Tovar, moliyaviy aktivlar narxlari va foiz stavkalarining keskin tebranishi. Bunday holatda banklar kredit va bozor risklarini aniqlashda, omonatchilar va nazorat organlari bank moliyaviy holatini baholashda noaniqliklarga duch keladi. 1980 yillarda Shvetsiyada kredit bozorini liberalizatsiya qilish natijasida kredit spekulyatsiyasi va moliyaviy bozorda narxlarning asossiz oshishi jiddiy bank inqiroziga olib kelgan.
Savdo qoidalarining buzilishi. Mazkur holat bank inqirozlarini boshidan kechirgan deyarli barcha mamlakatlarda kuzatildi. Eksport tarkibida asosiy o‘rin egallovchi moddalar bo‘yicha narxlarning keskin tushishi eksport qiluvchi korxonalar va ularga xizmat ko‘rsatuvchi banklar faoliyatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Xorijiy investitsiyalarni jalb etishda moliviy bozorlarni liberalizatsiyalash. Mazkur holatning barcha ijobiy tomonlarini hisobga olgan holda yana shuni ta’kidlash mumkinki, Lotin Amerikasi (80-90 yillarning birinchi yarmi) va Janubiy-Sharqiy Osiyo (1997-1998 yy.) mamlakatlari tajribasi shuni ko‘rsatadiki, qisqa muddatli spekulyativ pullar va portfel investitsiyalar moliyaviy tizimning foiz stavkalari va valyuta kurslari tebranishlariga bo‘lgan ta’sirchanligini oshiradi. Shuningdek, xorijiy investitsiyalarning chiqib ketishi iqtisodiyotni tang ahvolga keltirib qo‘yadi.
Belgilangan valyuta kursi. Bunday sharoitda mamlakatda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida valyuta kursini sun’iy ravishda ushlab turilishi Markaziy bank valyuta zahiralari kamayishiga sabab bo‘ladi. Tashqi qarzlar bilan bog‘liq hisob-kitoblarda muammolar kuchayib, parallel valyuta bozori vujudga keladi. Bu esa, o‘z navbatida foiz stavkalarining oshishi va qarzdorlar to‘lovga layoqatliligining yomonlashuviga olib keladi. K.V.Rudiy tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlarga ko‘ra bank inqirozlarining kelib chiqish sabablari quyidagilardan iborat:
- qadrsiz milliy valyuta;
- dollarizatsiya darajasining yuqoriligi;
- katta miqdordagi tashqi qarz;
- yuqori byudjet defitsiti;
- YaIM o‘sish sur’atining pastligi;
- banklarni tartibga solishning zaifligi;
- moliyaviy bozorlarning rivojlanmaganligi va ixtisoslashgan moliya-kredit muassasalari.
Do'stlaringiz bilan baham: |