Tarixi muhammadiy
Download 5.12 Kb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi 189 Anda Rasululloh aytdilar: — Agar bizning tarafdor kishilarimiz salomat kelsalar, bu asirlarni bo‘shaturman, yo‘q ersa, ular kelguncha bular ham tutqunlikda turgaylar. Rasulullohdan bu so‘zni anglagach, Suhayl Quraysh raislariga kishi yubordi. Ular ham sahobalarni darrov qaytardilar. Shu bilan Suhayl ham asirlarni olib joyiga qaytdi. So‘ngra Quraysh raislari o‘zaro kengashib, oxiri Rasululloh bilan sulh qilmoqqa to‘xtaldilar. Bu to‘g‘rida shu Suhayl ibn Amrni vakil qilib yuborishdi. Uning kelayotganini Rasululloh uzoqdan ko‘rishlari bilan: «Bu kishi ersa sulh uchun kelur bo‘lg‘ay», dedilar. So‘ngra u ham to‘g‘ri kelib Rasululloh oldilariga tiz cho‘kib o‘ltirdi. Sahoba ulug‘lari atroflarini o‘rashib turdilar. Ikki tomondan bitim ustida so‘zga kirishib, majlis anchagina uzaydi. So‘ngra Rasululloh: — Bu kelishimizdan bizning maqsadimiz esa, Baytullohni ziyorat qilmoqdur. Mundan boshqa hech qanday g‘arazimiz yo‘qdur. Agar bu ishdan bizni to‘smas ekansiz, Baytullohni ziyorat qilib qaytamiz, — dedilar. Anda Suhayl: — Ey Muhammad, Baytullohni ziyorat qilmoqdan biz sizlarni to‘smaylik, lekin bu ish kelasi yilda bo‘lsin, chunki butun arablar bu ishdan xabardor bo‘lib qoldilar. Agar shu yili shaharga kirib, Baytullohni ziyorat qilur bo‘lsangiz, arablar oldida biz xijolat bo‘lgaymiz. «Muhammad kuch bilan Qurayshni bosib kirib, Baytullohni ziyorat qildi», degaylar. Mana bu so‘z bo‘lsa, biz uchun ulug‘ nomusdir. Agar bu yili qaytib, kelasi yili kelur bo‘lsangiz, yo‘lingiz ochiqdir va ikki yoqning obro‘lari saqlanur, — dedi. Bu so‘z Rasulullohga ham ma’qul tushdi. Chunki shunday bo‘lmasa, urush boshlanib ko‘p qonlar to‘kilur edi. Rasululloh ersalar Haram ichida qon to‘kilishidan saqlanur edilar. Buning so‘zi Rasulullohga to‘g‘ri kelgach, boshqa so‘zga o‘tishmay, o‘rtada bir sulhnoma yozishga qaror qilishdilar. Mana shu choqda Hazrati Umar bu ishga chidayolmay o‘rnidan sapchib turib, Hazrati Abu Bakr Siddiq oldiga kelib: — Ey Abu Bakr Siddiq, Muhammadni Xudo tarafidan yuborilgan haq payg‘ambar deb unga ishondik, Islom dinini Allohdan kelgan haq din deb, uni qabul qildik. Endi bizlar haq yo‘lni tutmoq bo‘lsak, kofirlar esa botil ishda turgan bo‘lsalar, bu xorlikni bizlar nechuk qabul qilg‘aymiz. Mundoq sulhnoma tuzish to‘g‘ri emasdur, muni qabul qilmag‘aymiz. Bu ish esa biz uchun haqorat keltirur, — deb bunday sulhga rozi bo‘lmaganini bildirdi. Anda Hazrati Abu Bakr Siddiq: — Rasululloh ersa, aniq bildik, Allohning payg‘ambaridur. Aning keltirgan dini barhaqdur. Bu ishda menim zarrachalik gumonim yo‘qdur. Nima ish qilur ersa, Rasululloh Alloh amri ila qilg‘ay, Allohdin iznsiz hech ish qilmagay. Ey Umar, o‘lgunimizcha unga itoatda bo‘laylik, butun buyruqlariga bo‘ysunaylik. Chin ko‘nglimdan guvohlik berurman, ul Allohning haq payg‘ambaridur. Alloh uni yordamsiz tashlab qo‘ymagay,— dedi. Anda Hazrati Umar aytdi: — Men ham shunday deb guvohlik berurman. Bilurman, albatta, ul Allohning payg‘ambaridur, lekin sening so‘zingga mening ko‘nglim qonmadi, — deb u yerdin chiqib to‘g‘ri Rasululloh qoshiga keldi. Hazrati Abu Bakr Siddiqqa nima so‘z qilgan bo‘lsa, Payg‘ambarimizga ham shu so‘zni qildi. Anda Rasululloh: — Ey Umar, men ersam Allohning quli va ham uning payg‘ambaridurman, uning amriga bo‘ysunmoqdan o‘zga choram yo‘qdur. Alloh taolo hech vaqt meni zoye qilmagay, — dedilar. Shundoq bo‘lsa ham, Hazrati Umar bu sulhnomada yozilgan og‘ir shartlarga rozi bo‘lg‘usi kelmay, bu to‘g‘rida ko‘p tortishuvlar qildi. Oxiri bu sulhnomani yozmoqqa to‘xtalib, noma yozishni Avs ibn Havla degan kishiga buyurdilar. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 190 Anda Quraysh vakili Suhayl: — Qarindoshing Ali yoki Usmon yozsin, — deb boshqa kishining yozishiga rozilik bermaganlikdan Hazrati Alini sulhnoma yozishga buyurdilar. — Sulhnoma boshiga «Bismilloh»ni yozg‘il, — dedilar. Anda Suhayl aytdi: — Ey Muhammad, biz sening bu so‘zingni haligacha taniganimiz yo‘qdur. Ota- bobolarimizdan qolgan «Bismikallohumma» so‘zini yozsin», — dedi. Bu yoqdan musulmonlar turib: «Bismillohir rahmonir rahiym»dan o‘zga so‘z yozilmasin», deb qichqirishdilar. U tomondin: «Biz «Bismillohir rahmonir rahiym»ni tanimaymiz», degan so‘zlar bo‘lib, har ikki tomondan bu so‘zlar ustida qichqirishlar bo‘ldi. Bu ikki so‘zning qaysisi bilan boshlanishida talashg‘udek ish bo‘lmag‘anlikdan, alarning aytganidek, «Bismikallohumma» deb so‘z boshlashga buyurdilar. Buning ma’nosi «Ey Alloh, sening oting bilan boshlayman», degan bo‘lur, chunki arablar Allohga iqror qilib, olamni Yaratguvchidir deb bilur edilar. Biroq butlarini ulug‘ sanab, qudrat egasi deb, ulardin hojatlarini talab qilganlikdan mushrik deb ataldilar. «Mushrik» deb Xudoga sherik qotqonni (qo‘shqonni) aytilur. Muning aksi esa «Muvahhid»dur. Allohning zoti sifotida yolg‘iz bilib ishongan kishi «muvahhid» bo‘lur. Mo‘min, muvahhid — bu ikkisi bir ma’noda kelur. Mushrik kofir demakdur. Rasululloh zamonidagi arablar ersa hammalari mushrik edilar. Shundoq qilib, mushriklar aytgan so‘z bilan noma boshlandi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Hazrati Aliga: «Bu yozilmish narsa Alloh payg‘ambari Muhammadning Quraysh vakili Suhayl ibn Amr bilan qilgan sulhnomasidur» — dedilar. Bu so‘zni anglab Suhayl: — Ey Muhammad, biz seni Rasululloh deb ishongan ersak, senga qarshi chiqmas erdik. Rasululloh degan so‘zni qoldirib, Muhammad ibn Abdulloh deb yozsin, — dedi. Anda payg‘ambarimiz: — «Rasululloh» so‘zini o‘chir, o‘rniga «Muhammad ibn Abdulloh» yozg‘il, deb Hazrati Aliga buyurdilar. Anda Hazrati Ali aytdi: — YO Rasulalloh, bu haq so‘zni qandoq o‘chirgali bo‘lg‘ay? Men hech qachon buni o‘chirmagayman, — deb qasamyod qildi. So‘ngra Rasululloh uni o‘zlari o‘chirib o‘rniga shular deganidek yozdilar. Buni ko‘rgach musulmonlardan chuvqon (shovqin) chiqib ketdi: — «Agar Muhammad Rasululloh deb yozilmas ekan, bu ahdnomaga bizning rizolig‘imiz yo‘qdur, o‘rtamizdagi ishni qilichimiz bilan hal qilgaymiz», deb atrofdagilar qichqirgali turdilar. Rasululloh ularni so‘z va ishorat bilan bosdilar. Sulhnoma tamom bo‘lib, unda tubandagicha shartlar qo‘yildi: Birinchisi, o‘n yilgacha o‘rtadan urush ko‘tarilsin; Ikkinchisi, shu muddat ichida musulmonlar va mushriklar aralash aloqada bo‘lsinlar; Uchinchisi, kofirlardan kimarsa musulmon bo‘lib Makkadan Madinaga qochib kelsa, agar uni talab qilsalar, qaytarilsin; To‘rtinchisi, musulmonlardan murtad bo‘lib qochqon kishilar qaytarilmasin; Beshinchisi, arablardin kimarsa kim bilan ittifoq tuzmakka ixtiyorlik bo‘lsin; Oltinchisi, kelasi yili musulmonlar Makkaga kelgaylar. Anda Quraysh xalqi Makka shahrini bo‘shatib, tashqari chiqib ketgaylar. Musulmonlar uch kungacha Makkada turmoqqa ixtiyorlik bo‘lg‘aylar. Mana shu shartlar qo‘yilib, sulhnoma yozildi. Buning asl nusxasi Rasulullohda qolib, ikkinchi nusxasi Suhayl ibn Amrga topshirildi. Uchinchi moddani yozar chog‘ida musulmonlar eshitib yana shovqin soldilar: Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 191 «Subhanalloh, bu qanday noto‘g‘ri ishdur? Kufrdin qochib musulmon bo‘lib kelgan kishini dushman qo‘liga qandoq qaytarib berurmiz?» deb buni bek og‘ir oldilar. Hazrati Umar: — Yo Rasululloh, bu ishga siz nechuk rizo bo‘ladursiz? Bizning bunga roziligimiz yo‘q, — dedi. Rasululloh tabassum qilib dedilar: — Ulardin iymon aytib bizga qochib kelganlarni qaytarib berurmiz, umid shuldurki, Alloh taolo alarga najotlik ato qilgay. Bizdan murtad bo‘lib ketganlar bo‘lsa, Xudo rahmatidan judo bo‘lib, la’natga qolgan kishilardur, andoq kishilar shularga loyiqdur. Rahmatdan kechganlarni nechuk talab qilg‘ali bo‘lur? Mana shu so‘z ustida turgan chog‘larida Abu Jandal ibn Suhayl kishanlarini shaldiratib qochgan holda musulmonlar oldiga kelib o‘zini otdi. Bu kishi esa, shu hozirda Quraysh tomonidan vakil bo‘lib so‘zlashayotgan Suhayl ibn Amrning o‘g‘li edi. Uni musulmon bo‘lganligi uchun qamoqqa olmish edilar. Xuddi shu chog‘da zindondan qochib, qo‘l- oyoqlariga solingan zanjirlarni sudraganicha Rasululloh huzurlariga keldi. Buni ko‘rib otasi Suhaylning g‘azabi alangalab, tikanlik daraxtning shoxi bilan o‘g‘lini bosh-ko‘ziga qaramay urgali turdi. Rasulullohdan ruxsatsiz hech ish qilishmaganlikdan, unga yordam berisha olmay, ichlari og‘rib, sahobalar yig‘lashdilar. Anda Suhayl Rasulullohga qarab: — Ey Muhammad, o‘rtamizda qilingan sulh shartlarining hukmini birinchi navbat ijro qilish vaqti keldi, — deb o‘g‘lini urib sudragali turdi. O‘g‘li Abu Jandal tovushi boricha faryod qilib: — Ey musulmonlar, meni kofirlarga nechun qaytarib berursizlar? Ko‘z oldingizda qandoq zulm qilayotganini ko‘rib turibsiz, endi meni dinimdan ajratmoq qasdida turlik azoblar bilan qiynagaylar, — deb qattiq qichqirdi. Buni ko‘rib, musulmonlar ziyoda g‘amgin bo‘ldilar. Shundoq bo‘lsa ham Rasulullohning hukmlariga bo‘ysunmoqdan boshqa choralari yo‘q edi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ishni Alloh amri bilan qilmish edilar. Ul zot Abu Jandalga aytdilar: — Sen bu ishga ko‘p xafa bo‘lmay sabr qilgil, Alloh oldida ulug‘ ajrga ega bo‘lgaysan. Bu yaqin orada Alloh taolo sizlarni yorug‘likka chiqargay. Nachora qilg‘aymiz, o‘rtamizda ahdnoma yozilib qo‘l qo‘yildi, buni buzmoq — xiyonat qilmoqdir. Endi sabr qilmoqdan o‘zga choramiz yo‘qdur. Buni aniq bilgil, Alloh taolo mo‘min bandalarni xorlikka uzoq qoldirmas. Yaqin orada Allohning yordami senga va senga o‘xshaganlarga yetishgay, — dedilar. U ham Rasululloh so‘zlaridan tasalli topib, sabrga bo‘ysundi. Sulhnoma yozilib tamom bo‘lgach, Xuzo’a qabilasining raislari o‘rinlaridan turishib: — Bizlar Muhammadga qo‘shildik. Aning do‘stlari bizning do‘stlarimiz, dushmanlari bizlarning dushmanlarimizdur. Orqamizda qolgan qavmlarimizning ahdi bizning ustimizga, — deb o‘zlarining Rasululloh bilan ittifoqdosh bo‘lganliklarini bildirdilar. Buni ko‘rib, Banu Bakr qabilasining raislari Quraysh ittifoqiga qo‘shilishni ixtiyor qildilar. Qachonki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sulh ishidan bo‘shadilar ersa, sahobalarning ulug‘laridan quyidagi kishilar bu sulhnomaga shohid bo‘ldilar: Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Abdurahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abi Vaqqos, Ubayda ibn Jarroh, Muhammad ibn Maslama, raziyallohu anhum. Quraysh tomonidan esa Xo‘ytob ibn Abdul Uzzo, Mikraz ibn Hafs va boshqalar shohid bo‘ldilar. Lekin bu sulhning tamom bo‘lishi ko‘p qiyinlik bilan qo‘lga keldi. Chunki sahobalar qayta- qaytadan Rasulullohga kelishib, sulh shartlarini o‘zgartirishni talab qildilar. Mundoq bo‘lmas ersa, urushga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Ayniqsa, Hazrati Umar boshqalardan ortiqroq bu ishga qarshilik ko‘rsatib, Rasulullohga norozilik bildirdi. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 192 Anda Rasululloh aytdilar: — Ey Umar, men rozi bo‘lg‘on ishga nechuk sening roziliging yo‘qdur? Bu so‘zga qarshi Hazrati Umar: — YO Rasulalloh, siz Xudoning haq payg‘ambari emasmisiz, bizlar haqlik uzra bo‘lib, kofirlar botillik uzra emaslarmu? Biz haq din uzradurmiz, kofirlar esa botil din uzradurlar. Biz o‘ldurulsak jannatga kirishimiz, kofirlar esa do‘zaxga ketishlari aniq emasmu? — dedilar. Anda Rasululloh: — Albatta, aniqdur, — dedilar. — Endi so‘z shundoq ersa, biz nechuk bu xorliqqa rozi bo‘lamiz? Bu shartnomadagi og‘ir shartlarni qabul qilmoq biz uchun haqoratdur. Anda Rasululloh aytdilar: — Ey Umar, men bo‘lsam Xudoning payg‘ambaridurman, unga qarshilik qilmasman, ul meni hech vaqt yordamsiz tashlamagay. Bu javobdin so‘ng Hazrati Umar ham rozilik berdi, bu ish Alloh izni bilan bo‘layotganini bilgach, yana savol qildilar: — Yo Rasulalloh, bu safarga chiqar chog‘imizda Makka shahriga kirgaymiz. Baytullohni tavof qilgaymiz, deb aytgan edingiz. Endi bu sulhnomaning shartlariga ko‘ra Makkaga kirmay, Baytullohni ziyorat qilmay, Madinaga qaytmoqchi bo‘ldik. Bunday bo‘lgach, bu haqda aytgan xabaringiz qandoq bo‘ldi? — dedi. Anda Rasululloh: — Ey Umar, Makkaga kirib, Baytullohni ziyorat qilamiz deganim aniqdur. Ammo shu yili Makkaga kiramiz deb aytganimni eshitdingmi? Hazrati Umar: — Eshitganim yo‘q, yo Rasulalloh, — dedilar. Rasululloh: — Andoq ersa, albatta bu aytgan so‘zimning bo‘lishi haqdur. Kelasi yili Makka shahriga kirib, Baytullohni ziyorat qilurmiz, — dedilar. Rasululloh deganlaridek, bir yildan so‘ngra shu kelgan askarlar Makkaga kelib, Baytullohni ziyorat qildilar. Shuning bilan sulhnoma yozilib bo‘lgach, Haramga atalgan tuyalarni so‘yib, go‘shtlarini faqirlarga taqsim qilib bermakka buyurdilar. Bu tuyalarning soni yetmishga yaqin bor edi. Bular ichida bir bug‘ro tuya bo‘lib, aning Arabistonda nomi chiqqan edi. Ul ersa ilgari zamonda Abu Jahlning tuyasi edi. Badr urushida Abu Jahl o‘ldirilib, bu tuya o‘lja olinmish edi. Sulh tamom bo‘lgach, bu atalmish tuyalarni keltirib so‘ymoqchi bo‘ldilar. Shu vaqtda bu tuya qochib Makkaga kirib, Abu Jahlning qo‘rasiga borib to‘xtadi. Tuya orqasidan Amr ibn G‘anama degan sahoba quvlab yetib keldi. U kishi ersa ansor sahobalaridan erdi. Makka mushriklarining yosh-yalanglari bu tuyani ko‘rishib, uni bermaslik uchun janjal qildilar. Anda Suhayl ibn Amr: — Agar bu tuyani olmoqchi ersangiz, buning bahosi uchun Muhammadga yuz tuya tenglab ko‘ringlar. Agar qabul qilur ersa, u chog‘da olsangizlar bo‘lur. Yo‘q esa, bu tuyaga tegina ko‘rmanglar. Tuzgan ahdnomamizni o‘zimiz buzgan bo‘lurmiz, — deb alarni qaytardi. Shuning bilan bir tuyaga yuz tuya bermoqchi bo‘lishib, o‘rtaga kishi qo‘ydilar. Anda Rasululloh: — Agar Baytullohga hadya qilib atalmagan bo‘lsa edi, bu yuz tuyani qabul qilur edim. Xudo yo‘lida atalgan narsani o‘zgartib bo‘lmag‘ay, — deb so‘zlarini rad qildilar. Shuning bilan barcha tuyalar bo‘g‘izlanib, go‘shtlari faqir-miskinlarga tarqatildi. Hadyi Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 193 bor sahobalar ham Rasulullohga ergashib, shunday qildilar. Shu bilan bu muborak safar oxiriga yetdi. Bu joyda yigirma kun turg‘onlaridan so‘ngra, Madinaga qarab qaytdilar. Ikki Haram o‘rtasi — Kuroul g‘anam degan manzilga yetganlarida «Inno Fatahno» surasi nozil bo‘ldi. Anda Rasululloh Hazrati Umarga qarab: — YO Umar, Alloh taolo vahiy yuborib, menga bir sura tushirdi, bu sura esa, men uchun butun dunyodan yaxshiroqdir», dedilar. Bu qaytishlarida butun askarni ocharchilik qoplag‘on edi. Kishilar arz qilib, «yo Rasulalloh, ochlikdan barimiz qattiq qiynaldik, mingan tuyalarimizni so‘yib yemakka ruxsat qiling. Alarning go‘shtidan ovqat qilib, ochlikni qaytaraylik, charvilaridan (yog‘laridan) tanlarimizga surtib yog‘lanaylik. Ichimizda yalang oyoq qolganlarimiz ko‘pdur. Terilaridan oyoqlarimizga choriq yasab kiyaylik», — dedilar. Anda Hazrati Umar: — «YO Rasulalloh, bu ishga ruxsat bermang, chunki dushmanga ishonch yo‘qdur. Oldi- orqamizdan biror ish bo‘lib dushmanlar kelib qolsalar, u holda ochlik ustiga yayov qolur bo‘lsak, nima qilurmiz? Andin ko‘ra askardagi borliq ovqatlarni bir joyga yig‘aylik, ustiga kelib, aning barakasiga siz duo qiling. Siz Xudoning haq payg‘ambari erursiz, duoingiz sharofatidan ul taomga barakot kirgay, askar ochlik balosidan qutulg‘ay, — dedilar. Bu so‘z Rasulullohga ma’qul kelib, o‘rtaga bir supra yozdilar. So‘ngra askardagi borliq ovqat, yegulik narsalarni shu supraga to‘kishni buyurdilar. Askarning barcha ovqatlari shul joyga to‘plandi. So‘ngra Rasululloh aning ustiga kelib barakasiga duo qildilar. «Sahih Muslim» kitobida shundoq kelibdur: «Yaqin bir yarim ming askardan yig‘ilgan ovqatni keltirib supra ustiga to‘kdilar, aning ko‘pligi yotgan echkidek bo‘ldi. Rasululloh aning barakasiga duo qilganlaridan so‘ngra shuncha ko‘p askar bir supradan to‘yganlaricha taom yedilar. Askar yeb to‘xtagandan keyin Rasululloh aytdilar: «Qani xurjun xaltalarni keltiringlar. Safarimiz tugaguncha yo‘lga yetgudek qilib oziq-ovqat olinglar», dedilar. Barchalari keltirgan idishlarini to‘ldirib oziq-ovqat oldilar, yana o‘z barobaricha shuncha kishidan ovqat ortib qoldi. Buni ko‘rib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulib aytdilarkim: «Ashhadu alla ilaha illallohu va anniy rasululloh», ya’ni: «Guvohlik beraman shungakim, Allohdan o‘zga hech bir Yaratguvchi yo‘qdur, yana guvohlik berurman, men Allohning barhaq Payg‘ambaridurman». Har kishi shu kalimani tilida aytib, dilida ishonib dunyodin o‘tsa, do‘zax o‘tidan omon topqay, dedilar. Yana shu kuni askar ichida ichishga suv qolmagan edi. Buni ko‘rib Rasululloh: «Bir tahoratga yetgudek suv keltiringlar», deb buyurdilar. Bir kishi idish tagida qolgan bir qoshiqcha suv keltirdi. Muborak qo‘llarini shu suvga soldilar. Barmoq oralaridan suv qaynab chiqib to‘kilishga boshladi. Bir ming to‘rt yuz kishi shu suvdan ichib, yana tahorat qilishdilar». Rasulullohning ko‘rsatgan mo’jizalari tavotur hukmida bo‘lib, uni inkor qilish aqldan yiroqdur. Chunki hamma mo’jizalari ko‘pchilik xalq ichida bo‘lmishdur. Bu safarda ko‘rilgan mo’jizalarning mashhurrog‘i shuldur. Shundin so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha kun yo‘l yurib salomat Madinaga keldilar. Madinaga kelgach, bir muddat o‘tgach, Ummu Gulsum degan bir xotin Makkadan qochib, Madinaga Xudo yo‘lida hijrat qilib keldi. Bu xotin ersa, Hazrati Usmonning ona qarindoshi edi. To‘g‘ri kelib onamiz Ummu Salama uyiga kirdi. Makka ila Madina oralig‘i besh yuz chaqirimlik yo‘ldur. Bu yo‘lni butunlay piyoda yurib, ko‘p mashaqqatlar tortib kelgan edi. Onamiz Ummu Salama bu xotinning din yo‘lida jonfidolik bilan hijrat qilib kelganini Rasulullohga bildirdi. Uni ko‘rib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Marhabo, xush kelding», deb ko‘nglini ko‘tardilar. Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 194 Anda Ummu Gulsum: — YO Rasulalloh, Xudo uchun, Payg‘ambar uchun hijrat qilib keldim. Men ersam xotin kishidurman, o‘zingiz bilursiz xotinlarda bo‘shlik, chidamsizlik bo‘lg‘ay. Agar meni Makkaga qaytarur ersangiz, alarning qiynovlariga chiday olmayman. Unda meni dinimdan ajratgaylarmu, deb qo‘rqib keldim, — deb aytdi. Bu so‘zdan ko‘p vaqt o‘tmay, bu xotinning Ammora, Valid degan ikki qarindoshi ortidan quvlab keldilar. Alar Rasulullohga yo‘liqishib, ko‘rishgandin so‘ngra: — Ey Muhammad, o‘rtamizdagi yozilmish ahdnoma shartlari bo‘yicha qarindoshimizni qaytarib berishing kerakdur, — deyishdi. Rasululloh shartnomada xotin kishining so‘zi yo‘qdur, deb qabul qilmadilar. Shu orada Allohdan oyat nozil bo‘ldi: «YO ayyuhallazina amanu iza ja’akumul muminatu muhojirotin famtahinuv hunna». Ma’nosi: «Ey mo‘minlar, agar xotinlar hijrat qilib Makkadan Madinaga kelsalar, alarni sinab ko‘ringlar. Agar aniq Xudo uchun, din uchun hijrat qilib kelgan bo‘lsalar, unday xotinlarni qaytarmanglar». Kofirlar bilan musulmon orasida nikoh yurmasligi uchun bu oyat nozil bo‘ldi: — «La xunna hillun lahum va lahum yahilluna lahunna». Ma’nosi: «Mo‘min xotinlar kofirlarga halol bo‘lmagaylar. Mo‘min xotinlarni kofirlarga nikoh qilmanglar va mo‘min kishilar kofir xotinlarga halol emasdurlar», demakdur. Mana bu oyatlar nozil bo‘lgandan so‘ngra hijrat qilib kelgan xotinlarni hech narsa qaytara olmas bo‘ldi. Va musulmonlar nikohida bo‘lgan kofir xotinlar, kofirlar qo‘lida qolgan musulmon xotinlar erlaridan ajrashdilar. Shu bilan bu xotinni so‘rab kelgan og‘a- inilari ham Makkaga qaytib ketishdi. Bu voqea Qurayshga eshitilgach, nochor bo‘lib sukut qildilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bu safardan qaytib Makka va Madina oralig‘ida Kuro’ (ul-g‘anam) degan joyga kelganlarida Fath surasi nozil bo‘lgan edi. Bu sura tushishi bilan hammadan ilgari Jabroil alayhissalom kelib, Payg‘ambarimizni tabrikladi. So‘ngra barcha sahobalar tabrikladilar. Suyungudek bir yaxshi ish bo‘lganida musulmonlar bir- birlarini tabriklash rasmi shundan qolmishdur. Anda sahobalardan birovlari aytdi: — Bu safarimizda hech qandoq fath bo‘lmadi. Chunki Makka shahriga kira olmadik. Baytullohni ziyorat, tavof qilishdin bizni to‘sib qo‘ydilar. Qochib kelgan mo‘minlar kofirlarga qaytarildi. Ish bundoq bo‘lgach, qandoq fath bo‘lur edi? Bu so‘z Rasulullohga yetdi ersa aytdilar: — Bu safarda qilgan sulhimiz ulug‘ fathdir. Chunki kofirlar sizlarni urush-talashsiz Makkadin chiqarishga rozi bo‘ldilar. Biz bilan sulh qilishni ular talab qildilar, ellik-oltmish kishilari qo‘limizga asir tushib, bizning obro‘yimiz oshdi. Ularning ruhlari tushib, ko‘ngillari cho‘kdi, biz esa eson-omon, salomat o‘z yurtimizga qaytdik. Bu sulhdan ilgari bizdan ular qattiq nafrat qilishib, oramiz yiroqlashgan edi. Islomning qandoq ekanligini bilmas, aning yaxshiligini tushunmas edilar. Endi ersa bu kelishuv sababidan oramiz aloqalik bo‘lg‘ay. Muni bilingkim, butun dunyoning davlati va aning noz-ne’matlari urushda to‘kilgan bir kishi qoniga arzimas. Na choradurkim, bilmagan-tushunmaganlar hisobiga dunyoda ko‘plab qonlar to‘kilur. Hammadan ortig‘i shuldurkim, bu safardan Xudo oldida ajrlik, savoblik bo‘lib yondinglar. O‘tgan Uhud kunining voqeasi yodinglardan chiqdimi? U kunda qandoq og‘ir voqealar o‘tdi. Kishi-kishiga qayrilisha olmay qoldi, u kuni eng ortinglarda turib sizlarga qichqirur edim. Ikkinchi, Ahzob kunini ham eslanglar. U kunda ersa, bizning ustimizdan qandoq og‘irchiliklar o‘tdi. Hijoz o‘lkasidagi butun arab qabilalari bir yoydan otilgan o‘qdek bizga Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 195 hujum qildilar. Atrofimizdan o‘rab-chulg‘ab kelganlarida sizlarni qattiq qo‘rqinch bosib, ular qo‘lidan qutulish umidi uzilmish edi. Dushman qo‘rqinchlaridan ko‘zlar qorong‘ilashib, yurak o‘ynab, har kimning bo‘g‘ziga tiqilmish edi. Ishlar shul holga kelganda, yana Alloh taolo ulug‘ qudratini ko‘rsatib, bu kelgan balo selidan sizlarni omon saqladi. Bu ishlarni ersa, hali yodingizdan chiqarmagandursiz? Anda musulmonlar: — Allohning va payg‘ambarning aytgan so‘zlari haqdur. Bu qilgan sulhimiz ersa haqiqatda ulug‘ futuhot ekandur. Siz o‘ylagan joyga bizning fikrimiz yetmabdur. Alloh amrining sirlarini albatta siz bilursiz, yo Rasulalloh, — dedilar. Shuning bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelib bir necha kun o‘tgandan so‘ngra Abu Basir degan kishi Makkadan qochib Madinaga keldi. Musulmon bo‘lg‘oni uchun Makka mushriklari ani qamoqqa olmish edilar. Buning qochganini anglab, Quraysh raislari xat yozib, Bani Omr qabilasidan Xunays degan bir kishini Payg‘ambarimizga yuborib, uning yoniga yo‘lboshchi qilib, yana bir kishi qo‘shdilar. Bu ikkovlari to‘g‘ri Rasululloh oldilariga kelib, xatni topshirdi. Xat mazmuni shunday edi: «Ey Muhammad, o‘rtamizda qilingan ahdnomaga binoan, bizdan qochib borgan kishilarni qaytarmoqchi eding. Shu kunlarda Abu Basir degan kishi bizdan qochib, senga bormishdur, qaytarib kelmoq uchun ikki odam yubordik. Endi ul qochoq kishimizni bu ikki odamga topshirib bergaysan». Bu xat o‘qilgandan so‘ngra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: — Ey Abu Basir, urush o‘tiga tutantiriq bo‘lmishsan. O‘zingga ma’lumdir, biz Quraysh raislariga qochib keluvchilarni qaytarib berish uchun hujjat xati berganmiz. Bizning dinimizda ahdnoma shartlarini buzmoqlik yo‘qdur. Va’dasini buzg‘uvchilar, yolg‘on so‘zlovchilar, ishda xiyonat qiluvchilar bizdan emasdurlar. Bor endi, o‘z qavmingga qo‘shil, o‘z yurtingga qaytgil, albatta, Alloh taolo tomonidan sen uchun va senga o‘xshash Makkada kofirlardan zulm ko‘rayotganlar uchun yaxshilik kunlar bo‘lg‘usidur. Anda Abu Basir: — Yo Rasulalloh, agar meni kofirlarga qaytarur ersang, ular meni qattiq qiynab dinimdan chiqarurlar yoki meni o‘ldirurlar, — dedi. Anda Rasululloh: — Ey Abu Basir, Allohdan umidim shuldur, senga bir yaxshilik yetkurur, — dedilar. Rasulullohdan bu so‘zni anglagach ikki dushmanga taslim bo‘lib, uchchovlari yo‘lga tushdi. Shu bilan Abu Basir ketayotganda, ortidan qarashib qolgan sahobalar: «Bu esa ming kishiga tatigudek odam ko‘rinur, yo‘lda borayotganda biror ish qilib, o‘zini qutqara olmagaymu?» dedilar. Bu bilan yoningdagini o‘ldirib bo‘lsa ham, o‘zingni qutqar, degan so‘zga ishorat qildilar. So‘ngra bu kishilar Madinadan bir qo‘nolg‘u — Zulxulayfa degan manzilga yetishdi. Abu Basirni kechasi bog‘lab, kunduzi bo‘sh qo‘yishar edi. Bir yerda o‘ltirishgan chog‘da Abu Basirni eltib borayotgan Omriy qilichini qinidan sug‘urdi, so‘lqillatib turib shunday dedi: «Bir kun kelur, Muhammadning yordamchisi Avs, Xazrajni shu qilichim bilan boshlarini kesib qirgayman». Anda Abu Basir: «Sening bu qiliching bek keskir bo‘lishi kerak, bunday qilichni ko‘rganim yo‘q edi, qani ko‘rayin, berchi», deb qo‘l uzatdi. «Ajal taqdiri yetar bo‘lsa, kishi ko‘zi ko‘r bo‘lg‘ay» deyilgandek, ko‘r bo‘lib qilichini uning qo‘liga berdi. Berishi bilan shundoq urdikim, boshi olmadek uzilib yerga tushdi. Buni ko‘rib aning yo‘ldoshi qo‘rqqanidan, jon qutqarish uchun Madina tomonga qarab qochdi. Abu Basir bo‘lsa, dushmanni o‘ldirganidan so‘ng qurol-jabduqlarini taqinib, tuyasiga minib, aning ortidan quvganicha Madinaga qarab yurdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda sahobalar bilan o‘ltirishgan edilar. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling