Tarixiy roman


Download 4.8 Kb.
Pdf ko'rish
bet17/33
Sana18.12.2017
Hajmi4.8 Kb.
#22512
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   33
 
-Kechirasiz, ruxsatnomam bo’lishiga qaramay ichkaridagi xonalarga kiritishmadi. Biroz 
tortishdik. 
 
-Hechqisi yo’q, Anvarjon, mana bu nutqlarni birovga ko’rsatmasdan terishga bering. Mana bu esa 
mening nutqim,-u cho’ntagidan o’zi qoralab qo’ygan sahifalarning nusxasini olib muovinga berdi. 
-Birinchi sahifaning sarlavhasi “Prezidentlik mustaqildir!” bo’lsin. O’ttiz oltilik shriftda yozdiring. 
Harflar quyuq-moyli bo’lsin. Sarlavha ostidan Karimovning bayroq yonida turgan rasmini 
joylashtiring. Mana bu nutqlarni esa och bo’yoqli harflarda terdiring. Men ostini chizgan jumlalar 
katta harflar bilan yozilsin. Tayyor bo’lgach, sahifani shu erga olib keling, men yana bir marta 
o’qib beraman. 
 
-U yoqda boshqa gazetadagilar ham ko’rib qolishlari mumkin. 
 
-Ko’rsalar ko’rarlar. Oyni etak bilan yashirib bo’lmaydi. Zotan, rahbarimizning mustaqil bo’lishi 
taklifini tushdan keyin men  o’zim kiritaman. Nafaqat boshqa gazetalar, Moskovdagilar ham 
eshitadi. Shu bois ruscha xabar tayyorlab qo’ysangiz, ularga ham o’zimiz jo’natamiz. Anvar “xo’p-
xo’p” degancha muharrirdan ayrilib, kirish eshigi yonida turgan Mavlonning yoniga bordi: 
 
-Ahmadjon aka mana bu nutqlarni berdilar. Gazetaning sarlavhasi ham tayyor. Masala majlisda 
ko’rilmasdan mish-mish tarqalib ketmasmikan?-dedi u Mavlonga 
  
sekingina. 
 
-Hozir Islom aka bizlarni qabul qilmaydi. Faqat KGBning raisi u kishining oldiga kirib chiqishi 
mumkin. Kechikmasdan bu gapni unga ayting. 
 
-Qanday bo’larkin? 
 
-Nima, o’z rahbaringizdan cho’chiysizmi? 
 
Anvarning rangi oqarib ketdi. Nima deyishni bilmay qoldi. 
 
-Qo’rqmang, qo’rqmang, mendan boshqa hech kim bilmaydi. Sizni men o’zim taklif qilganman-
ku. Ko’ngilni to’q qiling, jo’rajon. Bundan keyin birga ishlaymiz. Mening bilishimdan faqat 
Karimov xabardor. Hozir esa tezroq boring, kechiktirmang! 
 
Mavlon o’rinbosarning elkasiga urib qo’yarkan, jilmayib qo’ydi. O’rinbosar ham unga jilmayish 
bilan javob qildi-da, ko’zdan g’oyib bo’ldi. Majlis binosida KGB uchun ajratilgan maxsus xona 

bor edi. U erga har kim ham kirib chiqa olmasdi. Anvar shu xonaning yoniga keldi -da, eshikni 
taqillatdi. Ichkaridan “kim”degan ovoz eshitildi. 
 
-”Qishloq Haqiqati”… o’rinbosar… 
 
Eshik ochilib, novcha yigit ko’rindi. O’rinbosar qandaydir hujjatni yigitga ko’rsatdi- da, ichkariga 
kirdi. 
 
-Tez borib zaldan raisni chaqirib keling! -dedi Anvar. 
 
Bir lahzada yigit tashqariga chiqib ketdi va oradan hech narsa o’tmay Melkumov ostonada 
ko’rindi. KGB raisi ichkariga kirdi, yigit esa eshikni yopib, tashqarida qoldi. 
 
Melkumov o’rinbosarning qo’lidagi qog’ozlarni darrov nusxaladi. Nusxalash apparatidan chiqqan 
varaqlarni yig’ishtirib, xonadan otilib chiqib ketdi. Orqasidan kuzatib qo’ygan yigit qaytib keldi-
da Anvarga “Chiqavering, hech kim yo’q” ishorasini berdi. Anvar eshikdan chiqarkan, avval chap, 
keyin o’ng tomonga nazar soldi-da, majlis zaliga olib boradigan yo’lak bo’ylab yurib ketdi. 
 
KGB raisi voqeani Karimovga tushuntirib berarkan: 
 
-Bulardan bir nusxasini o’rinbosar olib ketdi. Qo’lidan olib qo’yishim to’g’ri bo’lmasdi. Gap-so’z 
ko’payardi,-dedi. 
 
-Nima qilsang qil, hozircha hidi chiqmasin. Moskva eshitib qolsa, qo’rqadigan joyim yo’q. Lekin 
radio-televidenie jar solishi mumkin. Ish bitgandan keyin o’zlarini 
  
osishsa ham farqi yo’q. Hozircha esa o’rinbosar yonida saqlasin. 
 
Karimovning planiga ko’ra bu ish parlamentda tasodifan o’rtaga chiqib qolishi va uning yo’q 
deyishiga qaramay mustaqil rahbar sifatida saylab yuborishlari kerak edi. Moskvaga ana shu 
javobni tayyorlagandi. Shu bois ham Ahmadjon Muxtorovning ishidan ranjidi. 
 
-Unga ko’z-quloq bo’linglar. Ayniqsa tush paytida yolg’iz qoldirmanglar. Mavlonga ayt, yonidan 
qimirlamasin. U bilan hisob-kitobni esa vaqti kelganda qilamiz. Hozircha eshagimizning jilovi 
uning qo’lida… 
 
Bu voqea Karimovni sarosima holiga tushirdi. O’zini qo’yarga joy topolmay qoldi. Ammo uzoq 
o’ylab o’tirmadi. Raisni chaqirdi-da: 
 
-Tushdan keyingi masalani hozir hal qilamiz. O’zingiz ana u muharrir bilan gaplashing, majlisni 
ochishingiz bilan so’zga chiqsin. Qolganlarni ham ogohlantirib qo’ying,- dedi. 
 
Rais chiqib ketar ekan, Karimov o’n marta o’lgandan bir marta o’lgan yaxshi deb o’yladi. 
Bo’ladigan ish qancha oldin bo’lsa, shuncha yaxshi. Cho’zib o’tiramanmi? Ishqilib ana u 
tirranchalar qopishib o’tirsin-da. Tushdan keyin bo’lganda ancha charchab qolishardi. Buning 
ustiga tushlikni yog’lik qilib buyurgandim, Anhorning bo’yida mazza qilib bugungacha tushlariga 

ham kirmagan ovqatlarni eb olishgach, majlisda qorinlarini silab, mudrab o’tirishardi. Bu 
ablahning rejamizni buzib qo’ygani yomon bo’ldi. 
 
Eshik ochilib Kraynov ko’rindi. 
 
-Boshladi, -dedi u. 
 
Karimov apil-tapil o’rnidan turib, minbarga olib chiqadigan yo’lakdan o’tib, o’z o’rniga kelib 
o’tirdi. Bu paytda Ahmadjon Muxtorov yugurgancha minbar tomon oshiqayotgandi. Bo’yi kalta 
bo’lgani uchun minbar uning vujudini bo’yniga qadar “yashirdi”. Zalda o’tirganlar faqat boshini 
ko’ra olardilar, xolos. Buning ustiga mikrofonlar ham balandda edi. Ahmadjon aka so’zga 
chiqaverib, bu ishning havosini olgani uchun, shoshmasdan mikrofonlarni pastga tushirdi va 
tomog’ini qirib, yo’talgan kabi manzara yaratdi-da o’ziga xos ohangda dona-dona qilib gapira 
boshladi: 
 
-Men sizlarning hukmingizga havola etmoqchi bo’lgan masalani uzoq o’yladim. Hatto fikrlarimni 
qog’ozga ham tushirdim. Lekin bu qog’ozdan o’qib beriladigan gap emas. -Ahmadjon aka bu bilan 
o’zidan keyin so’zga chiqadiganlarni qiyin ahvolga tushirdi. Ular bunga parvo qilmasdan 
nutqlarini o’qib bersalar, uning so’z bobida mohirligi yaqqol ko’zga tashlanadi. O’qib bermasdan 
erkin gapirishga urinsalar, baribir uning kabi so’zlarning “qosh-ko’zini” bo’yay olmaydilar. Har 
  
ikki holda ham zafar uniki. Bu fikrni u oldindan o’ylab ham ko’rmagandi. Ammo shu lahzada 
xayolining qaysi bir so’qmog’idan ana shu fikr o’tgani uchun bir zum gapirishdan to’xtab, 
zaldagilarga termuldi va jilmaydi. Ularni intiq qilmoqchi bo’lgandek minbarning o’ng tarafida 
turgan bardoqdagi suvdan bir qultum ichdi va so’zda davom etdi: 
 
-Jumhuriyatimiz tarixida bugun ilk bor jasoratli qadam o’rtaga otilishi kerak. Millatimizni 
haqoratlashdi, madaniyatimiz, an’analarimizni oyoq ostiga olishdi, ustimizdan kulishdi, kiygan 
to’nimizdan do’ppimizga qadar masxara qilishdi, ishongan tog’larimizni o’g’ri deya muttahamni 
olib qamagandek tahqirlashdi, xotin-qizlarni tergovga tortishdi, sharaf va nomuslarini erga urishdi 
– biz esa jim. Etar! Bu yuk tegirmon toshidan ham og’ir. Agar bu yukni ko’targan taqdirimizda 
tegirmondan un keladigan bo’lsa, kelmasin. Ochimizdan o’lsak o’laylik. Ammo tegirmonga suv 
quyayotganlarning o’yinchog’iga aylanmaylik… 
 
Karimovning ko’ziga zalda o’tirganlar quloqlarga aylanib qolganga o’xshab ko’rindi. Bu quloqlar 
ding bo’lib, mikrofondan kelgan so’zlarga asir tushgandi. Karimov ham vujudida qandaydir titrash 
his etdi: Qani edi men ham ana shunday gapira olsam, odamlarni titratsam. Ha, u shu paytda o’zi 
sevmagan odamga ham hasad, ham havas qilayotgandi. Hasad va havasning qorishiq tuyg’uga 
aylanishi uni xayol yo’laklariga etaklasa-da, ortga qaytishga majbur edi. Chunki mikrofondan 
takror-takror uning ismi eshitilmokda. 
 
Ahmadjon aka esa  unga chin yurakdan ishongan va samimiyligiga tan berganidan ilhom bilan 
gapirardi: 
 
-Agar prezidentlik tizimini joriy qilsak va o’z rahbarimizni mustaqil deya e’lon etsak, Moskovda 
xalqimiz nomidan gapira oladigan va xalqimizning nafaqat sharaf-nomusini balki manfaatini ham 

himoya qila oladigan kuchga ega bo’lamiz. Bugungi siyosiy sharoitda kuchsizning chumoli qadar 
ahamiyati yo’q. Oltinlarimiz tashib ketilmokda, paxtadan tog’lar bunyod etib, kafan qidirib 
yuribmiz, Orolni quritib qo’yib, kelajagimizni dahshatli tahlikaga ro’baro’ qildik, qishloqlarimiz 
xarob, bolalarimiz va onalarimiz och, dalalarda ishlashdan boshqa narsani bilmaydilar, yana biz 
yomon. Ha, boshini eggan inson ham kaltak eydi, ham haqini boy beradi. Shu sababdan bugun 
xalqimizning vijdoni bo’lgan bu parlament o’z ovozini chiqarsin. Jumhuriyatimiz rahbariga 
mustaqillik berish va uning vakolatlarini kengaytirish tariximizdagi buyuk inqilob bo’ladi. Bugun 
bu qarorga imzo otsak, kelajagimiz uchun imzo otgan bo’lamiz. Bu bilan Moskovdagi to’ralarning 
qarshisiga o’zimizning jasoratli rahbarimizni chiqargan bo’lamiz! Bu bilan orzularimiz amalga 
oshadigan kurashga maydon ochgan bo’lamiz! Sizni bu masalani kun tartibiga kiritishga va 
qo’lingizni ko’kragingizga qo’yib, vijdon haqqi qaror berishga chaqiraman! 
 
Ahmadjon Muxtorov gulduros qarsaklarga hamohang odim tashlab, o’z o’rniga borib o’tirdi. U 
shu lahzada aytgan gaplaridan iftixor tuyar va bundan hali ming marta pushaymon bo’lishi esa 
xayoliga ham kelmasdi. U mana shu gaplari bilan 
  
o’zining kelajagiga parda tortgani va o’z ajalini taxtga mindirayotganidan bexabar edi. 
 
Karimov esa shu damda xayolga botgan odamning ko’rinishini bermoqchi bo’lgandek, boshini 
xam qilgancha barmoqlari bilan stolni chertardi. 
 
Rais Mirzaolim Ibrohimov sevinchdan uchayotgan qush kabi engil ekanligini ko’rsatmoqchi 
bo’ldi, shekilli, qo’llarini havoda bir-biriga ishqab, o’rnidan bir turib o’tirdi-da masalani kun 
tartibiga kiritish uchun ovozga qo’ydi. Keyin qo’l ostidagi qog’ozlarni titkilarkan zalga qarab ham 
o’tirmasdan “Qarshi, betaraf, yo’q, hamma “za”dedi. 
 
Ammo qarshilar ham, betaraflar ham bor edi. Shu sababdan so’z so’rovchilar ko’payib qoldi. Rais 
esa ularga parvo ham qilmay qo’lidagi ro’yxatiga qarab ma’ruzachilarni chaqira boshladi. 
Ularning aksariyati rahbarlar edi. Biri Karimovning tarjimai holini o’qib berdi. Qolganlari esa 
uning siyosiy tashkilotchiligi, rahbarlik qobiliyati, usta yo’lboshchiligi, insoniy xislat-fazilatlari, 
oiladagi ibrati, ilm bobidagi muvaffaqiyatlari, tajribali iqtisodchiligi kabi boshqalarda oz 
uchraydigan “taraf”larini har turli dalillar, voqealar bilan “isbotlab”berdilar. Ammo o’z ixtiyori 
bilan so’zga chiquvchilar ham jim turmadilar. Soatlab o’rta qatorlardagi mikrofonlar yonidan 
uzoqlashmadilar. Karimov esa bundan norozi edi. Bularning milliy g’ururi ham yo’q, deb o’yladi. 
Agar bunday g’urur bo’lganda, Muxtorovning gaplaridan keyin uyg’onardi. Balki uyg’ongandir, 
balki mening foydamga gapirishar? Mansab, lavozim olish, ko’zga tashlanish uchun bundan qulay 
fursat bormi? Ularga so’z beraman. Agar qarshi gapiradigani chiqsa, qanotini sindirib tashlayman. 
Bu erda faqat mening masalam emas, balki millatning taqdiri hal bo’layotganini aytib, sharmisor 
etaman. Bolani bolalikda tarbiyalamasang, keyin boshingga chiqib oladi… 
 
 
AY O L [ 3 3 ] 
 
  
 

-Nega kutib turganlarga so’z bermayapsiz, adolat qiling, adolat qiling,hurmatli rais. Ular ham shu 
millatning farzandlari. Aytadigan gaplari bordir? -dedi Karimov raisga. 
 
Karimovning bu gapidan keyin navbat kutib turganlar harakatga keldilar. 
 
-Ukajon, kechadan buyon faqat siz so’zga chiqayapsiz, -dedi rais mikrofon yonida turgan yigitga 
karab. Ana u do’ppili ukamiz esa umuman so’zga chiqqani yo’q. Biz adolatli bo’lishimiz kerak. 
Elga navbat sherga navbat. Hozir so’zni uchinchi qatorda o’tirgan do’ppili ukamizga beramiz. 
 
Do’ppili yigit o’rnidan turib: 
  
-Men so’z so’raganim yo’q, -dedi. 
 
-Bu masalada so’z so’rash kerak emas. Biz demokratiya qurayapmiz, oshkoralik zamonida 
yashayapmiz. Har kim o’z fikrini aytishi kerak, -dedi rais maslahatomuz ohangda. 
 
-Mendan gapni emas, ketmon urishni so’rang. Siz gapiring men eshitaman, -dedi haligi yigit. 
Zaldagilar kulib yuborishdi. Kimdir sodda qishloq yigitining askiyasidan miriqib kulsa, yana 
kimdir raisning o’yinidan kulardi. Karimovning esa jahli chikdi. Raisga ham qarab o’tirmasdan: 
 
-So’z mikrofon yonida turgan singlimizga, -dedi. 
 
Karimovning “singlisi”shoshmasdan minbarga qarab yurdi. Bularga qo’l uzatsang elkangni uzib 
olishadi. Ha o’sha mikrofondan gapiravermaydimi, deb o’yladi Karimov. Albatta minbarga 
chiqishlari kerak. Bu jikkakkina qiz minbarga chiqib, ham bizning ham xalqning ko’ziga 
ko’rinmasa bo’ladimi? Kichkinagina bo’lsa ham yoqimli ekan. Buni ro’yxatga kim kiritdi ekan? 
Har holda viloyatning birinchisi o’zi bilan birga olib kelgan bo’lsa kerak… 
 
Karimovning o’zi ham viloyatda ishlaganida poytaxtga kelarkan “zerikib”qolmaslik uchun ana 
shunday yo’ldosh olib kelardi. Shu bois bu qizni ham viloyat rahbarlaridan birining mulki deb 
hisobladi. 
 
Ammo sohibining didi baland ekan, deya xayolini davom ettirdi Karimov. Bu qizaloqni unga em 
bo’lishga qo’ymayman. Qanotimning ostiga olaman, meniki bo’ladi. 
 
Karimov xayollarini tizginladi-da “qizaloq”ning so’zlariga quloq tutdi. 
 
-Ismim Toyiba, o’qituvchiman. Nomzodimni xalq ko’rsatdi. Kommunistlar esa yo’limni to’sdilar. 
Qarshiliklarni engib bu minbarga qadar etib kelgan ekanmiz, bu bizning kuchsiz emasligimizni 
ko’rsatadigan omildir. Bu u qadar muhim emas, muhimi bundan keyingilari. 
 
Bu erda Karimovga mustaqillik berishni millatimiz, madaniyatimiz bilan bog’lashdi. Agar siz 
millat va madaniyatni tushunadigan bo’lsangiz uni mustaqil deb e’lon qiling. Avval millat mustaqil 
bo’lsin undan keyin Karimovlari! 
 

Biz rahbarning og’ziga qarashga o’rganib qolganmiz.  Rahbar aytgan gapni qonun deb bilamiz. 
Oldin bu zehniyatdan qutulaylik, undan keyin bir kishiga katta- katta vakolatlarni beraylik. 
 
Bugun Karimovni mustaqil deb e’lon qilsak, ertaga u diktator bo’ladi. Bu insonni 
  
ozmi ko’pmi tanidik. Gaplari boshqa, ishlari boshqa. Bugun qaror chiqarsak bu qaror 
jumhuriyatimizni diktaturaga, zulmga boshlaydigan yo’lning debochasi bo’ladi. 
 
-To’xtang, -deya o’rnidan turdi Karimov. -Sizning qushning miyasidek keladigan boshingizdan bu 
fikrlar chiqishiga hech kim ishonmaydi. Hurmatli deputatlar, men sizlarga haqiqatni aytib qo’yay, 
kecha tush payti qora kuchlarning baqiroq rahbarlari Anhor bo’yida deputatlarni ovlash bilan 
ovora edilar. Bu xonim esa ularning tuzog’iga oldinroq ilingan. Ular yozib bergan narsani yodlab 
olib, mana bu erda to’tiqushdek takrorlamokda. 
 
-Kechirasiz, men o’z fikrimni aytayapman. -Toyibaning bu so’zlarini Karimovning sasi bosib 
ketdi. 
 
-Gapni bo’lmang! Yoki madaniyatdan ham yiroqmisiz? 
 
-Axir mening gapimni siz bo’ldingiz-ku? -Toyibaning bu gapini ham hech kim eshitmadi, chunki 
rais tugmani bosib, asosiy mikrofonni yopib qo’ygandi. Karimov esa jahl bilan so’zda davom etdi: 
 
-Moskovning ikkita muttaham tergovchisi xalqimizning boshiga qancha kulfat soldi. Biz bunga va 
shu kabi kulfatlarga chek qo’yamiz deb turgan bir paytda mana bundaylarning o’rtaga chiqishi 
tabiiy. Bundaylar dushmanlarimizning bizning oramizga qadar uzangan qo’llaridir. O’tiring 
eringizga, muhtaram xonim! Bu mikrofonlar xalqning so’zi aytiladigan mikrofonlardir, bu 
mikrofonlar siz va siz kabilar uchun yopiqdir! 
 
Toyiba bu qadar bezbetlikni kutmagan bo’lsa kerak, indamay minbardan tushdi. Mikrofonlar 
yonida turgan deputatlarning gaplarini ham hech kim eshitmadi. Chunki Karimovga yaxshi 
ko’rinishni istaganlar Toyibaga qarshi ekanliklarini ko’rsatish uchun, qarsak chalib, yer 
tepayotgandilar. Faqat Shovruq Ro’zimurodovning baland ovozi qarsaklarning bag’rini tilib 
yubordi: 
 
-Bu odamni saylab bo’lmaydi, -deya faryod tortdi u. Bu faryod xuddi qafasga solib qo’yilgan 
sherning oniydan ko’kka otilishi kabi edi. Ammo u bilmasdiki, boshi temir panjaralariga urilgach, 
yana o’z eriga qaytib tushadi. U kuchli sher bo’lishiga qaramay temir panjaralar qarshisida ojiz 
edi. Shovruq Ro’zimurodovning ikki qo’lidan ikki hamyurti ushlab, o’rniga o’tkazishga harakat 
qilisharkan, u qalbidan otilib kelayotgan isyonni to’xtata olmasdi: -Bu odamni yaxshi taniyman, 
viloyatimizni botqoqqa botirdi, xalqimizni xoru zor etdi. Bugun unga mustaqillik bersak, ertaga 
voy jonimizga! 
 
Zalda g’ala-g’ovur tinmas ekan rais masalani ovozga qo’ydi va yana hech narsa ko’rmagandek 
“Qarshilar yo’q”deb e’lon qildi. 
  

-Yozib qo’ying, -dedi Karimov. -Bittasi zalni tashlab chiqib ketdi. -U shunday deb zaldan chiqib 
ketayotgan Toyibani ko’rsatdi. -Yana bittasi esa qarshi. -Karimov bu safar ko’rsatgich barmog’i 
bilan Ro’zimurodov o’tirgan tomonga ishora qildi. 
 
Mirtemir o’rnidan turib rais Mirzaolim Ibrohimovning yoniga keldi, ammo rais uni tinglamadi va 
majlisni “yopiq”deb e’lon qildi. Shundan keyingina Mirtemirga yuzlandi: 
 
-Bolam, biror gapingiz bor edimi? 
 
-Qarang, hamma Karimovni tabriklayapti, siz ham kech qolmang demoqchi edim, -dedi Mirtemir 
kinoya bilan. 
 
Rais kinoyani anglasa-da o’zini sodda-go’llikka urdi: 
 
-To’g’ri aytasiz, aslida birinchi men tabriklashim kerak, -dedi. 
 
Mirtemir esa uning so’zlariga quloq ham solmay majlis zalidan chiqib ketdi… 
 
 
M U S TA Q I L L I K [ 3 4 ] 
 
  
 
Karimov mustaqil rahbar deb e’lon qilingani sharafiga viloyat rahbarlari tomonidan uyushtirilgan 
ziyofatga shoshayotgandi. Ammo boshqa jumhuriyat rahbarlaridan kelayotgan tabriklarning keti 
uzilmasdi. U qutlovlarni mamnun qiyofada qabul etar ekan, ko’zini sariq telefondan ayirmasdi. Bu 
telefon mamlakat rahbari bilan aloqa o’rnatish uchun qo’yilgandi. Aslida Karimov shoshayotgan 
bo’lib ko’rinsa-da ko’nglining bir chetida qorong’ulik bor edi. “Nimaga telefon qilmadi?”degan 
savol oqib kelayotgandi ana shu qorong’ulikdan. Nihoyat uning kutgani bo’ldi. Sariq telefon 
jiringladi. 
 
-O’zingcha mendan tabrik kutayotgan bo’lsang kerak, -dedi mamlakat rahbari. 
–Ammo sendan bunday harakatni kutmagandim. Seni bu vazifaga loyiq emas deyishganda, 
yo’lingni ochgandim… 
 
-Men doim siz bilan birgaman. Sizni qo’llab-quvvatlayman, -dedi Karimov o’rnidan turib. Ammo 
telefonning u tarafidagi kishi uning gaplariga quloq solmasdan so’zida davom etdi. 
 
-Ittifoq shartnomasini tuzib olgandan keyin men o’zim seni bu lavozimga tavsiya qilardim. Lekin 
hozir orqadan pichoq urding. 
 
-Mening xabarim yo’q edi. Masalani Moskovdan kelgan deputatlarimiz kun tartibiga kiritdilar… 
  
-Eski partiyaviy o’yinlarni yig’ishtir,  -deya uning so’zini kesdi mamlakat rahbari Mixail 
Gorbachyov. -Hammasidan xabardorman. Seni mustaqil qilib qo’yadigan zamon emas. 
 

-Referendumni to’qson to’qqiz foiz qilib beraman. Hamma Ittifoq shartnomasini qo’llab-
quvvatlaydi. 
 
-Men nima desam to’ng’izim nima deydi… Referendumda sening fikringga ehtiyojim yo’q. Bizga 
xalqning fikri kerak. Sening vazifang sharoitni xalqqa tushuntirishdir. Natija ellik bir foiz chiqsin, 
lekin bu raqam ortida haqiqiy insonlar tursin… 
 
Gap boshqa yoqqa burilib ketganidan Karimov engil tortdi. Indamasdan referendum haqidagi 
ma’ruzani tingladi. Sariq telefon dastasini o’rniga ko’yar ekan, Kraynovni chaqirdi: 
 
-Ziyofatga kechroq boraman. Hozir esa Iso Xolisni chaqir. 
 
Karimov nega birdan Iso Xolisga ehtiyoj tuyganini o’ylay boshladi. Endi Moskov meni yo’qotish 
payiga tushadi. Tabiiyki, buni muxolifatning qo’li bilan amalga oshiradi. Mening o’rnimga ulardan 
birini keltiradi, maydonni bo’sh qoldirmasligim kerak. Yo’lini qilib Moskovdagilarning ko’nglini 
olishim zarur. Ularga bu ishni nima uchun qilganimni tushuntirishim kerak. Birinchi navbatda u 
erdagi ijrochilarning haqini etkazish, keyin esa muxolifatni bo’g’ish shart. Har qanday norozilik 
harakati Moskovga qo’l keladi. Uni menga qarshi qo’llashadi. 
 
Karimov Mavlonni chaqirdi: 
 
-Ertadan boshlab partiya bilan bizning binoni ajratasan. O’zingni kadrlar bo’yicha maslahatchim 
qilib tayinlash haqida farmon hozirla. Xo’jalik ishlarini yuritadigan og’zi butun, oyog’i chaqqon 
odam topgin. Yordamchilardan biri partiya ishlarini yuritsa, boshqasi prezidentning ishlarini 
yuritadi. Kelgusida yana besh-olti yordamchi olamiz. Baxtiyor Nazarovni esa siyosiy masalalar 
bo’yicha maslahatchi qilib tayinlaymiz. 
 
Karimov shunday deb tortmasidan bir varaq qog’ozni chiqardi. Sahifaning teppasiga “Prezident 
apparati” deb yozilgandi. Qolgan joylarga kichkina-kichkina to’rtburchaklar chizilgan va ularning 
ichida ham yozuvlar bor edi. 
 
-Mana senga qo’llanma. Shu asosda yangi idoraning tuzilishi haqida qaror tayyorla. 
 
Shu payt eshik ochilib Kraynov ichkariga kirdi va “Keldi” dedi. Karimov esa Mavlonga qarab: 
  
-Iso Xolisning partiyasiga hukumatga oid binolardan ertagayoq joy berishsin. Ikkita-uchta 
mashina ham beringlar. Qolganini keyin gaplashamiz, -dedi. 
 
Mavlon chiqib ketarkan, Karimov ham uning orqasidan eshik yonigacha keldi. Ichkariga kirgan 
Iso Xolis Karimov meni qarshilashga chiqdi deb sevindi, shekilli: 
 
-Ovora bo’lmang, -dedi. 
 
Karimov esa shoshib turgan kishidek, u bilan eshik yonida gaplashdi: 
 

-Uka, talablaringizni ertaga bajarishadi. Bino ham berishadi, mashina ham. Baxtiyorni ham ishga 
olayapmiz, do’stingiz Maqsad Qulni ham bu erga keltiramiz. Lekin sizga qurultoy uchun katta bir 
binoni ajratar ekanmiz, butun harakatni ergashtirsangiz kerak, deb  o’ylagandik. Mayli, oziga 
baraka deydilar. Lekin qolganlarni nima qilamiz? 
 
-U erda uch-to’rtta dordan qochganlar qoldi. O’z-o’zidan yo’q bo’lib ketadi. Chunki xalqning 
ruhini tashiganlar biz bilan birga. 
 
-Ha, sizni chaqirishimning sababi, mamlakat rahbari Gorbachevga saboq berib qo’yganimni aytish 
edi. Bizning mustaqil bo’lishdan boshqa yo’limiz yo’q ekanligini ham bildirib qo’ydim. Paxta 
monopoliyasini tugatish, yoshlarimizni askarlikka yuborishda kafolat istashimiz kabi masalalarni 
ham shartta-shartta gapirdim. Bu yog’iga sizdan dastak kelib tursa, bas. Birgalashib hammasini 
amalga oshiramiz. 
 
-Biz mustaqillik deklaratsiyasini tayyorlayapmiz, -dedi Iso Xolis. -Xudo xohlasa, bu eng katta 
dastak bo’ladi. 
 
Karimovning birdan avzoyi buzildi. 
 
-Bu ishga ham shoshmasligimiz kerak, -dedi zaharxandalik bilan. Birdaniga tirnoqni etdan ajratib 
bo’lmaydi. 
 
-To’g’ri,  -dedi Iso Xolis, -biz e’lon qiladigan deklaratsiya umumiy tarzdagi bayonot. Ya’ni 
orzuimizning ifodasi bo’ladi. Zotan, deklaratsiya degani qonun emas, balki printsiplar bayonotidir. 

Download 4.8 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   33




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling