Tarixi muhammadiy


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet37/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   59

www.ziyouz.com kutubxonasi 
228
Anda Rasululloh: 
— Bu kishi o‘zi Badr ahlidan erur, rostini so‘zladi. Badr ahlining gunohlarini kechmakka 
Allohdan va’da bo‘lmishdur. Uning bu gunohi Alloh oldida kechirilmasligini qaydan 
bilursan? — dedilar. 
Hazrat Umar Rasulullohdan bu so‘zni anglagach, ko‘ziga yosh olib, inson xiyonatini bu 
daraja saqlaganlarini ko‘rib hayron qoldi. Yo‘q esa, siyosat olamida eng og‘ir kechirilmas 
jinoyatning biri shul edi. Negakim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u yoqqa xabar 
yetmasin uchun Makaa yo‘llarini to‘stirib, butun o‘tish yo‘llariga qorovul qo‘ygan edilar. 
Uchar qushdan boshqa kishining u tomonga o‘tishi mumkin emas edi. Shuni bilaturib, bu 
xiyonatni qilgan kishining gunohidan ulug‘roq hech gunoh yo‘qligi aniqdur. Shundoq 
bo‘lsa ham yana uning gunohini kechirdilar. 
Shunday qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makka safarini ko‘zlab, o‘n beshinchi 
Ramazonda yo‘lga chiqdilar. Atrofdan yig‘ilib kelgan qurollik askarlarga Madinadagi 
sahobalar qo‘shilib, sonlari o‘n mingga yetdi. 
Madinadan chiqqan birinchi kunida butun askar ro‘za tutgan edilar. Kadid degan joyga 
yetganlarida musulmonlarning safarda ro‘zadan qiynalganlarini ko‘rib barchaga ro‘zani 
ochishni buyurdilar. O‘zlari ham ro‘za tutishni to‘xtatdilar. Rasulullohning amakilari 
hazrati Abbos o‘zi ilgariroq iymon keltirgan bo‘lsa ham, lekin shu kungacha Madinaga 
hijrat qilib kelmagan edi. Uning butun oilasi Makkadan hijrat qilib chiqishi ersa shu 
kunlarga to‘g‘ri kelib, Rasulullohga yo‘lda yo‘liqdi. O‘zini birga olib, oilasini Madinaga 
yubordilar. 
Makka va Madina oralig‘idagi Abvo degan joyga yetganlarida yo‘lda kelayotgan ikki kishi 
ko‘rindi. Uning birisi Abu Sufyon ibn Horis edi, u Rasulullohning amakilari Horis ibn 
Abdulmuttalibning o‘g‘li bo‘lib, yana Payg‘ambarimiz bilan emakdosh ham edi. 
Ikkinchisi esa ammalari Otikaning o‘g‘li Abdulloh ibn Abi Umayya edi. Bular ham hijrat 
qilib Makkadan chiqqan edilar. Lekin bu ikkovlarining Rasululloh Makkada turgan 
kunlarida ko‘rsatmagan kulfatlari, qilmagan jabru jafolari qolmagan edi. Bularning til 
nayzalaridan Rasulullohning dillariga tushgan jarohatlari haligacha sog‘ayib ketmagan 
edi. Shuning uchun bulardan marhamatli yuzlarini o‘girib, ularga iltifot qilmadilar. Ish 
shunday bo‘lgach, har ikkovi onamiz Ummu Salama qoshiga kelishib, arz aytib 
yig‘lashdilar. Chunki Abdulloh ibn Abi Umayya Ummu Salamaning inisi edi. Shuning 
uchun Rasulullohga onamiz aytdi: 
— Yo Rasulalloh, bularning birovi ammangiz, ikkinchisi amakingiz o‘g‘illaridur. Xatolarini 
kechirishingizni tilayman. 
Anda Rasululloh aytdilar: 
— Ularning menga keragi yo‘qdur. Amakim o‘g‘li ersa qarindoshlik haqqini saqlamay, 
qattiq qarshilik ko‘rsatdi. Ammamning o‘g‘lidan ersa, hech kishi aytmagan yomon 
so‘zlarni eshitdim. 
U aytgan erdi: 
«Ey Muhammad, sen bir narvon yasab keltirur bo‘lsang, va meni qaratib turib osmonga 
chiqsang, buni payg‘ambar qildim, deb qo‘lingga Xudo hujjat xatni bersa, to‘rt farishta 
birga tushib, buni payg‘ambar qilib sizlarga Xudo yubordi, deb guvohlik bersalar ham, 
men senga iymon keltirmagayman». 
Amakilarining o‘g‘li Abu Sufyon bu safarda yetti-sakkiz yoshli o‘g‘lini birga olib chiqqan 
edi. Rasululloh bilan ko‘rishmoqqa ruxsat ololmagach, ul: 
— Agar Rasululloh bizni qabul qilmas ekan, bu o‘g‘limni yetaklaganimcha cho‘llarda kezib 
yurib, ochlik-chanqoqlik bilan o‘lurman, — dedi. 
Abu Sufyonning bu so‘zini Rasululloh anglab, anga rahmlari keldi. So‘ngra ularga 
ko‘rishgali ruxsat berdilar. Har ikkovlari kelishib, Islomga musharraf bo‘ldilar. Lekin bular 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
229
o‘tmishdagi qilmish ishlari yodiga tushib, Rasulullohning yuzlariga ko‘p qarasholmas edi. 
Shundoq ham bo‘lsa rahmatan lil olamiyn sifatiga ega bo‘lgan zot ularning o‘tgan 
ishlarini ko‘p esga olmay, yana iltifot qilib: 
— Allohning arsloni amakim Hamza Uhud urushida shahid bo‘ldi. Uning o‘rniga Alloh seni 
yetkazdi. Hamzaning o‘rnini bosgaysan deb umid qilurman, — deya Abu Sufyon ko‘nglini 
ko‘tardilar. 
Bu so‘z bilan uning ham ancha ko‘ngli ko‘tarilib qoldi. Islomga kirgandan keyingi umrini 
Xudo yo‘lida yaxshilik bilan o‘tkazdi. Vafot bo‘lishida oilasiga vasiyat qilib: «Men o‘lsam, 
ko‘p yig‘lamanglar. Xudo haqqi Islom diniga kirgan kunimdan buyon hech bir xato ishni 
qilmadim», demish edi. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha kun yo‘l yurib Makkaga yaqin Marraz — 
Zahron degan joyga kechasi kelib tushdilar. 
— Qo‘shinda qancha askar bo‘lsa, o‘shancha joyga o‘t yoqishsin, — dedilar. 
O‘n mingdan ortiq yerga o‘t yoqildi. Bu ishdan maqsadlari esa Makka mushriklariga 
askarning ko‘pligini bildirib, ularni urushdan chekintirish edi. Chunki Islom qonuni 
bo‘yicha Haram tuprog‘ida qon to‘kish u yoqda tursin, u yerning o‘sib turgan o‘tini 
yulishga, ko‘kargan yog‘ochini kesishga ham yo‘l yo‘q edi. Shuning uchun Haram yerida 
jonlik narsalarni ovlab, ularni qo‘rqitish shariatda haromdir. Shunday bo‘lganlikdan 
Rasululloh Haram hurmatini saqlab, qon to‘kilmaslik chorasini qildilar. Shul kecha tun 
qorovulligi Hazrati Umarga topshirilmish edi. Shunchalik ko‘p askar ustilariga yetib 
kelguncha, Makka mushriklari bu ishdan xabarsiz qoldilar. Chunki Rasulullohning bu 
to‘g‘rilik qilgan duolari qabul bo‘lmish edi. Endi bu manzilga askar kelib tushgach, 
Payg‘ambarimizning amakilari Hazrati Abbos Rasulullohning xachirlarini minib Makka 
yo‘liga chiqdi. Bundan maqsadi, biror kishi ko‘rinar ersa, Qurayshga xabar aytib uni 
kirgizmoqchi edi. Toki ularning raislaridan bir nechalari kelishib, Rasulullohdan omonlik 
so‘rasinlar. Shuni o‘ylab ketayotganlarida oldidan ikki kishining qorasi ko‘rindi. Buning 
birisi Quraysh raisi Abu Sufyon bo‘lib, ikkinchisi ersa, bu ham raislardan Budayl ibn 
Varqoa degan kishi edi. Kecha qorong‘usida yuzlari ko‘rinmasa ham tovushlaridan bular 
tanilmish edi. Madina tomonidan biror xabar anglamoq uchun yo‘l to‘sib Makkadan 
chiqqan edilar. Bu joyga kelganda sonsiz yerga yoqilgan askar o‘tini ko‘rib, hushlari 
uchib, qarab turishgan edi. 
Abu Sufyon hayron qolib: 
— Hoy, bular kim bo‘ldi ekan? Arafotga yig‘ilgan hojilardek yoqqan o‘tlari ko‘p ko‘rinadi. 
Dushmanimiz Huzo’a qabilasi bo‘lg‘aymu desam, ular bo‘lsa bunchalik ko‘p askarni 
qaydan olg‘aylar? — deb turganida, Hazrati Abbos yo‘lning u yog‘idan turib, Abu 
Sufyonni chaqirdilar. Bu ikkovi ersa bir-birlariga og‘ayni-ulfat edilar. Abu Sufyon buning 
tovushini eshitib tanishi bilan chopganicha kelib: 
— Ota-onam senga fido bo‘lsin, bu nima ishdur?— deb so‘radi. 
Anda Hazrati Abbos: 
— Hoy Abu Sufyon, sening xabaring yo‘qmi, mana Rasululloh kishi ko‘rmagan qalin, ko‘p 
askarni ustingga keltirdi, — deb edi, bu so‘zni anglashi bilan arab odaticha «Hay 
Quraysh, xarob bo‘ldik» deb qattiq qichqirib yubordi. 
So‘ngra Abu Sufyon: 
— Ey Abbos, ota-onam senga fido bo‘lsin, buning chorasi nimadur? — dedi. 
Anda Hazrati Abbos: 
— Nima ish bo‘lg‘usi, boshingga eng qo‘rqinchlik kun keldi. Mana, Rasululloh 
ko‘rursankim, qalin, ko‘p askar keltirmishdur. Bu kecha tong otishi bilan Quraysh xalqiga 
qirg‘in kelur. Agar bu yo‘lda qo‘lga tushar bo‘lsang, dastlab sening bo‘yning uzilur, — 
dedilar. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
230
Abu Sufyon qo‘rqqanidan: 
— Ey Abbos, mening choram endi na bo‘lg‘ay? — deb yolvorgali turdi. 
Anda Abbos: 
— Sening chorang shu bo‘lg‘aykim, agar orqamga mingashtirib Rasulullohga yetkaza 
olsam, sen uchun omonlik olur edim. Endi bundan boshqa chora yo‘qdir, — deb ot 
orqasiga uni mindirib, Rasululloh chodirlariga qarab yurdi. Yo‘ldoshlari esa bu holni 
ko‘rishib, ularni qo‘rqinch bosdi. Nima qilishlarini bilmasdan, nochor bu ishdan 
Qurayshga xabar bergali Makkaga qaytdilar. 
Hazrati Abbos Abu Sufyonni mingashtirib kelayotganda Hazrati Umar chodiri oldidan 
o‘tishga to‘g‘ri keldi. Bu kechaning qorovulligi ersa, u kishining gezagi (gali) edi. 
Rasululloh xachirini mingan Hazrati Abbosni tanigan bo‘lsa ham, mingashgan kishining 
kim ekanini bilmak uchun «to‘xta» deb qichqirdi. Kelib qarasa, Abu Sufyon ekandur. 
Buni ko‘rgach: 
— Alhamdulilloh, sen Xudo dushmani shartsiz endi qo‘limga tushding, — deb ular 
orqasidan Rasululloh chodirlariga qarab yugurdi. Buni ko‘rib Hazrati Abbos undan 
ilgariroq Rasululloh ustilariga kirib bordi. Bular orqasidan yeta kelib, Hazrati Umar ham 
kira solib: 
— Yo Rasulalloh, kufr boshlig‘i, Xudo dushmani, Abu Sufyon shartsiz qo‘limga tushdi. 
Ruxsat qiling, boshini kesib tashlayin, — dedi. 
Anda hazrati Abbos: 
— Yo Rasulalloh, men Abu Sufyonga omon berdim va sizdan omonlik olib bermakka 
va’da qildim, — deb ani qo‘riqlab Rasululloh oldilariga o‘ltirdi. — Bu kecha Abu Sufyonni 
o‘zim saqlayman, boshqaga bermagayman, uni menga topshiring, — dedi. 
Bu ikkovlari Abu Sufyon to‘g‘risida anchagina so‘zga kelishdilar. Rasululloh sollallohu 
alayhi vasallam shoshilmay o‘ltirib, oxiri aytdilar: 
— Ey Abbos, sen buni o‘z chodiringga eltib saqlagil, erta bilan yana keltirgaysan. 
Bu so‘z bilan Hazrati Abbos Abu Sufyonni o‘z chodiriga eltib saqladi. Tong otishi bilan, 
uni yana Rasululloh chodirlariga keltirdilar. Rasululloh uni ko‘rdi ersa: 
— Ey Abu Sufyon, hali ham Islomni qabul qilg‘udek holga kelmadingmi? Allohni bir bilib, 
meni uning Payg‘ambari deb ishonishga vaqt yetmadimi? — dedilar. 
Anda ul aytdi: 
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, shundoq ulug‘ axloqqa sizga o‘xshab hech kim ega bo‘la 
olmagay. Lekin bu ish haqida shu kungachalik ko‘nglimda yana gumonim bordur. 
Hazrati Abbos bu so‘zni anglashi bilan: 
— Ey sho‘rlik kishi, o‘z joningga jabr qilma, tiriklikdan umiding bo‘lsa, bo‘yning uzilib 
yerga tushmasdan ilgariroq bu ishga iqror qilib, Rasululloh so‘zlarini qabul qilgil, — dedi. 
Ul ham o‘zga chora topolmay, til uchida bo‘lsa ham shahodat aytib, iymon keltirdi. 
Zohirga qarab, Rasululloh ham qabul qildilar. So‘ngra hazrati Abbos: 
— Yo Rasulalloh, Abu Sufyon ersa o‘zi maqtanchoq, guyrangroq bir kishi erur. Xalq 
ichida bu kishiga bir obro‘ bo‘lgudek biror ish qilur bo‘lsangiz, ko‘p yaxshi bo‘lur edi, — 
dedilar. 
Anda Rasululloh aytdilar: 
— Hukm shuldurki, Abu Sufyon qo‘rasiga kirganlar omondir, yaroq-qurol ko‘tarmagan 
kishilar omondur, uyidan chiqmaganlar eshik ochmaganlar omondur. 
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hazrati Abbosga buyurdilarkim, tog‘ 
tashidagi tor yo‘l ustida Abu Sufyonni to‘xtatib turgil. Butun Islom qo‘shinlari buning 
oldidan o‘tsinlar. Islom askarining shon-shavkatini ko‘zi ko‘rsin. 
Shuning bilan Rasululloh deganlaridek, Abu Sufyonni eltib yo‘lning tor yeriga to‘xtatib 
qo‘ydi. Har qabila o‘z tug‘i ostida askarlar bilan uning oldidan o‘tar edilar. O‘tgan 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
231
chog‘larida Hazrati Abbosdan: «Bu qaysi qabila bo‘lar?» deb so‘rar edi. Shundoq qilib, 
butun qabila askarlari Abu Sufyon oldidan o‘tib bo‘ldilar. Eng so‘ngida temir sovutlar 
ichida ko‘milgan, boshlaridan dubulg‘a, tug‘u bayroq ko‘targan muhojirin va ansor 
sahobalar o‘tdilar. Abu Sufyon bularni ko‘rganda shoshib qolib: 
— Subhonalloh, ey Abbos, bular kimlardur? — deb so‘radi. 
Hazrati Abbos: 
— Bular ersa Rasulullohning xos yo‘ldoshlari — ansor va muhojirin sahobalardur, har 
vaqt Rasululloh shular ichida bo‘lg‘aylar, — dedi. 
Anda Abu Sufyon: 
— Ey Abbos, qarindoshing o‘g‘li Muhammad ersa dunyodagi kuchli podsholardan 
bo‘lmishdir. Aning askari oldida hech kimarsa chidab tura olmagay, — dedi. 
Anda Abbos: 
— Ey Abu Sufyon, bu ishni podshohlik demak xatodir. Balki Alloh tomonidan yuborilmish 
payg‘ambarlik davlati erur. 
U ham bu kishi so‘ziga qarab: 
— Ha, shundoq bo‘lsa kerak, — dedi. 
So‘ngra Hazrati Abbos unga qarab: 
— Ey Abu Sufyon, Rasulullohdan omonlik so‘rab erding, uni berdilar. Islom shon-
shavkatini o‘z ko‘zing bilan ko‘rding. Endi tezlik bilan Makkaga borgil, Quraysh xalqiga 
bu ishning qandayligini tushuntirgil. Yana ular bilmasdan Rasulullohga qarshilik ko‘rsatib, 
o‘z jonlariga jabr qilib, qirilib ketmasinlar. O‘z qo‘llari bilan o‘zlarini halok qilmasinlar, — 
dedi. 
Abu Sufyon bu so‘zni anglashi bilan buni yaxshi aytding, deb chopganicha xalq ichiga 
keldi. Tovushi boricha qichqirib: 
— Ey Quraysh xalqi! Mana Muhammad ersa cheksiz ko‘p askar bilan ustimizga 
kelmishdir. Ular bilan urush qilmoqqa hech kimda toqat yo‘qdir. Uning aytishicha, Abu 
Sufyon saroyiga kirganlar omon qolg‘aylar, — deyishi bilan, xotini Hind uning soqoliga 
osilib: 
— Ey Quraysh xalqi, bu ahmoq, chirik cholni o‘ldiringlar. Buni ko‘ringlar, uyalmasdan 
dushman qo‘shiniga jarchi bo‘lib kelmishdir. Buning so‘ziga inonmanglar, o‘z 
nomusinglar uchun urushinglar, — deb faryod qildi. 
Anda Abu Sufyon: 
— Hoy, tentak xotin, tovushingni chiqara ko‘rma! Tezlik bilan uyingga kirib, jim o‘tirgil. 
Masjid ichiga kirganlar omon topgaylar. Qurol topshirganlar omon topgaylar. Eshik 
bekitib uyidan chiqmaganlar omon topgaylar. Abu Ruvayha tug‘i ostiga to‘planganlar 
omon topgaylar. Hakim ibn Hizom saroyiga kirganlar omon topgaylar, — deb xalq ichida 
chorlagani turdi. 
Eng so‘ngi aytilgan Hakim ibn Hizom degan kishi ersa, Qurayshdan chiqqan atog‘liq 
raislardan erdi. Johiliyatda bo‘lsin, islomiyatda bo‘lsin, yaxshilik ila nomi ko‘tarilmish edi. 
Do‘stlikka ko‘nglini moyil qilmoq uchun Rasululloh uning haqida bu ishni qildilar. 
Abu Ruvayha ersa Madinaning ansor sahobalaridan bo‘lib, Hazrati Bilolning do‘sti edi. Bu 
ulug‘ sharafga ul ham ega bo‘ldi. Bu so‘zni anglashlari bilan butun xalq jon vahmida 
qolib, shu aytilmish joylarga tarqaldilar. Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
tubandagi nomlari yozilmish shu to‘qqiz kishini qayerda bo‘lsa ham o‘ldirishga 
buyurdilar: 
— Agar bu kishilar Ka’ba yopug‘iga yopishib tursalar ham, qo‘ymay o‘ldirilsin, — dedilar. 
Shuning uchunkim, bulardan Islom ahliga chekdin tashqari ozorlar yetgan edi. Unutilmas 
beadabchiliklar ulardan o‘tgan edi. Ana shularning birisi Abdulloh ibn Sa’d degan kishidir. 
Bu ersa ilgari musulmon bo‘lib, bir necha vaqt vahiy yozuvchisi bo‘lib turdi. So‘ngra 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
232
dindan qaytib, murtadligicha Makkaga qochgan edi. Bunga ham qanoat qilmasdan 
Makkaga kelgach, Rasululloh haqlarida bir muncha tuhmat so‘zlar chiqazdi. 
Ikkinchisi ersa, Ikrima ibn Abi Jahl bo‘lib, buning dushmanligi Rasulullohga ota meros 
edi. Makka fathi bo‘lganida qochib ko‘rinmay yurdi. Xotini kelib, Rasulullohdan eri uchun 
omonlik so‘radi. Omonlik berganlarini aniq anglagach, Rasululloh oldilariga kelib, iymon 
keltirib edi, ani ham kechirdilar. 
Uchinchisi Habbor ibn Asvad degan kishi edi. Bu ersa Rasulullohning qizlari Zaynab 
Makkadan hijrat qilib chiqayotganida uni to‘sib, yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lgan edi. Tuya 
ustidan tushirmoqchi bo‘lib, qo‘lidagi nayzasi bilan turtib edi, tosh ustiga yiqilib, 
homilador bo‘lganidan uning zarbiga qornidagi bolasidan ajragan edi. Shunchalik og‘ir 
jinoyati bo‘lsa ham, qochib yurib iymon keltirgandan keyin, buning ham gunohini 
kechirdilar. 
Bu to‘qqiz kishidan to‘rt kishi o‘ldirildi: Ibn Axtal, Horis, Maqis, Axtalning qo‘shiqchisi bir 
joriya. Maqis ersa murtad bo‘lgandan so‘ngra yana bir kishini o‘ldirib, Madinadan 
qochmish edi. Ibn Axtalning ikki qo‘shiqchi cho‘risi bo‘lib, bularning qilar ishi ersa 
Rasulullohga qarshi soz chalib, qo‘shiq aytish edi. 
Yana Quraysh raislaridan Safvon ibn Umayya, buning inisi Zuhayr ibn Umayya, Hazrati 
Hamzani shahid qilgan Vahshiy degan qul, Abu Sufyon xotini Hind — bular iymon 
keltirgandan so‘ngra Rasululloh ularni afv qildilar. Yana Xolid ibn Validga o‘z askari bilan 
tubangi yo‘l bilan Makkaga kirishni, qarshi chiqmagan kishilarga qilich ko‘tarmaslikni, 
yo‘l to‘sib qarshi chiquvchilarga esa o‘lim jazosini berishlikni buyurdilar. 
Xolid ibn Validga pastki yo‘l bilan yurishni buyurib, Rasululloh o‘zlari ansor sahobalar 
bilan Makka shahrining yuqorigi yo‘li Kado’ tog‘ini kesib, shaharga kirmoqchi bo‘ldilar. 
Xolid ibn Valid Makkaga kirayotganida Abu Jahl o‘g‘li Ikrima boshliq Quraysh olomonlari 
oldini olib urush boshladilar. Bu yoqdan Hazrati Xolid hamla qilib, dushmandin yigirma 
to‘rt kishini o‘ldirib, o‘z askaridan ikki kishi shahid bo‘ldi. Buni ko‘rgach, qolganlari 
tarqalib qochdilar. Bu tomondan Xolid ibn Valid kuch bilan Makkaga bosib kirgan bo‘lsa 
ham, Rasululloh yurgan yo‘llarida hech kim qarshilik ko‘rsatmadi. Rasulullohning 
amrlaricha shu kuni Islom tug‘i yo‘l ustidagi Hajun tog‘i ustiga qadalgan edi. 
Rasulullohning qizil qubbalik chodirlarini ilgariroq kelganlar shu joyga qurishib, kutib 
turmoqda edilar. Chodirga tushib ozroq dam olganlaridan keyin shahar tomon jo‘nadilar. 
Rasulullohning yonlarida Hazrati Abu Bakr Siddiq Fath surasini o‘qib kelmoqda edilar. 
Ramazonning yigirmanchi kuni, sakkizinchi hijriy yilda Makka shahri fath bo‘lib, juma 
kuni ertalab Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahar ichiga kirdilar. 
Ikkinchi bir rivoyatda keltirilibdurkim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolid ibn 
Validga qabila arablaridan tuzilgan askarlarni olib Makkaning ostingi yo‘li bilan shahar 
ichiga kirgil va qachon mahalla boshiga yetar bo‘lsang, shunda Islom tug‘ini ko‘targil, 
o‘zlari boshlamaguncha sen urush qilmagil, deb buyurgan bo‘lsalar ham, Quraysh 
raislaridan Safvon ibn Umayya, Ikrima ibn Abu Jahl, Suhayl ibn Amrlar bosh bo‘lib, 
Handama degan tog‘ tagida ularni yo‘lini to‘smoqchi bo‘ldilar. 
Rasululloh buyruqlaricha Xolid ibn Valid shu tomondan yurib, tog‘ tagiga keldi. Qarasa, 
oldida olomon ko‘pchiligi ko‘rinib, bularga qarab o‘q ota boshladilar. Buni ko‘rgach, 
Hazrati Xolidning jahli chiqib, askarga qarab: 
— Uring, bu yaramas qopqondan qolgan tulkilarni,— deb hayqirib edi, Islom askarining 
hujumi ostida yetmish necha kishi o‘ldirildi, qolganlari bo‘lsa tum-taraqay bo‘lib 
qochdilar. Hazrati Xolid ularni surganicha quvlab kelib, Baytulloh yonida Hazar degan 
joyga yetkazdi. Ulardan bir to‘pi qochganlaricha tog‘ ustiga chiqishib edi, orqalaridan 
surib chiqqan musulmonlar qilichining uzoqdan yaltiraganligi Rasulullohga ko‘ringach: 
— Bu nima ishdur? — deb so‘radilar. Sahobalar: 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
233
— Yo Rasulalloh, Xolidga Quraysh beboshlari qarshi chiqqan bo‘lsalar, shularga 
ko‘tarilgan Islom qilichlari bo‘lishi kerak. Yo‘q esa urushdan uni tiygan edingiz. O‘zlari 
urush boshlamasalar, sizning amringizni albatta Xolid buzmagay erdi, — dedilar. 
Shuning bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Haram tuprog‘iga kirdilar. Kirishlarida 
tuyaga mingan edilar. Asrandi o‘g‘illari Zaydning bolasi Usoma tuya orqasiga 
mingashgan edi. Rasululloh Haramga odob saqlab tuya ustida egilib, tavoze’ bilan 
kirdilar. Yuqorida aytilganicha, Xolid ibn Validga to‘qnashgan kishilardan boshqa, 
ortiqcha qon to‘kilmadi. 
Shunday ulug‘ ne’matni ato qilguvchi Alloh taologa hamdu sano aytdilar. Shu 
yurganlaricha to‘g‘ri kelib Baytullohni tuya ustida turib, yetti aylanib tavof qildilar. 
Rasululloh Makkani fath qilib kirgan kunlarida Baytullohga uch yuz oltmish but osilmish 
edi. Rasululloh qo‘llarida tutgan tayoqchalari bilan: 
— Haq keldi, botil yo‘qoldi, — deb ularga ishorat qilur edilar. 
Qaysi biriga qarab ishorat qilsalar, tayoq tegmasdan turib tuban yiqilur edi. Baytulloh 
ichida Hazrati Ibrohim va Hazrati Ismoillarning ham haykallarini yasagan edilar. Mana 
shu birinchi kirgan kunlaridayoq Ka’ba ichidagi mushriklar asarlaridan hech narsa 
qoldirmay tozalatdilar. Shu kundan e’tiboran butun Arabistonda butparastlik yo‘qola 
boshladi. Islom shariatida zaruratsiz surat ushlashga ruxsat yo‘qligining ham sababi shu 
edi. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkaga kirgan kunlarida, qarshilik qilmagan 
kimsalarga qurol qo‘llanilmasin deb, amr qilgan edilar. Lekin Xuzo’a qabilasining Bani 
Bakr qabilasidan qasos olishiga ruxsat berdilar. Bu ish ham bo‘lsa shu kunning asr 
vaqtigacha cheklanmish edi. Shu kun o‘tgandan keyin umumiy ravishda tinchlik 
saqlandi. 
Rasululloh Baytullohni tavof qilib bo‘lganlaridan so‘ngra Ka’ba uyining ichiga kirdilar. 
To‘rt tarafga qarab takbir aytib, u yerdan chiqib Maqomi Ibrohimga kelib, ikki rakat tavof 
namozi o‘qidilar. 
So‘ngra zam-zam qudug‘idan suv ichib Baytulloh qarshisiga qarab turdilar. Butun xalq 
atroflarini o‘rashib olgan holda, ularning ko‘zlari Rasulullohga tikilib turdi. O‘zlariga ozor 
berganlarga, o‘z vatanlarini tashlab chiqmoqqa majbur etgan kishilarga qarata nima ish 
qilur, ularga qanday jazo berur ekan deb, barchaning ko‘ngliga kelur edi. 
Lekin Rasulullohning o‘ch olib nafs qondirish, o‘zi uchun g‘azablanish va mana shu 
yanglig‘ narsalardan ko‘ngillari pok edi. Yo‘q esa amakilari Hazrati Hamzani o‘ldirilganiga 
qanoat qilmay, quloq-burunlarini kesib, ko‘zlarini o‘yib, bag‘rini chaynagan Abu Sufyon 
xotini Hindning nechuk gunohini kechgay edilar? Xudo Qur’onda: «Va ma arsalnaka illa 
rohmatan lil a’lamin», ya’ni: «Barcha olamga seni rahmat uchun yubordik», deb aytgan 
so‘zi haqiqat ekanini Rasululloh har bir ish ustida isbot qilib, butun olamga buni 
ko‘rsatdilar. 
Mana, Rasulullohning bu qilgan ishlaridan barcha ummatlari ibrat olishlari lozimdur. 
Haqiqiy chin mo’min ersa, aning g‘azabi va rizoligi Alloh uchun bo‘lgay, har bir qilgan 
ishida ko‘pchilik xalq foydasini kutgay. Xalq foydasini kutgan bo‘lib, o‘z nafsiga qurol 
qilmagay. Haqiqiy chin musulmon kishining qilar vazifasi shuldur. Bu yo‘lda ko‘rsatgan 
xizmatlari uchun hech kimsadan tashakkur kutmagay. Islom shariatining ko‘rsatgan yo‘li 
shuldur. Har ishni Xudo uchun qilishi ersa, yaxshi-yomon xalq so‘zidan aning parvosi 
yo‘qligidandir. 
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ilib, o‘zlariga ko‘z tikishib turgan ko‘pchilik 
xalqqa qarab: 
— Ey Quraysh xalqi, o‘zinglarcha meni qanday ish qilar deb o‘ylagaysiz? — dedilar. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
234
Anda ular: 
— Qarindoshimizdursiz, mehribon og‘amizdursiz, endi sizdan yaxshilik kutib turamiz, — 
dedilar. 
Rasululloh aytdilar: 
— Unday bo‘lsa, endi boringlar, barchangiz bo‘shaldingiz, qilgan yomonliklaringizni avf 
qildim. 
U zamon odati bo‘yicha barchalari qul bo‘lib, asir olinishlari kerak edi. O‘sha zamondagi 
urush odatlarining yo‘li shu edi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ka’ba 
ichiga kirmoqchi bo‘ldilar. Kelib qarasalar, Ka’ba eshigi qulf ekan. Buning eshikchisi 
Usmon ibn Talhani chaqirib, uning qo‘lidan kalitni oldilar. Ka’a ichiga kirib chiqqandan 
so‘ngra, u kishi, kalitni qaytarib bermas, deb o‘ylagan edi. Ammo uning o‘ylaganicha 
bo‘lmay, o‘ziga qaytarib berdilar. U zamonda Ka’ba kalitiga ega bo‘lish arablar o‘rtasida 
ulug‘ sharaf va obro‘y hisoblanar edi. Quraysh ichida Bani Shayba avlodi bu davlatga 
ega bo‘lmish edilar. Islomdan ilgari johiliyat zamonida ham o‘z odatlaricha haftada ikki 
marta — dushanba va payshanba kunlari Baytulloh eshigi ochilur edi. 
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hijratdan ilgari, Makkada turgan vaqtlarida Ka’baga 
kirgan kishilar qatorida kelib kirmoqchi bo‘ldilar. O‘shanda ham shu Usmon ibn Talha 
Ka’ba eshikchisi edi. U Rasulullohga noloyiq adabsiz so‘zlar aytib, kirgazmay qaytargan 
edi. Rasululloh yumshoqlik qilib, uning so‘ziga sukut qildilar, so‘ngra unga aytdilarkim: 
— Ey Usmon, bu yaqinlarda ko‘rib qolursan, Ka’ba kaliti mening qo‘limda bo‘lgay. U 
chog‘da esa buni tilagan kishimni qo‘liga topshirgayman. 
Shu orada o‘n necha yil o‘tgandan keyin, xuddi o‘sha deganlaridek bu ish vujudga 
chiqdi. Makka fath bo‘lgan kunida o‘sha aytganlaridek, Usmon ibn Talha qo‘lidan kalitni 
oldilar va yana o‘ziga qaytarib berdilar. So‘ngra: 
— Bu kalit ilgaridan beri sizlarda turar edi, bundan buyon ham doimiy ravishda 
sizlarnikidur. Ka’ba kalitini talashib, sizlardan kim olur ersa, zulm qilg‘on bo‘lur, — 
dedilar. 
Bu to‘g‘rida Rasulullohga ilgari qilgan qo‘pol muomalasi yodida bor edi. Bundoq ulug‘ 
sharafdan ajrab, bu davlatdan quruq qolish qo‘rqinchi bosib turgan bir chog‘da yana 
qaytadan abadiy shu davlatga ega bo‘lishi uni ko‘p suyuntirdi. Rasululloh qo‘llaridan 
kalitni olishi bilan to‘xtamay uyiga qaytdi. Ketidan yana uni chaqirib oldilar, Qaytib 
kelgach: 
— Ey Usmon, hijratdan ilgari bu kalit haqida senga aytgan so‘zim esingda bormi? — 
dedilar. 
— U so‘z yodimda bordir, Yo Rasulalloh. Endi guvohlik berurman, aniq bildim Allohning 
haq payg‘ambari ekansiz. Qudratingiz yetgan, qo‘lingizga tushgan chog‘da mundoq ulug‘ 
gunohlarimizni kechirdingiz, — dedi. 
So‘ngra Rasululloh buyurdilar, Hazrati Bilol Ka’ba ustiga chiqib azon aytdi. 
Quraysh raislaridan Abu Sufyon ibn Harb, Atob ibn Usayd, Xoris ibn Hishom, bulardan 
boshqa yana bir qancha Quraysh urug‘lari Ka’ba atrofida o‘ltirishgan edilar. Azon 
aytilganini eshitgach, Atob ibn Usayd turib dedi: 
— Alloh taolo otam Usaydni hurmat qilib, bu ishdan ilgariroq unga ajal yubormish edi. 
Yo‘q ersa bu qora qarg‘aning Ka’ba ustida bundoq qichqirganini ko‘rib qattiq qayg‘urur 
edi. 
Horis ibn Hishom aytdi: 
— Koshki Muhammadning haqligini bilur bo‘lsam, albatta, unga iymon keltirur edim. 
Bular so‘zini anglab Abu Sufyon aytdi: 
— Bu to‘g‘rida hech qanday gapirmaslikka qasam qilurman, agar gapirur ersam, shu 
yotgan mayda toshlar ham Muhammadga xabar yetkazgay, — deb toshga ishora qildi. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   33   34   35   36   37   38   39   40   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling