Tarixdan xikoyalar
Download 1.55 Mb.
|
Umumiy tarix
Mustabid sovet rejimi o'zgacha fikrlashga mutlaqo toqat qila olmas edi. Lenin tomonidan allaqachon e'lon qilingan "Kim biz bilan birga bo'lmasa, u-dushmanimiz!" shiorini Stalin shafqatsizlik bilan amalga oshirishga kirishdi. Sovet rejimi dastavval mavjud tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi repressiya (qatag'on) siyosatini amalga oshirgan bo'lsa, 30 yillardan boshlab o'z xalqiga nisbatan ommaviy terror (qatli om) qo'lladi. 20 yillarning ikkinchi yarmi va 30 yillar boshida O'zbekistonda "o'n sakkizlar guruhi", "inog'omovchilik", "qosimovchilik", "badriddinovchilik" singari ishlar to'qilishi va Munavvar Qori boshchiligidagi milliy ziyolilarning qamoqqa olinishi natijasida o'zbek xalqining ko'plab asl farzandlari qatag'on qilindi. "O'n sakkizlar guruhi" masalasi O'zbekiston Kompartiyasi MK IV plenumi (1925 yil 19-22 noyabr), RKP(b) MK O'rta Osiyo byurosi maxsus komissiyasi (1925 yil 21-22 noyabr) va O'zbekiston Kompartiyasi 2 s'yezdi (1925 yil 22-30 noyabr) majlislarida ko'rib chiqildi. O'zbekiston hukumati a'zolari, viloyatlar rahbarlari va yirik xo'jalik boshliqlaridan 18 nafar obro'li kishi o'z talablari bilan O'zbekiston Kompartiyasi MK plenumi va O'rta Osiyo byurosiga yozma ravishda murojaat qilishgan edi. Muxtor Saidjonov (Zarafshon okrujkomi kotibi), Rahmat Rafiqov (O'zbekiston ichki ishlar xalq komissari), Inomjon Xidiraliyev (O'zbekiston yer-suv ishlari xalq komissari), M.O'rinxo'jayev, Muzaffarov, Maxsumov va boshqa milliy rahbar xodimlar o'z murojaatlarida respublikada ishlash uchun toqat qilib bo'lmaydigan vaziyat yaratilganligini, amalda butun hokimiyat RKP(b) MK O'rta Osiyo byurosining raisi I.A.Zelenskiy va O'zbekiston Kompartiyasi mas'ul kotibi V.Ivanov qo'lida to'planganligini bayon qilishdi. Ular Moskvaning favqulodda organi hisoblangan O'rta Osiyo byurosini tugatish fikrini bayon qilishdiki, bu go'yoki quyoshli osmonda momaqaldiroq guldurashi bilan barobar edi. O'n sakkizlar guruhi mazkur talablar qondirilmasa, o'zlarini O'zbekistondagi vazifalaridan ozod qilib, Moskvaga-RKP(b) MK ixtiyoriga yuborishlarini so'rashdi. 1920 yilda shunga o'xshash talablar (Turkkomissiyani tugatish, qizil armiyani Turkistondan olib ketish va b.) bilan Turkiston MIK raisi T.Risqulov Leninga murojaat qilgan edi. O'n sakkizlar guruhining harakatlarini hukumat boshlig'i Fayzulla Xo'jayev faol qo'llab-quvvatladi. U bu guruhning rasmiy a'zosi bo'lmasa ham, aslida ularning g'oyaviy ilhomchisi edi. Biroq O'rta Osiyo byurosi milliy rahbarlarning (o'n sakkizlar guruhiga keyinchalik yana boshqa mas'ul xodimlar ham qo'shildi) bu haqli talablarini nafaqat rad qilishdi, balki uning mohiyatini soxtalashtirishga muvaffaq bo'ldi. Kommunistik mafkuraning rasmiy siyosati uqtirishicha, go'yoki o'n sakkizlar guruhi respublikada yer-suv islohoti o'tkazilishi va boshqa tadbirlarga qarshi chiqib, boylar manfaatini ko'zlagan. Aslida o'zbek xalqi manfaatlarini himoya qilgan bu rahbar xodimlar 1925 yilning oxiridayoq O'rta Osiyo byurosining talabi bilan o'z mas'ul lavozimlaridan olib tashlandi. "Inog'omovchilik" O'zbekiston maorif xalq komissari (1925-1926), O'zbekiston Kompartiyasi MK matbuot bo'limi mudiri (1926 yil) lavozimlarida ishlagan Rahim Oxunjonovich Inog'omov (1902-1938) nomi bilan bog'liqdir. R.Inog'omov "O'zbekiston ziyolilari" (1926) risolasida o'zbek xalqi bolsheviklar amalga oshirgan oktabr to'ntarishiga nisbatan noxush munosabatda bo'lganligini ko'rsatgan edi. U o'zining bir qator maqola va nutqlarida O'zbekiston Kompartiyasining bolsheviklar markazining mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashmayotganlikda, VKP(b) MK O'rta Osiyo byurosi (Cpeдазбюро) va O'rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi (CpeдазЭКОСО) kabi Markazning nazoratchi organlarini zo'ravonlikda ayblaydi. R.Inog'omov O'zbekiston yozuvchilarining Samarqanddagi "Qizil qalam" jamiyati faoliyatini dastlab yo'naltirib turgan edi. VKP(b) MK O'rta Osiyo byurosi va O'zbekiston Kompartiyasi MK R.Inog'omovning to'g'ri mulohazalari va uning fikriga qo'shilganlarni partiyaga qarshi "inog'omovchilik guruhi" deb aybladi va ularga qarshi kurash uchun respublika partiya tashkilotini oyoqqa turg'azdi. 1926 yil 12 dekabrda O'zbekiton Kompartiyasi MK Ijroiya byurosi va plenumida bu masala ko'rib chiqilib, inog'omovchilik mayda burjua va millatchilikka tomon og'ish, deb qoralandi. Dekabr oyida R.Inog'omov o'z vazifasidan olib tashlandi. 1927 yil yanvar oyida VKP(b) MK O'rta Osiyo byurosida ham bu ish maxsus ko'rilib, "inog'omovchilik o'ng oppozitsiya bilan g'oyaviy yaqinlikda" ayblandi. O'zbekiston Kompartiyasining 3 s'yezdi (1927 yil noyabr) R.Inog'omovni "g'oyaviy jihatdan" tor-mor qilindi deb hisoblab, uni Qashqadaryo okrugining eng chekka qishlog'iga ishlash uchun jo'natadi. 1930 yil 30 mayda "npaB,ua BocxoKa" gazetasida R.lnog'omovning "ochiq xati" uyushtirilib, u tavba-tazarru qildiriladi. Shunday qilib, kommunistik mafkura O'zbekistonda milliy rahbarlarga qarshi kurashda dastlabki g'alabaga erishdi. 2. Huquq va maorif tizimida qatag'onning avj oldirilishi. Sovet rejimi milliy rahbar xodimlarni faqat lavozimlaridan chetlatib, ularni "g'oya-viy jihatdan" tor-mor qilishdan 20 yillarning oxiriga kelganda, endilikda jismoniy mahv etishga kirishdi. Bu jihatdan olganda O'zbekiston Oliy sudi organlarida o'tkazilgan qatag'onlar xarakterlidir. Markazning tazyiqi bilan O'zbekiston Kompartiyasining I5 s'yezdi (1929 yil 17 fevral-2 mart)dan keyin jazo mexanizmi ishga tushirildi. O'zbekiston SSR Oliy sudining raisi Sa'dulla Qosimov 1929 yil mart oyida lavozimidan bo'shatilib, qamoqqa olindi. U bu vazifada 1926 yildan boshlab ish-layotgan edi. S.Qosimov va uning 6 ta tarafdori ustidan SSSR Oliy sudi sayyor sessiyasi 1930 yil 26 mart-22 iyunda Samarqand shahrida sud jarayonini o'tkazdi. S.Qosimov bilan birgalikda O'zbekiston SSR Oliy sudining sobiq prokurori Badriddin Sharipov, eski Toshkentning sobiq sudyasi Mirsoat Mirzokirov, Mirzacho'l tumani sobiq sudyasi Ibrohim Xo'jayev, advokatlar kollegiyasining sobiq a'zosi Spiridonov, yirik savdogarlar Nasritdin Alimov va Samig'jonov-jami 7 kishi aybdor deb topildi. Markazdan kelgan jazo organlari (sud raisi-Vasilyev-Yujin va prokuror-R.Katanyan) ishga ataylab siyosiy tus berishdi. S.Qosimov va lining tarafdorlari "bosrnachilar"ni qo'llab-quvvatlashda, "aksilinqilobchi millatchi tashkilotlar" a'zolari bilan aloqa bog'laganlikda, islom dmini himoya qilishda ayblanib, ularga "qosimovchilik" yorlig'i bosildi. Holbuki, S.Qosimov va B.Sharipov o'z xizmat vazifalarini bajarish vaqtida tub millat manfaatlarini imkoniyat doirasida himoya qilishgan edi. S.Qosimov tergov va sud jarayonida SSSR Oliy sudi O'zbekistonning suveren huquqi va milliy manfaatlarini poymol qilayotganligini ochib tashlashdan cho'chimadi. Sovet rejimi uch oy davom etgan sud jarayonini doimiy ravishda matbuotda yoritib bordi. Lekin unga kommunistik mafkura asosida yondoshilib, ishning mohiyati soxtalashtirildi. 22 iyunda S.Qosimov, B.Sharipov, N.Alimov, Spiridonov otib o'ldirishga, qolganlar esa 10 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi. Ularning butun mol-mulki musodara qilinib, davlat hisobiga o'tkazildi. Oradan ko'p o'tmay navbatdagi ish-"badriddinovchilik" o'ylab topildi. 1932 yil 5 may-15 iyunda Toshkent shahrida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining sayyor sessiyasi Shamsutdin Badriddinov va uning 5 tarafdori ustidan sud jarayonini o'tkazdi. Sh.Badriddinov 1929 yilda Farg'ona okrugi prokurori, keyinchalik O'zbekiston SSR Oliy sudining prokurori lavozimlarida ishlagan bo'lib, u va tarafdorlari 1931 yilda qamoqqa olingan edi. Sh.Badriddinovga "Milliy Ittihod tashkiloti a'zolari va "bosmachilar" bilan aloqa bog'lagan, Munavvar Qori va S.Qosimovning yaqin do'sti va hamfikri bo'lgan, degan ayblar qo'yildi. Bu sud jarayonida ham prokuror R.Katanyan edi. Sh.Badriddinov avval otishga hukm qilinib, so'ngra o'lim hukmi 10 yil qamoq muddati bilan almashtiriladi. Uning Muhammadjon Xo'jayev, Abdurahmon Rahmonov, Mahmudxon Ahmadjonov, Muhitdin Sadixonov, Ibrohimjon Musaxonovlardan iborat 5 ta tarafdori ham uzoq muddat qamoq jazosiga hukm qilinadi. Sovet rejimi sud organlaridagi milliy rahbar xodimlarni qatag'on qilish bilan birgalikda jazo qilichini maorif jabhasidagi ziyolilarga ham qarshi ko'targan edi. 1929 yil 5 noyabrda Toshkentda atoqli jadid ma'rifatparvari Mimavvar Qori Abdurashidxonov boshchiligidagi 38 kishi qamoqqa olinadi. Oradan ko'p o'tmay qamoqqa olinganlarning miqdori 87 kishiga yetdi. Ularga "Milliy Ittihod" va "Milliy Istiqlol" tashkilotlarining a'zosi degan ayb qo'yildi. Tergov jarayoni keyinchalik Moskvaga ko'chirildi. Bu holat sovet rejimini o'zbek ziyolilarining "millatchiligi"ni fosh qilishga jon-jahdi bilan kirishganligidan dalolat beradi. Tergov hujjatlarida yozishicha, 1919 yilda Munavvar Qori boshchiligida Toshkentda "Milliy Ittihod" tashkiloti maxfiy ravishda tuzilgan edi. 1920 yildan tashkilotning Farg'ona, Samarqand, Buxoro va Xorazmda sho'balari tashkil qilingan. 1920 yil oktabr oyida Munavvar Qorining Buxoro shahriga kelishi va maorif nozirligida ishlashi bilan tashkilotning mintaqadagi markazi Toshkentdan Buxoroga ko'chadi. Dekabr oyining oxirida Ahmad Zaki Validiyning Buxoroga kelishi tashkilot faoliyatini yanada kuchaytirib yuborgan. "Milliy Ittihod" tashkiloti a'zolari istiqlolchilik harakatining yetakchilari bilan aloqalar o'rnatib, ularga g'oyaviy rahnamolik qilishgan edi. 1924 yil oxirlarida tashkilotning markazi qaytadan Toshkentga ko'chadi. O'zbekiston SSR tuzilgach, 1925 yilda uning asosida "Milliy Istiqlol" tashkiloti tashkil topadi. Bu paytga kelib sovet tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko'rsatayotgan ko'plab mahalliy kommunistlar tashkilotning maxfiy a'zolari edi. Munavvar Qori bilan birgalikda Fayzulla Xo'jayev va Fitrat tashkilot faoliyatida muhim rol o'ynashgan. Biroq "Milliy Istiqlol" tashkiloti totalitar rejim kuchaygan 20 yillarning oxirida siyosiy faoliyatni qariyb to'xtatgan edi. 1931 yil 25 aprelda Moskvada bo'lib o'tgan sud majlisida Munavvar Qori, Salimxon Tillaxonov, G'ulom Ikromov, Mirxalil Karimov, Najmitdin Sheraxmedov, Tolibjon Musaboyev, Asadulla Xo'jaxonov, Usmonxo'ja To'xtaxo'jayev, Isroiljon Ibrohimov, Tangriqulhoji Maqsudov, Hasanqori Xoniy, Zayniddinqori Nasritdinov, Mulla G'aybulla Dadamuhamedov, Abdullabek Musabekov, Said Ahroriy kabi 15 millat fidoyisi-"Milliy Istiqlol" a'zolari otishga, qolgan 72 kishi esa uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. Lekin qamoqdan deyarli hech kim qaytib kelmagan. 1930 yil avgust oyida O'zbekiston xalq maorif komissarligidagi bir guruh rahbar xodimlar hibsga olinadi. Ular ichida maorif komissari Mannon Ramziy (Abdullayev, 1896-1938), uning o'rinbosari Botu-Mahmud Hodiyev (1904-1938), shuningdek, Oltoy-Bois Qoriyev (1903-1976), Nosir Saidiy va boshqalar bor edi. Ular maorif tizimini "millatchilik og'usi" bilan zaharlaganlikda ayblanib, bu holat "maorif frontida qosimovchilikning namoyon bo'lishi" deb qoralandi. Botu va uning tarafdorlari 10 yil qamoq jazosiga hukm qilinadi. 1930 yili Davlat banki apparatida "tozalash" o'tkazilib, ko'plab rahbar xodimlar qamaldi. Boshqa sud ishlari ham o'tkazildi. Bu ishlarning hammasi O'zbekistondagi yetuk milliy rahbar xodimlar va ziyolilarni tugatishga, xalqimizni totalitar rejim asorati ostida tutib turishga qaratilgan edi. 3. 30 yillar o'rtasidagi ommaviy qatag'onliklar. Bu paytda totalitar rejimda ma'muriy-buyruqbozlik va avtoritar boshqaruvning kuchayishi natijasida qonunbuzarlik hodisalari oddiy holga aylandi. Sovet mustabid tuzumi butun mamlakatda bo'lgani singari O'zbekistonda ham ommaviy qatag'onlarni avj oldirdi. Yirik davlat va jamoat arboblari, partiya va xo'jalik rahbarlari, ziyolilar, ruhoniylar va harbiylar bilan birgalikda oddiy kishilar: ishchilar va kolxozchilar ham ko'plab ravishda qatag'on qilindi. O'zbekistonda siyosiy qatag'onlik 1937 yilning yozida ayniqsa avjiga chiqdi. O'zbekiston XKS raisi Fayzulla Xo'jayev, uning keyingi vorislari Abdulla Karimov, Sulton Segizboyev, O'zbekiston Kompartiyasi MK 1-kotibi Akmal Ikromov, moliya xalq komissari Akbar Islomov, yer ishlari xalq komissari Rustam Islomov, maorif xalq komissari (HapKovvnpoc) Qosim Sorokin, ichki savdo xalq komissari (HapKOMBHyrropr) Muhitdin Tursunxo'jayev, sog'liqni saqlash xalq komissari (HapKOM3,apaB) Karim Abdullayev, O'zbekiston Kompartiyasi MK kotiblari Sodiq Boltaboyev, I.Xudoyqulov, A.Sexer, bo'lim mudirlari Mo'min Usmonov, Qurbon Beregin, Mirmuslim Shermuhamedov, Kamol Sharipov, Qoraqalpog'iston obkomi kotiblari Davlat Rizayev, Komiljon Alimov, O'zbekiston LKSM MK kotiblari Isroil Ortiqov, F.Tarasov, shuningdek, yaqin o'tmishda mas'ul lavozimlarda ishlagan Rahim Inog'omov, Muxtor Saidjonov. Ota Po'latovich Xo'jayev, Sa'dulla Tursunxo'jayev, Sultonbek Xo'janov, Ubaydulla Xo'jayev, (Ubaydullaxo'ja Asadullaxo'jayev), Po'lat Soliyev, Mirkomil Mirsharopov, Muinjon Aminov, Muso Saidjonov, Mukammil Burhonov, Abdulhay Tojiyev, Usmonxon Eshonxo'jayev, Jo'ra To'rabekov, Nishonbek Mavlonbekov, D.Manjara, respublikadagi viloyatlar, shaharlar va tumanlar rahbarlari, boshqa ko'plab xo'jalik xodimlari qamoqqa olinib, tergovdan keyin SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining qaroriga binoan otib tashlandi. 20 yillarda Turkiston respublikasida mas'ul lavozimlarda ishlagan: Turor Risqulov, Qayg'usiz Otaboyev, Nazir To'raqulov, Sanjar Asfandiyorov, Abdulla Rahimboyev, Nodirboy Aytaqovlar 1937-1939 yillarda qamoqqa olinib, mustabid sovet rejimi tomonidan yo'q qilindi. O'zbekistondagi siyosiy elita "millatchilik va sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib borish"da, shuningdek, qurolli qo'zg'olon ko'tarishni tayyorlashda ayblandi. O'zbekiston jamiyatning hamma tabaqalariga yoyilgan hibsga olish to'lqini ostida qoldi. Davlat va jamoat arboblari, xo'jalik rahbarlari bilan bir qatorda milliy ziyolilar ommaviy ravishda qatag'on qilindi. 20 asr o'zbek madaniyatining bebaho yulduzlari Fitrat, Cho'lpon va Abdulla Qodiriy bir kunda-1938 yil 4 oktabrda Toshkent shahri atrofida otib tashlandi. 4 oktabrda qamoqqa olingan ko'plab yurtdoshlarimiz ommaviy ravishda qatl qilingan. Usmon Nosir, Mannon Ramziy, Elbek-Mashriq Yunusov, Bosit Qoriyev, Miyonbuzruk Solihov, Ashurali Zohiriy, Ziyo Said-Qosim Solihov, Muhammadsharif So'fizoda, Ishoqxon Ibrat, Tavallo-To'lagan Xo'jamyorov, G'ozi Olim Yunusov, G'ozi Yunusov, G'ulom Zafariy, Otajon Hoshimov, Qayum Ramazonov, Shokir Sulaymon, Anqaboy Xudoybaxtiyev kabi o'zbek xalqining ko'plab ziyolilari: shoirlar, adiblar va olimlar qatag'on qilindi. Shuningdek, 20 yillarda Germaniya va boshqa mamlakatlarda o'qib O'zbekistonga qaytgan ziyolilar ham qatag'on girdobiga tortildi. Abduvahob Murodiy, Sulton Jabbor, Solih Muhammad, Xayriniso Majidxonova va boshqa ko'plab ziyolilarimiz "Germaniya josusi" sifatida ayblanib, otib tashlandi. Germaniyada o'qib qaytganlardan faqat xorazmlik Maryam Sultonmurodova 15 yillik qamoq muddatidan so'ng, yurtiga qaytdi. 1937-1939 yillarda O'zbekistonda to'qib chiqarilgan soxta ayblovlar bo'yicha 41 mingdan ortiq kishi hibsga olinib, ulardan 37 mingdan ortig'i jazolandi, 6920 kishi esa otib o'ldirishga hukm qilindi. Umuman olganda, 1937-1953 yillarda O'zbekiston ichki ishlar xalq ko-missarligi-NKVD troykasi (uchligi) tomonidan 100 mingdan ortiq kishi qatag'on qilindi, ulardan 13 ming nafari otib tashlandi. 1936-1940 yillarda faqat davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar va olimlardan 5758 kishi qamoqqa olinib, ulardan 4811 kishi otib o'ldirishga hukm qilingan edi. Bu ma'lumotlar qizil terror qanchalik keng miqyosda shafqatsiz ravishda amalga oshirilganligining yaqqol isboti hisoblanadi. Qizil terrorni amalga oshirishda Moskvadan jo'natilgan O'zbekiston ichki ishlar xalq komissari D.Z.Apresyan, uning o'rinbosari L.I.Leonov-Nemirovskiy, Tojikiston ichki ishlar xalq komissari N.A.Zagvozdin, chekistlar Trig'ulov, Akjigitov mash'um rol o'ynadi. Sovet rejimi o'zining bu gumashtalarini ham o'sha yillari otib tashladi. Shunday qilib, 30 yillarning oxirida O'zbekistonda mustabid sovet rejimi o'z hukmronligining cho'qqisiga ko'tarildi. Kommunistlar demokratiya va shaxs daxlsizligi prinsiplarini oyoqosti qilib, har qanday o'zgacha fikr yuritishni zo'ravonlik bilan yanchishga erishdi. Totaiitar rejim nafaqat o'ziga qarshi chiqqan minglab miliat fidoyilarini, balki gunohsiz o'n minglab odamiarni ham terror (qatliom) qildi. Sovet rejimi o'zining repressiv (qatag'onlik) siyosatini keyingi yillarda ham uzluksiz davom ettirib, o'zbek xalqi boshiga mislsiz azob-uqubatlarni soldi. Lekin xalqimiz yuragida mustaqillikka bo'lgan ishonch va istiqlolga erishish orzusi aslo so'nmadi. 4. Mustamlakachilik davri qurbonlari-shahidlar xotirasiga avlodlar ehtiromi. Asossiz qatag'on qilinganlarni oqlash aslida Stalin vafotidan so'ng-50 yillar o'rtalarida boshlangan edi. Natijada o'shanda O'zbekiston bo'yicha qatag'on qilingan(halok bo'lgan va qamoqda o'tirgan)lardan 40000 kishi oqlandi. 80 yillarning oxirida yana bir guruh kishilar oqlandi. Lekin ularni oqlash kommunistik mafkura talablari ostida amalga oshirilib, bu jarayon oxiriga yetkazilmadi. Buning ustiga ularni oqlash yangi kishilarni qatag'on qilish bilan bir paytda amalga oshirildi. Mustabid tuzum davrida bunday bo'lishi tabiiy edi. O'zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgandan keyin qatag'on qilinganlarning ko'pchiligi huquqiy jihatdan oqlandi. Ularning porloq nomlari tiklandi. Mamlakat Prezidenti I.A.Karimovning tashabbusi bilan 2000 yil 12 mayda Toshkent shahridagi Yunusobod mavzesida-Bo'zsuv bo'yida Shahidlar xotirasi yodgorlik majmui ochildi. U mustabid sovet rejimi davrida qatag'on qilingan shahidlar xotirasiga bag'ishlab o'rnatilgan bo'lib, millat fidoyilarining aksariyati shu yerda otib tashlangan edi. I.Karimov yodgorlik majmuining ochilish marosimida so'zlagan nutqida kommunistik rejim qatag'onlarining asl mohiyatini quyidagicha ochib bergan edi: "Zulm va zo'ravonlikka qurilgan mustabid, beshafqat tuzum davrida o'zligini, milliy qadr-qimmatini teran anglagan, ijtimoiy-siyosiy ongi yuksak xalqni uyg'otishga, xalqni boshqarishga qodir bo'lgan, ma'rifat va ma'naviyat yo'lida fidoyilik ko'rsatgan barcha aql-zakovat sohiblari jismonan yo'q qilindi... Mana shular qatorida siyosatdan mutlaqo uzoq bo'lgan ming-minglab oddiy dehqonlar, hunarmand-kosiblar, ishchi-xizmatchilarning begunoh qurbon bo'lib ketgani tasavvurga ham sig'maydigan ayanchli bir holdir". 2001 yildan boshlab O'zbekiston Respublikasida har yili 31 avgust-Mustaqillik e'lon qilingan kun qatag'on qurbonlari xotirasi kuni sifatida nishonlanadigan bo'ldi. Bu minnatdor avlodlarning o'z ajdodlari xotirasiga ehtiromidir. 30-§. O'zbekistonning 20-30 yillardagi xalqaro aloqalarining cheklanishi O'zbekiston SSR tashkil qilingan dastlabki kundan uning suvereniteti cheklangan, Ittifoq hukumatiga qaram qilib qo'yilgan edi. Respublika o'z milliy armiyasiga ega bo'lish, valyutasini chiqarish, chet davlatlar bilan mustaqil aloqa qilish va boshqa ko'p huquqlardan mahrum qilindi. O'zbekiston ajnabiy davlatlar bilan aloqa qilish huquqini "o'z ixtiyori"ga ko'ra Ittifoq hukumatiga qonuniy yo'l bilan topshirishga majbur etildi. O'zbekiston xalqaro aloqalarda Ittifoq tarkibida qatnashardi. Bu masalada faqat Ittifoq hukumatining ko'rsatmalari bilan ish qilardi, chet ellar bilan iqtisodiy va madaniy aloqalarni Ittifoq hukumati idoralari orqali amalga oshirardi. 1. Xalqaro aloqalar o'rnatishga intilish. Xuddi boshqa O'rta Osiyo respublikalari singari, O'zbekiston ham iqtisodiy va madaniy rivojlanishning deyarli barcha ko'rsatkichlari bo'yicha markaziy viloyatlardan ancha orqada turar edi. Markaz bunday tafovutning mintaqadagi ijtimoiy barqarorlikka va SSSRning qo'shni Osiyo mamlakatlaridagi obro'-e'tiboriga yomon ta'sir o'tkazishi mumkinligini tushunardi. Shu sababdan Markaz qoloq chekka o'lkalarga yordam berish yo'li bilan qo'shni davlatlardagi o'z mavqeini mustahkamlashga harakat qildi. SSSR tarkibiga kiritilganidan keyin respublikamizda Tashqi ishlar xalq komissarligi tarqatib yuborildi. O'zbekiston Xalq komissarlari soveti qoshida Ittifoq tashqi ishlar xalq komissarligining vakilligi qoldi, xolos. Tashqi siyosiy va iqtisodiy faoliyatni Markaz amalga oshirib boradigan bo'ldi. Keyinchalik O'zbekistonning ayrim vakillari Sharq mamlakatlaridagi sovet elchixonalarida maslahatchi, tarjimon bo'lib ishlay boshladilar. O'zbekiston respublikasining butun xalqaro faoliyati savdo-iqtisodiy ko'rgazmalar va yarmarkalarda, O'zbekiston yutuqlarini namoyish etish uchun joy ajratiladigan sovet pavilonida ishtirok etish, shuningdek, "feodalizmdan sakrab sotsializmga" o'tish natijalarini namoyish qilib, Kompartiyaning go'yoki g'amxo'r va baynalmilal siyosatini ko'rsatish uchun turli xorijiy delegatsiyalarni qabul qilishdan iborat bo'lib qoldi. Faqat targ'ibot mulohazalaridan kelib chiqib O'zbekistonga iqtisodiy salohiyatini ko'rsatishga imkon berilar edi. Paxta, ipak, qorako'l teri, dori preparatlari, ayrim turdagi qishloq xo'jalik mashinalari, hunarmandchilik buyumlari uzoq yillar davomida respublikaning chetga chiqariladigan asosiy mollari bo'lib keldi. O'zbekistonning ajnabiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalari butunlay Ittifoqning eksport-import muammolari bilan shug'ullanadigan mahkamalari orqali amalga oshirildi. 2. Ilmiy va madaniy aloqalar. Xalqaro aloqalar to'g'risida gap ketganda o'zbek yigit-qizlarining turli mutaxassisliklarga o'qib kelish uchun xorijiy mamlakatlarga, jumladan, Turkiya va Germaniyaga yuborilganligini eslatib o'tish zarur. Germaniyada o'qish ayniqsa samarali bo'ldi. 20 yillarning boshlaridayoq bir necha o'n kishidan iborat dastlabki guruhlar o'qishga yuborilgan edi. Yosh respublika uchun zarur mutaxassisliklarni (to'qimachilik va teri ishlab chiqarish, qurilish ishlab chiqarishi, agronomiya va boshqa mutaxassisliklarni) o'rganish uchun 30 yillarda ham ana shunday o'qishga yuborish qisrnan davom etib bordi. Bu ta'lim dasturlarini mablag' bilan ta'minlashda Abdulhamid Cho'lpon, Munavvar Qori Abdurashidxonov va boshqa adiblar katta rol o'ynadilar. Ular adabiy-badiiy kechalar o'tkazar va tushgan pullarni Germaniyada o'qiydigan o'zbek talabalariga yuborar edilar. Bu muhim va taraqqiyparvar tashabbus, afsuski, keyinchalik rivojlanmay qoldi. Tashqi dunyo bilan muloqotda bo'lishning nihoyatda samarali yo'li ilmiy aloqalar bo'ldi. Moddiy va ma'naviy qadriyatlarga, boy tarixiy, me'moriy, arxeologik obyekt-larga ega bo'lgan O'zbekiston ko'pgina xorijiy olimlarni o'ziga jalb qilar edi. 30 yillarning boshlarida O'zbekiston bilan Yaponiyaning ipakchi olimlari o'rtasida samarali ilmiy aloqalar bog'landi. Bizning nazariy yutuqlarimiz yapon mutaxassislarida jiddiy qiziqish uyg'otdi. O'zbek ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining mutaxassislari 1930-1931 yillari Yaponiyada uzoq muddatli xizmat safarlarida bo'lib, bu yerda o'z yutuqlari bilan o'rtoqlashdilar va yapon ipagi ishlab chiqarishni o'rgandilar. O'sha yerdan ular tut daraxtining qalin barg-li bo'lib o'sadigan bir necha o'n navlarini va serhosil ipak qurti urug'larini keltirdilar, bu kelgusida yaxshi natijalarni berdi. O'rta Osiyo Davlat universitetining botanika bog'i bir qancha ilmiy muassasalar bilan urug'lar almashishni keng yo'lga qo'ydi. 1928 yilda 262 ta ajnabiy tashkilotlar bilan aloqa bog'langan edi. Bir yil ichida seleksiya ishi uchun zarur materialli 4,5 ming paket olinib, 3 mingdan ko'prog'i jo'natildi. Bundan tashqari O'rta Osiyo Davlat universitetining botanika bog'i talaygina qimmatli buta va daraxt navlarini oldi, ulardan bog'ning Chimyon bo'limidagi tog' yon bag'irlarini mustahkamlashda foydalanildi. Afsuski, 30 yillardan boshlab mana shu muhim ilrniy aloqalarga barham berila boshlandi. Josus deb gumonsirash, burjua fani va madaniyati deb atalmish narsaga nafrat bilan qarash sovet olimlari, jumladan, O'zbekiston olimlarining ham dunyodan ajralib qolishiga olib keldi. Ulardan ba'zilarining xorijiy hamkasblari bilan qilib turgan ilmiy aloqalari va yozishmalari o'sha vaqtlarda ularning asossiz ayblanishiga va qatag'on qilinishiga sabab bo'ldi. Respublikadagi madaniy qurilish nechog'li ziddiyatli bo'lmasin, ijobiy tomonlaridan biri mahalliy aholining Sharq va G'arb adabiyotining klassik asarlari bilan tanishuvidan iborat bo'ldi. Bularning ko'plari asta-sekin o'zbek tiliga tarjima qilindi, o'z navbatida ba'zi o'zbek mualliflarining asarlari xorijiy mamlakatlarda nashr etildi va ma'lum siyosiy yo'nalishga ega bo'lishiga qaramay, xorijiy kitobxonlar va tanqidchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Download 1.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling