Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish – mashinalashtirilgan ishlab chiqarishni nazorat qilish va boshqarish ishlarini avtomatik qurilmalar zimmasiga yuklash; ishlab chiqarishni mexanizasiyalashtirishning yuqori bosqichi. Fan va texnika taraqqiyotining asosiy yo`nalishlaridan biri. Mehnat unumdorligi, mahsulot sifati, mehnat madaniyati va boshqa omillar ishlab chiqarish ko`rsatkichlarini yuqori darajaga ko`tarish imkonini beradi. Ishlab chiqarishni avltomatlashtirishning qisman (lokal), yalpi (kompleks) va to`la avtomatlashtirish bosqichlari mavjud.
Ishlab chiqarishni intensivlash — texnika, moddiy va mehnat resurslari potensialining har bir birligidan yanada to`liqroq foydalanish yo`li bilan ishlab chiqarish jadalligini oshirish. Zamonaviy texnika va texnologiyani joriy etish, ishlab chiqarish jarayonini mexanizasiyalashtirish, avtomatlashtirish, kompyuterlashtirish, mehnat resurslaridan rasional foydalanish orqali barcha jabhalarda yuqori ko`rsatkichga erishishga asoslanadi.
Ishlab chiqirishni ixtisoslashtirish - korxona, kompaniya yoki ularning biror tarkibiy qismining asosiy faoliyatini tor doiradagi mahsulot, tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarishga yo`naltirish. Ma’lum mahsulot ishlab chiqaradigan xo`jalik sohalari va korxonalarning shakllanishida o`z ifodasini topadi.
Ishlab chiqarishni iqtisodiy rag`batlantirish – iqtisodiy omillar yordamida korxona iqtisodiy manfaatlariga ta’sir ko`rsatadi. Ishlab chiqarishni iqtisodiy rag`batlantirish moddiy ishlab chiqarishni rivojlantirishning zarur va muhim shartidir. Davlat tomonidan ishlab chiqarishni iqtisodiy rag`batlantirish imtiyozli kreditlar berish, ishlab chiqarishga to`g`ridan-to`g`ri subsidiyalar ajratish, soliq imtiyozlari berish, tashqi faoliyatni moliyaviy qo`llab-quvvatlash, davlat xarid narxlarini ko`tarish, ish haqidan olinadigan soliqlar stavkasini pasaytirish, eksport-import tovarlarini boj to`lovidan ozod qilish va boshqalardan iborat.
Ishlab chiqarishni mexanizasiyalash – ishlab chiqarish jarayonlarida odamning jismoniy hamda aqliy mehnatini mashinalar va mexanizmlar zimmasiga yuklash. Bundan asosiy maqsad — odamni og`ir mehnat turlaridan ozod qilish, mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot tannarxini kamaytirish va boshqalar. U fan-texnika taraqqiyotining asosiy yo`nalishlaridan biri bo`lib, ishlab chiqarish kuchlari taraqqiyotini ta’minlaydi, mehnat samaradorligini oshirishda moddiy asos bo`lib xizmat qiladi. Ishlab chiqarish jarayonining texnik vositalar bilan ta’minlanganlik darajasiga va ish turiga ko`ra, ishlab chiqarishni mexanizasiyalashtirish qisman va yalpi (kompleks) mexanizasiyalashtirish darajalari mavjud. Qisman mexanizasiyalashtirishda asosiy texnologik jarayonlar mashina va mexanizmlar yordamida, yordamchi ishlar esa qo`l kuchi bilan bajariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |