Toʻrt pardali komediya Qatnashuvchilar: Ranevskaya Lyubov' Andreevna — pomeshchik ayol. Anya


Download 79.23 Kb.
bet1/5
Sana04.11.2020
Hajmi79.23 Kb.
#140420
  1   2   3   4   5
Bog'liq
Olchazor


Olchazor (drama)

 Кирил ёзувда 



Anton Chexov
(Toʻrt pardali komediya)

Qatnashuvchilar:

Ranevskaya Lyubov' Andreevna — pomeshchik ayol.
Anyauning qizi, 17 yashar.
Varya — asrandi qizi, 24 yashar.
Gayev Leonid Andreevich — Ranevskayaning akasi.
Lopaxin Yermolay Alekseevich — savdogar.
Trofimov Petr Sergeevich — student.
Simeonov-Pishchik Boris Borisovich — pomeshchik
Sharlotta Ivanovna — murabbiya.
Yepixodov Semyon Panteleevich — kontorchi.
Dunyasha — oqsoch qiz.
Firs — malay 87 yoshda.
Yasha — yosh malay.
Oʻtkinchi.
Stansiya nachalьnigi.
Pochta amaldori.
Mehmonlar, xizmatkorlar.

Voqia L. A. Ranevskayaning qoʻrgʻonida oʻtadi.



Birinchi Parda

Hanuzgacha bolalarniki deb ataladigan boʻlma. Eshiklarning biridan Anyaning boʻlmasiga kiriladi. Tong otar payti; hademay quyosh chiqib qoladi. May oyi, olchalar gullagan, lekin bogʻ juda sovuq.

Tong sovugʻi esib turadi. Derazalar berk. Sham koʻtargan Dunyasha va qoʻlida kitob bilan Lopaxin kiradilar.

Lopaxin. Xudoga shukur, poyezd ham keldi. Soat necha boʻldiykin?

Dunyasha. Ikki boʻlib qoldi. (Shamni oʻchiradi.) Tong ham yorishib ketdi.

Lopaxin. Shunday qilib, poyezd necha soat kechikib keldi? Kam deganda ikki soatcha kechikkandir. (Xomiza tortib, kerishadi.) Meni qara-ya, shunaqa ham betamizlik boʻladimi? Ularni stansiyada kutib olish uchun atayi kelib, birdan uxlab qolibman-a... Oʻtirgan joyimda-ya. E, attang... Loaqal sen ham uygʻotib qoʻymabsan-a...

Dunyasha. Men sizni ketib qoldingiz deb oʻylabman. (Quloq soladi.) Ana, kelishayotganga oʻxshaydi.

Lopaxin (quloq berib). Yoʻq... Hali bagaj olishadi, u-bu degandek...

Pauza.


Lyubov' Andreevna besh yildan buyon chet elda yashaydi, bilmadim hozir qanaqa boʻlib ketgan ekan... Oʻzi xoʻp asl odam-da. Xushfe’l, soddagina. Esimda bor, oʻn besh yashar bola edim, rahmatlik otam shu qishloqda boqqollik qilardi. Bir kuni nima ham boʻldi-yu, bir ish bilan qoʻrgʻonga kelib qoldik, otam mast edi. Bir vaqt yuzimga bir musht solib qolsa boʻladimi. Burnim qonab ketdi... Hozir ham koʻz oldimdan ketmaydi: yoshgina, oriqqina Lyubov' Andreevna meni ana shu bolalar boʻlmasidagi umivalьnik oldiga yetaklab kelib: «Yigʻlama, mujichok, toʻyinggacha tuzalib ketadi» degan edilar.

Pauza.


Mujichok-a... Toʻgʻri, otam mujik, qishloqi odam edi, ha men-chi, mana ustimda oppoq jiletka, oyogʻimda sariq botinka. Qarqunoqdan bulbul chiqqanday .. Faqat badavlatman xolos, pulim koʻp, lekin munday oʻylab qarasam, qishloqidan farqim yoʻq... (Kitobni varaqlaydi.) Mana bu kitobni oʻqidim-u, lekin biron narsa tushungan boʻlsam oʻlay. Oʻqib oʻtirib, uxlab qolibman.

Pauza.


Dunyasha. Egalarining kelishini bilib, itlar ham tuni boʻyi uxlamay gʻinshib chiqdi.

Lopaxin. Senga nima boʻldi Dunyasha, nega bunaqa...

Dunyasha. Qoʻl-oyoqlarim titrab ketyapti. Hozir hushimdan ketib yiqilaman.

Lopaxin. Judayam noziksan-da oʻzing, Dunyasha. Kiyimlaring xuddi oyimqizlarnikiday, soch tarashlaring ham shunaqa. Bunday qilishing yaramaydi. Oʻzingning kim ekaningni unutma.

Qoʻlida guldasta koʻtargan Yepixodov kiradi, egnida pidjak, yaltiroq etigi gʻarchillaydi; uyga kira turib, qoʻlidan guldasta tushib ketadi.



Yepixodov (gulni yerdan olib). Mana bu gulni bogʻbon berib yubordi. Yemakxonaga qoʻyishsin deb tayinladi. (Guldastani Dunyashaga beradi.)

Lopaxin. Menga kvas ola kel.

Dunyasha. Xoʻp. (Chiqib ketadi.)

Yepixodov. Boqqa qirov tushibdi, sovuq desangiz uch daraja. Shunday boʻlsa ham olchalar barq urib gullab yotibdi. Sizlarning iqlimingiz menga yoqmadi. (Xoʻrsinadi.) Aslo yoqmadi. Bizning iqlimga sira oʻxshamas ekan. Mana, Yermolay Alekseich, men sizga aytsam, oʻtgan kuni mana bu etikni sotib olgan edim, men sizga aytsam, shunday gʻarchillaydiki, asti qoʻyavering. Nima bilan buni moylasam ekan?

Lopaxin. Nari tur. Jonga tegding.

Yepixodov. Har kuni biron falokatga uchrayman. Bundan sira nolimayman, negaki, oʻrganib qolganman, hatto iljayib yuraveraman.

Dunyasha kirib, Lopaxinga kvas beradi.

Men endi ketay. (Stulga qoqiladi, stul agʻnab ketadi) Mana... (Xuddi maqtangandek.) Mana, men sizga aytsam, kechirasiz, koʻrdingizmi qanday hodisa yuz berdi... Bir hisobda, bu ajoyib narsa boʻldi oʻzi. (Chiqib ketadi.)

Dunyasha. Yermolay Alekseich, men sizga toʻgʻrisini aytsam, Yepixodov menga uylanmoqchi.

Lopaxin. Rostmi?

Dunyasha. Nima qilishni bilmay qoldim... Oʻzi moʻmin-qobilgina odam, lekin bir gap boshlasa hech baloni tushunib boʻlmaydi, gaplari yaxshi, ta’sirli, faqat tushunib olish qiyin. Uning oʻzi menga yoqqanday koʻrinadi. Meni boʻlsa jonidan ham yaxshi koʻradi. Oʻzi baxtsiz odam, kunda boshiga biron falokat tushib turadi. Bu yerda uni falokat bosgan deb masxara qilishadi.

Lopaxin (quloq solib). Ana, kelishayotganga oʻxshaydi...

Dunyasha. Kelishyapti! Kelishyapti! Iye, menga nima boʻldi oʻzi... Titrab ketyapman.

Lopaxin. Rostdan, kelishyapti. Qani, yur, kutib olaylik. Lyubov' Andreevna tanirmikan meni? Besh yil koʻrishmadik.

Dunyasha (hayajonlanib). Men hozir yiqilib tushaman... Voy, yiqilaman!

Ikki ekipajning uy oldiga kelib toʻxtagani eshitiladi. Lopaxin bilan Dunyasha tez chiqib ketadilar. Sahna boʻshab qoladi. Yendagi uylardan tovushlar eshitila boshlaydi. Sahnadan Lyubov' Andreevnani kutib olishga borgan Firs hassa tayanib tez-tez oʻtadi Ustida qadimgicha livreya, boshida baland shlyapa; oʻzicha allanimalar deb gapiradi, lekin bir soʻzini ham anglab boʻlmaydi. Sahna orqasida shovqin zoʻrayadi. «Mana bu yoqqa...» degan tovush eshitiladi. Safar kiyimlari kiygan Lyubov' Andreevna, Anya, zanjirband itni yetaklagan Sharlotta Ivanovna, palьto kiygan va boshiga roʻmol oʻragan Varya, Gayev, Simeonov-Pishchik, Lopaxin, tugun va zontik koʻtargan Dunyasha, yuk koʻtargan xizmatkorlar — hammalari boʻlmadan ichkari uyga oʻtadilar.



Anya. Bu yoqdan yuringlar. Oyi, bu uyning qaysi boʻlma ekanligi esingdami?

Lyubov' Andreevna (sevina-sevina yigʻi aralash). Bolalar xonasi.

Varya. Kun juda sovugʻ-a. Qoʻllarim qotib ketdi. (Lyubov' Andreevnaga qarab.) Oyijon, sizning yaxshi koʻrgan oq va gunafsha rang boʻlmalaringiz qanday boʻlsa, shu holicha turibdi.

Lyubov' Andreevna. Bolalar boʻlmasi, jonginam, juda yaxshi boʻlma. Men ham bolaligimda shu uyda yotar edim... (Yigʻlaydi.) Hozir ham xuddi yosh boladayman... (Akasini, Varyani, keyin yana akasini oʻpadi.) Varya boʻlsa sira oʻzgarmabdi, hali ham monashkaga oʻxshaydi. Dunyashani ham tanidim... (Dunyashani oʻpadi.)

Gayev. Poyezd ikki soat kechikib keldi. Bu qanday gap? Qanday tartib?

Sharlotta (Pishchikka qarab). Mening itim yongʻoq ham yeydi.

Pishchik (hayratlanib). Uni qarang-a!

Anya bilan Dunyashadan boʻlak hamma chiqib ketadn.



Dunyasha. Kuta-kuta koʻzim toʻrt boʻldi. (Anyaning palьto va shlyapasini yechib oladi).

Anya. Men yoʻlda toʻrt kecha uxlamadim... Juda sovqotib ketdim...

Dunyasha. Siz roʻza kezda ketgan edingiz, qor yoqqan edi, qahraton sovuq edi. Endi-chi! Jonginam-ey! (Kuladi, Anyani oʻpadi.) Kuta-kuta oʻlib boʻldim. Jonginam, shiringinam!.. Sizga aytadigan bir gapim bor, hozir aytmasam yuragim qinidan chiqib ketadi.

Anya (xomush). Yana biron nimadir-da.

Dunyasha. Kontorchi Yepixodov hayitdan keyin menga uylanish toʻgʻrisida taklif qildi.

Anya. Kampirning dardi gʻoʻzada... (Sochlarini tuzatadi.) Hamma shpilьkalarimni yoʻqotib keldim. (Anya juda charchagan, hatto gandiraklaydi.)

Dunyasha. Nima qilishimni ham bilmay qoldim. Meni biram yaxshi koʻradiki!

Anya (oʻz boʻlmasining eshigiga karab, erkalanib). Mening uyim, oʻzimning derazalarim... Xuddi hech qayerga ketmaganga oʻxshayman! Yana uyimdaman! Ertaga ertalab oʻrnimdan turaman-u, yugurgancha bogʻchaga chiqaman... Oh, qani endi uyqum kelsa. Yoʻlda mijja qoqmadim... Tashvish ezib yubordi.

Dunyasha. Oʻtgan kuni Pyotr Sergeevich kelgan edilar.

Anya (sevinib). Petya!

Dunyasha. Hammomda turadilar, sizlarga malol keladimi, deb qoʻrqaman deydilar. (Oʻzining yon soatiga qarab.) Borib uygʻotsam boʻlardi-yu, Varvara Mixaylovna ruxsat etmadilar. Uni uygʻotma dedilar.

Varya kiradi, belida bir shoda kalit.



Varya. Dunyasha, qani tezroq kofe keltir... Oyim kofe soʻrayaptilar.

Dunyasha. Hozir olib kelaman. (Chiqib ketadi.)

Varya. Xudoga shukur-ey; omon-eson yetib keldinglar. Sen yana oʻz uyingdasan. (Erkalanib.) Jonginam keldi! Goʻzalim keldi!

Anya. Koʻp qiynaldim.

Varya. Bilaman, bilaman!

Anya. Men hayit haftasida ketgan edim, unda sovuq edi. Bora-borguncha Sharlotta vaysab bordi, har xil nayranglar koʻrsatib bezor qildi. Nimaga Sharlottani menga qoʻshib yubording-a...

Varya. Yolgʻiz ketishing boʻlmas edi-da, joginam. Oʻn yetti yashar qizsan, axir.

Anya. Parijga kirib borsak — sovuq, qor yoqqan ekan. Oʻzim fransuzcha gapirishga oʻlarday noʻnoqman. Oyim beshinchi qavatda turar ekan, kirsam — uy toʻla qandaydir fransuzlar, xonimlar, qoʻlida kitob ushlagan qari ruhoniylar, hamma yoqni tamaki tutuni bosib ketibdi. Uylari ham koʻrimsiz ekan. Oyimga juda rahmim keldi, shunday rahmim kelib ketdiki, boshidan qattiq quchoqlab oldim, ancha mahalgacha qoʻyib yuborgim kelmadi. Keyin oyim erkalandi, yigʻladi...

Varya (yigʻi aralash). Qoʻy, gapirma, boʻldi...

Anya. Mentona yonidagi chorbogʻini ham sotib yubordi. Bisotida hech nima qolmadi, hamma yoq qup-quruq. Menda ham bir tiyin qolmadi, arang yetib keldik. Shunday boʻlsa ham, oyimning sira tushungisi kelmaydi! Vokzalda ovqat yegani oʻtirsak, eng qimmat taomlarni buyuradi, malaylarga esa bir soʻmdan choy puli beradi. Sharlotta ham shunaqa. Yasha ham oʻziga alohida ovqat olinishini talab qiladi, juda ham qiyin boʻldi. Bu Yasha deganimiz — oyimning malayi, uni ham birga olib keldik...

Varya. Koʻrdim oʻsha muttahamni.

Anya. Xoʻsh, bu yerda ishlar qalay? Protsentlarni toʻladinglarmi?

Varya. Qayoqdan toʻlaymiz.

Anya. Eh tangrim, ah tangrim! ..

Varya. Avgustda qoʻrgʻon va mulklar sotilarmish.

Anya. Voy, oʻlay!..

Lopaxin (eshikdan moʻralab, magʻraydi). Ma-a-a! (Ketadi.)

Varya (yigʻi aralash). Basharasiga bir tushiraman-da... (Musht oʻqtaladi.)

Anya (Varyani quchoqlab, sekin). Varya, u senga rostdan uylanmoqchimi?

Varya «yoʻq» deb boshini chayqaydi.

Axir u, seni yaxshi koʻradi-ku... Nega bir-birlaring bilan koʻngil ochib gaplashmaysizlar, nimani kutasizlar, axir?

Varya. Men bu ishdan hech narsa chiqmas deb oʻylayman, u ishi koʻp odam boʻlsa, men bilan soʻzlashishga, uchrashishga fursati yoʻq... u yogʻini soʻrasang, menga qayrilib ham qaramaydi. Xudo olsin uni, koʻrarga toqatim bormi. Hamma bizning toʻyimiz haqida gapiradi, hamma qutlaydi, tegini surishtirsang — hech narsadan darak yoʻq, hammasi tushga oʻxshaydi... (Boshqacha ohangda.) Broshkang xuddi asalariga oʻxsharkan.

Anya (gʻamgin bir ohangda.) Buni oyim olib bergan edi. (Oʻz boʻlmasiga qarab yuradi. Xuddi bolalarga oʻxshab, shoʻxlik bilan gapiradi.) Men Parijda havo shariga tushib uchdim!

Varya. Oʻzimning jonginam keldi! Goʻzalim keldi!

Dunyasha kofe idishi bilan kirib, kofe tayyorlay boshlaydi.

(eshik oldida turib). Ertadan kechgacha roʻzgʻor bilan ovora boʻlib, xayollarga ketaman, jonginam. Seni biron badavlat kishiga uzatsak men ham tinchib qolardim, tarki dunyo qilib ketardim, keyin Kiyevga... Moskvaga borar edim, aziz joylarni ziyorat qilib yurar edim. Xoʻp yurar edim-da. Xayrli ish qilgan boʻlardim.

Anya. Bogʻda qushlar sayrayapti. Soat necha boʻldiykin?

Varya. Ikkidan oshgandir. Sen endi yotib uxla, jonginam. (Anyaning uyiga kirib.) Juda soz!

Yasha chamadon bilan palьto koʻtarib kiradi.



Yasha (sahnadan oʻtib boradi, odobli odamga oʻxshab gapiradi). Bu yerdan oʻtsam mumkinmi?

Dunyasha. Juda odam taniyolmaydigan boʻlib ketibsiz, Yasha. Chet elda yurib mutlaqo boshqacha boʻlib ketibsiz.

Yasha. Shunday. Oʻzlari kim boʻladilar?

Dunyasha. Siz ketganingizda men mana bunday edim. (Qoʻli bilan koʻrsatadi.) Dunyasha, Fedor Kozoyedovning qizi boʻlaman. Unutdingizmi?

Yasha. E-ha-a... Doʻndiqcha ekansiz-ku! (U yoq-bu yoqqa olazarak qarab, Dunyashani quchoqlaydi; Dunyasha qichqirib yuboradi va qoʻlidagi idishi tushib ketadi, Yasha darrov chiqib ketadi.)

Varya (eshikdan qarab, ranjigan tovush bilan). Yana nima balo boʻldi?

Dunyasha (yigʻlab). Idishni sindirib qoʻydim...

Varya. Hamma balo-qazo shunga ursin.

Anya (oʻz uyidan chiqib). Petyaning shu yerda ekanligini oyimga aytish kerak edi.

Varya. Uxlayversin. Uni uygʻotmanglar deganman.

Anya (xayol surib ketadi). Bundan olti yil avval otam vafot qildi, undan bir oy keyin ukam Grisha daryoga choʻkib oʻldi, yetti yashar yaxshigina bola edi. Bu gʻamni koʻtara olmasdan oyim boshini olib chiqib ketdi... (Seskanib tushadi.) Uning dardi-alamini men yaxshi bilaman, qani endi buni oʻzi bilsa.

Pauza.


Petya Trofimov Grishaning muallimi edi, u koʻp narsalarni eslatishi mumkin...

Firs kiradi; egnida pidjak va oq jiletka.



Firs (kofe idishiga yaqinlashadi; tashvishlanib). Bekam kofeni shu yerda ichmoqchilar... (Qoʻliga oq qoʻlqop kiyadi.) Kofe tayyormi? (Dunyashaga, doʻq bilan.) Senga aytaman? Qaymoq qani?

Dunyasha. Voy, oʻlmasam!.. (Yugurib chiqib ketadi.)

Firs (kofe idishi oldida ivirsib). Voy, merov qiz-ey... (Oʻzicha mingʻillaydi.) Parijdan keldilar... Xoʻjayin ham bir vaqtlari Parijga borgan edilar... Faytunda... (Kuladi.)

Varya. Firs, sen nimaga kulyapsan?

Firs. Nima deysiz? (Sevinib.) Mening bekam keldilar! Axir koʻrishishga muyassar boʻldik! Endi oʻlsam armonim yoʻq... (Sevinganidan yigʻlaydi.)

Lyubov' Andreevna, Gayev va Simeonov-Pishchik kiradilar. Simeonov-Pishchik nozik suknodan kamzul va keng pochali shim kiygan. Gayev kirishi bilanoq qoʻl va gavdasi bilan xuddi billiard oʻynayotganday harakat kiladi.



Lyubov' Andreevna. Qanday edi! Ha, esimga kela qolsa-chi... Sarigʻini burchakka! Oʻrtaga duplet!

Gayev. Burchakka qiyalab! Singlim, bir vaqtlari ikkimiz ham xuddi shu uyda yotar edik, mana endi ellik birga kiribman, qiziq...

Lopaxin. Ha, umr oʻtib ketmoqda.

Gayev. Kim deysan?

Lopaxin. Umr oʻtib ketmoqda deyman.

Gayev. Bu yerdan rayhon hidi keladimi.

Anya. Men kirib uxlayman. Xayrli kech, oyijon. (Oyisini oʻpadi )

Lyubov' Andreevna. Oʻzimning aqlli qizginam! (Qizining qoʻlini oʻpadi.) Mana endi uydasan, xursanddirsan? Men boʻlsam hali-hali oʻzimga kelolmayman.

Anya. Xayr, togʻa.

Gayev (Anyaning yuzidan, qoʻllaridan oʻpadi.) Xudoga topshirdim seni. Xuddi onangga oʻxshaysan-a! (Singlisiga qarab.) Lyuba, sen ham yoshligingda xuddi shunaqa eding.

Anya Lopaxin v aPishchik bilan qoʻl berib xayrlashadi va chiqib ketib, eshikni yopadi.



Lyubov' Andreevna. Qizginam juda charchagan.

Pishchik. Yoʻl olis-da, axir.

Varya (Lopaxin bilan Pishchikka qarab). Xoʻsh, janoblar? Soat ikkidan oshdi, izzatni ham bilinglar-da.

Lyubov' Andreevna (kulib). Sen sirayam oʻzgarmabsan, Varya. (Varyani quchoqlab oʻpadi.) Mana, men kofeni ichib boʻlay, soʻng hammamiz tarqalishamiz.

Firs uning oyoqlari tagiga yostiq keltirib qoʻyadi.



Baraka top, azizim. Kofe ichishga oʻrganib qolibman. Ertayu-kech ichganim ichgan. Rahmat, otaxon. (Firsni oʻpadi.)

Varya. Hamma yukni olib kelishdimikan, chiqib qaray-chi... (Chiqib ketadi.)

Lyubov' Andreevna. Men rostdan ham shu yerda oʻtiribmanmi? (Kuladi.) Qoʻllarimni yozib, sakrab oʻynagim keladi! (Yuzini qoʻllari bilan berkitadi.) Birdan tushim boʻlib qolsa-ya! Xudo koʻrib turibdi, oʻz vatanimni juda sevaman, butun vujudim bilan sevaman, vagon derazalaridan sira qarayolmadim, qarasam —yigʻlab yuboraverdim. (Iigʻlaydi.) Aytmoqchi, kofeni ichish kerak. Rahmat senga, Firs, rahmat, otaxon. Sening sogʻ-salomatligingni koʻrib, behad sevindim.

Firs. Oʻtgan kuni.

Gayev. Qulogʻi ogʻirroq boʻlib qolgan.

Lopaxin. Bir ozdan keyin, soat beshlarda, men Xarьkovga joʻnab ketishim kerak. E, afsus! Sizni koʻrish, suhbatlashish orzusida edim... Siz hali ham boyagi-boyagidek goʻzalsiz...

Pishchik (ogʻir nafas olib). Qaytangga, chiroyingiz ochilib ketibdi... Kiyimlaringiz boʻlsa parijcha... Oh, endi yurak-bagʻrim oʻrtanadigan boʻldi-ku...

Lopaxin. Akangiz Leonid Andreevich meni nodon, ziqna deydilar, ammo bu gaplar menga qattiq tegmaydi. Mayli gapiraversinlar. Men faqat, siz ilgarilari qanchalik menga ishonib kelgan boʻlsangiz bundan keyin ham shunday ishonishingizni, ajoyib mehribon koʻzlaringiz bilan menga qanday qarab kelgan boʻlsangiz, bundan soʻng ham shunday qarashingizni umid qilaman. Xudo gʻamxoʻr! Mening otam sizning bobongiz va otangiz qoʻlida krepo-stnoy edi, ammo men uchun siz, shaxsan sizning oʻzingiz koʻp yaxshilik qilgansiz, shu tufayli men butun narsani unutib, sizni oʻzimning tugʻishgan opamdan ham ortiq hurmat qilaman.

Lyubov' Andreevna. Bir joyda tinch oʻtirolmayman, sira sabrim chidamaydi... (Oʻrnidan turib, u yoqdan-bu yoqqa hayajonlanib yura boshlaydi.) Bu quvonchni asti ichimga sigʻdirolmayman... Meni masxara qilib kulinglar, men tentak boʻlib qoldim... Shkaf jonim! (Shkafni oʻpadi.) Oʻzimning stolcham...

Gayev. Sen yoʻgʻingda bu yerda enaga oʻldi.

Lyubov' Andreevna (oʻtirib kofe ichadi). Joyi jannatda boʻlsin. Xatda yozishgan edi.

Gayev. Anastasiy ham oʻldi. Petrushka galay mendan boʻshab ketib, shaharda pristavnikida xizmat qilyapti. (Choʻntagidan bir quticha obaki chiqarib, ogʻziga solib shima boshlaydi.)

Pishchik. Qizcham... Dashyonьkam... sizga salom aytib yubordi...

Lopaxin. Sizga juda koʻngilli, xursand qiladigan biron gap aytgim kelyapti. (Soatiga qaraydi.) Hozir joʻnab ketaman, gaplashib oʻtiray desam — vaqt yoʻq... Ha, boʻlmasa, bir-ikki ogʻiz gap bylan aytib qoʻya qolay. Uzingizga ham ma’lumki, qarzingizni qoplash uchun olchazoringiz sotiladigan boʻlib turibdi. Savdo yigirma ikkinchi avgustga tayinlangan. Ammo, siz tashvish tortmang, azizim, bemalol yotib uxlayvering, bundan qutulishning iloji bor... Mening rejam bunday, e’tibor berishingizni soʻrayman. Sizgging mulkingiz bilan shahar oʻrtasi nihoyati yigirma chaqirim keladi, yoningizdan temir yoʻl oʻtgan, agar olchazorni va daryo yoqasidagi yerlarni bogʻchalarga boʻlib chiqib, keyin ularni barbogʻchilarga ijaraga berilsa, yiliga kamida 25 ming soʻmdan daromad olasiz.

Gayev. Kechirasiv, shu ham gap boʻptimi!

Lyubov' Andreevna. Gapingizga yaxshi tushunolmadim, Yermolay Alekseich.

Lopaxin. Barbogʻchilardan yiliga har bir desyatina yer uchun kamida yigirma besh soʻmdan ijara haqi olasiz, agar buni hozirdanoq e’lon qilsangiz, men aminman, kuzgacha bir parcha ham boʻsh yeringiz qolmaydi, hammasini talab ketishadi. Xullaskalom, tabriklayman, shunday qilnb katta bir falokatdan qutulib qoldingiz. Atrof-tevarak nihoyati serzavq va nash’ali yerlar, daryo chuqur. Albatta, ba’zi joylarni buzib tashlash, tozalash kerak boʻladi... Chunonchi, hamma eski-tuski imoratlarni, mana shu oʻtirgan uyingizni ham buzib tashlash kerak, baribir hech nimaga yaramaydi, eski olchazorni ham kesib tashlash kerak boʻladi...

Lyubov' Andreevna. Olchazorni kesib tashlash kerak dedingizmi? Aziznm, kechiring, siz hech narsaga tushunmas ekansiz. Agar butun gubernada bittayu-bitta ajoyib narsa topilsa — u ham bizning mana shu olchazorimiz boʻladi.

Lopaxin. Bu bogʻning ajoyibligi shundaki, u juda katta, xolos. Olchangiz ikki yilda bir marta hosil qiladi, u hosilni ham hech yerga sigʻdirolmaysiz, hech kim olmaydi.

Gayev. Bu bogʻ hatto «Ensiklopediya lugʻati»ga ham kirgan.

Lopaxin (soatiga qarab). Agar biron fikr va qarorga kelmasak yigirma ikkinchi avgustda olchazor ham, butun yer-mulk ham kimoshdi savdosi bilan sotilib ketadi. Gapimga kirib, xoʻp deyavering! Boshqa iloj yoʻq, rost aytaman.

Firs. Qadim vaqtlarda, bundan 40—50 yillar avval, olchani quritardilar, yumshatardilar, sirkalardilar, undan qiyom pishirardilar, shunday boʻlar ediki...

Gayev. Jim tur, Firs.

Firs. Shunday boʻlar ediki, quritilgan olchani arava-arava qilib Moskvaga, Xarьkovga joʻnatilardi. Rosa pul boʻlardi-da! Yana qurigan olchalar u vaqtlarda yumshoqqina, shirali, xushboʻy va shirin boʻlardi... U vaqtlarda buning usulini bilar edilar-da...

Lyubov' Andreevna. Hozir-chi?

Firs. Esdan chiqib ketgan. Hech kim bilmaydi.

Pishchik (Lyubov' Andreevnaga). Parijlar qalay? Yaxshi ekanmi? Qurbaqa yedingizmi?

Lyubov' Andreevna. Timsoh yedim.

Pishchik. Tavba!..

Lopaxin. Hozirga qadar qishloqda boylar bilan mujiklar boʻlar edi, endi sekin-sekin barbogʻchilar ham paydo boʻla boshladi. Hozir hamma shaharlarning, hatto eng kichkina shaharning ham atrofiga dachalar qurilmoqda. Qat’iy aytish mumkinki, yana yigirma yillardan keyin barbogʻchilarning son-sanogʻiga yetib boʻlmaydi. Barbogʻchi hozir balkonda choy ichib oʻtiradi, ammo borib-borib u oʻzining ana shu bir desyatina yerini poliz qilib yuborishi aniq, u vaqtda sizning olchazoringiz yanada koʻrkam, yanada muhtasham va tengi yoʻq bir joyga aylanib ketadi.

Gayev (ensasi qotib, jahl bilan). Boʻlmagan gap!

Varya bilan Yasha kiradi.



Varya. Oyijon sizga ikkita telegramma kelgan edi. (Kalitlardan birini tanlab, qadimgi shkafni jaranglatib ochadi.) Mana.

Lyubov' Andreevna. Bular Parijdan. (Telegrammalarni oʻqimasdan yirtib tashlaydi.) Parij bilan hisob-kitob bitdi...

Gayev. Bilasanmi, Lyuba, mana shu shkafimiz necha yoshda? Oʻtgan hafta pastki yashigini ochgan edim, kuydirib bosilgan raqamga koʻzim tushib qoldi. Shkaf bundan roppa-raso yuz yil ilgari yasalgan ekan. Qalay, yubileyini oʻtkazsak ham boʻlar deyman? Oʻzi-ku jonsiz bir narsa-ya, lekin shunday boʻlsa ham, har holda kitob shkafi-ku!

Pishchik (hayron qolib). Yuz yil-a! .. Tavba!

Gayev. Mana bu arziydigan mulk... (Shkafni silaydi.) Qimmatli muhtaram shkaf! Yuz yildan beri ezgu va adolat gʻoyalariga xizmat qilib kelgan umringni tabriklayman, sen yuz yildan beri tilsiz, ammo samarali xizmat qilib, charchamading (yigʻi aralash), avlod-ajdodimizga gʻayrat, kuch, goʻzal istiqbolga ishonch bagʻishlab kelding, bizni ezgulik ruhida, jamoatga xizmat qilish ruhida tarbiyalab kelding...

Pauza.


Lopaxin. Shunday...

Lyubov' Andreevna. Lenya, sen hali ham oʻsha-oʻshasan-a.

Gayev (bir oz xijolat tortib). Sharni oʻng tarafdagi burchakka! Qiyalab oʻrtaga moʻljallayman!

Download 79.23 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling