Tarixdan xikoyalar
§. Yangi iqtisodiy siyosatning tugatilishi
Download 1.55 Mb.
|
Umumiy tarix
23-§. Yangi iqtisodiy siyosatning tugatilishi. Mustabid tizimning kuchayishi 1. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning o'zgarishi. 20 yillarning oxirlarida Ittifoqning, jumladan, O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy hayotining hamma jabhalarida ma'muriy-buyruqbozlik usuli borgan sari zo'rayishi natijasida yangi iqtisodiy siyosat o'zining bor mohiyatini, mavqeini yo'qota bordi. Partiya va davlat apparati vakillarining ko'pchiligida, jumladan, uning O'zbekistondagi vakillari ongida ham yangi iqtisodiy siyosat orqaga chekinish, xususiy mulkchilik mafkurasi va psixologiyasini qayta tiklashdir, degan fikr paydo bo'ldi. Haqiqatda esa yangi iqtisodiy siyosat yillarida, bunday qaraganda, chekinish ro'y bergandek sezilsa ham, lekin ijobiy o'zgarishiar ancha ko'rinib qolgan edi. O'zbekiston hayotida bular baralla ma'lum bo'lib qoldi: shahar va qishloqda xo'jaliklar o'sib, iqtisodiyotning barcha sohalari yuksala boshladi, aholining turmush darajasi ko'tarilish sari yuz tutdi. Biroq yangi iqtisodiy siyosat asta-sekin buzila boshladi. Sanoat va qishloq xo'jaligida qiyinchiliklar ko'payib qoldi. Sanoatlashtirishni jadallashtirish uchun mablag'lar yetishmas edi. Tovarlar tanqisligi keskinlashdi. Bunday holni garchi butun Ittifoq boshdan kechirayotgan bo'lsa ham, u O'zbekistonda ko'proq aks etdi, chunki respublika dehqonlari sanoat mollarini olishda juda ko'p qiyinchiliklarga uchrar edilar. Aholi xarid qobiliyatining o'sishi shaxsiy iste'mol buyumlari ishlab chiqarishning o'sishidan ilgarilab ketdiki, bu narsa tovarlar bozorida keskinlik paydo bo'lishiga olib keldi, buning ustiga keng iste'mol mollarining O'zbekistondagi mavjud salmog'i ichki ishlab chiqarish bilan emas, balki SSSRning boshqa joylaridan olib kelinadigan tovarlar miqdori bilan belgilanar edi. Tovar tanqisligining kuchayib borishi narx-navoning oshib ketishiga, so'm kursining o'zgarib turishiga olib keldi. Sanoat mollari va qishloq xo'jalik mahsulotlari narxlari o'rtasida katta farq bo'lishi (baholar qaychisi), sanoat bilan bo'layotgan iqtisodiy munosabatlar dehqonlarning noroziligiga olib keldi. Qishloq xo'jaligi ko'p tovar mahsuloti yetishtirgani bilan sanoatning rivojlanishi past darajada qolaverdi. O'zbekiston iqtisodiyoti sovet hokimiyatining birinchi yillaridan boshlab xom ashyoni olib chiqib ketish va sanoat mollarini chetdan olib kelishga deyarli butunlay qaram bo'lib qoldi. O'zbek eskportining asosiy qismi paxta edi. 1926-27-xo'jalik yilida paxtachilik mahsuloti respublikadan olib chiqib ketiladigan tovarlar umumiy qiymatining 77,8 foizini tashkil etdi. Respublikadan olib chiqib ketiladigan va Ittifoqning boshqa rayonlaridan unga olib kelinadigan tovarlar narxlarining nisbati O'zbekiston uchun qulay emas edi. Chunonchi, ajnabiy paxta xom ashyosining bahosi bir pud paxta uchun 22-23 so'mni tashkil etar, bu narx esa sovet baholaridan 2,5-3 so'm ortiq edi. O'zbekiston paxtasi jahon bozoridagi narxlar bo'yicha sotilganida O'zbekiston 1927-28-xo'jalik yilida qo'shimcha ravishda 20-25 mln so'm daromad olgan bo'lardi. Sovet davlati paxta ishlab chiqarishni ko'paytirish zarurligini hisobga olib, bozor narxlarini idora etib bordi va paxta xom ashyosiga qishloq xo'jaligining boshqa mahsulotlariga qaraganda yuqoriroq narxlarni belgiladi. Bunda O'zbekistonda paxtachilikni rivojlantirish Markaz to'qimachilik sanoatini o'stirish, SSSRning paxta mustaqilligini qo'lga kiritish va industrial ishlab chiqarish vositalarini chetdan olib Relish uchun zarur valyutani bo'shatishning biri ekanligiga asoslanib ish ko'rildi. Lekin bu ishlar respublika manfaatiga emas, balki Markaz manfaatiga xizmat qildi. 1927 yili g'alla tayyorlashdagi qiyinchiliklar munosabati bilan baholarni tartibga solish muammosi yana ko'ndalang bo'lib qoldi. Bu narsa shahar bilan qishloqlar orasida katta ziddiyatlar paydo bo'lib qolganini ko'rsatar edi. Bozorning asosiy mavqeini o'z qo'liga olgan Sovet davlati qishloq aholisi tomonidan iste'mol qilinadigan sanoat mollariga nisbatan yuqori va qishloq xo'jalik mahsulotiga nisbatan past baholarni qo'yib, dehqonlarni sanoatlashtirish uchun mablag' beradigan "o'lponga o'xshagan bir narsa", o'ziga xos ustama soliq to'lashga majbur etdi. G'alla narxlarining pasaytirilganligi (20-25 foizga) ahvolni yanada mushkullashtirdi, bu narsa mamlakatdagi g'alla tayyorlash kampaniyasida qiyinchiliklar tug'dirdi. Bozordagi ahvol, ya'ni narxlarning tayinsizligi, dehqonlarni, avvalo, o'ziga to'q dehqonlarni g'allani ushlab turishga majbur qildi. 1927 yil kuzidan boshlab bozorlar va do'konlarda don va non uzilishlari boshlandi, narxlar ko'tarilib ketdi, chunki donni davlatga belgilab qo'yilgan past baholarda sotish dehqonlarga foyda bermagani uchun yalpi sotib olinadigan don kamayib ketdi. Shunda davlat favqulodda choralar ko'rishga-o'ziga to'q dehqonlardan g'allani tortib olishga o'tdi. G'alla tayyorlashdagi qiyinchiliklar O'zbekistonga ham daxldor bo'ldi. Ittifoq bo'yicha g'alla tayyorlashning keskin kamayib ketishi O'zbekistonga g'alla keltirish rejasining barbod bo'lishiga olib keldiki, bu narsa bozorlarga chiqariladigan non va donning kamayib ketishiga, g'alla bahosining ko'tarilishiga sabab bo'ldi. 1928 yili respublikaning asosiy g'allakor tumanlarida don tayyorlash ishlari o'tkazildi. Bu o'rinda ham ma'muriy o'zboshimchalik hodisalari ro'y berdi. Narxlar to'g'risida mahalliy organlar bilan bo'lgan bahslar tufayli tayyorlov ishi, masalan, Surxondaryoda salkam bir oyga kechikib ketdi. Qashqadaryo viloyatining G'uzor tumanida g'alla tayyorlashni sal bo'lmasa oziq-ovqat razvyorstkasi deb tushunishlari mumkin edi: don olib kelayotgan dehqonlarni militsiya ushlab olar, g'allani majburan yetishtirish hollari ro'y berardi. Bu xildagi o'zboshimchaliklar boshqa joylarda ham bo'lib turdi. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida dehqonlar favqulodda choralarga qarshi chiqdilar. Biroq favqulodda choralar don tayyorlash, shahar va armiyani g'alla bilan ta'minlashda burilish yasashga har qalay imkon berdi, lekin ma'muriy tazyiq dehqonlarning ommaviy noroziligini uyg'otmasligi mumkin emas edi. Zo'rlik choralari ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yanada ko'proq keskinlashtirdi. Shaharlarda non va boshqa mahsulotlar bilan ta'minlashning kartochka tizimi joriy etildi. Ortiqcha tovarlarni tortib olish mehnatga bo'lgan bozor raqobatlarini qo'porib tashladi, iqtisodiy munosabatlarning muhim tizimi-qishloq bilan shahar o'rtasidagi munosabatlarning yemirilishiga olib keldi. 1927/28-xo'jalik yilidagi g'alla tayyorlashga aloqador tanglik siyosatda keskin burilish yasab, yangi iqtisodiy siyosatning tezlik bilan barham topishiga yo'l ochdi. 2. Ma'muriy-buyruqbozlik tizimining qaror topishi. 20 yillarning oxirlariga kelib ijtimoiy-iqtisodiy siyosatda ro'y berayotgan keskin qiyinchiliklarni adolat yuzasidan, aql-idrok bilan emas, balki ma'muriy-buyruqbozlik yo'li bilan, zo'ravonlik usuli bilan bartaraf qilish uchun Markaz siyosiy hokimligining harakati kuchaydi. Yangi iqtisodiy siyosat uzil-kesil chetga chiqarib tashlandi. Qishloq xo'jaligini zudlik bilan jamoalashtirish hamda sanoatlashtirishni jadallashtirish yo'liga qat'iyan kirishildi. Siyosatning o'zgarishi qo'yilgan maqsadlarga erishishda boshqacha usullarni qo'llashni ham talab qildi. Xo'jalik hisobini, ishlab chiqaruvchilarning tashabbusi va uddaburonligini kuchaytirishga mo'ljallangan moddiy rag'batlarni rasm qiluvchi yangi iqtisodiy siyosat rejalashtirishni mumkin qadar markazlashtiradigan va barcha boshqarish ishlarini qattiq tartib ostiga oladigan ma'muriy-buyruqbozlik tizimi bilan almashtirildi. Shahar bilan qishloq qisqa muddat ichida qattiq tnarkazlashtirish va ma'muriylashtirish sirtmog'iga tushib qoldi. Sanoat va savdoda davlat sektori tobora katta monopolist, ya'ni yakka hokim bo'lib bordi. Sanoatda umumiylashtirish jarayoni boshlandi. Bunday yirik sanoatda umumiylashtirishning asosiy usuli natsionalizatsiya qilingan ishlab chiqarish vositalari negizida davlat korxonalari barpo etishdan iborat bo'lgan bo'lsa, hunarmandchilik korxonalaridan iborat mayda sanoatda umumiylashtirish jarayoni kooperatsiya va mayda tovar ishlab chiqaruvchini davlat sanoatiga jalb etish yo'li bilan bordi. Mayda sanoatdagi xususiy sektorning ulushi to'xtovsiz qisqaraverdi va 20 yillarning oxiriga kelib deyarli barham topdi. Sanoatlashtirish va hunarmandlarni kooperatsiyalash natijasida respublika sanoatida xususiy sektor butunlay tugatildi. Savdodagi kapital O'zbekistonda Rossiyadagidan ko'ra uzoqroq saqlanib qoldi. Uning chakana tovar ayirboshlashdagi salmog'i 1926-1927 yillarda respublikaga keltirilgan tovarlarni sotish bo'yicha 48,5 foizga mahalliy ishlab chiqarish mahsuloti bo'yicha esa 95 foizga yetdi. Biroq xususiy savdogarlar mavqeining davlat qo'liga o'tishi 1927-1928 yillar davomida kuchaydi. 1929 yili savdoda umumiylashtirilgan sektor 76,5 foizni tashkil etdi. Tijorat-vositachilik muomalasida xususiy sektorning keskin qisqarib ketishi tovar tanqisligining kuchayishiga, pulning tobora ko'proq qadrsizlanib, kartochkalarning joriy etilishiga olib keldi. Boshqaruvning ma'muriy-buyruqbozlik tizimini ta'minlashda iqtisodiyotni rivojlantirishning rejalar asosidagi usullari muhim o'rin tutdi. Bular iqtisodiyotga rahbarlik qilishni davlat tomonidan ishlab chiqiladigan xalq xo'jaligi rejalari asosida mumkin qadar ko'proq markazlashtirishni mustahkamlab bordi. Markazlashtirish siyosati mamlakatda qaror topgan g'oyat katta xo'jalik ustidan butun hokimiyatni jamlaydigan tegishli apparat bo'lishiga juda muhtoj edi. Davlat reja komissiyasi ana shunday apparat bo'lib qoldi. Ittifoqdosh respublikalarda, jumladan, O'zbekistonda ham mahalliy ahamiyatga ega bo'lgan loyihalar va rejalarni tuzadigan Davlat reja komissiyasi tashkil etildi. Bular siyosatining negizida Markazning manfaatlari yotar edi. Xalq xo'jaligining alohida sohalarini boshqarish uchun xalq komissarliklari tuzildi, ular mamlakat xo'jaligining ayrim sohalarini boshqarishni qattiq markazlashtirishni ta'minladilar. Xo'jalik yuritishning qaror topib borayotgan tizimi markaziy organlarning cheklanmagan hukmiga asoslanuvchi g'ayriiqtisodiy boshqaruv usullarining kuchiga tobora ko'proq bo'ysunib bordi. fqtisodiy taraqqiyotning ko'rsatkichi bo'lib xizmat qiladigan omil bu moliyaviy mablag'lardir. Markazlashtirish sharoitlarida esa pul bozor iqtisodiyoti sharoitlaridagidan ko'ra boshqacharoq vazifani bajaradigan bo'lib qoldi. Pul o'ziga xos taqsimot kartochkalariga aylanib qoldiki, bu kartochkalarga ma'muriy yo'l bilan tarqatiladigan boyliklarni har xil miqdorda olish mumkin bo'ldi. 1930 yili o'tkazilgan kredit islohoti natijasida tijorat krediti to'g'ridan-to'g'ri bankdan kredit berish bilan almashtirildi. Bu ish butunlay mamlakatning birdan-bir hisob-kitob markaziga aylanib qolgan Davlat banki ixtiyoriga o'tdi. O'zbekistonda Osiyobank, Tashqi iqtisodiy bank (Внешэкономбанк) tugatildi. Qishloq xo'jalik banklari qaytadan tuzildi. Shu munosabat bilan respublika davlat bankining roli yanada kuchaydi. Davlat mexanizmida markazlashtiruvchi asoslarning kuchayib borishi ittifoqdosh respublikalar suverenitetini bo'g'ib qo'ydi. Ana shunday sharoitlarda safarbar etuvchi asosiy siyosiy rol partiyaga berildi. 20 yillarning oxirlaridan boshlab partiyaning ichki tartibi keskin qat'iylashtirildi, siyosiy quvg'in va qatag'onlar tobora kuchaydi. Bularning zarurligini asoslab berish uchun sotsializm qurilishi sharoitlarida sinfiy kurash keskinlashib boradi, degan Stalin tezisidan tobora ko'proq foydalanildi. Xuddi boshqa respublikalarda bo'lgani kabi, O'zbekistonda ham xususiy kapitalni va nepmanlar, boylar, yarim feodal-boylar xo'jaliklarining qoldiqlarini juda qisqa muddat ichida tugatish yo'li qo'llab-quvvatlandi. Mana shu nepmanlar, boylar, yarim feodal-boylarning hammasi sotsialistik qurilishning eng ashaddiy dushmanlari deb e'lon qilindi. Hamma yerda zararkunanda deb atalmish kishilarni qamoqqa olish ishlari avj ola boshladi. Bularning hammasida Stalinning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni ma'muriy choralar bilan yechishga moyilligi va cheksiz hokimlik qilishga intilishi muhim rol o'ynadi. 24-§. O'zbekistonda sanoatlashtirish sur'atlarini jadallashtirish va uning asoratlari 1. Sanoatlashtirishning jadal sur'atlariga o'tishi. 20 yillarning oxiri va 30 yil-larning boshlarida sanoatlashtirishning jadal sur'atlariga o'tishning tub mohiyati texnikaviy qoloq sovet mamlakatining bor imkoniyatlarini to'g'ri hisobga olmagan holda, zo'ravonlik yo'li bilan tez orada zamonaviy sanoatni barpo etishdan iborat bo'ldi. Industrial taraqqiyot muammolari, uning yo'nalishlari va shakllari partiya ichidagi munozaralarda va dastlabki besh yillik deb nomlangan rejalarining muhokamasida markaziy o'rinni egalladi. Ixtiloflar, mohiyat e'tibori bilan aytganda, xalq xo'jaligining asosiy sohalari bilan madaniyatni bir yo'lda rivojlantirish uchun mablag'larning yetishmasligidan kelib chiqar edi. O'ta sanoatlashtirish tarafdorlari uning sur'atini keskin tezlashtirish maqsadida mablag'larni qishloq xo'jaligi hisobidan sanoatga olish rejasini ilgari surdilar. Ularning muxoliflari sanoatlashtirish siyosatini yoqlagan holda, uni aholining moddiy ahvolini, turmush sharoitlarini yaxshilash va qishloq xo'jaligida kooperatsiyani asta-sekin ixtiyoriy ravishda amalga oshirish bilan birgalikda olib borishni taklif qildilar. Birinchi yo'nalish rahnamosi Stalin iqtisodiy qonuniyatlarni inkor qilib, sanoatlashtirishni amalga oshirish uchun favqulodda tadbirlar (qishloq xo'jaligida jamg'arilgan mablag'larni sanoatga olib o'tish va hokazolar) o'tkazdi. Boshqaruvning iqtisodiy usullarini nazar-pisand qilmaslik valyuntarizmga, ma'muriy-buyruqbozlikka katta yo'l ochib berardi. Oqibatda Sanoatlashtirishning sub'ektivlikka asoslangan stalincha usuli butun mamlakatda, jumladan, O'zbekistonda ham bosh yo'nalish bo'lib qoldi. Xo'sh, Markaz rahbarlari bularni nimalar asosida vujudga keltirishi mumkin edi? Demak, dastavval mehnatkash xalqning moddiy-maishiy hisobidan, uning matonatli mehnati tufayli erishishga ishonch hosil qilgan. Shu asnoda milliy respublikalarda, jumladan, O'zbekistonda sanoatning rivojlanishi tezlatilgan, undagi bor resurslardan tez vaqt ichida bahramand bo'lish maqsadida markaziy rayonlardan mavjud ortiqcha ishchilar bu yerga keltirilib, qurilayotgan zavod va fabrikalarga joylashtirilgan. O'zbekiston iqtisodiyoti agrar xarakterga ega edi, zero, 1927-28-xo'jalik yilida xalq xo'jaligida qishloq xo'jaligining hissasi 61,6 %ni, sanoatniki esa 38,4 %ni tashkil qilardi. Respublikadagi mavjud sanoat ishlab chiqarishining 90 % i qishloq xo'jalik xom ashyosini ishlashga ixtisoslashgan edi. Paxta ishlab chiqarish va qishloq xo'jaligini qayta tiklash dasturida Markaz tomonidan ko'ndalang qilib qo'yilgan vazifalarga muvofiq asosiy e'tibor paxta bilan bog'liq sohalarning rivoji (qishloq xo'jalik mashinasozligi, irrigatsiya qurilishi, metall konstruksiyalar, mineral o'g'itlar ishlab chiqarishni, qishloq xo'jalik xom ashyosi va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlovchi sanoatni), shuningdek, ashyo chiqaruvchi sanoatni (rangli metall, neft, toshko'mir, tuz, grafit konlarini) vujudga keltirishga qaratildi. O'zbekiston Markazning asosiy paxta bazasiga aylanib qoldi. Shu tariqa respublikada paxta yakkahokimligi joriy etildi. O'zbek paxtasini ishlab chiqarish ko'paygani tufayli sobiq Ittifoq 30 yillarning boshida paxta mustaqilligiga erishdi. 1932 yili O'zbekistonda mamlakat bo'yicha paxta tolasining 89,7%i, o'simlik moyining 56,4%i, xom ipakning 42%i ishlab chiqarildi. Bu Markaz siyosiy rahbariyatini qoniqtira olmadi. Paxtachilik va u bilan bog'liq sanoat sohalarini rivojlantirish hamda shu qatori xom ashyo bazasini bar tomonlama keskin ravishda kuchaytirish, ayniqsa, mahalliy resurslarni (mis, azot va boshqalar) keng ravishda ishlab chiqarishni tezlashtirish, ipakchilik, bog'dorchilik, uzumchilik, qorako'lchilik va boshqalarni o'stirish sur'atlarini jadallashtirish mo'ljallandi. O'zbekiston xalqi o'z kuch-quvvati, idroki va mahoratini ona diyor ravnaqi uchun safarbar qilib, qisqa muddatlarda hashamatli sanoat binolarini, irrigatsiya inshootlarini, yangi-yangi yeriarni o'zlashtirar, bog'-rog'lar va shu kabilarni bunyod etardi. Toshkent qishloq xo'jalik mashinasozligi zavodi (1931), Quvasoy sement va ohak zavodi (1932), Chirchiq elektr kimyo kombinati (1937), Toshkent to'qimachilik kombinati shular jum-lasidan. Respublika neft sanoatida ochilgan konlar soni 11 taga (Uchqizil, Xautog' va boshqalar) yetdi. Ohangaron vohasida Angren qo'ng'ir ko'mir, Sharg'un, Boysuntog' (Surxondaryo) toshko'mir konlari ishga tushdi. Elektr stansiyalari quvvati 482 mln kilovattga yetdi. 30 yillarda Chirchiq-Bo'zsuv GESlari kaskadi barpo etildi. Respublikada rangli kamyob va qimmatbaho metallar (oltin, mis, qo'rg'oshin, rux, volfram, molibden, oltin-gugurt, ozokerit, simob) konlari ochildi. 30 yillar boshida Ohangaron, Chirchiq daryolari vodiylarida, Qurama tog'larida oltin konlari topildi. Qo'ytosh volfram-molibden (Jizzax, 1937) konlari ishga tushirildi. Shular qatorida o'nlab paxta tozalash zavodlari, to'qimachilik va ipakchilik fabrikalari, oziq-ovqat sanoati korxonalari barpo etildi. Ikkinchi jahon urushi boshlanishi arafasida respublikada 1445 ta yirik va o'rta sanoat korxonalari mavjud edi. Ularda 142 ming kishi mehnat qilardi. Sanoatni jadal rivojlantirish natijasida O'zbekiston Markazga rangli va nodir metallar, oltingugurt, ozokerit, volfram, molibden, paxta tolasi, xom ipak va boshqa strategik xom ashyo yetkazib, chet el xom ashyosiga qaramligidan qutqardi. Respublikaning oltin konlari mahsuloti markaziy hokimiyat valyuta balansini mustahkamlashda katta madad berdi. O'zbekiston sobiq Ittifoqning iqtisodiy mustaqilligiga katta hissa qo'shdi. Shunday qilib, O'zbekiston Markazga muttasil xom ashyo yetkazib beruvchi bazaga aylanib qolaverdi. U aholi jon boshiga sanoat ishlab chiqarishida sobiq SSSRning rivojlangan markaziy mintaqalaridan ancha orqada qolib ketdi. Qazib oluvchi sohalar va qishloq xo'jaligi xom ashyosi hajmlari katta bo'lishiga qaramay, iqtisodiyot strukturasidagi ishlab beruvchi, mashinasozlik sanoati sohalari umumittifoq darajasidan bir necha baravar past bo'lib qoldi. O'zbekiston iqtisodiyotining industrial-agrar tabiati mamlakat markaziy mintaqalari sanoatining rivojlanishi ehtiyojlarini ta'minlashga qaratildi. Respublikaning ichki imkoniyatlari va manfaatlari hisobga olinmadi, aholining ijtimoiy ehtiyojlari nazar-pisand qilinmadi. Respublika ishchilarining o'rtacha oylik ish haqi 1932 yili taxminan 105 so'mni tashkil etdi. Biroq, shuni nazarda tutish kerakki, o'sha davrda yuqoridan belgilangan narxlar sanoat buyumlarining haqiqiy qiymati va mehnatning asl mazmunini aks ettirmas edi. Ijtimoiy iste'mol jamg'armalarining ishchi va xizmatchilar umumiy daromadlaridagi salmog'i 1931-1932 yillarda deyarli 40%ni tashkil etdi. Ham keksalik, ham nogironlik pensiyalarining o'rtacha miqdori 33 so'mdan kamroqni tashkil etgan. Jamiyatning ko'pgina tabaqalari, jumladan, dehqonlar, diniy muassasa va tashkilotlarning xizmatchilari, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug'ullangan shaxslar pensiya va nafaqa olish huquqidan amalda foydalana olmasdilar. Davlat dasturlarini bilvosita tarzda mablag' bilan ta'minlashga aholini majbur etishga intildi. Bunda zayomlar katta rol o'ynadi, ular esa busiz ham jiddiy moliyaviy muammolarga to'qnash kelib turgan odamlarga ko'pincha to'g'ridan-to'g'ri tiqishtirilar edi. Bunda g'oyaviy ta'sir, ba'zan esa ma'muriy ta'sirning turli shakllaridan foydalanildi. Sovet davrining hamma bosqichlarida oziq-ovqat muammosi bilan bir qatorda, turar joy muammosi ham hamisha keskin bo'lib keldi. Turar joy bilan bog'liq qiyinchiliklar ayniqsa tub aholiga daxldor bo'ldi, chunki bunday joylar ko'pincha sanoat korxonalariga berilar, bu korxonalarning ishchi va mutaxassislari esa asosan sanoatni mustahkamlash uchun o'z vaqtida sobiq Ittifoqning boshqa joylaridan ko'chib kelgan kishilardan iborat edi. 2. Sanoatlashtirish asoratlari. Sovet tuzumida azaldan mavjud bo'lgan ziddiyatlar 30 yillarda kuchaya boshladi. Hayotning barcha tomonlari ustidan davlat to'la nazorat olib boradigan, partiya apparati har qanday hukm chiqarishga qodir bo'lgan vaziyatda mehnatkashlar hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy sohalarini isloh qilish yoki loaqal yumshatish to'g'risida gap ham bo'lishi mumkin emas edi. Marksizm-leninizm nazariyasidagi sotsializmning kapitalizmdan afzalligi to'g'risida, mehnatkashlar farovonligini tubdan yuksaltirishga, hayotning asl mohiyatini o'zgartirishga qodir bo'lgan yangi ijtimoiy tuzum to'g'risida e'lon qilingan fikrlarni bolsheviklar zo'r berib asoslashga harakat qildilar. Biroq ma'muriy-buyruqbozlik, totalitar targ'ibot sharoitlarida bu nazariyaning amaliyot bilan to'qnashuvga bardosh bera olmagani 30 yillarning o'zidayoq ma'lum bo'lib qoldi. Haqiqiy voqelik moddiy boyliklarni bir tekis taqsimlash, ishlab chiqarish vositalarini umumlashtirish, xususiy mulkni tugatish, bozorga qarab xo'jalik yuritish mexanizmlaridan voz kechish siyosatining bema'niligini tasdiqlab berdi. Ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligining pasayib ketishi muqarrar sur'atda mehnatga to'lanadigan haq miqdorining kamayishiga, mehnat va turmush sharoitlarining yomonlashishiga olib keldi. 30 yillarning oxiri va 40 yillarning boshlarida oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilish 1924-1928 yillardagiga qaraganda 10-15%ga kamaydi. Mehnat to'g'risidagi qonunlarning qattiqlashuvi, ishchilarning ishlab chiqarishga va qishloq aholisining kolxozlarga zo'rlab biriktirib qo'yilishi, ishga kechikkanlik uchun jinoiy jazo berishning joriy etilishi va boshqa qatag'on choralari totalitar tizimning samaralari bo'ldi. Shu og'ir mustabid tuzum sharoitlarida O'zbekiston ishchi va muhandis-texniklari sanoat korxonalarida, ishlab chiqarishning barcha jabhalarida matonatli mehnat namunalarini ko'rsatar ekanlar, eng avvalo moddiy-maishiy turmushni yaxshilashni ko'zlagan bo'lsalar, qolaversa, o'z ona-Vatani istiqboli, qudratini yuksaltirishga intildilar. Ishchilar orasida turli shakllarda musobaqalar (mahsulot sifati va hajmini oshirish, mehnat unumdorligini ko'tarish va hokazolar) tashkil etildi. 1935 yilda ishchilar orasida staxanovchilik harakati yuzaga keldi, lekin bu harakat rasmiyatchilikka aylandi: oshirib ko'rsatishlar, unga hal qiluvchi omil deb qarash avj oldi. Moddiy boylik yaratuvchilar zo'r berib qilgan mehnatlari samarasidan manfaatdor bo'lmadilar. 25-§. Qishloq xo'jaligini jamoalashtirish siyosati. Uni amalga oshirish usullari va fojiali oqibatlari 1. Yoppasiga jamoalashtirishga o'tish siyosati. Yangi iqtisodiy siyosat tufayli o'z xo'jaligini tiklab olgan oilalarning quloq qilinishi natijasida 20 yillarning oxirlarida bozor munosabatlari muhiti barham topdi. Sovet davlati tortib olingan yer-suvlar hisobiga kooperatsiyalar, so'ng kolxozlar tuzish siyosatini olib bordi. Jamoalashtirish "yuqori"ning tazyiqi asosida o'tkazildi. Matbuot O'rta Osiyo respublikalarining jamoalashtirishga "tayyor" ekanligini targ'ib qilib, mahalliy, ijtimoiy sharoit mutlaqo hisobga olinmadi. 1930 yil 17 fevralda O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti "Kollektivlashtirish va quloq xo'jaliklarini tugatish to'g'risida" qaror qabul qildi. Respublika yalpi jamoalashtiriladigan o'n yetti tumanga bo'lindi. Mahalliy rahbarlar raqamlar orqasidan quvib, qonunni buzishgacha bordilar. Jamoalashtirish mutasaddilari dehqonlarning majlislarida kolxozga kirmaganlar suvdan mahrum etiladi, sanoat mollari bilan ta'minlanmaydi, katta soliq solinadi, surgun qilinadi, deb qo'rq-tishgacha borganlar. Natijada ko'pchilik tumanlarda kolxozlashtirish bir necha hafta ichida tugallandi. 1930 yil 6 fevralda qishloq xo'jaligi artelining birinchi Namunaviy Nizomi qabul qilindi. Nizomda mulkni umumiylashtirish mezonlari, kolxozlarning bo'linmas fondlari to'g'risida tushuncha berilmagan edi. Natijada turar joy binolari, qo'y-echki, qoramollar ham umumiylashtirildi. Ana shunday noqonuniy hollar Qo'qon, Toshkent, Samarqand okruglarida qayd qilindi. Jamoalashtirishni jadallashtirish amalda o'ziga to'qroq xo'jaliklarni tugatish, ya'ni xo'jalik mulklari va imoratlarni musodara qilishga aylanib qoldi, yuqoridan qilingan qattiq tazyiq shunga olib keldi. Quloq xo'jaliklarini tugatish kampaniyasi O'zbekistonda 1930 yil fevraldan boshlab avj oldi. Yuqoridan kelib turgan har xil yo'1-yo'riqlar va ko'rsatmalar zo'rlikni avj oldirishga mo'ljallangan edi. Bu yo'1-yo'riqlar kimlarni quloqlar toifasiga kiritish kerakligini aniq belgilab bermasdi. Yakka tartibda qishloq xo'jalik solig'i solinadigan o'ziga to'q dehqon xo'jaliklarining ro'yxati quloq xo'jaliklarini belgilash uchun asos bo'lib xizmat qildi. Bu ro'yxatlar moliya organlari tomonidan tuzilar va o'rta hol dehqonlar hatto kambag'allar hisobiga kengaytirib borilardi. Chunonchi, Mirzacho'l tumani (Toshkent viloyati)da 137 ta quloq xo'jaligini tugatish ko'zda tutilgan edi, lekin ro'yxatlar tekshirib chiqilganidan keyin 75 ta xo'jalik tugatildi. Ko'pgina tumanlarda quloq xo'jaliklarinigina emas, balki o'rtahol va hatto kambag'al xo'jaliklar ham musodara qilindi. Download 1.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling