Tarixdan xikoyalar
Download 1.55 Mb.
|
Umumiy tarix
70-80 yillar she'riyatida ham inson va jamiyat muammosi bosh mavzu bo'lib qoldi. She'riyatda tabiat haqida, paxta va paxtakor haqida falsafiy mushohadalar o'rtaga qo'yildi. Katta avlod shoirlari Uyg'un, Mirtemir, Sobir Abdulla, Habibiy, G'ayratiy, Charxiy, Zulfiya, o'rta avlod shoirlari Mamarasul Boboyev, Asqad Muxtor, Hamid G'ulom, Shuhrat, Turob To'la, Shukrullo, Ramz Bobojon, O'tkir Rashid va birmuncha yosh iste'dodli shoirlar-Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Jamol Kamol, Jumaniyoz Jabborov, Omon Matjon, Rauf Parfi, Azim Suyun, Usmon Azimov, Halima Xudoyberdiyeva va boshqalar she'riyatining mazmuni va ma'nosi nihoyatda keng va chuqurdir. Ular yaratgan asarlar o'zbek she'riyati xazinasidan munosib o'rin egalladi. Mustabid tuzum va u tufayli jamiyatda sodir bo'lgan salbiy holatlar o'zbek adabiyotiga ham ta'sirini o'tkazdi. Adabiyot vakillari kommunistlarning keng xalq ommasi ongiga kommunistik mafkura g'oyalarini singdirish, ularni kommunistik ruhda tarbiyalash kabi ijtimoiy buyurtmalarini bajarishga majbur edilar. Yaratilgan asarlarning aksariyati zamonni maqtash, olqishlarga bag'ishlandi. Ularda hayotiy voqealarni talqin qilishga partiyaviylik, sinfiylik nuqtai nazaridan turib yondashildi. Jamiyat hayotiga ana shunday yondashish turli illatlarni va saviyasi past asarlarni adabiyotga olib kirdi. Zo'ravonlik, tazyiq va tanqidlar tufayli jamiyatni to'lqinlantirib kelayotgan ko'pgina ijtimoiy muammolar asarlarda o'z ifodasini topmadi. Shunga qaramasdan, oz bo'lsada, o'zbek adabiyotida milliy ruh singdirilgan yaxshi asarlar dunyoga keldi. Adiblar teatr va musiqa arboblari bilan hamkorlikda samarali ish olib bordilar. O'zbek sahnasida ko'p yillar davomida S. Eshonto'rayeva, H.Nosirova, L. Sarimsoqova, Olim Xo'jayev, R.Hamroyev, Sh.Burhonov, M.Turg'unboyeva, G.Izmaylova, B.Qoriyeva, N.Rahimov, G'.A'zamov, S.Xo'jayev, Z.Muhammadjonov, H.Umarov va boshqa iste'dodli san'atkorlar samarali xizmat qildilar. Bu davrda opera va balet san'ati rivoj topdi. A. Navoiy nomidagi Katta Akademik opera va balet teatri, Muqimiy nomidagi o'zbek musiqali drama va komediya teatri, M.Gorkiy nomidagi rus dramatik teatri, Y.Oxunboboyev nomidagi respublika yosh tomoshabinlar teatri, Qo'g'irchoq teatri yangi tomoshalarni namoyish qildilar. Hamza nomidagi o'zbek davlat Akademik drama teatri jahon xalqlari asarlarini tomoshabinga mohirlik bilan yetkazdi. Sahnada Sofoklning "Shoh Edip", Shekspirning "Qirol Lir", "Yuliy Sezar", Shillerning "Mariya Styuart" kabi sahna asarlari yuksak mahorat bilan ijro etildi. Shu bilan birga, o'zbek adiblarining bir qancha asarlari, jumladan, Uyg'un va Izzat Sultonning "Navoiy", Shayxzodaning "Mirzo Ulug'bek", Uyg'unning "Abu Rayhon Beruniy", O'lmas Umarbekovning "Qiyomat qarz", Said Ahmadning "Kelinlar qo'zg'oloni" kabi spektakllari ham sahna san'atini boyitdi. Respublikada boshqa teatrlar ham bu davrda yangi-yangi sahna asarlarini yaratdilar. O'zbekistonda musiqa san'ati bu davrda rivoj topdi. Yangi musiqiy jamoalar-"Lazgi", "Shodlik", "Go'zal", "Bahor" xalq raqs, "Yalla" vokal-cholg'u ansambllari M. Ashrafiy, M. Burhonov, M. Leviyev, T. Sodiqov, I. Akbarov, S. Boboyev, D. Zokirov, U. Musayev kabi kompozitorlar bilan hamkorlikda yaratilgan yangi konsertlari bilan tanildilar. 70-80 yillar o'rtalarida o'zbek kinochilari ham ko'plab yangi kino asarlarini yaratdilar. Iste'dodli kinochilar ijodiy guruhi: K. Yormatov, M.Qayumov, Sh.Abbosov, Y.A'zamov, A. Hamrayev, E. Eshmuhamedov kabi san'atkorlar barakali ijod qildilar. San'atning boshqa sohalarida ham birmuncha yutuqlarga erishildi. Shunday qilib, O'zbekiston san'ati umuman rivojlanib bordi. Biroq adabiyot singari san'at ham hukmron mustabid tuzum mafkurasi tazyiqiga uchradi. Bu davrda voqelikni haqqoniy aks ettiradigan, milliy xususiyatlarga ega bo'lgan yetuk san'at asarlari soni kam edi. 58-§. Fan. Mutaxasis kadrlar yetishtirish. 1. Fan. Bu davrda respublikada fanni rivojlantirishga, malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga ko'plab mablag'lar ajratildi. Fanga sarflangan mablag' 30 mln so'mdan 54 mln so'mga ko'paydi. Xalq xo'jaligini rivojlantirishga tarmoq fani muayyan hissa qo'shib keldi. Respublikamizda fanning bu sohasida yirik tajriba-eksperimental va loyihalash-konstruktorlik bazasiga ega bo'lgan ilmiy-tadqiqot institutlari va ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari, konstruktorlik-texnologiya byurolari, tarmoq laboratoriyalari va boshqa muassasalar ish olib bordi. Jumladan, "Сигнал", "Технолог" kabi ilmiy-texnika birlashmalarida ko'plab foydali va ibratli tajriba va ilmiy ishlar amalga oshirildi. O'zbekiston Fanlar akademiyasi doirasida fan bilan ishlab chiqarish, tarmoqlararo aloqalarning g'oyat samarali majmualari, ilmiy-texnik markazlari ish olib bordi. Respublika Fanlar akademiyasining mexanika va zilzilaga bardoshli inshootlar instituti olimlari tayyorlagan yechimlarni xalq xo'jaligiga tadbiq etishdan 1980-1985 yillarda ko'rilgan umumiy iqtisodiy samara 50 mln so'mni tashkil etdi. 1971-1982 yillar oralig'ida O'zbekiston sanoatida 380 turda yangi tipdagi mashinalar, dastgohlar va asbob-uskunalar yaratilgan ekan, bunda Fanlar akademiyasi institutlarining xizmatlari katta bo'ldi. 1984 yili faqat O'zbekiston Fanlar akademiyasi institutlari 127 ta ana shunday tadqiqot olib bordi. Respublika olimlari har yili iqtisodiy samaradorligi 600 mln so'mlik 400 dan ziyod ilmiy yechimlarni ishlab chiqdilar. Ammo ular ishlab chiqarishga juda sust joriy etildi. Ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyati respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga ta'sir ko'rsatmadi. Iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim omillaridan biri hisoblangan fan bilan ishlab chiqarishni bir-biriga yaqinlashtirish, ular o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda jiddiy kamchiliklar mavjud bo'lib, ayrimlari ilmiy-ishlab chiqarish bazasiga, boshqalari yetakchi ilmiy-tadqiqot markaziga ega emas edi. Ayniqsa, yangi ishlovlarni amalga joriy etishni tezlashtirishga markazlashgan ma'muriy-buyruqbozlik tizimi, har qanday ishni amalga oshirishda Markazning ruxsati kerakligi, Ittifoq idoralaridagi to'rachilik illatlari to'g'anoq bo'ldi. Umuman olganda shuni aytish mumkinki, respublikamizda fan-texnika taraqqiyotini ta'minlash, uning ishlab chiqarish bilan aloqasini mustahkamlash, ta'sirini kuchaytirish jarayoni g'oyatda murakkab vazifa edi. Bu borada erishilgan muayyan yutuqlar bilan birga muammo va hal etilmagan masalalar ko'p bo'ldi. 80 yillarning birinchi yarmida fan orqali xalq xo'jaligida muayyan ijobiy siljishlarga erishilgan bo'lsada, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalarini rivojlantirish, zamonaviy seranum mashina va asbob-uskunalarni, xalq iste'moli mollari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi qoloqlik chuqurlashdi. Respublika iqtisodiyoti bir yoqlama tarzda xom ashyo yetishtirishga yo'naltirildi, fan va texnika yutuqlari, yangi texnologiyalar deyarli joriy qilinmadi. 2. Mutahasis kadrlar tayyorlash muammolari. Respublikaning oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlari xalq xo'jaligi va madaniyat talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlashda muayyan natijalarni qo'lga kiritdilar. Yildan yilga talabalar soni ortib bordi. 1971-1975 yillarda oliy o'quv yurtlarini tugallagan diplomli 182 ming nafar mutaxassis kadrlar respublika xalq xo'jaligiga yetkazib berildi. Oliy o'quv yurtlarining soni 1985 yilda 42 taga yetdi. 80 yillarning o'rtalarida respublika o'rta maxsus o'quv yurtlarida 282 ming nafar o'quvchi ta'lim oldi. Bu har yili necha o'n minglab malakali mutaxassislar bilan respublika xalq xo'jaligini ta'minlashga imkon berdi. Ma'rnuriy-buyruqbozlik tizimi siyosati ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishda, mutaxassis kadrlarni tayyorlashda respublikaning o'ziga xos ijtimoiy, milliy va demografik xususiyatlarini hisobga olmadi. Yangi shaharlar bunyod etish, sanoatlashtirish bahonasida ko'plab rus aholisi o'lkamizga ko'chirib keltirildi. Toshkent, Farg'ona, Olmaliq, Navoiy, Chirchiq va boshqa shaharlarda ko'chib kelganlar soni mahalliy aholi sonidan ancha yuqori edi. Ular uchun uy-joy, ish muammo emasdi. Mas'uliyatli vazifalarga, ma'muriy tashkilotlarning rahbarligiga mahalliy aholi vakillari emas, ko'pincha Moskvadan ko'chib kelgan vakillarni tayinlash tartibi o'rnatildi. Ularga katta imtiyoz va huquqlar berildi. Kadrlar taqdiri ham ular qo'lida bo'ldi. Respublika, viloyat, shahar va davlat organlari rahbarlarining birinchi yordamchilari-"ikkinchi kotib" va "birinchi o'rin-bosar"lar ruslardan bo'lib, kadrlar masalasi bilan ular shug'ullanar edilar. Bunday kadrlar siyosati mahalliy aholiga nisbatan adolatsizlik bo'lib, uning manfaatlariga ziyon yetkazdi. Sanoatning yetakchi tarmoqlarida mehnat qilishga o'zbek xalqi go'yo qodir emasligi va shu munosabat bilan ko'p yoshlar ishsiz yurganligi haqidagi asossiz mulohazalar keng tarqaldi. Ishsizlar soni ko'pligining boisi ularning ishlash ishtiyoqi yo'qligida emas, balki Markazning yo'naltirilgan siyosati tufayli, qolaversa, ba'zi mahalliy mutasaddi rahbarlar tomonidan ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning zamonaviy usullari yaxshi yo'lga qo'yilmaganligida edi. Mustabid tuzum siyosati tufayli oliy o'quv yurtlarida sanoatning yetakchi tarmoqlariga milliy kadrlar tayyorlanmadi. Natijada milliy kadrlar salmog'i ba'zi korxonalarda juda kam bo'ldi. Mashinasozlik, metall ishlash va og'ir sanoatning boshqa tarmoqlarida 80 yillar o'rtalarida umumiy ishchi va xizmatchilarning 25-30 foizigina milliy kadrlar edi, xolos. Ziyolilar-ilmiy xodimlar, agronomlar, muhandislar, o'qituvchilar, shifokorlar soni muttasil oshib bordi. Respublika xalq xo'jaligida ularning soni 1970 yildagi 531 mingdan 1985 yilda 1385 mingtaga yetdi. 1985 yilda respublikaning xalq xo'jaligi ishlab chiqarishi sohasida 26 foiz aqliy mehnat xodimlari band bo'lib, ulardan sog'liqni saqlash, xalq ta'limi, madaniyat va san'at, fan va ilmiy xizmatdagilar 20 foizni tashkil etdi. Oliy ma'lumotlilar soni ziyolilar orasida ortib bordi. Ularning soni 1970 yildagi 252 ming kishidan 1985 yilda 669 ming kishiga ko'paydi. Ilmiy va muhandis kadrlar mahoratining jamoatchilik tomonidan e'tirof etilishini oshirish, ularda ijobiy tashabbusni kuchaytirish va shu asosda ularga haq to'lash darajasini oshirish zarurligini anglab yetgan korxonalarning rahbarlari yaxshi natijalarni qo'lga kiritdilar. Biroq hamma joyda ham bunday qilinmadi. Jumladan, 80 yillarning boshida respublika yengil sanoat korxonalarining 66 ta filiali qurilgani bilan yetarli darajada samaradorlikka erishilmadi. Ishga tushirilgan Beruniy, To'rtko'l, Xo'jayli yigiruv-tikuv fabrikalari o'z quvvatining 30-40 foiz darajasida ishladi. Kombinatda iqtisodchilar uchun belgilangan o'rinlarning yarmi bo'sh edi, ayni paytda 12 mingga yaqin iqtisodchi boshqa sohalarda ishlardi. Sanoat korxonalarida muhandis-texnik xodimlar yetishmagani holda, 37 ming muhandis va texniklar ishchilar qatorida mehnat qildilar. Fan va texnikani rivojlantirish, yangi texnikani yaratish, uni ishlab chiqarishga joriy etish. mavjud ishlovlarni yanada takomillashtirish ko'p jihatdan muhandis-texnik xodimlarning ijodiy faoliyatlari hamda o'zaro aloqalari bilan uzviy bog'liq edi. Biroq bu davrda muhandis-texnik xodimlarni tayyorlash saviyasi pasayib ketdi. O'zbekiston sanoatidagi muhandislarning asosiy qismi 7-10 yillik mehnat stajiga ega bo'lib, ularning ko'pchiligi zamonaviy texnika va texnologiya jarayonlarini puxta egallamagan edilar. Ular hisoblash mashinalari, sanoat robotlari bilan muomala qilishni bilmasdilar. O'z mutaxassisliklarini puxta egallamaganliklari va ishlab chiqarishda moddiy manfaatdorlikning yo'qligi tufayli, oliy o'quv yurtlarini tugatgan muhandislarning 40 foizi, texnikumlarni tugatganlarning to'rtdan uch qismi o'z sohasida ishlashni xohlamasdilar. Shunday qilib, bu davrda respublikada mavjud mehnat resurslarini ishlab chiqarishga jalb etish va avvalo, tub millat vakillaridan yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash masalalari keskin tus oldi. Jamiyatimiz taraqqiyotining uzoq davri mobaynida mahalliy aholi, xususan, o'zbeklarning respublika xalq xo'jaligi yetakchi tarmoqlaridagi salmog'i juda past bo'lib keldi. Bu sovet totalitar tartibotining milliy respublikalar mahalliy xususiyatlarini, o'zbek xalqining milliy manfaatlarini inkor etuvchi siyosati natijasi edi. 59-Qoraqalpog'iston Assr 1946-1990 yillarda 1.Qoraqalpog'iston xalq xo'jaligining ahvoli. Urushdan keyingi tiklanish davrida Qoraqalpog'istondagi muammolarni hal qilishda qarovsiz qolgan, tashlandiq va foydalanmay kelingan sug'oriladigan yerlarni irrigatsiya va melioratsiya holatini yaxshilash muhim ahamiyatga ega bo'ldi. 1947 yilning bahorida Tuyamo'yin kanalining birinchi navbati (uzun-ligi-11,5 km) ishga tushirildi. Oradan ko'p o'tmay Shumanay kanali qurildi. 1950 yildan e'tiboran ilk marta qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash, irrigatsiya tarmog'ini tozalash ishlari boshlandi. Yangi kanallarning qazilishi paxta ekiladigan maydonlarning kengayishiga olib keldi. 1946-1950 yillarda 42000 ga yangi yer o'zlashtirildi. 1960 yilga kelganda chigit ekiladigan maydon 131500 ga ni tashkil qildi. 1949 yilda sug'orish tizimlarining quyidagi 4 ta boshqarmasi tuzildi: Paxta-arna (To'rtko'l va Beruniy tumanlari uchun), Lenin nomli kanal (Xo'jayli va Qo'ng'irot tumanlari uchun), Kegayli (Chimboy va Kegayli tumanlari uchun), Quvonish-jarma (Taxtako'pir va Qorao'zak tumanlari uchun) boshqarmalari. Sug'orish tarmoqlarini tozalash maqsadida birinchi marta mashina-traktor stansiyasi (MTS) tashkil qilindi. 1950 yili jamoa xo'jaliklarini yiriklashtirish kompaniyasi boshlanib, mavjud 410 jamoa xo'jaligi asosida 200 kolxoz tashkil qilindi. Qoraqalpog'istonda xalq xo'jaligini rivojlantirish uchun Chorjo'y shahridan Xorazm va Qoraqalpog'iston orqali Qozog'istonga temir yo'l qurish zarur edi. O'zbekiston Kompartiyasi MKning birinchi kotibi Usmon Yusupov temir yo'lning juda katta iqtisodiy ahamiyatga ega ekanligini hisobga olib, Moskva bilan kelishib o'tirmasdan va uning roziligisiz Chorjo'y-Qo'ng'irot temir yo'li liniyasini qurish to'g'risida farmoyish berdi. Qurilish 1947 yilda boshlandi va qisqa muddat ichida tugallandi. Qurilishda Xorazm, Shimoliy Turkmaniston va Qoraqalpog'istondan 100000 kishi mehnat qildi. Biroq O'zbekiston rahbariyatining bu tashabbusi Markaz tomonidan qattiq qoralandi. 1947 yilning oxirida VKP(b) MK Siyosiy byurosi majlisida U.Yusupovga O'zbekiston paxta tayyorlash rejasini bajarmadi, degan bahona bilan hayfsan berildi. Urushdan keyingi xalq xo'jaligini tiklash yillarida mahsuldor chorvachilikni rivojlantirishda muayyan natijalarga erishildi. Chimboy tumanida Butunittifoq chorvachilik ilmiy-tadqiqot institutining tayanch punkti tashkil qilindi. Rossiyadan 104 bosh nasldor qizil-cho'l zotli buzoqlar keltirildi. Qoraqalpog'istonda 219 ta yilqichilik va 48 ta tuyachilik fermalari tashkil etildi. Afsuski, 50 yillarning o'rtalariga kelib, Qoraqalpog'iston chorvachiligidagi mutanosiblik buzildi. Paxta yakka hokimligi kuchayishi bilan chorvachilik siqib chiqarila boshlandi. Shu davrdan boshlab xo'jaliklarda chorva mollari soni muttasil kamayib bordi. Chorvachilikdagi bu holat 60-80 yillarda ham davom etdi. Hatto shaxsiy xo'jaliklarda ham chorva mollari qisqarib borganligi kuzatiladi. Bu holat dehqonlar va chorvadorlarning moddiy ahvoliga, ularning turmush darajasiga salbiy ta'sir qilmay qo'ymas edi. 50 yillarning oxiri-60 yillarning boshlarida Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligi yana turli tajriba (эксперимент)lаr girdobiga tortildi. Bu gal A.Xrushchevning talabiga ko'ra makkajo'xori yetishtirishga, hatto avtonom respublikaning shimoliy tumanlarida uni o'stirishga katta e'tibor berildi. Makkajo'xori ekilgan maydon 1957 yil 2067 ga bo'lgan bo'lsa, 1958 yilda 5772ga ni tashkil etdi. Lekin "makkajo'xori eksperimenti" kutilgan natijani bermadi. 60 yillarning o'rtalarida Qoraqalpog'istonda qishloq xo'jaligining muhim tarmog'i bo'lgan sholikorlikning rivojlanishiga e'tibor kuchaydi. Maxsus sholikorlik xo'jaliklari tashkil qilindi. Natijada 1965 yilda 25700 t sholi yetishtirilgan bo'lsa, 1983 yilda bu ko'rsatkich 332300 tonnani tashkil qildi. Avtonom respublikada pillachilik sohasida ham sezilarli yutuqlar qo'lga kiritildi. Qoraqalpog'istonda paxta yetishtirish muttasil oshirib borildi. 1964-1984 yillar mobaynida avtonom respublikada 7.144.000 tonna paxta yetishtirilib, Rossiyaning to'qimachilik fabrikalariga 2.219.000 tonna paxta tolasi jo'natildi. Bu paytda Qoraqalpog'iston avtonom respublikasi rahbari-Qallibek Kamolov edi. 2.60-80 yillarda Qoraqalpog'iston iqtisodiyotining bir tomonlama rivojlanishi. Bu paytda Qoraqalpog'iston qishloq xo'jaligini rivojlantirishda asosan ekstensiv usullar hisobiga muayyan yutuqlarga erishildi. Sanoatning rivojlanishi paxtachilik bilan butunlay bog'liq qilib qo'yilgan edi. Shuning uchun Qoraqalpog'istonda asosan chigitdan yog' ishlab chiqaradigan zavodlar, shuningdek, paxta tozalash zavodlari qurilishiga alohida e'tibor qaratildi. Yog'-sut, go'sht va baliq konservalari zavodlari ham qurildi. Yengil sanoat korxonalari esa sekin suratlar bilan tashkil qilindi. Qoraqalpog'istonda sanoatni rivojlantirish uchun energetika bazasining quvvati yetarli darajada emas edi. Shuning uchun maxsus "Тахиаташгидроэнергострой" qurilish tresti tashkil qilindi, u o'lkada energetika sanoatini barpo etishga asos soldi. 1956 yilda Taxiatosh GRESni qurish boshlandi, qisqa muddat ichida energetiklar shahri-Taxiatosh bunyod bo'ldi. 1961 yilda Taxiatosh GRESning birinchi navbati foydalanishga topshirildi. Taxiatosh GRESi O'zbekistonning energetika tizimi orqali O'rta Osiyo energotizimiga ulandi. 1970 yilda respublikaning barcha qishloq tumanlari asosan elektrlashtirildi. Buxoro-Ural va O'rta Osiyo-Markaz gaz quvurlari qurilishida Quyi Amudaryo iqtisodiy rayonining ehtiyojlari hisobga olindi; gaz quvurlari qurilishi tajribasida birinchi marta Qizilqum va Qoraqum sahrolarining barxanlari, Ustyurt platosi, Orolbo'yining suvsiz cho'llari yengib o'tildi. Qoraqalpog'istonning sanoat korxonalari va shaharlari sekin-asta tabiiy gaz bilan ishlashga o'tkazila boshlandi. 60-80 yillarda Qoraqalpog'iston sanoatining taraqqiyoti asosan yengil sanoat, ya'ni paxta tozalash va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaradigan korxonalarning ustuvor rivojlantirilishi evaziga bo'ldi. Sanoat faqat bir tomonlama rivojlantirildi. Avtonom respublikada industriyaning mashinasozlik, elektrotexnika, konruda, kimyo sanoati kabi tarmoqlari tashkil qilinmadi. Bu bir tomonlama rivojlanish Qoraqalpog'iston iqtisodiyotiga putur yetkazdi. Chunki avtonom respublika faqat xom ashyo mahsulotlarini chetga chiqarish hisobigagina aholi farovonligini yaxshilay olmas edi. 60 yillardan boshlab Orol dengizining quriy boshlashi butun mintaqada, eng avvalo, Qoraqalpog'istonda ekologik vaziyatni og'irlashtirdi. Orolbo'yi mintaqasining markazida joylashgan Qoraqalpog'istondagi aholi o'rtasida ko'plab yuqumli kasalliklar keng tarqaldi, toza ichimlik suvi muammosi keskinlashdi. Ekologik fojialar Qoraqalpog'iston respublikasi iqtisodiyotiga o'zining salbiy ta'sirini hamon o'tkazib kelmoqda. 3. 20 asrda Qoraqalpog'iston madaniyati. 20 asrgacha qoraqalpoq adabiyoti asosan xalq og'zaki ijodi shaklida rivojlangan. 20 asr boshlarida Umar Sug'irimbet o'g'li va Sidiq shoir demokratik ruhdagi asarlar yaratishdi. 1917 yildan keyingi yangi qoraqalpoq adabiyotiga A.Musayev, S.Majitov, S.Nurimbetov asos solishdi. S.Majitov "Alifbe" va "Katta yoshdagilar uchun o'qish kitobi" (1926) darsliklarini yaratdi. Shuningdek, u qoraqalpoq xalqining qahramoni Ernazarga bag'ishlangan "Ernazar olako'z" (1928) dostonini ham yozdi. 20 yillarning oxirida qoraqalpoq adabiyotida dramaturgiya va badiiy proza kabi yangi janrlar paydo bo'ldi. A.Utepov, N.Dovqorayev, A.Begimovning hikoya va pyesalari, J.Oymirzayevning qissalari maydonga keldi. J.Oymirzayev keyinchalik "Amudaryo sohillarida" (1958) romanini yozdi. 60 yillarda qoraqalpoq prozasi T.Qayipbergenov, X.Seitov, U.Xo'janiyozov asarlari bilan boyidi. 20 asr qoraqalpoq adabiyotida To'lepbergen Qayipbergenovning o'ziga xos o'rni bor. U "Qoraqalpoq qizi" (1963-1965) dialogiyasi va "Qoraqalpoq dostoni" (1968-1975) trilogiyasida, shuningdek, "Qoraqalpoqnoma" (1985) roman-essesida qoraqalpoq xalqining 18-19 asrlardagi hayotini tasvirlaydi. Biroq uning asarlarida sovet maikurasining ta'siri sezilib turadi. Qoraqalpoq shoirlari o'rtasida I.Yusupov alohida ajralib turgan. 20 yillardan boshlab Qoraqalpog'istonda milliy tilda gazeta va jurnallar, kitoblar nashr qilinishi yo'lga qo'yildi. "Amudaryo" nomli adabiy-badiiy va ijtimoiy-siyosiy jurnal (1932 yildan) chop qilina boshlan edi. 1959 yilda O'zbekiston Fanlar Akademiyasining Qoraqalpog'iston filiali tashkil qilindi. Qoraqalpog'istonda tarix fanining rivojlanishida akdemik Sobir Kamolovning xizmati katta. Qoraqalpog'istonda musiqa va amaliy san'at ham sovet andozasi asosida taraqqiy qildi. An'anaviy millliy san'at turlari bilan bir qatorda teatr, rassomchilik, haykaltaroshlik kabi muhim sohalar ham yuzaga keldi va rivojlandi. Demak, Qoraqalpog'istonda madaniyat sovet rejimi davrida kommunistik mafkura iskanjasida bo'lsa ham rivojlanish uchun o'ziga yo'l izladi. Qoraqalpoq xalqining orzu-armonlari badiiy adabiyotda o'z aksini topdi. VI bоb. O'zbekistonda sovet mustabid tuzumining inqirozga yuz tutishi va mustaqillik uchun harakatlar (1985-1991) 60-§. Kommunistik mafkuraning nomilliyligi va xalq manfaatiga zidligi 1. Kommunistik mafkuraning mohiyati va uning g'ayrimillliy hususiyatlari. 80 yillarda sovet tuzumi tanglik holatini boshdan kechirayotganligi yaqqol namoyon bo'ldi, bu hol uning ichki manbalari nimadan iborat, degan masalani keskin qilib qo'ydi. Sobiq ittifoqning kommunistik rahbariyati tang holatdan chiqish yo'llarini qidirishga, jon holatda tipirchilayotgan tuzumni barqarorlashtirishga intilib, ijtimoiy taraqqiyotning bunday barbod bo'layotganligiga sabab Stalin tipidagi ayrim shaxslardir, ular go'yo "kommunistik g'oyaning yorqin qiyofasi"ni buzdilar, degan mafkuraviy afsonani zo'r berib singdirishga urindilar. Bunday yondashuvga muvofiq, faqat boshqaruv tizimini yangilash, ilgari yo'l qo'yilgan nuqsonlarni bartaraf etish, "sotsializmga insoniy qiyofa" bag'ishlash lozim, degan fikr bayon qilindi. Kommunistik ta'limot o'z-o'zicha "ilmiy jihatdan to'g'ri" ta'limot bo'lib qolmay, shu bilan birga "insoniyat fikrining oliy yutug'i" hamdir, deb targ'ib etildi. Xuddi shu xildagi tushunchalar hozirgi kunda ham bir qator MDH mamlakatlarining avvalgi kommunistik rejimning tiklanishiga umid qilayotgan kommunistparast guruhlari tomonidan targ'ib qilinmoqda. Mustaqil O'zbekistonda davlat suvereniteti qo'lga kiritilgandan keyin sovet tuzumi davrining mafkuraviy kishanlari qat'iyan uloqtirib tashlandi. Lekin jamiyatni jadal sog'lomlashtirish jarayoni borayotgan bo'lishiga qaramasdan, o'tmishning mafkuraviy sarqitlari, eskicha fikrlash illatlari hamon ma'naviy sohaga ba'zan yashirin tarzda ta'sir qilib kelmoqda. Respublika Prezidenti I. A. Karimov jamiyat o'tish davrining ana shu obyektiv realligini ko'rsatib o'tar ekan, o'tmish sarqitlari, avvalgi tuzumning voqelikdan uzoq barcha soxta qadriyatlari qanchalik katta zarar yetkazganligini, olg'a tomon harakat qilishga jiddiy to'siq bo'lganligini ko'p marta ta'kidladi. Bu qadriyatlar birinchi qarashda qanchalik jozibali bo'lmasin, amalda real hayotdan uzoq edi. Bularni ayniqsa yoshlarimiz aniq anglab yetishlari kerak, chunki mafkuraviy kurashning ko'p tomonlama qiyofasi, xilma-xil dushman siyosiy kuchlarning, shu jumladan, kommunistparast kuchlarning yosh avlodning hali pishib yetilmagan ongiga ta'sir etishga urinishlari jahon maydonida yetakchi o'rin egallab kelmoqda. Sotsialistik o'tmishga nazar tashlab shunga ishonch hosil qilish mumkinki, yangi iqtisodiy siyosat islohotlari, Xrushchev davrining "iliq shabadalari", keyin esa "qayta qurish" davri tajribasining ko'rsatishicha, sovet kommunistik tuzumi obyektiv ravishda olganda, chuqur o'zgarishlarga qodir emasligi ma'lum bo'ldi. SSSRning inqirozga uchrashi, bu bilan esa jahon sotsialistik tizimining barbod bo'lishi tarixiy qonuniyat edi. Inqirozga uchragan kommunistik eksperiment kommunistlar barpo etgan "sotsializm binosi" avval boshdan o'ta yaroqsiz markscha loyihaning chirigan poydevori ustiga qurilganligini ishonarli tarzda namoyish etdi, dunyoni qayta tuzishga qaratilgan bu loyiha o'z tabiatiga ko'ra xalqqa, millatga qarshi bo'lgan kommunistik mafkuraga asoslangan edi. Download 1.55 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling