Tarixi muhammadiy


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet30/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   59

HUDAYBIYA QISSASI 
Bu voqea shundoq erdikim, bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir tush 
ko‘rdilar. Tushlarida sahobalar bilan Makka shahriga tinch-omon kirishib, Ka’bani tavof 
qildilar. So‘ngra Safo — Marva qilib sochlarini oldirdilar. Mana shu ko‘rgan tushlari sabab 
bo‘lib, Makkaga borish Rasululloh ko‘ngillariga tushdi. Chunki payg‘ambarlarning ko‘rgan 
tushlari esa, uyg‘oqlikda kelgan vahiy hukmida bo‘ladi. Rasulullohning bu tushlariga 
qaraganda urush-talashsiz Makkaga kirishlari lozim edi. Lekin qachon kirishlari bu 
ko‘rgan tushlarida ma’lum bo‘lmagach, Rasululloh shu yili Makkaga kirish umidida 
safarga chiqdilar. Niyatlari esa umra ibodatini qilish edi. Shuning uchun qilichdan boshqa 
urush qurollari olmadilar. Bu safarga chiqqan askarlarning soni ming besh yuzga yaqin 
bor edi. Quraysh mushriklari bu ishga to‘sqinlik qilsalar, o‘rtadan urush chiqib qolg‘aymu 
deb, ehtiyot yuzasidan Madina atrofidagi iymon keltirgan arablarni askarga chaqirgan 
bo‘lsalar ham, ko‘plari kelmay qoldi. 
Makkaga borganda qurbonlik qilish uchun atalgan yetmishta tuyalari bor edi. Mundoq 
tuyalarni «Hady» deb aytilur. Yurish oldidan bularni haydatib, so‘ngra borliq askar bilan 
o‘zlari yo‘lga chiqdilar. Hady tuyalarini birga haydab yurish esa, urush uchun emas, balki 
Ka’ba ziyorati uchun chiqqanliklariga arablar odatlaricha, ochiq dalil edi. Madinadan 
chiqib bir manzil yo‘l yurib, Zil Xulayfa degan joyga kelib qo‘ndilar. Shu yerda ertalab 
yurar oldida umra niyati bilan ehrom bog‘ladilar. So‘ngra qo‘shin bu yerdin qo‘zg‘alib, 
Makka tomoniga qarab yurish qildi. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir-ikki kun ilgari oldin orovul askari yubormish 
edilar. Rasululloh askar bilan Madinadan chiqqan xabarlari Makka mushriklariga yetib, 
alarg‘a qo‘rqinchlik tushdi. Ilgariroq bu ishdan xabar topmish Quraysh raislari maslahat 
qildilarkim: «Muhammad ersa Baytullohni ziyorati uchun kelgan bo‘lib, shu bahona bilan 
shahrimizni bosib olmoqchidur. Uni Makkaga kirgizmaymiz, agar kuch bilan qirmoqchi 
bo‘lar ekan, u chog‘da urush qilgaymiz», deb bir to‘xtamga kelishdi. 
Darhol Xolid ibn Valid qo‘mondasida ikki yuz otliq askar orovullikka yo‘lga chiqdi. 
Rasulullohning yuborgan orovullari ham bulardan xabar topishi bilan orqaga qaytib, buni 
xabar qildi. Shu orada Islom askari ham Makkadan ikki qo‘nalg‘u Usfon degan joyga 
yetib kelishdilar. 
Buni anglagach Rasululloh: 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
183
— Dushmanlar to‘sgan bu yo‘lni qo‘yib, ular o‘ylamagan bir yo‘l bilan bizni Makkaga 
kirgiza oladigan bir kishi bormidur? — deb so‘radilar. 
Anda Aslam qabilasidan bir kishi turib: 
— Yo Rasulalloh, mundoq yo‘lni men bilurman, — deb o‘nqirlik, og‘ir bir yo‘lga boshlab, 
shu yurganicha Makka shahrining ost tomonidagi bir tekis joyga chiqarib qo‘ydi. Bu 
kelishlarida dushmanni tashqari qoldirib, Makkani bosib olishlari mumkin edi. Shu bois 
Xolid ibn Valid bu ishdan xabar topishi bilan chopganicha kelib Qurayshga bildirdi. 
Ular ham shoshilishib qoldilar. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u joydan 
ko‘chib Hudaybiyaga kirish oldida Saniyatul-muror degan yerga kelganlarida shoshib 
kelayotgan tuyalari birdaniga cho‘kib oldi. Har qancha urib-tortib ko‘rsalar ham tuya 
o‘rnidan turmadi. 
Anda sahobalar: 
— Yo Rasululloh, Qasvo charchamishdur, — dedilar. Bu tuyaning oti Qasvo edi. 
Rasululloh aytdilar: 
— Bu tuya charchagan emasdur, mundog‘ odati ham yo‘q edi. Lekin Abrahaning filini 
cho‘ktirib to‘xtatgan Xudo, buni ham cho‘ktirdi. Agar Quraysh xalqi Haram hurmatini 
saqlash uchun meni har qanday ishga taklif qilsalar, agar u ishda Baytulloh ta’zimi 
topilur ekan, albatta, men uni qabul qilgayman, — dedilar. 
Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu yurganlaricha to‘g‘ri bosib Makkaga 
kirsalar edi, keyinlaridan Quraysh mushriqlari kelib, o‘rtada qonli qirg‘in bo‘lib ketishi 
mumkin edi. Ana unda Haram hurmati ham buzilur edi. Payg‘ambarimizning tuyalari 
cho‘kkanlikdan ilhomlanib, Makka shahri ichiga kirishdan to‘xtadilar. 
Shu bahona bilan Alloh taolo Haram hurmatini va har ikki tarafni bu qirg‘indan o‘zi 
saqladi. Yo‘q esa, dushmanning tashqari qolganini ko‘rgach, shahar ichiga bosib kirish 
Rasululloh ko‘ngillariga kelgan edi. 
So‘ngra Rasululloh yuqorigi so‘zlarni aytganlaridan keyin cho‘kib yotgan tuyalarini «chu-
chu» deyishlari bilan darhol sakrab turdi. Makka yo‘lidan orqalariga qaytib, Hudaybiya 
degan joyga tushdilar. Bu yer ersa Makkadan Madinaga ketarda yarim kunlik yo‘ldur. 
Rasululloh yo‘l chalg‘itib Makka tomoniga o‘tganlarini anglashib, Quraysh xalqi ham 
shoshilinch bilan qaytishib Makka yo‘llarini to‘sishga kirishdilar. Shu orada Makka 
atrofidagi qabilalardan Xuzo’a qabilasining raisi Budayl ibn Varqo bir necha qabila 
boshliqlari bilan kelishib Rasulullohga uchrashdi. Umra niyati birla Baytullohni ziyorat 
qilishga kelganlarini ularga gapirdilar. Buni anglagach, u yerdin turishib Quraysh qo‘shini 
ustiga kelishdi. Bularning raislari bilan ko‘rishgandan so‘ngra Budayl ibn Varqo aytdi: 
— Ey Quraysh xalqi, Muhammad to‘g‘risida ko‘p shoshqinlik qilmanglar. Aning bu kelishi 
urush uchun emas, balki Baytullohni ziyorat qilish uchun kelmishdur. 
Lekin uning so‘ziga ular quloq solmadilar, chunki bu kishi iymon keltirmagan bo‘lsa ham, 
Rasulullohga tarafdor edi. Shuning uchun ular: 
— Agar Muhammad Ka’ba ziyoratiga kelgan bo‘lsa ham bundoq shon-shavkat bilan 
shahrimizga kirishi to‘g‘ri emasdur. Chunki butun arablar oldida bizga nomus bo‘lg‘udek 
so‘zga qolurmiz. Agar Muhammad kuch bilan kirmoqchi bo‘lar ekan, bir qatra qonimiz 
qolguncha unga qarshi tururmiz, — deb bu ishga norozilik bildirdilar. 
So‘ngra o‘z taraflaridan Xulays ibn Alqama degan kishini vakil qilib, Rasulullohga 
yubordilar. Bu kishi esa Qurayshning ittifoqdoshlari Ahobish qabilasining raisi edi. 
Muning kelayotganligini Rasululloh yiroqdan ko‘rib aytdilarkim: «Bu ersa diniy odatlarni 
bek hurmat qiladirgan kishidur. Qurbonlikka atalgan tuyalarni to‘pi bilan haydab 
«Labbayka» qichqirib, uni qarshi olinglar», deb buyurdilar. Shunday qilib edilarki, muni 
ko‘rib: 
— Subhonalloh, mundoq kishilarni qanday qilib Baytulloh ziyoratidan to‘sgali bo‘lg‘ay? 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
184
Laxm, Juzom, Najd, Himyar qabilalari dunyoning narigi chetlaridan kelishib, Baytullohni 
ziyorat qilib ketishadilar. Quraysh shayxi Abdulmuttalib o‘g‘li Muhammadni Ka’ba 
ziyoratidan nechuk to‘sa olg‘aylar? Ka’ba egasi Alloh oti birla qasam qilurmanki, 
Qurayshning bu qilig‘i ersa, o‘zlarining halokatidur. Bu kishilar umraga ehrom bog‘lab 
uzoq yo‘ldan Baytullohni ziyorat qilmoqqa kelibdurlar, — dedi. 
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: 
— Shundoqdir. Ey Bani Kinona sayidi, barchamiz ziyorat uchungina kelgandurmiz. Hech 
qanday boshqa maqsadimiz yo‘qdur. 
So‘ngra Quraysh vakili Xulays qaytib kelgandan keyin alarga aydi: 
— Bu kelgan kishilarni Baytulloh ziyoratidan to‘smoq halol emasdur. O‘zlari umraga niyat 
qilib ehrom bog‘lab, qurbon tuyalarini haydashib kelganlar. Ziyorat ishqida «Labbayka» 
aytib qichqirib tururlar. 
Quraysh raislari bu so‘zni anglab, o‘zaro ixtilof chiqib qolishidan qo‘rqib aytdilar: 
— Ey a’robiy, sen hovliqmasdan gapir, urush hiylalaridan sennig ko‘p xabaring o‘qdur. 
Bu ko‘rgan narsalaring Muhammadning qilgan makr-hiylalari bo‘lg‘ay, urush ustida 
shundoq ishlarga ishonib bo‘lmag‘ay, — deyishib unga qattiq gapirdilar. 
Bularning so‘zlari unga og‘ir kelib, g‘azabi qo‘zg‘aldi. Achituv so‘z bilan ularga qarab 
aytdi: 
— Ey Quraysh xalqi, zulmga yordam berish uchun sizlarga ahd bergan emasmiz. Ka’bani 
ta’zim qilib ziyoratga kelgan kishilarni qanday to‘sa olursizlar? Halaysga jon bergan Alloh 
haqqi, agar Muhammadga yo‘l bermas ekansiz, Ahobish qabilasidan bir kishini qoldirmay 
olib keturman, — deb hayqirdi. 
Muning so‘zidan Quraysh raislari ancha tashvishga tushib, yumshoqlik bilan: 
— Ey Ahobish sayidi, sen bu ishda ko‘p shoshmagil, ko‘nglimiz tinchlangudek 
Muhammaddan bir xabar topaylik, — deb aytishdi va Toyif xalqining raislaridan Urva ibn 
Mas’udni Rasulullohga elchi qilib yubormoqchi bo‘ldilar. 
Anda bu kishi aytdi: 
— Ey Quraysh ahli, mendan ilgari Muhammadga yuborilmish elchilar qaytib kelgach, 
sizlardan qattiq so‘zlar eshitishdi. Bizlar bo‘lsak sizlar bilan ota-bola qatoridadurmiz. 
Xudo haqqi, menim sizlarga ishonchliligim bormu? — deb so‘radi. 
Alar ham: 
— Ishonchlik kishimiz erursan, har ishda senga ishona olurmiz, — dedilar. 
Mundoq demakning sababi ersa o‘tgan elchilar so‘zi rad bo‘lganini ko‘rib, meni so‘zim 
ham shundoq bo‘lib qolmasun deb qo‘rqdi. Chunki arablar oldida elchi so‘zi qabul 
bo‘lmasligi, uning uchun katta kamchilik bo‘lur, shundan saqlanib yuqorigi so‘zlarni 
aytmish edi. 
Shuning bilan Urva Rasululloh huzurlariga elchi bo‘lib keldi. O‘z odatlaricha 
ko‘rishgandan so‘ngra, Urva so‘z boshlab aytdi: 
— Ey Muhammad, har turlik yig‘inda kishilar sening atrofingga to‘planmishdur, shularga 
ishonib o‘z qavm-qarindoshingni qirmoqqa kelmishdursan. Quraysh xalqi bo‘lsa, yangi 
tuqqan sutlik tuyalariga xotin-bolalarini tuyab (ortib) chiqdilar. Alarni cheb (to‘siq) qilib, 
askar ortig‘a keltirub qo‘ydilar. (Arablar odaticha, sog‘in tuyalariga bola-chaqalarini 
ortib, askar ortiga qo‘ymoq, eng qattiq urush bo‘lishining alomati edi). Baytullohni 
ziyorat qilmoqqa Muhammadni kirgazmaymiz deyishib, qattiq qasam qildilar. 
Men aniq bilurman, bu ko‘ringan kishilaring erta-indin urush maydoni ochilur ersa, seni 
dushman qo‘lig‘a qoldirib qochgaylar. Chunki bu ko‘ringan yuzlarda o‘lim nomusini 
saqlagudek kishilar ko‘rinmaydur. Yigitlik sharafini tashlab, maydondan yuz o‘girib 
qochishga tayyor turgandek ko‘rarman, — dedi. 
Bu so‘z ustida Abu Bakr Siddiq hozir edilar. Muning aytgan so‘ziga qattiq g‘azablanib, 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
185
chidayolmay: 
— Ey Urva, shu so‘zingga sen Lot butingning tillig‘ini tishlabsan. Bizlar Rasulullohni 
dushmanga qoldirib qochmaymiz, dedilar. 
Bu so‘z ersa arablar ichida eng og‘ir so‘kishdir. Chunki Toyif ahli Saqif qabilasi xotin 
suratidagi Lot nomlik butga topinur edi. Shul butni xotin o‘rnida ko‘rib, aning andomini 
tishlatib qo‘ydi. 
Shuning bilan o‘z dinida qandoq qattiq turganini va o‘limdan qochish mo‘minlarga 
mumkin emasligini bildirdi. Rasululloh oldilarida bu kabi uyat bo‘lg‘udek so‘z hazrati Abu 
Bakr Siddiq kabi ulug‘ zot og‘zidan chiqishi to‘g‘ri emas edi. Shunday bo‘lsa ham, 
dushmanni sindirishda qondurg‘udek so‘z bo‘lganlikdan Rasululloh bu so‘zni og‘ir 
olmadilar. Yo‘q esa, odatlaricha shunday so‘zni aytgan kishiga tanbeh berur edilar. 
Quraysh elchisi Urva Saqif qabilasining raisi bo‘lgani uchun yuqorigi so‘z unga qattiq 
tegdi. Anda Urva: 
— YO Muhammad, menga shundoq og‘ir so‘z aytguvchi kimdur? — deb so‘radi. 
— Abu Qahofa o‘g‘li Abu Bakrdur, — dedilar. 
Anda Urva aytdi: 
— Ey Abu Bakr, menim haqqimda sening bir yaxshilik qilganing bor edi. Shu kungacha 
men uni qaytarolmagan edim, u qilgan yaxshiliging hozir yodimga tushdi. Shuning 
uchun g‘azabimni yutdim. Yo‘q esa, sening bu yomon so‘zingga undan ham yomonroq 
so‘z topib qaytarmoqchi edim. O‘shal qilgan yaxshiligingga bu aytgan og‘ir so‘zingni 
ko‘tardim, — dedi. 
Hazrati Abu Bakr Siddiqning unga qilgan yaxshiliklari ersa, Islomdan ilgari, johiliyat 
zamonida Urva bo‘yniga xun to‘lash tushgan edi. U zamon odaticha bir kishi xuniga yuz 
tuya to‘lamak lozim edi. Urva esa muni to‘lamakdin ojiz edi. Quraysh kattalaridan 
yordam so‘rab keldi. Ularning har qaysilari yordamga bitta-ikkitadan tuya berdilar. 
Ammo Abu Bakr Siddiq unga o‘nta katta tuya yordam qilgan edi. Shu yaxshilikni esiga 
olib qarshi so‘z qaytarmaganini aytdi. 
So‘ngra Rasululloh aytdilar: 
— Ey Urva, bizlar bu joyga urushmoq uchun kelmadik, balki umra niyati bilan 
Baytullohning ziyorat qilgani keldik. Endigi so‘zimiz, Quraysh xalqi bizni bu ishdan 
to‘smasinlar. Umra ibodatini o‘tab, Ka’batullohni ziyorat qilganimizdan keyin o‘z 
yerimizga qaytamiz. Mundin boshqa hech qanday maqsadimiz yo‘qdur. 
Urva bu so‘zni anglagach, Rasulullohning o‘zga g‘arazlari yo‘qligini bildi. Shu bilan 
boshqa so‘zga o‘tmay, Quraysh qavmi oldiga kelib: 
— Ey Quraysh xalqi, men ersam o‘z vazifamni ado qilib, topshiriqlaringizni Muhammadga 
yetkazdim. Eron shohi Kisroni, Rum podshohi Qaysarni, Habash podshosi Najoshiyni 
shon-shavkatlik hollarida ham ko‘rgan edim. Lekin ulardan hech birovining qadrini xalq 
oldida Muhammadning qadridek ulug‘ ko‘rmadim. Uning atrofini o‘ragan jonfidolari ersa, 
Muhammad o‘zi bu yoqda tursin, bir tola tukini dushmanga bermaslariga ko‘zim yetdi. 
Shundoqki, uning oldida ular qattiq qichqirmagaylar, so‘zlarin ersa, ko‘z tikib quloq 
solgaylar. Tahorat chog‘ida oyoq-qo‘liga suv quymoqni ulug‘ sharaf bilgaylar. Andin 
oshgan suvni yuz-qo‘llariga surtishib talashgaylar, tupurdi ersa, aning tupurigini ham 
yerga tushirmagaylar. 
Ey Quraysh xalqi, men sizlarga tilakdoshdirman. Muhammad so‘ragan ishini beraylik, 
mundoq kishilarga urush ochmoqdan saqlanaylik, chunki bu urushda yengilib qolishdan 
qo‘rqadurman, — dedi. 
Muning so‘zini Quraysh qavmi dag‘i qabul qilmay: 
— «Muhammad bu yilcha qaytsin, kelasi yil kelur ersa, ani to‘smag‘aymiz», dedilar. 
Urva ko‘rdikim, aning so‘zi qabul bo‘lmadi. Shundan ko‘ngli olinib, o‘ziga qarashlik bir 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
186
necha kishilarni olib, Toyifga qaytdi. Bulardin xabar bo‘lmagach, Rasululloh sollallohu 
alayhi vasallam Xuzo’a qabilasining raislaridan Xarrosh ibn Umayya degan kishini yana 
yubordilar. Bu kishini Rasululloh o‘z tuyalariga mindirdilar. Quraysh oldiga borgach, 
elchilik xizmatini ado qilib, Rasululloh so‘zlarini alarga yetkurdi. Uning so‘zini ham qabul 
qilmadilar. Balki Abu Jahl o‘g‘li Ikrima g‘azab bilan o‘rnidan turib, elchi minib kelgan 
Rasululloh tuyalarini oyog‘iga qilich urdi, elchini ham o‘ldirishga qasd qilgan edilar. 
Ahobish qabilasi, elchi o‘ldirish yana odat bo‘lib qolgay, deb alarni qaytardilar. 
Elchi o‘limdan qutilib Rasululloh oldilariga keldi, ko‘rgan-bilganlarini gapirib berdi. 
Muning so‘zini anglagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Umarni yana 
yubormoqchi bo‘ldilar. Anda Hazrati Umar: 
— Yo Rasululloh, agar men borur bo‘lsam, ular meni o‘ldirmaqqa qasd qilgaylar. U 
chog‘da meni himoya qilgudek qavmu qarindoshlarimdan Makka shahri ichida hech kim 
yo‘qdir. Quraysh xalqiga menim qo‘limdan, tilimdan ziyon yetganligini ular yaxshi 
bilurlar. Shuning uchun menga ko‘zlari tushishi bilan jonimga qasd qilishlari 
shubhasizdir. Mendan ko‘ra bu xizmatga Hazrati Usmonni yuborur bo‘lsangiz, balki 
yaxshiroq bo‘lur, chunki aning tuqqanlari Bani Umayya Makka shahrida ko‘pdurlar. Agar 
dushmanlar tomonidan biror turlik ko‘ngilsiz ish bo‘lishi sezilar ekan, u yerdagi 
qarindoshlari uni himoya qilgaylar, yo Rasulalloh, — dedi. 
Aning bu so‘zini barcha sahobalar maslahat ko‘rishib, Hazrati Usmonni elchilikka 
yubordilar. Hazrati Usmon Makkaga kirmasdan ilgari qabila raislaridan Ibbon ibn Sa’d 
oldiga kirib, undan o‘ziga himoya so‘radi. U ham ani o‘z himoyasiga olib, dushmanlar 
zararidan saqlamoqqa va’da berdi. Bu ishni ersa, arab raislari o‘zlari uchun ulug‘ sharaf 
bilur edilar. Himoya so‘raguvchi kishi aning dushmanlaridan bo‘lsa ham, uni o‘z 
himoyasiga olmoq kabi olijanoblik ishlari o‘shal zamon arablari ichida bor edi. 
Shundoq bo‘lib, Hazrati Usmon Abu Sufyon boshliq barcha Quraysh raislariga Rasululloh 
so‘zlarini yetkuzdi. Urush uchun emas, balki Baytullohga ta’zim qilib, ziyorat uchun 
kelganliklarini ularga anglatdi. Bu to‘g‘rida bir qancha so‘z aytildi, hammasini bekor 
qildilar. Hazrati Usmon ham alardan umid uzib qaytmoqchi bo‘ldi. Lekin tezdan 
qaytishga ruxsat qilmasdan uch kun ta’xirga soldilar. Yana sahobalardan o‘n odam 
Hazrati Usmon Makkaga kirganlarida birga kirgan edilar. Bular esa Madinaga hijrat qilib 
ketganlarida oilalari Makkada qolgan kishilar edi. Har qaysilari shaharga kirishib, o‘z 
oilalari bilan ko‘rishib oldilar. Yana Quraysh raislari Hazrati Usmonga Ka’bani ziyorat qilib 
olishga ruxsat qilurmiz, dedilar. Anda Hazrati Usmon aytdilarkim: 
— Rasululloh ziyorat qilmaguncha, men Ka’bani ziyorat qilmagayman. 
Shu sababli ularning qaytishlari uch-to‘rt kun kechikib qoldi. Bundan tashvishlanib 
turgan chog‘larida «Hazrat Usmon boshliq Makkaga kirishgan o‘n kishini o‘ldiribdurlar», 
degan yolg‘on xabar Rasulullohga yetdi. Muning bo‘lishi ham gumon qilinmoqda edi. 
Anda Rasululloh: 
— Agar bu xabar rost bo‘lar ekan, u chog‘da urush qilmaguncha bu joydan ketmaymiz. 
Ey mo‘minlar, Alloh taolo sizlardan bay’at olishni buyurdi. Kelinglar, o‘limdan 
qo‘rqmasga, dushmandan qochmasga, tug‘ tutib ahd-paymon bering, dushmanni 
yengib, Makkani olgaymiz yoki barchamiz shahodat topqaymiz, — dedilar. 
Mana shu bay’atni Qur’on va boshqa hadis kitoblarida Rizvon bay’ati deb ataydilar. 
«Inna Fatahna» surasida Alloh taolo shu oyatlarni tushirib, bu bay’at voqeasini bayon 
qildi: 
«Laqad raziyallohu anil muminiyna iz yuboyi’unaka taxta-shajarati faalima mu fiy 
qulubihim faanzalas-sakiynata alayhim faasobahum fathan qoriban va mag‘onima 
kasiratan ya’xuzunaho va kanallohu aziyzan hakima». 
Ma’nosi: «Alloh taolo shu mo‘minlardan rozi bo‘ldi, chunki ular Samura daraxtining 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
187
tagida Alloh yo‘lida jon qurbon qilmoq uchun senga (Muhammadga) bay’at berdilar. Shu 
bay’at berishlari alarning dillarida chin e’tiqod, ixlos bilan bo‘lganini Alloh bildi, shuning 
uchun bu mo‘minlar Xudo rizoligini topdilar. Shu sababdan o‘limdan qo‘rqinch 
ko‘ngillaridan ko‘tarilib, dillari orom oldi. Yaqin kunlarda Alloh taolo ularga fath — nusrat 
bergay, dushmanlarini yengib, ko‘p o‘ljaga ega bo‘lgaylar. Har ishda Alloh g‘olibdur, 
xohlaganidek barcha xalqqa o‘z hukmini yurgiza olur. Aning hech bir hukmi hikmatdan 
holi emasdur», demak bo‘lur. 
Ansor-Muhojir sahobalardan bu bay’atga kirmagan kishi qolmadi. Faqat Jadda ibn Qays 
degan odam tuyalar orasiga yashirinib, bu ulug‘ ne’matdan quruq qoldi. Bu kishi ersa, 
Bani Salama qabilasining raisi edi. Bulardan Rasulullohga elchi bo‘lib kishilar kelganida: 
«Sizlarning sayidlaringiz kimdur?» deb so‘ragan edilar, alar: «YO Rasulalloh, Jadda ibn 
Qaysdur, lekin u baxil bo‘lsa ham, uni rais saylamish edik», dedilar. 
Anda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Baxillikdan yomonroq ayb bo‘lmas, 
baxil odam sayidlikka yaramas, balki sizlarning raislaring Amr ibn Jamuhdur». Shu so‘z 
bilan burungi rais qolib, bu kishi rais bo‘ldi. Oxiri esa Rasululloh nazarlaridan tushib, 
shunday ulug‘ ne’matdan ham quruq qoldi. Bu muborak bay’atga sahobalardan bir ming 
to‘rt yuzga yaqin kishi qatnashdi. Bu bay’at bo‘lgan chog‘da Hazrati Usmonni elchilikka 
yuborgan vaqtlari edi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning 
tarafidan o‘zlari bay’at o‘tkazdilar. Shundoqki, Rasululloh o‘ng qo‘llarini so‘l qo‘llari 
ustiga qo‘yib turib aytdilar: 
— Bandang Usmon sening xizmatingda, menim hojatim uchun elchilikka ketdi, uning 
tomonidan o‘zim bay’at qildim. Shu qilgan bay’atimni qabul qilgaysan. 
Bu qutlug‘ bay’atga dastlab qo‘l ko‘targan kishi Hazrati Ukkoshaning og‘asi Abu Sinon 
edi. 
Ba’zi olimlar: Buning o‘g‘li Sinon ibn Abu Sifon erur», deydilar. Qandoq bo‘lsa ham, bu 
ulug‘ sharafga birinchi qadam qo‘ygan kishi muhojirlardan edi. Bay’at bermakka qo‘l 
sunar chog‘da bu kishi aytdi: 
— YO Rasulalloh, sening ko‘nglingdagi ishni to‘luq qilmoqqa bay’at qilurman. 
— Ko‘nglimdagi ish nimadur? — deb Rasululloh so‘radilar. 
Anda ul: 
— Oldingda jonfidolik bilan dushmanga g‘alaba qilg‘uncha qilich chopayin yoki shu yo‘lda 
shahodat toparman, — dedi. 
Buni anglashgan sahobalarning barisi shu so‘zni aytishib, Rasulullohga bay’at 
topshirdilar. Tariqat pirlarining muridlaridan qo‘l tutib, bay’at olishlari esa, shundan 
qoldi. Shariat bay’ati kofirlar bilan urushganda qochmaslikka, o‘limdan qo‘rqmaslikka 
berilgan bay’atdur. 
Tariqat bay’ati ersa, shaytonga bo‘ysunmaslikka, nafs-havo yo‘liga kirmaslikka pir qo‘lini 
tutib turib qilingan va’dadur. Haqiqatda esa bu ikki bay’at bandaning Alloh taologa 
bergan va’dasi bo‘lur. Ba’zi olimlar bid’at bahonasi bilan tariqat bay’atiga inkor qildilar. 
Bu esa, Rasulullohning tarjimai hollaridan, Islom qurilishining tarixlaridan xabarsiz 
qolmish kishilarning so‘zlaridur. Balki shariat, tariqat sirlariga tushunmaslikdur. Yo‘q esa, 
Rasulullohning sifat va siyratlarini hadis kitoblaridan, Islom dinining qandoq 
qurilg‘onligini tarix sahifalaridan o‘qib tushungan olimlar, bu ikki bay’atning sunnatligiga 
albatta ishonadurlar. 
Lekin bizning bu so‘zimiz haqiqatni kishi bilan topish emas, balki kishini haqlik bilan 
topish kerak degan asosga qurilmishdur. Islom dinining haqligida va har bir 
kamchiliklardan uning pokligiga hech shak-shubha yo‘qdir. Lekin bu haqiqatni istar 
ekanlar, birinchi, Allohning so‘zi Islom dinining asosi Qur’ondan, ikkinchi, Allohning haq 
payg‘ambari Rasulullohning sunnatlaridangina toparlar. Chunki bir din yoki bir 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
188
maslakning haqiqatini shu dinni tutgan yoki shu maslakka kirgan kishilarga qarabgina 
bilib olish mumkin emasdur. Bid’at botqog‘iga bo‘yinlarigacha botgan, odat balchig‘i 
bilan yuz-ko‘zlari bulg‘angan musulmonlarni ko‘rib haq yo‘ldan adashgan kishilar 
ko‘pdur, desa bo‘lur. 
Bayt: 
Islom dar zot xo‘randorad aybiy. 
Har aybki, xast dar musulmoni most. 
Ma’nosi: «Islomning o‘zida hech ayb yo‘q, nima bo‘lsa bizning musulmonchiligimizda». 
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Bu joydagi bay’atning «Rizvon bay’ati» demakning sababi 
esa, Rasululloh bay’at bergan shu kishilardin Alloh rozi bo‘lganligini yuqorigi oyat bilan 
o‘zi bildirdi. Shuning uchun Rizvon bay’ati deb atadilar. Munisi Xudo rozi bo‘lgan bay’at 
demakdur. Yana hadisda kelmishdur: 
«La yadhulunnaro ahadun boya’a taxtash-shajaroti». 
Ya’ni: «Shu daraxt tagida bay’at bergan kishilardan hech kimarsa tamuqqa 
tushmaydur», demakdur. Tag‘in bir hadisda aytdilar: 
«Yo ayyuhannasu, innalloha qod g‘afaro liahli Badrin val Hudaybiya». 
Ya’ni: «Ey odamlar, ogoh bo‘linglar, Alloh taolo Badr urushiga qatnashgan, Hudaybiyada 
bay’at bergan kishilar gunohini afv qildi», demakdur. 
Shuning bilan bu muborak bay’at tamom bo‘ldi. Shu orada Quraysh raislari Mikraz ibn 
Hafs degan odamni boshliq qilib qirq-ellik kishilik bir bo‘lik askar yuborishdi. Bularning 
maqsadlari esa, Islom askarining kuch-quvvati, son-sanoqlarini aniqlash, chamalab 
bilish edi. Agar paytini topa bilsalar, to‘satdan hujum qilib besh-o‘n kishini o‘ldirib yoki 
qo‘lga tushirib olmoqchi edilar. Shu g‘araz bilan kechalab kelayotganlarida 
Rasulullohning kuzatuvchi askarlariga yo‘liqib qolib, alar tomonidan barchalari asir olindi. 
YOlg‘izgina boshliqlari qochib qutuldi. Boshqalari esa butunlay qo‘lga tushdilar. 
Rasulullohning qorovul askarlari boshlig‘i ansor sahobalardan Muhammad ibn Maslama 
erdi. 
Bu asirlar Rasululloh oldilariga keltirilgach, ularni qamoqqa buyurdilar. Quraysh xalqi bu 
xabarni eshitib, ko‘p g‘amgin bo‘ldilar. Buning qasosini qaytarish uchun yana bir to‘p 
askar yuborib erdilar. Bular ko‘p yaqinlasha olmay, ikki orada otishuvlar bo‘ldi. 
Musulmonlardan Ibn Zanim degan kishiga o‘q tegib, shahodat topdi. Mushriqlardan o‘n 
ikki kishini musulmonlar asir oldilar. Mundan ilgari bay’at voqeasi alarga anglanib, 
ko‘ngillariga qo‘rqinch tushib turgan edi. Buning ustiga ellik-oltmish odamlari asirga 
tushib qoldi. Ular uchun shundoq ko‘ngilsiz ishlar bo‘lib qolgandan keyin o‘zaro ixtilof 
chiqib qolishidan qo‘rqishib, yarashmoq orzusiga kirishdilar. Shu sabab bo‘lib Quraysh 
raislari o‘z ichlarida atog‘liq Suhayl ibn Amrni boshchi qilib, bir jamoat kishini elchilikka 
yubordilar. Yiroqdin uni ko‘rib: «Sahila amrukum», ya’ni «Ishinglar osonlashdi», deb 
Rasululloh bashorat berdilar. Bunday vaqtda kelgan elchilar boshlig‘i yaxshi ismlik ersa, 
andin yaxshilikka fol ochish Rasulullohning odatlari edi. 
Suhayl lafzidan «sahila» chiqdi. Muning ma’nosi «osonlashdi» demakdur. Shunday qilib, 
elchilar Rasululloh bilan ko‘rishib bo‘lgandan so‘ngra ularning boshlig‘i Suhayl 
Payg‘ambarimizga qarab: 
— Ey Muhammad! Hozircha o‘rtamizda bo‘lib o‘tgan ozmi-ko‘pmi urushlar, Usmon 
boshliq sening kishilaring shaharda qamalib turishlari, mana bu ishlarni bo‘lsa, bizning 
eslik boshliq kishilarimiz qilmadilar. Balki muni qilguvchilar yosh-yalang tentak 
kishilarimizdir. Bularning mundoq o‘rinsiz qilgan ishlarini eshitib o‘zimiz ham 
xijolatdamiz. Bu ayb bebosh kishilarning qilgan ishlaridur. Bulardan bir necha kishilarni 
sening askarlaring asir olishibdur, avval shu asirlarni bo‘shatib yuborishingni 
so‘raymiz,— dedi. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   26   27   28   29   30   31   32   33   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling