Tarixiy roman


Download 4.8 Kb.
Pdf ko'rish
bet16/33
Sana18.12.2017
Hajmi4.8 Kb.
#22512
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   33
yo’qmi? Yo bu masalani tinchit yo arizangni yoz! Umuman orqaga odam yig’ish odati qaerdan 
chiqdi? Uch kunda masala hal bo’lmasa maxsus taftishchilarni yuboraman va seni asfalasofunga 
jo’nataman. 
 
Tuman hokimi miq etmay turdi. Oqsoqollar mamnun edilar. Karimov ularning 
  
orasidan siyrilib chiqarkan Po’lat Majidovichga: 
 
-Biroz qattiqqo’l bo’l. Bularni parchalab tashla. Bundan keyin to’planib yurishlariga chek qo’y. 
KGBning bu erdagi bo’limini kuchaytir. Guruhlarni emas, shaxslarni bir-biriga qayrasin. Tuman 
birinchisini esa ishdan ol, -dedi va klub yaqinidagi maydonchada turgan vertolyotga minib, ko’kka 
ko’tarildi. 
 
Zamindagilar vertolyot ortidan tikilib qolarkanlar ko’ngillari umidlarga to’lgandi. Ammo umidlari 
ham ana shu vertolyot bilan birga osmonga uchganidan bexabar edilar. Buni sezish yoki his qilish 
uchun esa bir necha yillar kerak bo’lishini bilmasdilar. 
 
Ularning qalblari, fikrlarini yangi bir og’u tortanak uyasi singari o’rab ola boshlagandi. Bu tortanak 
uyasining iplari ularga nur bo’lib ko’rinayotgan edi. Nur go’yo vertolyot parraklari orasidan 
sinmasdan o’tayotgandek tuyulsada, aslida parraklar ko’kdan yog’ilayotgan yorug’ nurning yo’lini 
to’sgan, zaminga esa Karimovning “nur”lari oqib kelayotgandi. 
 
 
M A S H V A R AT [ 3 0 ] 
 
  
 
Havo oniydan isib ketdi. Oylardir yer ustini qoplab yotgan qatlama muz ikki kunning ichida erib, 
suvga aylandi. Qish kunlari sarxush odam kabi shakarlama uyqusi ostida qolgan daraxtlar birdan 
uyg’ondi. Quyosh jilmayib qolganidan aldangan daraxtlarning shoxlarida o’smirning sabza soqoli 
kabi erta uyg’onga bitta yarimta kurtaklar ko’zga tashlanib qoldi. Havodagi o’zgarish odamlarga 
ham ko’chdi. Palto-yu ro’mollarini uloqtirgan qizlar qor ostidan bosh ko’targan chuchmomolardek 
ko’zlarga tig’dek sanchildilar. Ko’kraklarini ochib olgan yigitchalar esa ovga chiqqan 
alpomishlardek ko’chalarni to’ldirdilar. 
 
Ammo bu hol uzoq davom etmadi. Qor qanday erigan bo’lsa, xuddi ana shunday yana atrofni 
qoplab oldi. Shoshqaloq daraxtlaru bahorsevar yigit-qizlar xirchin sovuqning ignalariga dosh 

berolmay yana yashirinmoq uchun joy qidirdilar. Tabiatu odamlarni zamin degan maydonda 
o’ynatib, tepadan tomosha qilib turgan kuch ularga nafaqat tashqi tomondan balki ichkaridan ham 
ta’sir qilayotgandi. 
 
Erta uyg’ongan daraxtlar bolasini tushirgan onadek bo’zlarkan, odamlarning fikru xayollarida ham 
to’lqinsimon jumbush bor edi. Kim asabiy, kim esa yangi fikrlar bilan qaynashgan, yana kimdir 
pixillab qolgan burnining tashvishida… 
 
Hamma yoqqa yoyilgan gripp Karimovni ham chetlamadi. Otashi yuksalgani, suyaklari sinqirab 
og’riyotgani, tovushi biroz xirillab, burni bitib qolganiga qaramay sessiyaga tayyorgarlik 
ko’rayotgandi. Qattiq tazyiqlarga qaramay bir necha viloyatda ro’yxatda bo’lmagan kishilarning 
saylanib qolishlari uni rohatsiz 
  
etayotgandi. Shu damda suyaklarining og’rig’i emas, yuragining allaqaeridagi sanchiq uning 
xayollarini tuptugundek o’ziga bog’lab olgandi. Ammo bu og’riq yuragining biror bir eridagi 
xastalik alomati emas, balki bu qadar harakatlaridan keyin ham parlamentga kirib qolgan 
“begonalar” dardining belgisi edi. 
 
Ikki kun oldin byuroda bir qancha rahbarlarning faoliyatiga nuqta qo’ydi. Keyin bu masalani 
Kompartiya plenumiga olib chiqdi. Ba’zilarining boshidan qaynoq, ayrimlarning boshidan esa 
sovuq suv to’kdi. Lekin yuragi joyiga tushmadi. “Nega? Nega?” -degan savol ko’kragida gup-gup 
urib turardi. Har qancha urinmasin uni tinchita olmayotgandi. Parlamentdagi arifmetikani, ya’ni 
ovozlar hisob-kitobini qayta-qayta ko’zdan kechirdi. Begonalar bor-yo’g’i besh foiz. Ammo butun 
tarix bo’yincha urushlarni, inqiloblarni, davlat to’ntarishiyu isyonlarni aksariyatning besh foizi hal 
qilgan. 
 
Qaerda xato qildim, deya o’ylardi Karimov. Endi xatoni tuzatishga kech. Bu besh foizning yo’lini 
to’sishim kerak. Viloyatlarda tikan simli to’siqni yorib o’tishdi. Bu erda shunday to’siq qo’yishim 
kerakki ham qo’llari, ham oyoqlari va eng asosiysi og’izlari bog’lansin. 
 
Karimov yangi ish boshlaydigan Oliy Kengashning birinchi sessiyasidagi nutqu ma’ruzalar, ish 
tartibiyu tushlikda beriladigan ovqatlar ro’yxatiga qadar sinchkovlik bilan chig’irdan o’tkazdi. 
Garchi Moskov sessiya oldidan odatga kirgan vakillar yig’ilishini o’tkazmaslik haqida isrorli 
bo’lsa-da u bunga rioya qilmadi. Vakillar yig’ilishiga “begonalar”ni ham chaqirtirdi. 
 
-Yana  bir soatdan keyin mamlakatimiz tarixida birinchi marta bo’lib o’tgan erkin saylovlar 
natijasida saylangan deputatlar ishtirokida ilk sessiyani boshlaymiz
-dedi u kichik zalda to’planganlarga. -Bu erga nafaqat rahbarlarni balki o’z kuchi bilan 
saylanganlarni ham chaqirdik. Xalqimizning yaxshi odati bor, to’ydan oldin oqsoqollar yig’ilib 
maslahat qilishadi. Bu ham parlamentning oqsoqollar maslahat kengashidir. Xalqning oldiga 
chiqib baqir-chaqir qilmasdan, nima gapimiz bo’lsa ana shu erda kelishib olaylik. Ayniqsa o’z 
kuchi bilan saylangan do’stlarimiz kun tartibi, tuzilajak komissiyalar haqida fikrlarini aytsinlar. 
 
Majlislar zali kichik bo’lsa-da har yer har yerga bir mikrofon o’rnatilgandi. Birinchi bo’lib 
To’lqinjon degan yigit so’z oldi. 
 

-Mening va yonimda o’tirgan ukamiz Mirtemirning saylovoldi dasturida adolatsizlikka qarshi 
kurash asosiy masala qilib qo’yilgan. Keyingi vaqtda Moskva xalqimizga nisbatan ayanchli 
ravishda bo’hton yog’dirdi. Moskvaga birinchi zarba sifatida uzoq yillar jumhuriyatimizni 
boshqargan marhum Rashidov nomini oqlash masalasini sessiya kun tartibiga kiritishni 
so’rayman. 
 
-Bu parlamentga oid masala emas. Uni partiya qoralagan. Kerak bo’lsa partiyaning o’zi ko’rib 
chiqsin. Parlament bunday masalalardan balandda turishi 
  
kerak, -dedi Karimov. Lekin zarda bilan gapirganini his qildi va oldindan ko’ngliga tuyganidek 
o’zini yumshoq qilib ko’rsatishga urindi. -Men shu partiyaning raisiman. Bu masalani siz ham 
Mirtemirjon ham menga topshiringlar. Insholloh, partiya kengashlarining kun tartibiga kiritaman. 
 
To’lqinjon o’tirarkan mikrofon yoniga Mirtemir keldi: 
 
-Keyingi vaqtda jumhuriyatimiz tarixida yuz qorasi bo’lib qoladigan voqealar sodir bo’ldi. 
Bulardan birinchisi, Farg’ona fojeasi. Aka-ukani bir-biriga qarshi qo’ydilar. Fitna, ig’vogarlik 
urug’ini sochdilar. Ikkinchisi esa, Parkent voqealari. U erda yosh yigitlar timsolida millatimizning 
kelajagi o’qqa tutildi. Bu masalalar ochilmay qoldi. Uchinchidan, tsenzura degan jallod hamon 
matbuot ustida qilichini qayrab turibdi. Hatto saylov oldida nomzodlar o’z qarashlarini ochiq ifoda 
etolmadilar. To’rtinchidan, ba’zi jumhuriyatlar mustaqil bo’lish uchun kurashayotgan bir paytda 
biz Ittifoq shartnomasining tashabbuskori sifatida o’rtaga chiqdik. Ya’ni bo’ynimizga tosh 
bog’lab, o’zimizni quduqqa otayapmiz. Xalq esa bu harakatning mohiyatidan bexabar. Va nihoyat, 
birinchi majlisdanoq parlamentni partiya plenumi yoki kolxoz qurultoyi holiga solib qo’ymaslik 
uchun uning elkasidan quruvchi degan yukni olib tashlamoq kerak. Deputatlar yo’l qurilishi yoki 
bog’cha qurilishini emas, siyosiy masalalarni tortishmoqlari zarur. Majlislarimiz jonli ravishda 
televidenieda ko’rsatilib turilsin. Xalq o’z vakillariga o’zi baho bersin… 
 
Bu bola rostdan ham bosh balosi ekan, deb o’yladi Karimov. Hozirning o’zidayoq og’ziga latta 
tiqib qo’yishim mumkin. Lekin o’sha lattani qaytarib o’zimning og’zimga tiqib qo’ysa-chi? Adi-
badi aytib o’tirsam sharmanda bo’laman. Gapga chechan ekan. Savollariga javob topib 
berolmasam, obro’yim to’kiladi. Shuning uchun indamay tinglashim kerak. 
 
Mirtemir Karimovning xayol surayotganini sezgandek uning ismi sharifini tilga olib, taklifini unga 
yo’naltirdi: 
 
-Qo’limizda parlament komissiyalarining ro’yxati bor. Men unga Oshkoralik komissiyasi 
qo’shilishini va yuqoridagi masalalarni oydinlatish unga yuklatilishini taklif qilaman. 
 
Karimov Hamidovga qaradi. Hamidov “Bo’ladi, keyin o’ylab ko’ramiz” degandek bosh irg’adi. 
 
-Rahmat, bu taklifingiz uchun, -dedi Karimov Mirtemirga. -Sessiyada ham bu taklifni o’zingiz 
o’rtaga oting, biz esa qo’llaymiz. Raisi va a’zolari haqida esa mana o’rtoq Hamidov o’ylab 
ko’rsinlar. 
 

Shu payt sochlari to’kilgan o’rta yoshlardagi bir kishi mikrofonga yaqinlashdi. Bu shoir Erkin 
Vohidov edi. 
  
-Men mazkur komissiyada xizmat olishga tayyorman, -dedi u. 
 
-Sizga o’xshagan insonlar yuz yilda bir marta tug’iladi. Men bu fikrimni sessiyada ham 
takrorlayman. Biz ham sizga bu komissiyani ishonib topshirishga tayyormiz, 
-dedi Karimov. -Biz oldimizda katta majlis borligini unutmasligimiz kerak. Shu boisdan takliflarni 
qisqa-qisqa aytaylik. 
 
“Begonalar” birin-ketin o’z takliflarini aytdilar. Shundan keyin Karimov viloyat birinchilariga 
qarata: 
 
-Har biringiz suvchi quloq boshida o’tirganidek viloyatingiz deputatlari bilan birga bo’ling. Sizdan 
poda boshi bo’lishingizni istamayman. Deputatlaringizni boshqa tomonga boshqarmang. Sizdan 
to’da boshi bo’lishingizni istayman. Deputatlaringizni bir joyga to’dalab o’tiring. Bu ham talab, 
ham buyruq va istasangiz, iltimos ham. Bu sinovdan muvaffaqiyatli o’tishingizga ishonaman. 
Chunki biz bir komandamiz, bir eshelonmiz. Ajralib qolgan vagon esa yolg’iz qolib ketadi, -dedi. 
 
Shundan keyin Karimov barchani katta zalga da’vat etdi. 
 
 
T O ’ R T K A L I M A [ 3 1 ] 
 
  
 
Majlis zali hayitona tus olgandi. Yangi saylangan millatvakillari ochilishga hozir bo’lgan gul 
g’unchasini eslatardi. 
 
Erkaklarning sochlari piril-piril yaraqlab turgani, soqollari alohida e’tibor bilan olingani uchun 
yuzlaridan ko’rkamlik ufur urayotgani, deyarli hammasi boshdan oyoq yangi kiyim kiygani darhol 
diqqatni tortardi. 
 
Xotin-qizlar ham qimmatbaho va xushbichim kiyimlarini ilk bor shu majlisga kiyib kelganlari ular 
ko’zlarining tagi bilan bir-birlarini kuzatayotganlaridan ham ma’lum edi. 
 
Umrida galstuk-bo’yinbog’ bog’lamagan otaxondan tortib, hayotida ilk bor to’pig’i baland tufli 
kiygan qizga qadar o’z hollaridan mamnun edilar. Ularning nafaqat tashqi ko’rinishlari balki ichki 
dunyolarida ham qishning o’rtasida quyoshga aldangan borliq kabi uyg’onish hissi, umid 
yaproqlari qimirlayotgandi. Shu damda hammaning yuziga urgan umumiy ichki tuyg’usi bor edi: 
mag’rurlik. Bu his qalblarida gulxan bo’lib yonarkan ayni paytda yuzlarini ham yoritayotgan, 
ko’zlaridan nur bo’lib atrofga oqayotgandi. 
 
Xoh buyurtma bilan saylangan, xoh tanish-bilish bilan ro’yxatlarga kirgan, xoh kurashga otilgan 
millatvakillaridan qaysi biriga nazar solsangiz o’zini katta ishlar 
  

oldida mas’uliyatli his etishga chog’langanini ko’rasiz. Bu holning tabiiy yoki soxta ekanligini bir 
qarashda anglash mushkul. Ammo ularni ilgaridan tanigan odam bu o’zgarishni odim otishlarida, 
atrofga razm solishlarida, hatto salom-alik jarayonida bo’rtib chiqqanini sezib oladi. Qaysi bir 
ma’noda millatvakillari shoshib qolganga o’xshardilar. 
 
Karimov zalga kirib kelar ekan, kimdir o’rnidan turdi, kimdir esa o’z xayollari og’ushida sevinch 
so’qmoqlarida yugurib yurardi, yana kimdir tarki odat amri mahol degandek, majlislarda o’rganib 
olgani kabi jon-jahdi bilan qarsak chalardi. 
 
Majlislar zalining ko’rinmas, ammo his qilajak salobati bor edi. Karimov buni bir necha yil oldin 
bu erga ilk bor kelganida sezgandi. Vaqt o’tishi bilan bu salobatga o’rganib qolgan bo’lsa-da 
zaldagi notanish nigohlar bilan qo’shilib, bu kuch uni yana mag’lub etdi. Birdan tizzasi titrab, 
qo’llarining payi bo’shaldi. Esankirab qolgan odamdek zinaga qanday oyoq bosishni bilmay qoldi. 
Ba’zan bir, ba’zan esa ikki zinapoyani hatlab, minbarga chiqdi. Birdaniga fikrida chaqmoq 
chaqnadi. Yanglishgandi. Chunki majlisni u emas Markaziy saylov komissiyasining raisi ochishi 
kerak edi. Shu bois oniy bir hamla bilan orqaga qaytdi va pastga tushib birinchi qatordan o’ziga 
ajratilgan o’rindiqqa “cho’kdi”. 
 
Markaziy saylov komissiyasining raisi millatvakillarini tabriklagach, so’zni faxriy raisga berdi. 
Karimovning tavsiyasi bilan poytaxt ijroqo’mining raisi Hoshimov parlament raisi va komissiyalar 
a’zolari saylangunga qadar majlisni boshqarish uchun vakolatli qilingan edi. Hoshim Hoshimov 
yoshi etmishga etib qolgani uchun yozib berilgan stsenariyni arang o’qirkan, zalda avvaliga engil 
kulgi, keyin esa norozilik alomati o’laroq g’ala-g’ovur boshlandi. Ammo hech kim bu noroziligini 
ochiq aytishga jur’at qilmadi. Birinchi bo’lish hamma vaqt qiyin, chunki birinchi bo’lishning 
ortida yo maqtov yoxud tanqid, yo qahramonlik, yoxud xoinlik kabi tamg’alar yotadi. Shu bois 
ko’pchilik noroziligini yonidagi sherigiga aytish bilan kifoyalanadi. 
 
Zaldagi g’ala-g’ovur tinmas ekan, Mirtemir o’rnidan turdi: 
 
-Menda taklif bor. 
 
Etmish yillik umrida stsenariydan chetga chiqmagan Hoshim Hoshimov uchun bu bir zarba bo’ldi. 
U boshini ko’targancha Mirtemirga tikilib qoldi. Mirtemir esa u eshitmadi, shekilli, deb o’yladi-
da, gapini takrorladi. Hoshim Hoshimov nima qilay, degandek Karimovga qaradi. Uning holidan 
Karimovning ham jahli chiqqandi, shekilli, boshini xam qilgancha, o’z yog’ingga o’zing qovril 
degandek indamay o’tiraverdi. Zaldagi shovqin-suron masxaraomuz tus oldi. Ba’zilar 
ko’pchilikka eshittirib kula boshladilar. Ba’zilar esa yonlaridagi sheriklariga baland ovozda 
shikoyat qila boshladilar. Karimovning asabi dosh bermadi. U o’rnidan turib, minbarga chiqdi va 
faxriy raisning yoniga o’tirdi. 
  
Yana u deb o’yladi Mirtemirga qarab. O’zini ko’rsatib qo’ymoqchimi yoki mansab uchun o’yin 
boshlayaptimi? Balki televizordan xalqqa ko’rinib mashhur bo’lmoqchidir? Yoki buni ataylab 
tayyorlashganmi? Ikki og’iz iliq gap bilan o’tqazib qo’ysammikan? Yo’q, bundaylar betga chopar 
bo’ladi. Mana bu lattaning qilg’iligi uchun ham meni ayblaydi. Qani, eshitib ko’raychi, nima taklifi 
bor ekan? 
 

-Nima taklifingiz bor edi? 
 
-Birinchidan, kichik zaldagi mikrofonlar katta zalga o’rnatilsa, nur ustiga a’lo nur bo’ladi. 
Ikkinchidan esa, faxriy raisni almashtirib, mana bu g’ala-g’ovurga chek qo’yish kerak. 
 
-Men ichkaridagi etti-sakkiz taklifingizni yana takrorlayapsiz deb o’ylagandim. Birinchi 
taklifingizga qo’shilaman. Darhol qator oralariga mikrofon qo’yishsin. Ikkinchi taklifingizga ham 
qo’shilaman. Majlis ruxsat bersa, bu ishni men davom ettirsam. 
 
Karimov majlisdan ruxsat ham olib o’tirmasdan raislik qila boshladi. Hoshim Hoshimov esa 
elkasidan tog’ tushgan odamdek engil tortib, Karimovning yonida savlat to’kib o’tiraverdi. 
Parlamentga kimning rais bo’lishini hamma bilardi. Chunki ikki kun oldin Kompartiya kengashida 
Ibrohimovning nomzodi raislikka ko’rsatilgan va bu matbuotda e’lon qilingandi. 
 
Mirzaolim Ibrohimov esini tanigan kundan buyon partiyaning eshiklaridan kirib-chiqib yuribdi. 
Yoshi nafaqa olishga etganda parlament raisligiga nomzodi ko’rsatildi. U haqda avval 
Karimovning o’zi gapirdi, keyin oldindan tayyorlab qo’yilgan ma’ruzachilar so’zga chikdilar. 
Ibrohimovni shu qadar maqtadilarki, hatto Karimovning ko’nglida hasad uyg’ondi. Kommunist 
partiyasida ish emas, faoliyat emas, tarjimai hol muhim o’rin tutardi. “Begona” millatvakillari esa 
Ibrohimovni tanimas ham edilar. Balki shu sababdanmi unga hatto savol ham berilmadi. Yo’liga 
bo’lsa ham saylov o’tkazildi. Undan keyin navbat o’rinbosarlariga keldi. Karimov birinchi 
o’rinbosarlikka Bugrovning nomzodini ko’rsatdi. 
 
-Bugrov davlat tilida gapirishni biladimi? -deya luqma tashladi kimdir. 
 
Hamma ovoz kelgan tomonga qaradi, lekin kim luqma otganini bilishmadi. Luqma otgan Shovruq 
Ro’zimurodov edi. Karimov ham u o’tirgan tomonga olazarak nigohlarini qadadi, gapni uzatib 
o’tirmaslik uchun Bugrovga murojaat qildi. Bugrov minbarga chiqdi: -Salyam-alyaykum, az-az 
bilyapmiz… urganyapmiz, 
-dedi Bugrov. 
 
Karimov mamnun bo’lib qarsak chaldi. Zaldagilar ham unga qo’shilishdi. Hatto ba’zilar “Ofarin, 
o’g’il bola ekan, tilimizni o’rganib olibdi”, deya baqirib ham yubordilar. Bugrov esa shu to’rt 
kalimadan boshqasini bilmasdi. Ammo uning rais o’rinbosari bo’lishi uchun shu to’rt kalima 
kifoya edi. 
  
M U H A R R I R [ 3 2 ] 
 
  
 
Parlament komissiyalari a’zolarini saylash ham Karimovning iborasi bilan aytganda silliq o’tdi. 
Biroq uning ko’nglini og’ritgan narsa ikkinchi kun yuz berdi. 
 
Karimov ertalab muharrir Ahmadjon Muxtorov bilan birga choy icharkan: 
 

-Masala kun tartibida yo’q. Asli u sizning tashabbusingiz. Men ham o’ylab yurgandimu lekin qaror 
qilmagandim. Siz xayolimdagi xom narsani pishitdingiz. Endi majlisga ham o’zingiz olib chiqasiz. 
Qolaversa, siz yuqoridan mehmon bo’lib keldim desangiz, SSSR Xalq deputati sifatida tarafsiz 
kishi ekanligingiz ko’rinadi, 
-dedi unga. 
 
-Uch-to’rtta mahmadana bola o’tib qolganga o’xshaydi. Shu bois o’zimizning odamlardan so’zga 
chiquvchilarni tayyorlash kerakmidi? 
 
-Bu yog’ini bizga qo’yib bering. 
 
-Baribir ham ularning nutqlariga bir ko’z tashlasam yomon bo’lmasdi. Biror kurmak o’tib 
ketmasin deyman-da. 
 
Karimov kostyumining yon cho’ntagidan bir dasta kog’ozni olib muharrirning oldiga tashladi. 
“Yuragiga yaqin olib yurgan ekan” degan fikr muharrirning xayolidan yashin tezligida lip etib 
o’tib ketdi. 
 
-Bu nusxalari. Agar jiddiy gap chiqib qolsa, mening nomimdan o’zlariga aytasiz. Yoki Baxtiyor 
Nazarovga aytasiz. -dedi Karimov. 
 
Kim bo’ldi ekan bu, deb o’yladi muharrir. Ha, topdi. Adabiyotshunoslik institutining direktori edi. 
Maslahatchilikka olinibdi. Demak, ma’ruzalarni u yozayati. Qiziq, qanday qilib Karimovning 
nazariga tushdi ekan? Kim tavsiya qilishi mumkin? Nega Karimov bu ishni menga topshirmadi? 
Balki kichkina ish deb o’ylagandir va ovora qilgisi kelmagandir? Yoki majlisga yangi ruh, yangi 
gap olib kelmoqchi bo’ldimi? Yoki mening yozish uslubim unga ma’qul kelmadimi? Unday bo’lsa 
saylovoldi nutqini qayta-qayta e’lon qildirarmidi? Bugungi majlisga ataylab da’vat etarmidi? 
Muharrir nutqlarni o’qiyotganga o’xshab ko’rinsada, aslida Baxtiyor Nazarov jumbog’ini cho’zish 
bilan ovora edi. Uning fikrini Karimov bo’ldi: 
 
-Bularga ko’p ham e’tibor bermang. Asosiy gap sizniki. 
 
-Ha, ignachining ming urgani temirchining bir urgani bilan barobar demoqchisizda. 
  
-Majlisda ham ana shunday maqollardan uch-to’rttasini ketma-ket ishlatib yuborsangiz hammani 
mot qilasiz. Umuman, maqolni ko’proq qo’llash kerak. Menga ham besh-oltita to’plab berib 
qo’ying. Xalqqa pul emas, non emas, suv emas yoqadigan gap kerak. Gap bilan ham qornini, ham 
ko’zini, ham qulog’ini to’ydirish mumkin. Maqol esa to’yimli ozuqa. 
 
Muharrir qorin bilan quloqni to’ydirishga tushundi-yu, ko’zni qanday qilib to’ydirishga 
tushunmadi. “Ozuqa” degan so’z ham unga og’ir botdi, chunki maqolni ozuqa, xalqni esa hayvon 
o’rniga qo’ymoqda deb o’yladi. Aslida esa Karimov “ozuqa” bilan “oziq-ovqat”ni ayni ma’noni 
tashigan so’zlar deb tushunardi. Muharrir hozir anglatib o’tiradigan payt emas, deb o’yladi-da, 
ko’nglidagi boshqa savolni o’rtaga tashladi. 
 

-Nazarimda rasmiyat uchun bo’lsa ham hukumat raisi lavozimini saqlab qolish kerak. Butun 
dunyoda shunday lavozim bor. Ammo asosiy vakolatni o’zingiz qo’lga olasiz. Shu sababdan bu 
nomzodni ham o’ylab qo’yish kerakmikan? 
 
-To’g’ri,  -dedi Karimov. Garchi buni o’ylab qo’ygan bo’lsa-da muharrirga. -Xo’sh siz kimni 
tavsiya qilasiz, -dedi. 
 
-Mirabror aka yaxshi ishlab turibdilar. Ammo parlament yangi, hukumatga ham yangi qon berish 
kerak. Qolaversa, do’stingiz Shukrullo Mirsaidov eng yaxshi nomzod. Oliy kengash raisi 
Vodiydan, hukumat raisi poytaxtdan bo’lsa, muvozanat saqlab qolinadi. Har doim shunga rioya 
qilinardi. 
 
Bu men o’ylab yurgan gaplarni yo ba’zi joylardan eshitib olgan yoki haqiqat shu bo’lgani uchun 
fikrimiz bir joydan chiqayapti, deb o’yladi Karimov. Hozir indamasam, keyin mening aytganimni 
qildi, deb ko’kragiga urib yuradi. Shuning uchun hozirning o’ziyoq to’g’onni bostirishim kerak. 
Bu odam tahlikali, unga ishonish qiyin. Yo’qotish uchun yaqinlashtirayapman uni. Menimcha 
rahbarlikning eng yaxshi usullaridan biridir bu. Kadrlarni biror bir lavozimda uzoq ushlamaslik 
kerak. Yo’qotish uchun avval yaqinlashtirish,  sir asrorini o’rganish va nozik joyiga 
o’nglanmaydigan qilib tepib yuborish darkor. Mana buni esa hozir sevintirmog’im kerak. 
O’shanda majlisda yana ham ilhomlanib gapiradi… 
 
-Sizga tobora qoyil qolayapman, -dedi Karimov muharrirga. -Ahmadjon aka yo farishtasiz yoki 
ilohiy odamsiz… 
 
Muharrir “farishtasiz” kalimasining ikki ma’nosi borligini o’ylagan bo’lsa-da lekin Karimov uni 
farishta deyayotganiga shubha qilmadi. Karimov esa so’zda davom etdi: 
 
-Men o’ylab turgan narsani folbindek aytib berdingiz. Sizni menga Xudoning o’zi yubordi. Bir 
umr aka-ukadek yonma-yon yashaymiz. Yulduzni istasangiz uzib beraman. Uzolmagan 
takdirimda narvon qo’yib beraman, o’zingiz chiqib uzib 
  
olasiz. 
 
-Siz ham shoir bo’lib ketdingiz. 
 
-Tilni yaxshi o’rganib olay, she’r qanday yozilishini ko’rsatib qo’yaman bularga… 
 
Muharrir “bular” kimligini tushunmadi. Kimlarni nazarda tutayapti ekan? Balki shoirlar bilan gapi 
qochib qoldimi? Ammo shoirlar orasida bunga qarshi chiqadigani yo’q-ku? Ha, topdim. Uch-
to’rtta yosh shoir muxolifat bayrog’ini ko’tarib yuribdi. Buning yuragiga ular g’ulg’ula solishgan. 
Bu qadar nutqlarga e’tibor qilayotgani, majlisdan bu qadar cho’chiyotgani ham ana shundan. Lekin 
yomon odamga o’xshamaydi. Ko’p gapi samimiy. Agar gaplari yolg’on deydigan bo’lsam, 
boshdan oyoq hamma gapiga ishonmasligim kerak. Aytganini qilayapti. Mening aytganimni ham 
qaytargani yo’q. Ming marta shukur qilish kerak. Ilgarigilar bizga o’xshaganlar bilan mana 
shunday choy ichib o’tirisharmidi? Balki ichishgandir ham. Biz qayoqdan bilamiz? Mana bizning 

birga nonushta qilganimizni kim biladi? Nima bo’lganda ham bu mening yordamimga muhtoj. 
Muhtojni esa ostonadan haydamaydilar. 
 
Karimov muharrirdan “izn olib” majlis zalining orqasidagi boshqa xonaga o’tdi. Muharrir esa 
gazeta tahririyatiga sim qoqib, o’rinbosarini chaqirdi. 
 
Nutqlarni o’qib bo’lguncha o’rinbosar etib keldi. 

Download 4.8 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling