrug'iga binoan 1598 yilda "SHifo ul-ilal" asarini yozadi. Asar 500 varaqdan ko'p bo'lib, uzoq vaqtgacha tib ilmidan asosiy qo'llanma tarzida undan foydalanilgan. Bir necha bitik nusxasi bizgacha yetib kelgan. Uning yana "Umdat ul-kuhliya fil-amrorul-basariya" (Ko'z kasalligiga doir asosiy kitob) asari ham bo'lgan. SHayboniylar davrida tarix fani ham rivojlangan, ko'plab tarixiy asarlar yozilgan. Kamoliddin Binoiy, Mulla SHodiy, Muhammad Solih, Fazlulloh ibn Ro'zbehon Isfahoniylar SHayboniyxon topshirig'i bilan har qaysisi unga atab alohida tarixiy asarlar yozganlar. Bundan tashqari, Abdulloh ibn Muhammad ibn Ali Nasrullohiyning "Zubdat ul-osor", Hofiz Tanish Buxoriyning "Abdullanoma" asarlari shayboniylar davri ijtimoiy-siyosiy tarixiga doirdir. Zayniddin Vosifiyning "Badoe ul-vaqoe", Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma" asarlarida ham o'z davrining ijtimoiy va madaniy hayotidan bahs yuritiladi. Ko'chkunchixon topshirig'i bilan SHarafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"si o'zbek tiliga o'girildi. Yetuk tarixchi olim Mirza Muhammad Haydar (1500-1556) 1541-1546 yillarda Yunusxonning nabirasi, tog'avachchasi Abdurashidxonga bag'ishlab "Tarixi Rashidiy" asarini yozadi. Mirza Haydar Toshkentda dunyoga kelgan. Uning onasi Toshkent hokimi Yunusxonning qizi Xo'bnigorxonim bo'lib, Mirza Haydar Zahiriddin Muhammad Boburning xolavachchasi bo'lgan. Hofiz Ko'hakiy (Sulton Muhammad Hofiz Toshkandiy) Ulug'bek Mirzoning shogirdi Ali Qushchining nabirasi bo'lib, shayboniylar davrining yetuk tarixchisi, mantiq, fiqh, kalom ilmlari olimi bo'lgan. 1528 yili Zahiriddin Muhammad Bobur huzuriga, Hindistonga boradi. Hajga borib. Usmonli Turk davlati sultoni bilan uchrashadi. vazirlikka qilingan taklifni rad etib, 1563 yili Toshkentga qaytadi va shu yerda 1584 yili vafot etadi. U "Tarixi jadidayi Toshkand", "Tarixi oliy CHingiz", "Risolayi fifanniy at tafsir val kalom" ("E'tiqodga oid ilmlar haqida") kabi asarlar muallifidir. Adabiyot. SHayboniyxonning o'zi ham, umri jang-u jadallarda o'tishiga qaramay she'riyat va tarix fani bilan shug'ullanishga vaqt topgan. Uning she'riy devon tuzgani ma'lum. U hatto xattotlik bilan ham shug'ullangan. O'zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi SHarqshunoslik instituti kutubxonasida Kamoliddin Binoiy qalamiga mansub "SHayboniynoma" asarining SHayboniyxon ko'chirgan nusxasi saqlanadi. Ubaydullaxon ham ilmli va ma'rifatli hukmdor edi. U fors va turk she'riyatini yaxshi bilardi. Ayni paytda, o'zi "Ubaydiy" taxallusi bilan o'zbek, fors, arab tillarida ijod qilgan, she'rlar bitgan. Uning uch tilda bitgan shu'rlaridan iborat uch devoni bir kitobga jamlangan. Ubaydiyning o'zbek tilidagi devoni 306 g'azal. 435 ruboiydan iborat. Download 1.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling