Tarixdan xikoyalar


Download 1.55 Mb.
bet78/167
Sana20.08.2020
Hajmi1.55 Mb.
#127040
1   ...   74   75   76   77   78   79   80   81   ...   167
Bog'liq
Umumiy tarix

Korxona va xo'jaliklarda partkomlar, sex yacheykalari, guruhlari, boshlang'ich partiya tashkilotlarining tuzilishi, sovet organlari, kasaba uyushmasi, komsomol va boshqa jamoat tashkilotlari ustidan partiya rahbarlik rolining kuchayishi respublika ijtimoiy-siyosiy hayotini mafkuralashtirishning chuqurlashishiga olib keldi.

Maxsus maktablar va kurslar Markazning ko'rsatmalariga muvofiq partiya-sovet apparati kadrlarini tayyorlab berar edi. Respublika davlat mahkamalarining faoliyatini partiya organlari zo'r berib nazorat qilib bordi. Bu davrda sovetlarning vazifalari juda toraytirib qo'yildi. Ular amalda ko'pgina masalalarni hal qilishda mustaqillikdan mahrum bo'lib qoldilar.

1940 yili 600 ming nafardan ko'proq kishini o'z saflariga olgan kasaba uyushmalari qaytadan tuzilib, yiriklashtirildi. Respublika korxonalarida tuzilgan kasaba guruhlari o'zlarining tashkiliy ishlarini sexlar, brigadalar, smenalarga ko'chirib, ishlab chiqarishda ishchilar faolligini oshirishga har tomonlama harakat qildilar.

Komsomol ishini qaytadan tuzish ham sanoatlashtirish va jamoalashtirishga doir partiya yo'l-yo'riqlarini amalga oshirishga qaratilgan edi. Korxonalarda komsomol komitetlari, sexlarda komsomol tashkilotlarini qaytadan tashkil etish partiya yacheykalarini qayta tuzish qoidalariga muvofiq o'tkazildi. Insonlarning butun hayoti, ularning o'y-fikrlari asta-sekin majburiy, zo'ra-vonlik yo'li bilan yangi jamiyat qurish g'oyasini amalga oshirishga qaratildi, haddan tashqari tig'iz va uddalab bo'lmaydigan besh yilliklar topshiriqlarini bajarishga bo'ysundirildi.

3. 1937 yilgi O'zbekiston SSR Konstitutsiyasining qabul qilinishi. 1924 yilgi SSSR Konsti-tutsiyasi qabul qilinganidan so'ng 10 yildan ortiq vaqt o'tdi. Ma'muriy-buyruqboz-lik tizimi va partiyaning yakkahokimligi ta'sirini qonuniy mustahkamlaydigan yangi Konstitutsiyani qabul qilish zarur deb topildi.

1936 yil noyabrida SSSR Sovetlarining favqulodda 8 qurultoyi chaqirildi, u yangi Konstitutsiyani abul qildi. Mana shu Konstitutsiya asosida O'zSSRning yangi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi, 1937 yil fevral oyida respublika Sovetlarining favqulodda 6 qurultoyi bu Konstitutsiyani tasdiqladi.

Yangi Konstitutsiyaga muvofiq 1938 yil 25 iyunda Oliy Sovetga saylovlar bo'lib o'tdi. Uning 1 sessiyasi O'zSSR Oliy Soveti Prezidiumini sayladi va respublika Xalq Komissarlari Sovetini tuzdi. 1939 yil 29 dekabrda mahalliy Sovetlarga saylovlar o'tkazildi. Shu bilan respublika davlat hokimiyati organlarini qayta qurish amalda tugallandi.

Oliy Sovet Prezidiumining 1941 yil 6 martdagi farmoniga muvofiq Andijon, Namangan viloyatlari tuzildi. Xo'jalik xalq komissarliklari ustidan rahbarlikni mus-tahkamlash maqsadida 1940 yilning sentabr oyida O'zSSR Xalq Komissarlari Soveti qoshida Iqtisodiy kengash tashkil etildi. O'sha oyning o'zida Davlat nazorati xalq komissarligi tashkil etildi, uning vazifalari davlat mablag'lari va moddiy boyliklarini hisobga olib borish va sarflash ustidan qattiq nazorat o'rnatish, shuningdek, hukumat qarorlarining ijrosini tekshirishdan iborat edi.

Bolsheviklar partiyasi muntazam ravishda olib borgan targ'ibot tufayli Sovet Ittifoqining yakka-yu yagona rahbari bo'lib olgan I.Stalinning shaxsiga sig'inish tobora kuchaydi. Natijada shaxsga sig'inish mafkurasi vujudga keldi va u millionlab ommani qullik asorati ostida ushlab turishga muvaffaq bo'la oldi. O'zbekiston SSRning yangi Konstitutsiyasi amalda totalitar rejimning asoslarini qonun yo'li bilan yanada mustahkamladi, shaxs erkinligi, inson huquqlari va boshqa demokratik prinsiplar qog'ozda e'tirof qilinsa-da, aslida unga rioya qilinmadi.

21-§. O'zbekiston qishloq xo'jaligini isloh qilish jarayonlari

1. 1925-1929 yillardagi yer-suv islohatlari. O'zbek qishlog'ini rivojlantirishda 20 yillarning o'rtalariga kelib ba'zi yutuqlar qo'lga kiritildi. Yangi iqtisodiy siyosatga o'tilishi bilan o'zbek dehqoni erkinroq nafas ola boshladi. Oziq-ovqat razvyorstkasining oziq-ovqat solig'i bilan almashtirilishi dehqonga ortiqcha mahsulotni sotishga, shuningdek, g'o'za va boshqa ekinlar maydonini kengaytirishga imkon berdi. Buning natijasida dehqonlarning tovarlar bilan ta'minlanishi o'sdi, ularning turmush darajasi bir qadar ko'tarildi.

1925 yilda o'zbek qishloqlarida 1917 yil oktabr to'ntarishidan oldingi rivojlanish tamoyillari saqlanib qolgan edi. Qishloqda ijtimoiy tabaqalanish mavjud bo'ldi, yersiz dehqonlar barcha xo'jaliklarning taxminan 10 %ini, 1-3 desyatinagacha yeri bor kam yerli dehqonlar 64 %ini, 3-10 desyatinagacha yeri bor o'rtahol dehqonlar 20 %ini, 10 desyatinadan ortiq yerli boy dehqonlar 6 %ini tashkil qilgan. Bu boy xo'jaliklar barcha xo'jaliklar yerlarining 36 %iga egalik qilganlar. Boy xo'jaliklar ikki toifaga bo'lingan. Bular-40-50 desyatinadan ortiq sug'oriladigan yeri bor boy xo'jaliklar va 10-40 desyatinagacha yerli o'ziga to'q xo'jaliklar. Chorakor, yetim, qarol kabi dehqon tabaqalari asosan boy xo'jaliklarning yerini ijaraga olib, unda ishlab, oilasini boqar edi. Katta yer egalari odatda yerga ishlov berishga qatnashmay, chorikorlar yetishtirgan hosildan o'z ulushini olib, boshqalar hisobiga yashardilar. Quloq xo'jaliklar a'zolari yerda o'zlari ishlagan va ortiqcha yerlarini ijaraga bergan. Yerni ijaraga bergan, birovlarning kuchidan foydalanganlarni sovet hukumati ekspluatator deb yomonotliqqa chiqardi.

Boylarga nisbatan bunday munosabatda bo'lishning sababi shundaki, kommunistlar partiyasi dasturida ekspluatator sinflarni yo'q qilish, sinfsiz, xayoliy sotsialistik, kommunistik jamiyat qurish vazifasi qo'yilgan. Shu maqsaddan kelib chiqib sovet hukumati O'zbekistonda mulk egalarini sekin-asta cheklash va tugatish siyosatini olib bordi. O'zbek qishloqlarida mana shu siyosatni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlardan biri 1925-1929 yillardagi yer-suv islohoti bo'lgan. Bu islohot joylarda shart-sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga qarab uch bosqichda o'tkazildi. Birinchi bosqich Farg'ona, Toshkent. Samarqand viloyatlarida 1925-1926 yillarda bo'ldi. Zarafshon viloyatida 1927 yili yer-suv islohoti o'tkazildi. Islohot Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm okruglarida oxirgi navbatda 1928-1929 yillarda amalga oshirildi. O'zbekiston sovetlarining Markaziy Ijroiya Komiteti 1925 yil 1-2 dekabr kunlari o'zining favqulodda sessiyasiga to'planib, yer-suv islohoti o'tkazish to'g'risidagi masalani ko'rib chiqdi. 2 dekabrda sessiya "Yer va suvni musodara qilish to'g'risida", "Yer-suv islohoti o'tkazish to'g'risida"gi dekretlarni qabul qildi.

Islohotni o'tkazish uchun MIK huzurida Markaziy yer-suv islohotini o'tkazish komissiyasi, viloyat ijroiya qo'mitalari huzurida viloyat komissiyalari, har ikki volostga bittadan rayon yer-suv islohoti o'tkazish komissiyalari tashkil etildi.

Yer-suv islohotini o'tkazish to'g'risidagi dekretga asosan Farg'ona viloyatida 40 desyatina, Toshkent va Samarkand viloyatlarida 50 desyatina va undan ortiq sug'oriladigan yerlari bor katta yer egalari xo'jaliklarining butunlay tugatilishi, ularning yerlari davlat yer fondiga o'tkazilishi, dehqonlarga bo'lib berilishi nazarda tutildi. Yer bilan barcha ishchi ot-ulovlari, dehqonchilik asbob-uskunalari ham musodara qilindi.

O'ziga to'q xo'jaliklar, yer egasining to'la yoki qisman kuchi yoki oila a'zolari kuchi bilan ishlanadigan xo'jaliklar uchun Farg'ona viloyatida 7 desyatina, Toshkent, Samarqand viloyatlarida 10 desyatina norma belgilandi. Bu xo'jaliklarning belgilangan normadan ortiqcha yerlari musodara qilindi. Ortiqcha dehqonchilik asbob-uskunalari, ot-ho'kizlari majburan olinib, davlat fondiga o'tkazildi.

1926 yil 13 dekabrda O'zbekiston MIK Zarafshon viloyatida yer-suv islohoti to'g'risida qaror qabul qildi. Qaror mazmuni 1925 yildagi dekret bilan asosan bir xil edi. Qisman farqi shunda ediki, bu qarorda 35 desyatina va undan ko'p yeri bo'lgan xo'jaliklar va amir amaldorlarining yerlarini, miqdoridan qat'iy nazar, musodara qilish belgilandi. Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida mehnat qilmay yerdan foydalanadigan xo'jaliklarni tugatish to'g'risida O'zbekiston hukumati 1928 yilda qaror qabul qildi. Qarorda mehnatsiz kun kechiradigan, 20 gektar va undan ortiq sug'oriladigan yoki 45 gektar lalmi yerga ega bo'lgan boy xo'jaliklar butunlay tugatilishi nazarda tutildi. Bu qarorda boy va o'ziga to'q xo'jaliklarning ortiqcha yerlarini musodara qilish belgilandi.

Islohot dastlab Farg'ona, Samarqand, Toshkent viloyatlarining barcha rayonlarida 1925 yil dekabrida boshlandi. Andijon uyezdining Norin tumanida katta yer egasi Sotvoldiqozi Abdurahmonxo'jayev xo'jaligi rayon komissiyasi qaroriga asosan tugatildi. Bu xo'jalikning 13 ta qishloqda 1726 tanob yeri, 83 bosh buqasi, 14 bosh oti va ko'p miqdordagi asbob-uskunalari musodara qilindi. Uning yerlarida 120 ga yaqin chorikor mehnat qilardi. Boy mulki chorikorlarga bo'linib berildi. Ulardan ortgan yerlar davlat fondiga o'tkazildi. Toshkent viloyatining Obliq volostida R.Ismatovning 57 desyatina yeri, Dalvarzin volostida bir boyning 90 desyatina yeri, Pskent volostida T.Durmatovning 79 desyatina yeri musodara qilindi.

1925-1929 yillarda o'tkazilgan islohotlar natijasida barcha viloyatlarda 5 mingga yaqin xo'jaliklar tugatildi. Ular yerga ishlov berishda qatnashmagan, chorikorlarning o'ziga tashlab qo'yilgan, ular esa nochor xo'jaliklar bo'lganligi uchun dehqonchilikka yangi texnika, agro-texnika yutuqlarini qo'llamas edi.

O'zbekistonda o'tkazilgan yer-suv islohoti jarayonida boy xo'jaliklar bilan birga to'q, badavlat xo'jaliklarning har bir rayon uchun belgilangan norma-7-10 desyatinadan ortiq yerlari musodara qilindi. Bu xo'jaliklar yerni to'la yoki qisman o'z kuchlari bilan ishlar edilar. Ular ishbilarmon xo'jaliklar bo'lib, yerdan samarali foydalanishga, ishlab chiqarishni kengaytirishga harakat qilardilar. Yer egasining o'z kuchi bilan ishlanadigan xo'jaliklarida "me'yordan ortiqcha" yerlar tortib olindi. Ularning "ortiqcha" ot-ho'kizlari, dehqonchilik asbob-uskunalari davlat tomonidan majburan sotib olindi. "Ortiqcha" yerlari tortib olingan to'q xo'jaliklar soni 23 mingdan ortiqni tashkil qildi. Bu dehqonchilikni rivojlantirish, qishloq xo'jalik mahsulotlarini ko'paytirish imkoniyatini chekladi. O'zbekistonda yer-suv islohotini o'tkazish jarayonida to'q xo'jaliklarning cheklanishi adolat va insonparvarlikka zid bo'lib, keyinchalik ularning batamom yo'q qilinishi mehnatkash xalqimiz uchun katta fojiaga aylandi.

Islohot davomida tortib olingan yer fondi 475 ming desyatinani tashkil etdi. Tortib olingan yerlarning bir qismi, ya'ni faqatgina 10 %i kambag'al va kam yerli xo'jaliklarga taqsimlab berildi. Shuni aytish joizki, islohotdan keyin ham dehqonlarning kambag'al qatlami hamon katta foizni tashkil etardi. Tortib olingan yerlarning asosiy qismi davlat tasarrufida bo'lib, kolxoz va sovxozlarga berildi. Chunonchi, Qashqadaryo, Surxon-daryo, Xorazm viloyatlarida tortib olingan yerlar asosida 120 kolxoz tashkil etildi. Samarqand, Toshkent, Farg'ona viloyatlarida 1925-1929 yillarda 354 ta yangi kolxoz tuzildi. Respublika bo'yicha ularning soni 522 tani tashkil etdi.

Shunday qilib, O'zbekistonda 1925-1929 yillarda amalga oshirilgan yer-suv islohotlari sovet hukumatining mulkdor sinflarni cheklash va tugatishga, sinfsiz jamiyat qurishga qaratilgan navbatdagi tadbirlaridan biri bo'ldi. Bu holat keyinchalik qishloq xo'jaligini zo'ravonlik yo'li bilan yalpi jamoalashtirish jarayonini tezlashtirish uchun qulay shart-sharoitlar hozirladi.

2. Dehqon xo'jaligi va kooperatsiya. Kommunistik partiyaning siyosiy doktrinasi xo'jalik yuritishning jamoa shakllarini rivojlantirishni ko'zlar edi. Butun Ittifoqda bo'lgani kabi, O'zbekistonda ham dehqon xo'jaliklarini kooperatsiyalash siyosati izchillik bilan amalga oshirib borildi. Ta'minot-tijorat ishlari, ishlab chiqarishga doir va boshqa oddiy ishlarni birgalikda bajaruvchi universal (integral) kooperatsiya keng rasm bo'ldi. 1925 yili respublikada barcha dehqon xo'jaliklarining 36%dan ko'prog'ini birlashtirgan 595 shirkat ishlab turdi.

1926 yilning ikkinchi yarmidan boshlab qishloq xo'jalik kooperatsiyasini ixtisoslashtirishga kirishildi. Universal qishloq kooperatsiyasidan iborat "Узбексельсоюз"dan paxtachilik, keyin esa chorvachilik kooperatsiyasi, meva-sabzavot, ipakchilik kooperatsiyalari va boshqalar ajralib chiqdi. Ular markaziy boshqaruv-raysoyuz-shirkatdan iborat tugal tizimga ega bo'ldi.

Kooperatsiyaning qaysi shakllaridan aholi manfaatdor bo'lsa, uning shu shakllari ko'proq rivojlanib bordi. O'zbekiston uchun dehqon xo'jaliklarining 60%dan ortig'ini birlashtirgan "Узбексельсоюз" paxtachilik kooperatsiyasining rivojlanishi alohida ahamiyatga ega bo'ldi.

Sug'oriladigan dehqonchilik shirkatlarida dehqon xo'jaliklarini rivojlantirishda avval tashkil etilgan melioratsiya kooperativlari katta rol o'ynadi. O'lkada sug'oriladigan dehqonchilik rasm bo'lganidan beri yerlarni sug'orish ishlari, ya'ni irrigatsiya ishlari birgalikda olib borilardi.

Qishloq xo'jalik kooperatsiyasining qishloq xo'jalik mahsulotlarini shartnoma asosida to'plab, sanoatga topshirish faoliyati dehqon xo'jaliklari uchun katta ahamiyatga ega bo'ldi. Bunda davlat sanoat korxonasi bilan yakka dehqon xo'jaligi o'rtasida mahsulotning ma'lum miqdorini oldindan belgilangan narxlar asosida topshirish, shartnoma tuzayotgan tashkilotlar tomonidan dehqonlarga pul va natura ko'rinishida bo'naklar berib turish, dehqonlarni qishloq xo'jalik asbob-uskunalari hamda urug'liklar bilan imtiyozli ta'minlab borish to'g'risida kooperatsiya orqali shartnoma tuzilar edi. Sunday shartnomalarning rasm bo'lishi o'zbek qishlog'ini bozorga jalb etish, mayda tovar dehqon xo'jaliklarini rivojlantirishga ko'maklashdi. 1929 yildayoq O'zbekistonda tayyorlanadigan paxta xom ashyosining deyarli 100%i, qorako'l terining 82%i, junning 70%i, quruq mevaning 60%i shartnoma asosida topshiriladigan bo'ldi.

Qishloq xo'jalik kooperatsiyasi tizimi, butun Ittifoqda bo'lgani kabi, O'zbekistonda ham 20 yillarning oxiriga qadar saqlanib keldi. 1929 yili dehqon xo'jaliklarining 80 foizi kooperatsiyaning turli xillariga jalb etilgan edi. Kooperatsiyaning birorta shakli ham imkoniyatlarini tugal namoyon etmadi. 1929 yil kuzidan boshlab qishloq xo'jalik kooperatsiyasining kolxozlargacha bo'lgan shakllariga barham berildi. 1927 yildan boshlab kooperatsiyani "davlatlashtirish" tendensiyalari kuchayib, uning xo'jalik hisobi asosidagi negizlari tobora ko'proq qo'porila boshlandi. Dehqon xo'jaligini yuksaltirishga doir masalalarning barchasi davlatga borib taqaladigan bo'lib qoldi (soliq siyosati, kredit, narxlar va boshqalar). Yangi iqtisodiy siyosat tamoyillaridan voz kechish kooperativ qurilishga o'z ta'sirini ko'rsatdi. Kooperatsiyaning sotsialistik shakllari degan xillari jadal sur'atlarda rasm bo'la boshladi. 20 yillarda bu yerni jamoa bo'lib ishlovchi shirkatlar, ya'ni TOZlar (TOBapHmecTBO no oGiuecTBCHHOH o6pa6oTKe aeMJin) tuzish, qishloq xo'jalik artellarini tashkil qilishda namoyon bo'ldi. O'zbekistonda o'sha kezlar 550 ta artel va 166 ta TOZ tuzilgan.

20 yillar oxirida yangi iqtisodiy siyosatga barham berilishi kooperatsiya tizimining yemirilishiga olib keldi. Partiya qishloq xo'jaligini boshqarishni davlat qo'liga o'tkazish yo'lini tutdi. Mamlakatning siyosiy rahbariyati yalpi jamoalashtirish yo'liga o'tish vazifalarini ilgari surdi.

22-§. Sanoat qurilishi va xalq hunarmandchiligi muammolari

1. Industrial sakrashga tomon yo'l. Sanoatni tiklash va rivojlantirish ishlari 20 yillarning birinchi yarmida Ittifoq markazi manfaatlarini o'ylab, reja asosida olib borildi. Turkiston mintaqasini ixtisoslashtirish va rivojlantirish uchun xom ashyo resurslaridan mumkin qadar ko'proq foydalanishni mo'ljallab amalga oshirildi.

Respublika xalq xo'jaligini tiklash jarayoni davom etayotgan davrda mamlakat markaziy organlari 1925 yili sanoatlashtirish masalasini kun tartibiga qo'ydi. Mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyoti rivojlangan zamonaviy sanoatni vujudga keltirishga to'la-to'kis bog'liq edi. Bu maqsadga tez muddatda erishishning aniq yo'llarini ishlab chiqish talab etilardi. Mamlakatning yakkalanib qolgani chet el kapitali kelishiga umid bog'lashga imkon bermasdi. Faqat bittagina imkoniyat bor edi-ichki jamg'armalarni to'plash va mamlakatning o'zidagi mablag'lardan birmuncha oqilona foydalanish.

Keng qamrovli sanoatlashtirish dasturiga o'tish iqtisodiy va insoniy resurslarga haddan tashqari zo'r kelishiga sabab bo'ldi, qo'shimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqardi va qanchadan-qancha xarajatlar qilishga bog'liq bo'lib qoldi. Jamg'armalarning manbalari to'g'risidagi masala eng keskin muammolarning biriga aylandi. Xususiy kapital yirik sanoatga ataylab yaqinlashtirilmas, sanoat jamg'armalari asosidagina industrial sakrashni amalga oshirish mumkin edi. Mamlakatning partiya rahbariyati nihoyatda keskin o'tgan siyosiy bahs-munozaralardan keyin mablag'larni iqtisodiyotning agrar sektoridan industrial sektorga, ya'ni dehqon xo'jaliklaridan sanoatga tashlash yo'lini ma'qulladi.

2. Sanoat va kadrlar. Sanoatlashtirishning boshlanishi. O'zSSRda rivojlangan zamonaviy sanoat bo'lmay, sanoat korxonalarining texnik darajasi haddan tashqari past, muhandislar, texniklar va zamonaviy texnikani biladigan malakali ishchilar nihoyat darajada yetishmas edi. O'lka xalq xo'jaligini tiklash 7-8 yilga cho'zilib ketdi. Mana shu narsalarning hammasi qo'shimcha qiyinchiliklar tug'diraverdi. Mamlakat asosiy ishlab chiqarish fondlarining umumiy hajmida fabrika-zavod sanoatining salmog'i 1926/27-xo'jalik yilida RSFSRda 68%ni, Ukraina SSRda esa taxminan 22%ni tashkil etgan bo'lsa, O'zbekiston SSRda hammasi bo'lib 0,6%ni tashkil etdi. Boshqacha aytganda, tiklash davrining oxirlariga kelib Ittifoq markaziy hududlari va respublikamiz rivojlanishining iqtisodiy darajasida keskin tafovut saqlanib qoldi.

O'zbekistonning ishlab chiqarish hayotida kustar-hunarmandchilik ishlab chiqarishning hamon oldingi o'rnini egallab, aholining poyafzal, kiyim-kechak va ro'zg'or buyumlariga bo'lgan ehtiyojlarining katta qismini qondirib keldi.

O'zSSR sanoati asosan qishloq xo'jalik xom ashyosidan foydalanar va bir tomonlama ixtisoslashgan edi. Bu sanoatning uchdan ikki qismiga yaqini mamlakat markaziy rayonlarining ehtiyojlarini qondirishga mo'ljallangan paxta tozalash sanoati ulushiga to'g'ri kelardi. Bu sanoat boshqa sohalardan alohida holda rivojlanar va respublika iqtisodiyoti bilan uncha payvasta bo'lib bog'lanmagan edi.

Respublikaga uning ishlab chiqarish kuchlarining bir tekis rivojlanib borishini ta'minlay oladigan, shahar va qishloqdagi butun jamoat ishlab chiqarishining tuzilishi hamda texnik negizini tubdan o'zgartirib, ishlab chiqarish munosabatlarini mustahkamlaydigan, zamonaviy texnikadan foydalanishga qodir bo'lgan kadrlarni yetishtirib chiqaradigan sanoatni joylashtirish zarur edi.

2. Sanoat va kadrlar. Sanoatlashtirishning boshlanishi O'zbekistonni sanoatlashtirish eng boshdanoq Ittifoqni sanoatlashtirishning tarkibiy va ajralmas bir qismi deb belgilandi. Respublika sanoatini rivojlantirishning asosiy yo'lini ham ana shu narsa belgilab berdi: bu yo'l qishloq xo'jaligi va tabiiy boyliklarni qattiq ekspluatatsiya qilishga mo'ljallangan edi.

Sanoatning paxta tozalash, moy ishlab chiqarish, ipakchilik, to'quvchilik, vinochilik va meva konservalari tayyorlash sohalarini rivojlantirish, shuningdek, qishloq xo'jalik mashinalari va mineral o'g'itlar ishlab chiqaradigan korxonalar qurish, toshko'mir qazib chiqarish, neft sanoati va energetikani har tomonlama rivojlantirish ko'zda tutildi.

3. Xalqning mehnat tashabbusi va uning natijalari. Ana shunday keng ko'lamli dasturni amalga oshirish xalqning zimmasiga og'ir yuk bo'lib tushdi. Texnik-iqtisodiy baza qoloq, qurilish materiallari va mexanizatsiya vositalari nihoyatda tanqis, kadrlar yetishmay turgan mahalda ana shunday dastur haddan tashqari ko'p mablag' sarflashni talab qilar edi. Partiya zaxira jamg'armalarni mamlakat ichidan qidirib topish va ularni industriya sohasiga yo'naltirish yo'lini tutdi, bu narsa kredit tizimi va ichki zayomlar orqali aholi qo'lidagi mablag'lardan keng foydalanish, shuningdek, mehnatkashlarning paychilik mablag'lari asosida kooperatsiyani rivojlantirishga olib bordi.

Sanoatlashtirish rejalarini amalga oshirish xalqdan zo'r berib mehnat qilish, ijodiy tashabbus ko'rsatish, iste'molni cheklash va o'z qo'lidagi mablag'larni sarflashni talab qildi. Chunonchi, ichki davlat zayomlarini tarqatishdan O'zbekiston 1926-1929 yillarda 23 mln so'm, davlat apparatini qisqartirish va arzon-lashtirishdan esa 7 mln so'm daromad oldi.

O'zbekiston sanoat korxonalarining jamoalari tejab-tergash borasida musobaqalar o'tkazib, jamoat shartnomalari tuzdilar. Ishchilarning zavodlar, fabrikalar, trans-portdagi fidokorona mehnati tufayli ishlab chiqarish ko'rsatkichlari yaxshilanib, tejalgan mablag'lar miqdori tobora ortib bordi. Ishlab chiqarishga yangi texnikani joriy etish, mehnatni tashkil qilishni yaxshilash, ishchilar malakasini oshirish, ish kunidan to'la foydalanish harakati ommaviy tus oldi. Bu ishchilar va muhandis-texnik xodimlar ijodkorligining o'sishiga, mehnat unumdorligining ortishiga, mahsulot miqdorining ko'payishiga, sanoatni yangi texnika asosida qayta qurishga yordam berdi.

O'zbekiston mehnatkashlarining fidokorona mehnati natijasida respublika yirik sanoatining yalpi mahsuloti 1927-28-xo'jalik yilida 270 mln so'mga yetdi, ya'ni 1924-25-xo'jalik yiliga qaraganda 2,5 baravardan ziyodni tashkil qildi.

Korxonalar yangi texnika asosida tiklandi, yangi sanoat sohalari (ip-gazlama, trikotaj, shohi va hokazo) barpo etildi, avval mavjud bo'lgan sanoat korxonalari (neft, poligrafiya, ko'nchilik sohalari) qayta qurilishi kengaytirildi, sanoat yalpi mahsuloti ancha ko'paydi, tannarxi kamaytirilib, sifati esa oshirildi. Uch yil mobaynida yirik sanoat korxonalarining soni 48 taga ko'paydi, 1928 yilga kelib ular 166 taga yetdi. Jumladan, Farg'ona to'qimachilik fabrikasi, Toshkentda "O'rtoq" qandolatchilik fabrikasi, tikuvchilik fabrikasi, ko'nchilik zavodlari, Samarqand, Buxoro va Marg'ilonda pillakashlik fabrikalari, Bo'zsuv GESi, Xilkovo sement zavodi. Chimyon va Santo neftni haydash zavodlari ishga tushirildi.

Sanoatlashtirish davomida respublikaning energetika bazasi kengaytirildi va mustahkamlandi. Umum foydalanadigan va sanoatni ta'minlaydigan elektr stansiyalari soni uch yil mobaynida 17 taga ortdi, elektr energiyasi ishlab chiqarish 3 baravar ko'paydi.

Respublika sanoatini tiklash va yangilash jarayoni urush va vayrongarchilik yillari ishlab chiqarishdan ketib qolgan ishchilarning sanoatga qaytishi bilan birga davom etib bordi. Qishloq yoshlarining kelib qo'shilishi hisobiga ishchilar saflari kengayaverdi. Sanoatda milliy kadrlar muammosini hal qilishga alohida e'tibor berildi. Shu maqsadda hunar-texnika ta'limi tizimi barpo etildi. Ular sanoatni malakali kadrlar bilan to'ldirib borishning asosiy manbai bo'lib qoldi. Korxonalarda brigada bo'lib va yakka tartibda shogird tarbiyalash keng rasm bo'ldi. Yoshlar tajribali ishchilarga biriktirib qo'yildi.

Kasb-hunar o'qib-o'rgatilishi natijasida sanoatda malakali ayol kadrlar ham paydo bo'ldi. Shu davrda (1926-1928 yillar) ishchilar soni 2 baravardan ziyod ko'paydi, mahalliy millat vakillari ularning yarmidan ortig'ini tashkil etdi.

Shunday qilib, 20 yillar respublika iqtisodiyotining tiklanishi bilan belgilandi, lekin bunda mayda ishlab chiqarish har qalay ustun bo'lib turdi. Xususiy sektorning mavjudligi iqtisodiyotda ustun bo'lib turdi va yangi iqtisodiy siyosat sharoitlarida mayda xo'jaliklarning yuksalib borishiga olib keldi, bu narsa tiklanish jarayonlariga yaxshi ta'sir o'tkazdi. Mayda sanoat va kustar ishlab-chiqarishning jonlanishi ichki bozorni kengaytirdi va yirik davlat industriyasi uchun mablag'lar bera oladigan manbalarni yaratdi.

20 yillarning birinchi yarmidagi iqtisodiy islohotlar-oziq-ovqat razvyorstkasi, mehnat majburiyatining bekor qilinishi, iqtisodiyot va davlat sektorini idora etishni markazdan bir qadar xoli qilish, xo'jalik hisobini, o'z xarajatlarini o'zi qoplash va o'z-o'zini mablag'lar bilan ta'minlash usullarini joriy etish sanoatlashtirish siyosatining zarur shartlari bo'lib qoldi. Biroq 20 yillarning oxirlarida sur'atlarni keskin tezlashtirish, o'ziga xos "katta sakrash"ni amalga oshirish yo'lini tutish butun mamlakat va, xususan, O'zbekistonning keyingi iqtisodiy taraqqiyotiga muhim o'zgartirishlarni kiritdi.


Download 1.55 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   74   75   76   77   78   79   80   81   ...   167




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling