Nogironlik mehnatda mayib bo‘lish oqibatida kelib chiqqan deb hisoblanadigan nogironlik sabablari
RO‘YXATI
Agar nogironlikni keltirib chiqaruvchi jarohatlanish, zaharlanish, oftob urishi, kuyish, sovuq urishi, cho‘kish, elektr toki yoki yashin urishi, shuningdek, tabiiy ofatlar yoki avariyalar tufayli salomatlikning boshqacha shikastlanishi quyidagi hollarda sodir bo‘lsa (huquqqa qarshi xatti-harakatlardan tashqari) nogironlik mehnatda mayib bo‘lish tufayli sodir bo‘lgan deb hisoblanadi:
a) mehnat vazifalarini bajarishda (shu jumladan xizmat safari vaqtida), shuningdek, korxona yoki tashkilot manfaatlari yo‘lida hatto maxsus topshiriqsiz biron ish bajarganda ham;
b) korxona, tashkilot hududida yoki boshqa ish joyida ish vaqti davomida (belgilangan tanaffus vaqti ham shunga kiradi), shuningdek, ish boshlanishi yoki tugashi oldidan ishlab chiqarish qurollarini, kiyim-bosh va boshqalarni tartibga keltirish uchun zarur bo‘lgan vaqt davomida;
v) ish vaqti davomida (belgilangan tanaffuslar ham shunga kiradi) korxona, tashkilot yoki boshqa ish joyi yaqinida, agar u yerlarda bo‘lish ichki mehnat tartibi qoidalariga zid bo‘lmasa;
g) ishga borayotganda yoki ishdan qaytayotganda;
d) vaxtali shaharcha hududida vaxta-ekspeditsiya usuli bilan ishlaydigan va tabiiy ofat vaqtida smenali dam olishda bo‘lgan xodim bilan yuz berganda;
e) davlat yoki jamoat vazifalarini bajarishda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan jamoat tashkilotlarining topshiriqlarini (garchi bu topshiriqlar asosiy ish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham) bajarishda;
j) inson hayotini saqlab qolish, O‘zbekiston Respublikasi davlat va jamoat mulkini, fuqarolar mulkini, huquq-tartibotni qo‘riqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi burchini bajarish vaqtida;
z) ish kuni davomida ma’muriyatning (bo‘lim, bo‘linma, sex, uchastka rahbarlarining va shu kabilarning) xodimning vazifasiga kirmaydigan topshiriqlarini bajarish vaqtida;
i) donorlik vazifalarini bajarish munosabati bilan.
Mehnatda mayib bo‘lgan yoki kasb kasalligiga chalingan shaxslarning kasbiy mehnatga layoqat yo‘qotilishi darajasini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomga
2-ILOVA
Do'stlaringiz bilan baham: |